Читать онлайн книгу «Қутлуғ қон» автора Ойбек Мусо Тошмуҳаммад ўғли

Қутлуғ қон
Oybek Muso Toshmuhammad o‘g‘li
Oybek – yetuk prozaik edi. Uning qator romanlari, ko'plab qissalari o'zbek nasri rivojiga sezilarli ta'sir ko'rsatgan. Yozuvchining nasriy asarlari millat vakillari ruhiyatini aks etti-rish jihatidan o'ziga xos o'rin tutadi. Oybekning prozaik asarlari orasida "Qutlug' qon" romani alohida badiiy qimmati bilan ajralib turadi. Adib bu asarni yozishga qatag'on avj olgan mash'um 1937-yillarda kirishgan edi. Zarifaxonim shunday xotirlaydi: "Biz har kuni ertalab hali u, hali bu tanishimizning qamalganini eshitamiz. Kunlar nihoyatda betinch. Hamma ziyolilar "xalq dushmani" deb e'lon qilinib qamalmoqda. Na kunduz halovat bor, na tunda – uy-quda. Har daqiqa tashvish, har daqiqa yurak titroqda. Biz bolalar-ni qo'rg'onda qaynota-qaynonamga qoldirib, ikki temir karavot-ni bog'ning chetiga ko'chirdik. (Go'yo bizni bog'dan topisholmay-diganday).


Oybek

ASARLAR 

O‘N TOMLIK

UCHINCHITOM

QUTLUG‘ QON

Roman


Redkollegiya:

SARVAR AZIMOV, ABDULLA QAHHOR, IZZAT SULTON, MIRTEMIR, ZULFIYA, HOMIL YOQUBOV, LAZIZ QAYUMOV, MATYOQUB QO‘SHJONOV, QO‘CHQOR XONAZAROV, XOLIDA SULAYMONOVA.

BIRINCHI BOB

I

Vaqt peshindan oqqan edi. Iyul oyining quyoshi hamma yoqni olov seli bilan to‘ldirgan, havo allaqanday oq alanga bilan jimgina yonganday… Keng dala yo‘lida qatnovchilar siyrak: eski kir qalpog‘ini burniga qadar tushirib, issiqdan mudragan va horg‘in oriq otining yalqov qadamiga bardosh qilib shahardan qaytayotgan chetan aravali dehqon ikki oyog‘i bilan eshakning qorniga niqtab, muttasil «xix-xix» bilan halqumini qirgan bir mo‘ysafid uzumchi, qatig‘ini pullab, xurmachalarini orqalagan, issiqqa qaramay, goh aravaga osilgan, goh qush uyasini qidirib daraxtlarga ko‘z tikkan ust-boshi kir-chir sho‘x bolalar… Issiq tobora ortar, «g‘ir» etgan shamol yo‘q, ot-arava ko‘targan chang havoda uzoq vaqt qimirlamay turib qolar, yuzlarga qizigan temir uchquni kabi yopishar, nafasni bo‘g‘ar edi.
Qahraton qishda yalang oyoq muz bosib, saratonda qizigan qum kechib issiqda, sovuqda obdan pishgan bizning yigitni ham (katta masofani piyoda bosgani uchunmi) kun xiyla betoqat qilgan edi. U kuyib yotgan bilq-bilq yumshoq tuproqda salmoqli oyoqlarini ildam va yirik-yirik bosar, ko‘zlagan joyiga tezroq yetishga oshiqib o‘tkinchilardan so‘rar edi:
– «To‘pqayrag‘och»ga yaqin qoldimi?
– Hali bor. Ko‘prikdan keyingi guzar.
Uning ochiq yoqali uzun ko‘ylagi, ustidagi olacha yaktagi suvga pishganday jiqqa ho‘l bo‘lgan; ba’zan g‘ashi kelib, badaniga yopishgan ko‘ylakni ko‘chirar va yelpinar edi.
Ko‘prikdan o‘tish bilanoq guzar boshlandi: ko‘chaning ikki tomonida bir-biriga qarshi ikki choyxona, bir qassob do‘koni, buning yoniga suqulgan kichkina baqqolchilik.
Ko‘cha iflos, lskin suv qalin sepilgan; har yoqqa tarvaqaylab o‘sgan beso‘naqay, qari tollarning ko‘lankasi quyuq.
Yigit so‘l yoqdagi choyxonaning karavotiga o‘tirdi. Chang va terdan hosil bo‘lgan kirni yaktak etagi bilan yuzidan sidirib tashladi. Kichkina xaltani yoniga qo‘yib, choy so‘radi. Samovarchi chuvak yuzli, eti suyagiga yopishgan, jikkak va shu bilan baravar g'irt ko‘sa odam edi. U ustaning qo‘liga tusha-tusha xo‘p ezilgan, qorni pachaq, chirkin katta samovarning oldida yog‘och yelkasini qisib o‘tirar, kelgan-ketgan odamlar bilan unchalik ishi yuq; is bosgan kir latta bilan dam samovarni, dam yonida qalashgan piyola-choynaklarni artar, har kuni ming martalab qo‘lida tutadigan piyolalarni olib, go‘yo birinchi daf’a ko‘rganday, ko‘zini aylantirar, tovushini baland qo‘yib, o‘zicha valdirar edi: «Odamlarga hayronman-da! Agar sig‘sam edi, samovarning otashdoniga tushib, ko‘mir o‘rniga yonar edim. Jabbor ko‘sadan bir hovuch kul qolgan bular edi. Shu ham tirikchilikmi? Mana bu xumsaning ham labi uchgan! Mana bunisi darz ketibdi… Hoy, aravakash bola, otingni tort, naq tezagini do‘ppingga solib beraman!»
Nihoyat, shang‘i samovarchi jo‘mragi uchiga jez qoplangan choynakni va bir piyolani yigitning oldiga do‘q etib qo‘yib ketdi.
Choyxonada odam siyrak. Yigitlardan yuqoriroqda, o‘rta yoshli ikki dehqon o‘tirar, bu yil sabzi-piyozning bozori kasodligidan va ulovsizlikdan hasratlashar edi. Biri so‘zlab-so‘zlab, qamchi dastasi bilan yelkasini qashir, ikkinchisi esa qo‘nji bir qarich, churuk chorig‘ini ko‘rsatib: «Bu qachon yangi bo‘ladi? Sen ot-ulovdan gapirasan! Dehqonchilikda barakat qolmadi. Dehqonning sira mavqei yo‘q»-, deydi. Unisi: «Ha, ishqilib, bosh omon bo‘lsin, birodar», degan so‘zni takrorlar edi. Choyxonaning burchagida, kunning dahshatli yonuviga qaramay, qalin, qora jun chakmon o‘ralgan bir qozoq devorga suyalib mudrar, minut sayin ko‘zini ochib loqaydlik bilan samovarchiga buyurar edi: «Chilimni uzat!» Samovarchi nuqul kul bilan to‘lgan sarxonaga cho‘g‘ qo‘yar, burishib-turishib, chilimni olib borar va o‘dag‘aylar edi: «Tort, tort, sira haqing ketmasin!» U chilimni butun kuchi bilan, kashandalarday tortib, og‘ziga qitday tutun ilashmaganidan teskari burilib mikgar-dardi: «Sartning qudoy urg‘ani sen ekansen, o‘ngmag‘ur…»
yig‘it g‘oyat chanqagan edi, choyni quyib, puflab-puflab ichdi. Belbog‘iga tugilgan qirq tiyin chaqadan tegishlisini ayirib olib, piyola ichiga tashladi-da, o‘rnidan turdi. Lekin bir muddat taraddudda qoldi: qay tomonga qadam bosishini bilmas edi. Samovarchining «it fe’l» ekanini payqagan bo‘lsa ham, noiloj uning oldiga bordi.
– Mirzakarimboyning bog‘i qayerda, bilmaysizmi? – dedi muloyimlik bilan.
– Nima ishing bor?
– Yo‘liqmoqchi edim-da.
– Hm… Mirzakarimboyni Toshkentning to‘rt dahasi biladi. Hov anav ko‘chaga buril. Dang‘illama darvoza. Usha Iskandar Zulqarnayn ham bunaqa qo‘rg‘on solgan emas! – Samovarchi qo‘shaloq barmoqli panjasini cho‘zib bir ko‘chani ko‘rsatdi. Keyin bu begona yigitga boshdan-oyoq ko‘z yugurtirib, havasi kelib gapirdi:
– Rosa muchang bor ekan, inim. Badaningdan kuch yog‘idib turibdi-ya. qayerliksan, sayramlikmi? Boy boboning omadi…
Choyxonaning ichkarisidan bir tovush yangradi:
– Tuf de, ko‘zing tegadi, kasofat! Shu so‘zingni menga aytsang, tishingni sug‘urib olardim.
– Koshkiydi manda tish bo‘lsa, sanda gavda bo‘lsa, simyon!
Yigit ularning so‘ziga bolalarday jilmayib, yo‘lga tushdi.
Yashil bo‘yoq bilan bo‘yalgan, ust tomoni o‘ymakor panjarali, katta va og‘ir darvozaga yetganda, yigitning yuragi bir oz o‘ynab ketdi. Darvozaning bir tavaqasi ochiq. U uzoqdan ichkariga qaradi. Qarshisida daraxtlar ostidagi katta supada, dastro‘molchasi bilan yelpinib o‘tirgan, qordek oppoq ko‘ylakli, oq soqoli bir tutamgina cholga ko‘zi tushdi. Yuragi yana po‘killadi. «Toshkentning to‘rt daxasi» taniydigan bu davlatmand kishining oldiga qanday kiradi? U sodda, uyatchan, kamtarin yigit edi. Lekin bir lahzada allaqanday kuch uni itarganday bo‘ldi. U darvozadan kirib, supaga o‘n-o‘n besh qadam qolganda, qo‘l qovushtirib, ta’zim bilan: «Assalomu alaykum» dedi. Faqat, salavot bosganidan, uning ovozi istagiga qarshi baland jaranglamadi. Allaqanday bo‘linib, siqilib chiqdi. Chol o‘tirgan joyidan qimir etmadi, bir qo‘lini qosh ustiga qo‘yib, keksalarga xos boqish bilan bir zum tikildi:
– Kel, chirog‘im, nima xizmat?
Yigit supa oldida to‘xtab, xaltasini qo‘ydi, uzun, baquvvat qo‘llarini cholga cho‘zdi. Supaning chetiga omonatgina o‘tirib, boshini quyi soldi: «qayerga keldim? Mirzakarimboy shu kishimikan? Balki bu boshqa birovdir deb o‘yladi.
Chol bu begona yigitning vaziyatida taraddudlanish sezib, qaytadan so‘radi:
– Xo‘sh, o‘g‘lim, nima arzing bor? Ayt…
yigit boshini ko‘tardi va unga tikilib qarab, jilmaydi.
– Mirzakarimboy siz bo‘lasizmi?
Chol boshi bilan tasdiqlagach, yigit davom etdi:
– Men Xo‘jakent qishlog‘idan keldim, jiyaningizning o‘g‘li bo‘laman.
– E, Xo‘jakentdan?
– Xushro‘ybibining o‘g‘liman.
– E, – Mirzakarimboy butun gavdasi bilan bir qo‘zg‘alib qo‘ydi , –  jiyanim Xushro‘ybibining o‘g‘liman degin, barakalla. Rahmat, jiyan, yo‘qlab kelibsan. Qalay, onang baquvvatmi? Har yerda bo‘lsa, omon bo‘lsin. Oting nima, jiyan?
– Otim Yo‘lchi. Ayam, shukur, sog‘-salomat. Sizga salom deb qoldi.
– Dadang… E, Sherali qalay, bardammi?
– Dadam o‘lgan, ikki yildan oshdi chamasi. Mirzakarimboy qo‘llari bilan soqolini yengilgina siypab, marhumga fotiha o‘qigan bo‘ldi.
– Boyoqish ko‘p yaxshi odam edi; insofli, hamiyatli edi. Bir vaqtlar o‘rtada bordi-keldi bo‘lib turar edi. Dadang bu yerda ham, shahar hovlimizda ham bo‘lgan. Sen hech kelganmiding?
– Yosh pallamda dadam, ayam bilan birga shahardagi hovlingizga kelganim g‘ira-shira yodimda bor…
Chol o‘tmishni esladi. Yo‘lchi o‘z onasidan yuz martalab eshitgan gaplarni hikoya qila boshladi, yani opasidan ikki yosh qiz yetim qolgani, ulardan Xushro‘ybibi o‘z otasi tarbiyasida qolib, uning singlisi Oyimbibini Mirzakarimboy o‘zi tarbiya qilib, naq erga berish oldida vafot etgani, Xushro‘ybibining tolei pastlik qilib, ota o‘lgandan so‘ng amakilari qishloqqa, Sheraliga erga berganliklari va hokazoni so‘zladi. So‘ng chol sukutga botdi, kichkina, lekin hali tetik ko‘zlarini mudroq bosgan odam kabi, sekingina yumdi. U hozirgina yodiga olgan qishloqi Xushro‘ybibini ham, uning kamtarin, mehnatkash marhum erini ham, kutilmagan vaqtda yo‘qlab kelgan bu arslonday qishloqi jiyanchani ham unutgan, uning fikrini yolg‘iz o‘z ishlari ishg‘ol etgan edi. U bankalar orqali o‘z raqiblariga qarshi olib bormoqchi bo‘lgan sirli ishlarni, o‘z qarzdorlariga nisbatan qanday muomala va munosabatda bo‘lishni o‘ylar edi. U qarzdorlarni uch guruhga bo‘ldi. Birinchi guruhdagilar bilan savdo muomalasini avvalgicha davom ettiraveradi. Chunki bularning «qo‘li uzun», qo‘r-quti ko‘p. Ulardan bir kun ozni ko‘p qilib oladi. Ikkinchi guruhdagilarga birmuncha do‘q qiladi, shu bilan skladlarda cho‘kib qolgan gazlamalarni yaxshi baho bilan ularga o‘tkazib yuboradi. Uchinchilarning esa dumlaridan mahkam ushlab olib, maymunday o‘ynatadi… So‘ng katta o‘g‘li Hakimboyvachchaning paxta savdosi yuzasidan o‘ris firmalari bilan yaqinda tuzgan shartnomasi ustida o‘ylab, bu ishning qaltis tomoni sira yo‘qligiga va tajribakor aqlning ko‘rsatishiga muvofiq, bu ishdan foyda daryoday toshib kelishiga yana chuqurroq ishongach, zavqlanib ketdi-da, ko‘zlarini yana mahkamroq yumdi.
So‘zamol, badavlat qari tog‘aning birdan ko‘z yumib sukutga botishining sababini, tabiiy, Yo‘lchi tushunmadi. Kelganim unga yoqmadi shekilli, degan andishaga ham bordi. Lekin u endi boshini ko‘tarib, cholga va atrofga dadilroq qaray boshladi. Mirzakarimboyning gavdasi kichik, qo‘llari ingichka bo‘lsa ham, zuvalasi pishiq ko‘rinadi. U go‘shtdor ham emas, oriq ham emas, kichik, ayyor yuzi xo‘rozning tojisiday qip-qizil; oppoq soqoli va miyiqlari toza va taralgan…»
Bir tanobdan mo‘lroq chor burchak tashqarining har tomoni diqqatni jalb qilarli edi. O‘rtada supa va hovuz. Tanasi ikkita katta qulochga sig‘maydigan bir tup sada tevarakka tangaday oftob tushirmaydi. Hovuzning narigi chetida bir-biriga yaqin o‘tqazilgan, shoxlari bir-birining ichiga kirgan uch tup olma daraxti. Bir tupida olmalar endi sarg‘ayib yiltiramoqda, bir tupida mushtday yirik olmalar hali ko‘m-ko‘k, ularga boqish bilan kishining tishi qamashib, og‘zi so‘lakka to‘ladi; bir tup jaydari qizil olma, mevasining mo‘lligidan hovuzga engashib tushgan; hovuz suvida bir qancha qizil olma yoqutday tovlanib, jimillab suzadi. Hovuzdan yigirma qadamlar narida to‘rt tomoni ochiq, ustunlari chiroyli naqshlangan, yerdan odam bo‘yi baland ko‘tarilib solingan kattagina shiypon; buning atrofi gulzor. Quyoshda mayin tovlanib, xilma-xil ranglar bilan mavjlangan mayda gullar orasida ko‘rkam yuksalgan qizil duxoba gullar olov parchasi kabi yonadi.
Yo‘lchi ko‘zlari bilan atrofni sayr etarkai, ro‘baro‘dagi qo‘rg‘on – ichkari hovli eshigidan yosh-yosh o‘g‘il va qiz bolalar chuvillashib chiqishdi. Bularning kiyimlari toza va yangi edi.
Mosh rang duxoba do‘ppili, to‘qqiz-o‘n yashar, chiroylikkina bola – bolalarning eng kattasi edi. U ichiga katta oq kalamush qamalgan qopqonni yerga qo‘ydi, eshikchasini ochdi. Semiz kalamush yerga tushib, lapanglab darvoza tomonga qochdi. Bolalar qiyqirib, uni quvlasha ketdi: «Ustiga lampa moy sepib yondiramiz!» Nabiralarining haddan oshgan suyunchli hangamasi cholning ko‘zlarini ochdi… U qo‘li bilan go‘daklarga do‘q qildi: «Gugurt o‘ynamanglar, hoy!» deb qichqirib ham qo‘ydi. So‘ng, qarshisida o‘tirgan jiyanini unutayozganidan ogoh bo‘lib, yupatish uchun:
– Obbo jiyan-e, biznikini topib keldingmi-ya? Ha, so‘rab-so‘rab Makkani topadilar… Hay, Oynisa, buvingni chaqir! —Bolalarga aralashmay bir chekada turgan rangpar, bezgaknamo qizga buyurdi boy.
Qo‘rg‘on eshigidan ayol ovozi eshitildi:
– Nima kerak?
– Munda kel – chol qo‘li bilan imladi.
– Kishi bor-ku.
– Qarindosh… Xushro‘yning o‘g‘li, – deb tushuntirdi
– Qaysi Xushro‘y? Esim ham qursin, ha, qishloqdanmi? – o‘rta bo‘yli, to‘la, lekin keng yuzining go‘shtlari sarg‘ayib, salqib tushgan ellik sakkiz yoshlarda bo‘lgan kasalnamo xotin asta-asta yurib kelaverdi. U supaga yaqinlashgach, Yo‘lchi o‘rnidan turib salom berdi va onasining salomini topshirdi. Ammo kekkaygan xotin uning so‘zini tinglamadi, eriga qarab so‘zladi:
– Qishloqdagi jiyaningizning o‘g‘limi? Tog‘dek yigit bo‘libdi. Yoshligida ham bo‘lali bola edi… ko‘zimga tanish ko‘rinib turibdi.
Mirzakarimboy xotiniga dasturxon olib chiqishni buyurgach, u ketish oldidagina, ko‘rinishda samimiy, lekin aslida soxta va masxarali tovush bilan Yo‘lchining onasini va ukalarini so‘radi.
Boy endi issiqdan shikoyatlanib, uh-uhlab o‘tirdi. Uning kampiri patnis va bir choynak choy olib chiqdi. Patnisda to‘rtta kulcha, ikki bosh qizil chillaki va bir bosh qush cho‘qigan qandaydir oq uzum bor edi. Yo‘lchi qishloqdan keltirgan xaltani kampirga uzatdi.
– Ayam berib yubordi, qurt…
– Sadag‘asi ketay, – kampir xaltani ushlagisi ham kelmay, qo‘l uchi bilan tutib gapirdi, – koyib nima qilar edi bechora.
Nabiralar xaltadagi qurt ekanini eshitib, kampirning oyog‘i ostida o‘rmalashdi va: «Manga bitta, buvi», «Manga ancha bering, buvi» deb qiy-chuv ko‘tarishdi. Kampir xo‘mrayib, nabiralarni jerkib tashladi. Bolalar yopishavergach, xaltani ochishga majbur bo‘ldi-da, labini burib vaysay boshladi:
– Xah, shumtakalar, og‘izlaringda erib ketadigan suzma qurtni bersam olmaysizlar, shu tosh qurtni talashasizlar. Mana, ko‘rdinglarmi, qattiq – tishlaringni ushatadi. Bay-bay, bu bolalarning dastidan o‘lib bo‘ldim, axir bu tosh qurt, jig‘ildonlaringni teshib yuboradi-ku.
– Mehmonning qizarganini payqagan keksa boy, o‘z xotininiig katta og‘iz va betamizligiga achchiqlanib, yuzini teskari burdi, lekin xotini yana valdiramasin uchun, yumshoq gapirdi:
– Hay, ichkari kir, chag‘ir-chug‘urdan qulog‘im bitdi. Yo‘lchi qurt olib kelganiga pushaymon qildi. Onasi qo‘shnilardan qurt yig‘ib, boy tog‘a uchun sovg‘acha tayyorlab, suyuna-suyuna uning qo‘liga tutqazgach, yaxshi-yomonligini surushtirmay, u ham olib jo‘nagan edi.
Boy tog‘a qopni ushatib, patnisni Yo‘lchining oldiga surib qo‘ydi.
– Ol, jiyan, yo‘l yurib kelgansan. Bir parcha yerlaring borligini eshitar edim, qo‘llaringdami?
– Yo‘q, – patnisdan bir burda non olib javob berdi Yo‘lchi, – yer sotilib ketgan.
Mirzakarimboy yerga o‘ch odam edi. Yerli-suvli odamlar, qanday bo‘lmasin bir sababdan qiynalib qolsalar, darrov ularning pinjiga tiqilar, yo o‘rtaga kishi qo‘yib, yerni tezroq o‘z qo‘liga o‘tkazishga tirishar edi. Hatto, yer sotishni xayolga keltirmagan odamlarning yerlarini, – agar ularning yerlari o‘z yerlariga chegaradosh bo‘lsa, —o‘zinikiga qo‘shish uchun hech nimadan toymas, har qanday nomus va adolatning betiga tupirar edi. Ammo, Yo‘lchining sotilib ketgan yeri unga hech aloqasiz bo‘lgani uchun, yerning qadr-qiymati va bu xususdagi mahkam qanoatlarini tushuntira boshladi:
– Chakki bo‘libdi, jiyan. Yer sotgan er bo‘lmaydi, er yer sotmaydi. Mana bu gapning mag‘zini chaq… Yer sotganlarning ko‘pini ko‘rdik, axiri gadoy bo‘ladi, To‘g‘ri, yerni pulga sotadilar, naqd pulni jaraq-jaraq sanab oladilar. Pul hamma narsaning otasi. Pul belga quvvat, boshga toj. Puldor odam qanotli odam, bu qanot bilan mag‘ribdan mashriqqacha uchasan, har yerda oshna-og‘ayni, do‘st-yor topasan… Puldor odam Maskavgacha, Varshavgacha boradi. Pulsiz odam o‘z joyidan bir qadam siljisin-chi! Be!.. Pul shunday aziz narsa, jiyan. Lekin pulni juda maqtab yubordim, shoshma, yerda ham xosiyat ko‘p. Yer tug‘adi. Yerga cho‘pni tiqib qo‘ysang, ko‘karib, qulochga sig‘mas daraxt paydo bo‘ladi. Pul-chi? Pul ham tug‘adi. Juda ko‘p tug‘adi, tez tug‘adi. Ayniqsa, bu zamonda pul sertuxum bo‘lib ketgan. Ammo, pulni tutish qiyin, yeb, ichib qo‘yish juda oson. Pul asov qushga o‘xshaydi, sal bo‘sh tuttingmi, qo‘lingdan uchadi-ketadi. Yer ham tug‘adi ham pulga kishan soladi. Yer olgan ko‘karadi, yer sotgan quriydi Mana bu gapning mag‘zini chaq, jiyan!
– Nochorlik, tog‘a, – Yo‘lchi piyoladagi sovigan choyni ikki qultumda bo‘shatib, gapirdi, – dadam bir yil to‘shakda yotib qoldi. Ekinimiz yaxshi bo‘lmadi. Qo‘l kalta bo‘lgandan keyin, qayoqqa uzatasiz?
Yo‘lchi hali gapini bitirmagan edi, Mirzakarimboy uni kesdi:
– Bir terining ichida qo‘y necha ozib, necha marta semiradi, – dedi salmoqlanib boy, – kishining boshiga yomon kunlar ham keladi, ko‘nish kerak bunga. Bundan o‘ttiz besh yil ilgarimikan, rastada do‘konni ochgan yilim edi-da, boshimga bir mushkul ish tushdi: ba’zi vaqtda savdogarlar ham siqilib qoladi, sen bunga tushunmaysan. Menga pul kerak, qayerdan olaman! «Rakat» mavzuida otadan qolgan uch tanob joy bor edi, koranda ishlatar edi. Ba’zi og‘aynilarim, shuni sot, deyishdi. Vaqti kelganda, jiyan, do‘stlar qo‘ltig‘ingga kirib, balchiqdan tortmaydi. Men do‘stlarga sira ishonmayman. Maslahatga hammasi chaqqon. Nega desang, maslahatgo‘ylik oson narsa-da; tili qimirlaydi, xolos. Men ularga quloq solmadim. Boshni u yoqqa urdim, bu yoqqa urdim, axir bir evini topdim, jiyan. Sandiqdan xotinimning kiyim-kechagini chiqardim, uyni bezashdan boshqa narsaga yaramaydigan asboblarni yig‘ishtirdim, barini sotib pul qildim. Bilasan, xotin ahli molga o‘ch bo‘ladi, alalxusus, sandiqdagi molni yer-ko‘kka ishonmaydi. U yig‘ladi-siqtadi. «Sandiqda chirib yotgan moldan yerdagi axlat a’lo, ablah», dedim unga. Xotin erning quli; xotinning ko‘ngliga, ra’yiga qarash ish qilgan erkak odam emas, jiyan. Ishim to‘g‘rilanib ketdi, yerim o‘zimda qoldi.
– Tog‘a, boshqa ilojimiz yo‘q edi. Mana sizda narsa bor ekan, sotibsiz, bizda bir parcha yerdan boshqa, ko‘zga ilinarli hech narsa yo‘q edi. Men qarab turmadim, poda boqdim, o‘roqchilik qildim, otboqar bo‘ldim. Ayam boshoq terdi. Qishloqda tirikchilik qilish juda qiyin. Ochlik-yalang‘ochlikka ko‘nikib, tirikchiligimizni qilar edik, lekin bir narsaga boshimiz garang bo‘lib qoldi: dadamning gardanida qarzi bor ekan. Ozgina. O‘ttiz so‘mga ham yetmaydi. Dadam, kasali og‘irlashgandan keyin, tashvishga tusha boshladi. «Ko‘zim ochiq ekan, qarzdan qutulib olay, go‘rimda tinch yotay, Yo‘lchi ro‘zg‘orga qaraydimi, qarzimni uzadimi», dedi ayamga. Xullas, yer juda arzonga ketdi. Kishining haqidan qutulganiga biz ham suyunib qolaverdik.
– Ha, bunday degin, – Mirzakarimboy oyoqlarini gilamga uzatib, silab, gapni davom ettirdi:– Bu endi boshqa gap. Qarz yomon narsa, jiyan. Qarzdan qutulish uchun yer tugul, kishi o‘zini qul qilib sotishi kerak. Odamning hayvoni kishi haqidan qo‘rqmaydi, kishi moliga ko‘z olaytiradi. Shunday odamlar borki, o‘zlarida hech nima yo‘q, boshqaning mulkiga hasad qiladi, ko‘rolmaydi. Faqirlikka bo‘ysunmaydi, yaxshi yeb, yaxshi kiyishni orzu qiladi. Jiyan, aqling bo‘lsa, kishining bir tiyiniga xiyonat qilma. Tiyin ham pul, yuz ming so‘m ham pul. Sen har narsani Ollodan ko‘r. U bers – xo‘p; bermasa – xafa bo‘lma, taqdirga shukur qil, nomusli kambag‘al bo‘l. U dunyoda foydasini bilasan. Qani, non ol, uzumga qara.
Yo‘lchining qorni juda och edi. U tungi salqindan fondalanib, to‘xtovsiz yurish bilan qiyom vaqtida shaharga kelgach, anhor labida o‘tirib qishloqda beliga tugib olgan bitta nondan boshqa hech nima yemagan edi. Lekin Mirzakarimboy, savdogar nazokatidanmi, yoki odatlanganidanmi, nonni juda mayda ushatgan edi. Yo‘lchi bir burdasini og‘ziga tiqsa, lunjining bir chekkasida yo‘qolib, ketar, patnisga ketma-ket qo‘l cho‘zaverishga iymanar edi. Sodda qishloq yigiti takallufni bilmasa ham, odob-ta’zim xususida onasi ancha-muncha gaplarni uqtirib yuborgani uchun, davlatmand qarindosh huzurida ovqatdan tortinishni ma’kul ko‘rdi, dasturxonni tezgina yig‘ishtirib, choy icha boshladi.
Mirzakarimboy qishloqi jiyani bilan so‘zlashishdan to‘xtagan bo‘lsa ham, fikri yigitni o‘rganish, uning kelishining chin sabablarini mulohaza qilish bilan mashg‘ul edi. U o‘z ichida shunday o‘yladi: «Qarindoshlarning ahvoli pachava, tirikchiligi bemaza. Yersiz, ot-ulovsiz qishloqining kun kechirishi – o‘lim azobi. Onasining uzoqlashib ketgan tog‘asini yigit bekorga yo‘qlab keladimi? Yo‘q, mandan kiyim-kechak, pul-mul olish umidida kelgan. Buni onasi yuborgan, albatta. Xotinlarning xulqi, odati ma’lum. To‘rtta qo‘shni xotin orasiga kirsa, boy tog‘am bor, eshigini yel ochib, yel yopadi, deb maqtansa kerak. Yaxshiyam o‘zi kelmabdi… Bo‘lmasa haligicha necha marta ko‘z yoshini to‘kib, tirikchiligidan zorlangan bo‘lardi. Bu yigit aqlli ko‘rinadi, ham ulug‘vor, vazmin yigit…»
Mirzakarimboy ilonning yog‘ini yalagan odam edi: hamma boylar kabi, ayyor, mug‘ambir, puxta-pishiq; u yuraksiz emas, balki har ishda ehtiyotkorlikni ma’qul ko‘rar edi. Mana shular orqasida u, kamtarin mahalla baqqolining o‘g‘li Karim chittak – kichkina, lekin harakatlari chaqqon va ildam bo‘lganidan, yoshlikda shunday laqabi bor edi, – hozir kimsan Mirzakarimboy!.. U Toshkentning eng oldingi boylaridan. Toshkentning eski va yangi shaharlarida to‘plab sotuvchi ikki gazlama do‘koni, Turkiston o‘lkasining turli shaharlarida katta-kichik ayrim do‘konlar, Toshkent tevaragidagi turli mavzularda yer-suv va hokazo unga qaraydi. Bundan tashqari, uning katta o‘g‘li Hakimboyvachcha yirik paxta savdosi bilan mashg‘ul…
Boy o‘z umrida ko‘pni ko‘rgan, ko‘pni tanigan, turli shahar va turli odamlar bilan muomala qilgan, uning qo‘lidan juda ko‘p xizmatkor, qarol, chorakor va hokazo o‘tgan. Shuning uchun odamni tez anglab olar edi. O‘zining bu xislatiga chuqur ishonar, bu bilan boshqalarga maqtanmasa ham (maqtanchoqlikni yomon ko‘rar edi u), ba’zi vaqt ichidan faxrlanardi. Mana hozir uning qarshisida mushtipar jiyanining o‘g‘li. U bilan turli narsalar haqida uzoq suhbatlashdi, lekin yigirma uch yoshli yigitning aqlida sira nuqson ko‘rmadi. Uning arslonday ko‘rkam gavdasi, keng peshonasi, chuqur samimiyat ifodasi bilan to‘la yirik, hushyor ko‘zlari, kir yaktagi ichidan qavarib turgan keng ko‘kragi, baquvvat qo‘llari, so‘zlaridagi qishloqcha soddalik va to‘g‘rilik (bu xususiyatni kambag‘al odamlarda katta fazilat deb topar edi boy) unga juda yoqdi. «Obdan chiniqqan yigit, unga berilgan ovqat behuda ketmaydi», deb o‘yladi u. Lekin shu bilan baravar, Mirzakarimboy Yo‘lchining butun siymosida katta jasorat va g‘urur. sezdi. Bu sifat unga jilla ma’qul tushmadi. Keyin, uning ehtiyotkorligi «sinamagan otning sirtidan o‘tma» degan xalq maqolini eslatdi, agar Yo‘lchi unikida ishlashni orzu qilsa, bir qancha vaqt sinamoqchi bo‘ldi: «Oqibat yaxshi bo‘lsa, qo‘limdan sira chiqarmayman. Yalqov va g‘irrom, yo qo‘li egri bo‘lsa, silliqlik bilan haydayman», deb o‘yladi.
– Jiyan, – ohista murojaat qildi Mirzakarimboy, – o‘ylab qarasam, ahvollaring chatoqqa o‘xshaydi. Nima qilasan, yana qishloqqa qaytasanmi?
Boyning savoliga Yo‘lchi qanday javob berishni bilmay qoldi. Qishloqdan chiqarkan, boy tog‘asidan, albatta, xizmat so‘rashni onasi uqtirgan edi. Endi u «qaytaman» desa, erta-indin qnshloqqa jo‘nashi kerak, u vaqt onasi xafa bo‘ladi: «Shunday katta dargohdan o‘rin topolmay qo‘lingni burningga tiqib qaytdingmi, noshud!» deydi. «Qolaman, biron xizmat topib bering», deyishga g‘ururi yo‘l qo‘ymadi, Chol takror so‘ragach, u javob berdi:
– Toshkentda ish topsam, balki qolarman. Mirzakarimboy soqolining uchini barmoqlari bilan chimdib, kulib qo‘ndi:
– Shaharda qayoqdan ish topasan? Bizda yura tur. Non-nasibang bizda bo‘lsa qolarsan, bo‘lmasa, qishlog‘inggami yo boshqa tomongami jo‘narsan. Rizqingnn Ollo taolo qayerga sochgan, biz bilamizmi?
– Xo‘p. Ixtiyor sizda, – boshini qimirlatib dedi Yo‘lchi.
Mirzakarimboy astagina o‘rnidan turdi. «Yorasulullo» deb ming‘irladi, supadan tushib, kechagina sotib olinganday, yarqiragan chiroyli, ixcham «sodiqi» kavushni oyoqlariga ildi, kavushni g‘ijirlatib, qari bo‘lsa ham xo‘rozday kekkayib, qo‘rg‘on tomonga yurdi. Naq shu pallada darvozadan katta qora sigir shataloq otib, orqasida bir kishini urib kirdi. Boy cho‘chib, o‘zini chetga oldi. Haligi kishi orqaga tashlanib oriq-chandir bo‘ynidagi tomirlari o‘qlovday qabarib, sigirni bazo‘r to‘xtatdi: «Hech kuchga bo‘yin bermaydi bu zantaloq…», – boyga qarab dedi u. Keyin birdan Yo‘lchini ko‘rib qolib, ko‘zlarida «u kim?» degan savol javdirar ekan, boy kulib unga gapirdi: «Yormat, bu bola jiyanim bo‘ladi. Tanish, ish o‘rgat!» U indamadi, sigirni uzoqda, devor tagidagi bir daraxtga bog‘lab qaytgandan so‘ng, Yo‘lchi bilan ko‘rishar ekan, qo‘rg‘on ichiga kirib ketgan boy bir zumda yana eshikda ko‘rindi:
– Yormat, shaharga otni tezroq olib tush, Hakimjon kutib qolmasin, bugun mehmonlar bor-a…
– Beda o‘rib qo‘yish kerak edi-ku, – boshini qashidi Yormat.
– A, kun ham kechikib qolibdi.
– Men o‘raman bedani, bedalaring qayerda?
–Yormatta qarab dedi Yo‘lchi.
Mirzakarimboy jiyanining ishga tayyorligidan rozi kabi kuldi-da, indamasdan ichkari kirib ketdi.
– Mehmonni ishga solar ekanmiz-da, – dedi Yo‘lchini birga olib jo‘narkan Yormat, – ha, qari kelsa oshga, yosh kelsa ishga.
Yormat Yo‘lchi bilan yonma-yon yurib eski tanish kabi undan-bundan so‘zlashib bordi. U qirq besh yoshlarda, novcha, chayir odam, yuzida siyrak cho‘tir izi qolgan, soqol, mo‘ylovlariga anchagina oq tushgan edi. Qo‘sh belbog‘i chapanichasiga past bog‘langan, yurishi ham oliftalarga taqlidni ko‘rsatar, uning butun qomati, hamma harakatlari o‘ziga zeb bergan, maqtanchoq kambag‘alni tasvirlar edi.
Ular picha yurib, to‘rt-besh tanob joyni ishg‘ol etgan bedazorga chiqishdi.
– Mana bedam! – qo‘lini beliga tirab, ko‘zi bilan uzoqqa ishorat qilib dedi Yormat.
– Hafsalangiz bo‘lsa, bedanani shunda tuting-da.
– Yo‘ng‘ichqa siznikimi? Yosh ekan hali, juda baquvvat o‘sibdi, – Yormatga qarab dedi Yo‘lchi.
– Xax-xax-xax…– qattiq kuldi Yormat va o‘roqni Yo‘lchiga tutqizib gapira boshladi: – Mirzakarimboy otamning ostonalarida o‘n olti yildan buyon ishlayman, yigitcha. Shunday bo‘lgandan keyin «sizniki, bizniki» deyishga o‘rin qoladimi? Bu bedalarga ozmuncha terim to‘kilganmi, eh-he! Keyin ko‘rsataman, boyning ko‘p yerlarini man yolg‘iz o‘z kuchim bilan ko‘kartirganman. Qani, mana shu yoqdan o‘ravering. Bir aravani mo‘ljallab o‘ring. Bu kun payshanba, Hakimboyvachchaning mehmonlari chiqadi. Agar ukalari Salimboyvachcha ham ulfatlarini boshlab chiqsa, tomoshani unda ko‘rasiz: hamma yoqni ot tutib ketadi.
Yo‘lchi o‘roqqa diqqat bilan tikilib qaradi va enkayib o‘ra boshladi. O‘zini chapdast-epchil o‘roqchi hisoblagan Yormat Yo‘lchining ishidan kamchilik topib, o‘z mahoratini unga ko‘rsatish umidida, bir muddat kuzatib turdi. Lekin uning tajribali ko‘zi Yo‘lchining ishida hech qanday kamchilik ko‘ra olmadi, Ba’zi jihatdan, masalan, ildamlikda bu yigitni o‘zidan ustun ko‘rdi. Boshqalarning ishini kamsitishni yaxshi ko‘rgan bu «o‘zbilarman» odam bu gal jindan yon berishga majbur bo‘ldi.
– Durust, sartarosh soch olganday qirtishlab o‘rar ekansiz. Men ketdim.
Beda orasi juda issiq, go‘yo quyoshning butun olovi beda ichiga yashiringanday qizg‘in, bo‘g‘uvchi havo yuzga uradi. Yo‘lchi mo‘l-mo‘l ter quyib, hech qayoqqa qaramay ishlayverdi. O‘roq o‘tkir edi. O‘ralib-chaplashib o‘sgan qalin maysani «shar-shar» yiqib borar ekan, o‘zi ham zavqlandi.
Hozir uning ko‘ngli bir qadar ko‘tarilgan: «Boy tog‘am insofli odam bo‘lsa kerak. Mana, haligi odam shuncha yil ishlabdi. Xizmatkor qul emas, foyda ko‘rmasa turadimi? Gapiga qaraganda, xursandga o‘xshaydi. Qishloqda ko‘p odamlarning yumushini qildim, mayli, bu yerda ham ishlay. Yaxshi ishlasam, albatta, chakki bo‘lmaydi. Negaki, bular qarindoshlarim, hammadan yulsalar ham, mendan yulmaslar. Tog‘am qancha nasihat qildi, men bilan qancha gaplashdi, Endi ishim o‘ng bo‘ladi, endi ayam, ukam, singlim zoriqmaydilar. Lekin gap yaxshi ishlashda…» Shuning singari o‘y-xayollarga botib, mo‘ljallagan miqdorini o‘rib bo‘ldi. So‘ng, uyum-uyum to‘plab, keng qulochiga siqqancha ko‘tarib, boyning tashqarisiga tashimoqqa boshladi.
Quyosh yashiringan bo‘lsa ham, kunduzning yorug‘ligi hali tamom so‘nmagan edi. Allaqanday mayin, muloyim jimjitlikni atrofda sigir, buzoqlarning ma’rashi, daraxtlar orasidan qushlarniig ora-sira yangrab, yana bir zumda tingan sayrashi seskantiradi. Hamma narsa horg‘in, mudrashga boshlagan kabi… Allaqanday poyonsiz g‘arib oqshom.
Boyning tashqarisida Yo‘lchidan boshqa hech kim yo‘q. Bu yerda hozirgina bemalol o‘ynab yurgan ikki bola, Yo‘lchini ko‘rish bilan, undan hurkkan kabi, ichkari hovliga qochishdi. Qishloqi yigit supa labida boshini quyi solib o‘tirar, kambag‘al qishloqdagi chordevor uyini, mehribon onasini, sevikli ukalarini ko‘z oldiga keltirib o‘ylar ekan, ko‘chada birdan otlarning dukurini eshitdi, sakrab turib, darvozaga yugurdi. Chiroyli saman otning jilovini tugib, egasini qo‘ltiqlab yerga tushirdi. U – oq jujun kamzul ustidan beqasam to‘n kiygan, o‘rta bo‘yli,mallador, qora burama mo‘ylovli, dimog‘dor, qarashlari o‘tkir va, tez, yoshi qirqqa yaqin bir odam edi: bu Mirzakarimboyning o‘g‘li Hakimboyvachcha. Otdan tushib shoshib-pishib gapirdi:
– Yormat menga aytdi seni, jiyan. Yaxshi, otlarga qara, qarindosh!
To‘nining etaklari bilan etigini nari-beri urib, ichkariga kirdi.
Yo‘lchi gali bilan mehmonlarning otlarini daraxtlarga ham devorga qoqilgan maxsus temir qoziqlarga qantarib bog‘ladi. Bir nechasini otxonaga olib kirdi. Keyin alla-pallaga qadar qo‘rg‘on, ichkari hovli eshigi bilan shiypon orasida bo‘zchining mokisiday qatnadi, mehmonlar uchun dam yasog‘lik patnislar, dam choy, dam non och qorinni kemiradigan lagan-lagan mantilar, dam kosalarda sho‘rvalar tashidi Yormat shahardan piyoda qaytib, o‘lguday horigani uchun, hamma otlarga Yo‘lchi qaradi. Bir mehmonga qarashli izvoshchi Jo‘ra aka bilan birga qorong‘ida o‘tirib, mehmonlardan qolgan ovqatdan yedida, Yormat topib bergan bir eski ko‘rpachani quruq yerga yoyib, boshini bir bog‘ ho‘l bedaga qo‘yib uyquga ketdi…

II

Yoz kechasi qisqa. Yo‘lchi bir chimdim uxlab, begona joyga o‘rganmaganidanmi, ko‘zini ocharkan, tong otgan edi. Havo salqin, toza. Unda-munda qushlar sayraydi. Yo‘lchi o‘rnidan turdi, ariqda yuz-qo‘lini yuvib, tashqari sahnida bir oz kezdi Mehmonlar shiyponda shohi, atlas, adras ko‘rpalarda, boshlarini oppoq va yumshoq yostiqlarga ko‘mib uxlaydilar, ba’zisi pishillaydi, yana birovi xirillaydi, kimi sekingina burni bilan hushtak chaladi. Ba’zilari xurrak tortadi. Ular bir-birlari bilan o‘chakishganday, xurrakni daraja-badaraja oshirishga tirishadi: birisiniki avjga minganda, ikkinchisi boshlaydi.
Mayin tong shabadasi rang-barang gullarni sekin tebratib, atirlarini har yoqqa sepadi. Yo‘lchi bu go‘zal gulzordan uzoqlashgisi kelmasa ham, lekin xurrakni eshitmaslik uchun, bu yerdan ketdi. Mana yangi va ko‘rkam izvoshchikning o‘rnidig‘ida ikki bukchayib, uzun qamchini qo‘ltig‘iga qis-irgan holda yashovchi Jo‘raboy dong qotib yotadi.
Yo‘lchi otxonaga kirdi. Xashagini tugatgan otlar oldingi oyoqlarini yerga urib, tama bilan kishnadi. Yo‘lchi ularga beda tashladi. Keyin kurak va supurgi olib otxonani tozalay boshladi.
U bolalikdanoq otlarni sevar, yaxshi otlarni boqib, tomosha qilishdan har vaqt zavqlanar edi. Bu yerdagi otlar turli tusda va turli bichimda bo‘lib, zotli, nodir otlar edi. Xalq bunday otlarni «bulutga sakraydigan ot» deydi. Kambag‘al yigit endi yorug‘da hamma otlarni ayrim-ayrim ko‘zdan kechirdi. Ayniqsa, oyoqlariga, bo‘yinlariga, boshlariga diqqat qildi. Toza supurgi bilan ularni boshdan-oyoq supurdi, qo‘llari bilan siypaladi, barmoqlari bilan yollarini taradi. Artgan, tozalagan sari semiz otlarning badanlari yarqiraydi, ko‘zga yana ham tovlanib, chiroyli ko‘rindi.
Mana. Jo‘raboy ham turib keldi. U o‘zining maxsus joyga bog‘langan otiga yaqinlashib: «Ha, jonidan, yaxshimisan? Ko‘ngling nimani tusaydi? Aylanay, qora boladan!» kabi so‘zlar bilan otni erkalay boshladi.
– Uyquga qoniqdingizmi, Jo‘ra aka! – dedi Yo‘lchi.
– Kucher ahli, ham har xil xizmatkor ahli tiriklikda uyquga qonadimi, uka?! O‘lganda – boshqa gap, – deb javob berdi Jo‘ra va oldingi tishlari tushgan og‘zini katta ochib esnadi.
– So‘zingiz to‘g‘ri!
– Sen ham ot quliga o‘xshaysan-a?
– Bo‘lmasam-chi, – dedi kulib Yo‘lchi, – ot eng yaxshi hayvon, juda suyaman.
– Suyganga yarasha, o‘zingniki bo‘lsa! – dedi xo‘rsinib Jo‘ra.
– Ha…– deb javob berdi Yo‘lchi.
– Lekin yaxshi niyat – yorti mol. Bir kun o‘z otimni minarman. Uchqur bo‘lmas, uloqchi, poygachi bo‘lmas, yomonroq bo‘lar…
Jo‘ra qo‘llarini yoyib, yelkasini ojizona qisib umidsiz ekanini ifoda qildi. Otning yag‘riniga yopishgan bitta «itpashshani» tutib, so‘ka-so‘ka etik poshnasi bilan ezdi. Bo‘g‘iq, xasta ovoz bilan sekingina kuyladi:

Lyublyu, lyublyu Mamajon, lyublyu, Mamajon,
Stakanda choy ichgan lyublyu Mamajon.

Keyin yengini shimarib, ot bilan chinakam mashg‘ul bo‘ldi.
Yo‘lchi Jo‘raning otini va unga qanday parvarish qilishini tomosha qilarkan, Jo‘ra boshqa otlarga bir zum ko‘z tashlab, dedi: «Xo‘jayiningning samani yaxshi, agar ot tanisang, risoladagi saman – shu. O‘ziyam qizdek narsa-da».
– Sizniki-chi? – dedi Yo‘lchi kulib.
Jo‘ra oti haqida gap sotishni yaxshi ko‘rar edi, darrov tili qichidi:
– Bu to'g‘rida har qanday so‘z ortiqcha, – faxrlanib gapira boshladi Jo‘ra, – bu bittayu-bitta. Tengi-sherigi yo‘q. Buni chopganda ko‘r. Yosh-qari, jamiki xaloyiqning ko‘zi bunda! Uzoqdan qaraydi, qorasi o‘chguncha tikilib qoladi. Odamzodning ko‘zi yomon bo‘lar ekan, uka. Bir kun Eski Jo‘vada xo‘jayinni kutib to‘xtagandim. Bozor kuni, odam qalin. Hamma ko‘zini lo‘q qilib otga qaraydi. Tak, tak. Pashsha talayaptimi, hozir hammasini jahannamga yuboramiz qoracham! —pashshalarni ezib davom etdi Jo‘ra.
– Haligi yerda bir mo‘ysafid kelib, hassasiga suyalib, tikildi-qoldi. O‘zi ilgari asli qallob ekan. «Mallaxondan beri yashayman, bolam, ne-ne xonlarning, ne-ne beklarning otlarini ko‘rganman, ne-ne otlar o‘z qo‘limdan ham o‘tgan. Ammo, bu otjon ekan. Qaysi boyniki, bahosi qancha?» – dedi. «Otni yeding» dedim ichimda. «Boshqasi bo‘lsa, qamchi bilan solar edim, lekin soqoling oqini hurmat qildim», dedim…
– Ertasiga ot og‘rib qolsa bo‘ladimi! Kapalagim uchib ketdi. Yaxshiki mendan bo‘lak hech kim payqamadi. Xo‘jayinim otni tariqcha ham tushunmaydi. Kishi molini saqlash benihoyat qiyin, uka. O‘lib-netib qolsa baloga men qolaman. Xo‘jayin baqiroq odam. Yuvosh kishi ham xo‘jayin bo‘lgandan keyin, o‘zini bilmay ketadi, ko‘rganmiz. Xususan xizmatkorga o‘dag‘aylashni yaxshi ko‘rishadi. Nima qilish kerak? Boshim qotdi. Lip etib, bir azayimxon domlanikiga bordim. Nafasi o‘tkir deb eshitar edim.
– Pup, pup, pup… changga botibsan, jonivor. Hozir hammomdan chiqqan qizday yaltiratib qo‘yaman… – ha, domlaga nima dedim? Uyimizda bir bechora bemor bor, shaytonlab yotibdi. Taqsir, borib dam solib keling, shoyad nafasingizdan shifo topsa… Xo‘p, deb yonimga tushdi domlam. Otxonaga boshlab kirdim. Taqsir, mana bemor, dedim. Domla kuldi. Hech bokisi yo‘q, kecha gavmush sigirga ham dam solgan edim, dedi. Keyin duo o‘qib, otga dam urdi, sufladi. Isiriq tutat, dedi. Domlaga o‘z yonimdan bir so‘lkovoy qistirdim, ketdi. Ammo ko‘zimga uyqu kelmadi. Qoq yarim kechada enam oldiga bordim. Birgina kampir enam bor, uka. Yoshim qirqqa kirdi. Na xotin, na bola-chaqa. Dunyodan toq o‘tdik hisob. Enam kinna solishga, kuf-sufga chaqqon. Kampirni uyg‘otib: «Tur, karomatingni ko‘rsat», dedim. Voqeani tushuntirdim. Kampir bilan jo‘nadik. Qish kechasi. Sovuq. Yer oynaday. Boyoqish enam sirpanib, necha yerda yiqildi; harsillab, nafasi bo‘g‘ilib, axir yetib bordi. Tong otguncha enam bechora otga kinna soldi. Gap shunday, uka. Izvoshda «kataysa» qilish rohat. Lekin, nafsilamrda bizga o‘xshash otboqarga, haydovchiga qiyin, juda qiyin. Chu, nari tur, arzandam, tagingni tozalab qo‘yay endi.
Quyosh anchagina ko‘tarilgan edi. Mehmonlar o‘rinlaridan turib, kiyinib, gulzor atrofida o‘zaro gaplashib, kulishib beparvo yurishar edi. Ularning gaplari, muomalalari, yurish-turishlari Yo‘lchiga tamom begona tuyuldi. Ularga yaqinlashuv emas, hatto uzoqdan qarashga ham botinmadi. Jo‘ra o‘z ishini bitirgandan so‘ng, mehmonlar tomonga bemalol yurib bordi, hatto ba’zilari bilan ikki-uch og‘iz so‘zlashib, ko‘chaga chiqib ketdi. Yo‘lchi mehmonlardan uzoqda qo‘rg‘on ichidan oqib chiqayotgan ariq labida, daraxtga suyanib cho‘qqaydi.
Qo‘rg‘on eshigidan Mirzakarimboy chiqdi. Yo‘lchi o‘rnidan turib salom berdi. Boy unga qaramasdan «vaalaykum» deb o‘tib ketdi. Bir ozdan keyin mehmonlar oldidan qaytdi-da:
– Bu yoqqa yurchi, jiyan, – dedi.
Boy ariqdan tetik hatlab, oldinda yurdi. Uning yangi amirkon kavushi yumshoq g‘irchillar, shohi yaktagi quyoshda jivir-jivir tovlanib, uchqunlanib yaltirar edi. U bog‘ning tashqariga qaratilgan kichkina eshigiga kirdi. Yo‘lchining ko‘ziga «jannatday» katta bog‘ manzarasi ochildi, tomosha qilib, keksa tog‘aning orqasidan yuraverdi. Orasidan Qo‘qon arava bemalol yuradigan keng, uzun ishkomlar ikki tanobdan mo‘lroq yerni ishg‘ol etgan. Ko‘m-ko‘k tok barglari ertalabki quyoshda jilvalanadi. Bog‘ning to‘rt tomonini o‘ragan baland, yangi paxsa devor bo‘ylab shaftolilar o‘sadi. Ko‘plariga tirgovichlar qo‘yilgan bo‘lsa ham, mevaning ko‘pligidan shoxlari sinib, yerga tegib yetadi. Bog‘ning quyisida katta olmazor… Yo‘lchiga shunisi qiziq tuyuldiki, bu yerda qay tomondan qaramang, hamma daraxtlar bir chiziq ustida, tekis saf tortib turadi, daraxtlar o‘rtasidagi masofa ham baravar. Daraxtlar tani pakana, mevasi mo‘l va yirik. Lekin hozir deyarli hammasi ko‘m-ko‘k. Bundan tashqari, bog‘ning turli joylarida har xil mevali daraxtlar – nok, o‘rik, behi, jiyda va hokazo anchagina.
Mirzakarimboy bog‘ni aylanib, bir yerda to‘xtadi va kulib:
– Ishga tobing bormi, jiyan? – dedi.
– Ishga chanqovmiz-da, – deb javob berdi Yo‘lchi.
– Xo‘p, bog‘ning shu ikki tomonidagi zovurni tozalaysan, ishkomni yaxshilab chopasan. Lekin bularni shunchalik aytib qo‘ydim-da. Oldin qilinadigan boshqa ish bor. Yur, uni ko‘rsataman.
Ular bog‘dan chiqish oldida, bir yigitga duch keldi. Yo‘lchi uni tog‘asining kichik o‘g‘li Salimboyvacha ekanini payqadi. U ingichka, rangpar, qisiq ko‘zli, quyuq payvasta qoshli, peshonasi torroq yigit edi. Yoshi yigirma beshdan oshmagan bo‘lsa ham, qarimsiq ko‘rinar edi. Uning boshida yap-yangi tagdo‘zi do‘ppi, ustida cho‘ntaklari qop-qoqli, qaytarma yoqali uzun oq jujun kamzul, oyoqlarida ixcham, yangi etik. U to‘xtab gapirdi:
– Dada, bu yigit jiyaningizmi? Qalaysan, eson-omonmisan? Durust, durust…– ko‘zlaridagi kinoya, labidagi sun’iy iljayish bilan Yo‘lchiga qo‘l uchini berdi va bir zumda bog‘ ichida g‘oyib bo‘ldi.
Mirzakarimboy kechagi bedazorning etagida to‘xtadi.
– Ko‘rdingmi bu to‘nkalarni?
–Yo‘lchiga qarab gapirdi u.
– Bu yer chakalak edi. O‘tgan yil hammasini kesib oldik. Endi sen ishga tushib, kundalarni qo‘por, yerni tozala!
– Oldin buni bajaraymi?
–to‘nkalarni ko‘zdan kechirib so‘radi Yo‘lchi.
– Bugundan boshlayver. Bu zarur ish. Birinchidan, yer ochiladi. Ozgina yer emas bu. Taxminan chorak kam bir tanob. Yeni-veri bilan qo‘shilib, bir tanobdan mo‘l yer qo‘lga kiradi. Keyin yaxshilab chopasan. Yarmiga sabzi, yarmiga kartoshka ekasan. Shu bilan qishligimiz bemalol chiqadi. Yana bu joyda qancha o‘tin yotibdi? To‘nkalarni kavlab, bir chekadan yorilsa, talay o‘tin beradi. O‘tinsiz qozon qaynamaydi. chirog‘im. Har nimani bozordan olaversa, Sulaymonning g‘aznasi ham chidamaydi, jiyan. Ro‘zg‘orni bilish kerak. Boplab kundakov qil, ildizi qolmasin uqtingmi?
Yo‘lchi boshini qimirlatib tasdiq qildi. Shu yerda nonushta qilgandan so‘ng, bir ketmon va bir bolta keltirib ishga tushdi. U har xil og‘ir yumushlarni qilib o‘rganib ketgan bo‘lsa ham, to‘nka kavlamagan edi. To‘nkalar juda ko‘p ham bir-biriga juda yaqin. Yer esa tosh-metin. Qayrag‘och, teraklarning ildizi yer bag‘riga qattiq singgan. Yo‘lchi ishga razm solib, qaydan boshlash kerakligini o‘yladi. U avval katta kundalarning tevaragini ketmon bilan chopishga boshladi.
Ketmon yerga, naq toshga urilganday, tegadi. Yer ushalib, tosh parchalari singari atrofga sachraydi. U, bu yerga oldin suv qo‘yib, yer yumshagandan so‘ng kavlash kerakligini anglasa ham, vaqtni yo‘qotmaslik va tog‘aning amridan chiqmaslik uchun metin joyni kavlayverdi. Yer bora-bora kuchga bo‘ysunadi. Yo‘lchining zarbasi ostida to‘nkalar yalang‘ochlana, o‘zining qo‘pol, bahaybat gavdasini ko‘rsata boshlaydi. Birini qo‘porgandan keyin, ishning tiliga tushunadi. Tomog‘i qaqrasa, ariqdan suv ichib keladi, terlaydi, suvga chanqalganday ho‘l ko‘ylakni yechib, bir chekaga tashlaydi. Yo‘lchi katta to‘nkani yalang‘ochlab, ildizlarini, yo‘g‘on tomirlarini bolta bilan urib, yerdan ayirar ekan, o‘zidan o‘n besh-yigirma qadam narida, bedapoya etagida, yoniga paqirini qo‘yib, unga yashirincha tikilib turgan bir qizga ko‘zi tushdi. Qiz paranji o‘rniga churuk bir yaktak yopingan edi. Egnida eski, lekin oq chit ko‘ylak. Oyoqlarida juda eski kalish.
Yo‘lchi ishdan bir lahza bo‘lsin to‘xtamadi. Lekin bolta urish uchun qaddini ko‘tararkin, uning ko‘zlari, go‘yo unga bo‘ysunmaganday, bir necha marta o‘sha qiz tomonga tortildi… «Bu kimning qizi, qaydan keladi, qayoqqa boradi, uning boqishlarini sezdimi, yo‘qmi» – Yo‘lchi bilmas, ammo uning go‘zalligini birinchi qarashdayoq his etdi. Qiz hali yosh bo‘lsa-da, bo‘ychan edi, bichimi ingichka va sambit guli novdasiday adl edi. Oppoqqina, nozik yuzi quyoshda shunday tiniq ko‘rindiki, go‘yo u nurdan yaratilganday. Peshona va chakkasida salqigan sochlarining jingalaklarida shu’lalar mavjlanib yonar edi. Nihoyat, Yo‘lchi boltani qo‘yib, manglayidan terini sidirdi-da, qizga dadilroq qaradi. Lekin qiz uyalib, darrov yuzini yashirdi. Bir minutcha qimir etmasdan, qayoqqadir qarab turdi, so‘ng paqirni ko‘tarib, bedapoya bo‘ylab yuqariga, boyning bog‘i tomonga yurdi. Yo‘lchi ko‘zlarini qizdan uzmay qotib qoldi. Qiz nariroq borib, orqaga bir qayrilib boqdi. Yigit uning yuzlarida, ko‘zlarida, qandaydir muloyim tabassum sezdi. Qiz bedapoyadan o‘tib, so‘l yoqdagi daraxtlar orasida g‘oyib bo‘lgach, Yo‘lchi yengil, lekin yurakning ichidan kelgan bir xo‘rsinish bilan yana ishga tushdi.
Quyosh tik kelgan. Havo lovillab yonadi. Yo‘lchining yalang‘och yelkasini va orqasini quyosh qizdiradi. It akillamaydi, qushlar sayramaydi. Ular o‘zlarini soyaga olib mudrashadi. Yo‘lchi yerning tosh bag‘rini yorib to‘nka qo‘poradi. Qorni ochganligidan, ichi achishib, qandaydir behuzurlik sezadi. Na choydan, na nondan darak bor. «Mehmonlar bilan ovora bo‘lib, unutgan bo‘lishsa kerak…» deb o‘yladi yigit.
Naq peshin vaqtida Yormat choy-non olib keldi, ularni yerga qo‘ymasdan, Yo‘lchini koyidi.
– Tez chiqing-e… Kunning issig‘ini sezasizmi?!
– Yo‘lchining bajargan ishiga ko‘z yugurtib, o‘zicha o‘yladi: «Devkor yigit ekan».
Ular daraxt ostida, salqinda o‘tirishdi. Yormat nonni ushatib, dastlab Yo‘lchiga choy uzatdi va jiddiy tus bilan dedi:
– Ishning pir urgani shu. Kishini chaqib qo‘yadi.
– To‘g‘ri, ammo yigit odamga hech narsa emas, – beparvo javob berdi Yo‘lchi.
Yormat maysa ustiga uzala cho‘zilib, qattiq «uh» tortdi va choponining yoqasi bilan ko‘kragini yelpidi.
– Mehmonlarni kutib charchaganga o‘xshaysiz-a, Yormat aka? – kulib dedi Yo‘lchi.
– Be… Mehmon kutish-a…– qo‘zg‘almasdan gapira boshladi Yormat, – har qancha mehmon bo‘lsa, o‘zlari kutishadi. Men qancha ish qilib keldim! Bir arava go‘ng ortib, katta yerga eltib tashladim. Bir qozoqda ming bog‘ bedamiz bor edi, qaytishda undan bir arava bosib keldim. Yo kechki salqin bilan, yo ertaga ertalab shahar hovliga olib tushaman. Qanday beda, deng, bog‘i quchoqqa sig‘maydi. Qozoq halol ishlaydi, bizning sartiyada insof yo‘q. O‘ziyam suv tekin tushdi. Xo‘jayin erta ko‘klamda shartlashib, pulni to‘lab qo‘ygan edi.
– Puldorlar har bir narsani o‘z vaqtida g‘amlab, arzonga tushirishadi. Kambag‘alning sho‘ri quriydi, kerak vaqtda birni ikkiga oladi.
– Nafsilamr, gapingiz juda to‘g‘ri.
– Tog‘amizning yana boshqa yerlari bormi? qayerda? – dedi Yo‘lchi.
– Bu shunchaki salqinlab ketiladigan joy. Katta yer yuqorida, shu yerdan bir soat mo‘lroq yurasiz, u yerda nuqul paxta unadi. Unda xizmatkorlar, mardikorlar ishlab yotadilar. Eh-he, hali siz nima deb o‘tiribsiz. Ayniqsa, xo‘jayinning katta o‘g‘li Hakimboyvachcha paxtaga juda o‘ch odam. U kishi yolg‘iz vaxta savdosi bilan ovora. Toshkentdan, Farg‘onadan ham ko‘p paxta sotib oladi. Bularning hamma ishidan xabardorman. Axir kecha aytdim-ku, o‘n olti yildan buyon shu yerda xizmat qilaman. Shu yerga kelgan yilim, xudo bir qiz bergan edi, mana hozir bo‘yi yetib qoldi. Boshqa farzandim yo‘q, xudo umr bersin, ishqilib chirog‘imni o‘sha yoqsin…
Yulchining yodiga haligi qiz tushdi: «Shuning qizi emasmikin?»
– U piyolaga choyni quyib, Yormatning oldiga qo‘ydi.
– Iching. Siz toshkentlikmisiz? – dedi Yo‘lchi. Yormat boshini ko‘tardi, bir qo‘lini yerga tirab yonboshladi. Choydan bir-ikki ho‘plab, so‘zga kirishdi:
– Men Samarqandning bir qishlog‘idanman. Yosh pallamda yetim qoldim. O‘g‘irlikdan boshqa ishni – jamiki hunarni qilib ko‘rdim. Keyin samarqandlik bir boyga qarol bo‘lib yollandim. U kishi tog‘angiz bilan do‘st edi. Xo‘jayin Samarqand borsa, to‘g‘ri biznikiga borib tushar edi. Uch-to‘rt yil ishlaganimdan keyin, xo‘jayinim umri qisqa ekan, o‘ldi. Mol-mulki yosh bolalariga qoldi. O‘rtada har xil merosxo‘rlar ko‘paydi. Boylikning tagiga suv ketdi… Shu o‘rtada birdan bu xo‘jayin borib qoldilar. Toshkentga qaytishda meni ham olib jo‘nadilar. Chunki yaxshiligimni, to‘g‘ri, halol ishlaganimni bilar edilar. Umr ariqdagi suvdan tezroq oqar ekan. Shuncha yil o‘tibdi, ammo menga xuddi kechagiday bo‘lib ko‘rinadi.
Yo‘lchi diqqat bilan tingladi, Yormat piyolani. bo‘shatib yana davom etdi:
– Bu oilada nima sir o‘tsa, barchasi menga ayon. To‘y, aza – barisiga aralashaman. Mehmonlarini, qarindoshlarini ham taniyman. Boyning davlati ham menga ma’lum. Tog‘angiz miqti boy. Ayniqsa, mana shu besh-olti yil ichida boylik juda zo‘rayib ketdi, xo‘p deyavering. Xudoning qudratida, davlat bir kelsa, daryodek toshib kelar ekan… shunday, uka. Men bu dargohning o‘z odamiman. Dadangizni ham taniyman, bir-ikki suhbatlashgan edim, bu kun esimga tushdi.
– Siz xo‘jayindan yillik haq olsangiz kerak?
– Yormatning og‘ziga qaradi Yo‘lchi.
Yormat bir nafas sukut qildi. Bu savolga qanday javob berishga qiynalgan kabi, nosqovog‘ini o‘ynab, yerga tikildi. So‘ng asta gapirib ketdi:
– Xudo haqi, men xizmatimga bir narsa bering deb so‘ramayman. Insof o‘zlaringga bersin, deyman-da, yuraveraman. Qishda xo‘jayinlarning yonboshida bo‘lgan bir katalak hovlida yashayman. Yozda anov bog‘ning orqasida bir ayvonchada turamiz. O‘z dekchamizni o‘zimiz qaynatamiz. Xo‘jayinning qozonidan unda-munda bir totmasak… yo‘q, moysiz bo‘lsa ham o‘z dekcham yaxshi. Ayolim qishin-yozin ichkari hovlining yumushini qiladi, kir yuvadi, uy-joyii supuradi, non yopadi, ko‘rpa qaviydi. Xo‘jayinning qizi uchun palak, dorpech, qiyiq tikadi. Yumushdan ko‘pi bormi! Uka, bor-boricha, yo‘q – holicha, ishqilib, bir kunimiz o‘tib turibdi. Tirikchilik qiyin. Bir vaqtlar tuya yong‘oq, endi qumaloq ham ko‘zga dori. Non topolmay ko‘chada gadoylik qilib yurganlar ozmi, uka? Xudo shundan saqlasin…
Yormat og‘ziga nosvoy solib, jim bo‘ldi. Yo‘lchi ham boshini quyi solib, bir oz dam olishni istadi. Nogoh jimjit va qizg‘in havoni yangratib, hofizning ta’sirli ovozi ko‘tarildi. Ashulaning kuyi, aytuvchiniig tom jarangli ovozi Yo‘lchining yuragiga bahor latofati kabi to‘qindi. U ko‘zlarini suzib, ashula yangragan tomonga qaradi. Kuy uzoqdan, boynikidan uchar edi. U zavqni buzmaslik uchun, Yormatga bu to‘g‘rida hech nima demadi. Yoqimli sadoning sehriga berilib, ko‘zlari sekin yumildi, boshi yana quyiroq tushdi. Uning ruhi go‘yo ashulada jimgina eridi. Muloyim, dilnavoz sadolar uning butun tomirlaridan hordig‘ini sug‘urganday bo‘ldi. Ashula nihoyasiga yetdi. Lekin bir zumdan keyin, yana ayni tovush parvoz qildi. Ammo o‘zga maqomda, o‘zga, yana chuqurroq mavjlanishlar, jilvalar bilan ko‘ngilni yana qattiqroq sehrlovchi ingichka titramalar va ranglar bilan… Havoda u kuyning so‘nggi mavjlari tinarkan, Yo‘lchi dedi:
– Rosa ovozi bor ekan-da, yo‘lini ham qiyar ekan. Tog‘amiznikidanmi?
Nosvoyini tuplab, iljayib javob berdi Yormat:
– Ha, biznikida.
– Kechasi hech nima aytmadi-ku, kunduz keldi shekilli. Yormat kuldi.
– Bu hofiz butun olamga tanilgan. Yakkayu yagona ovoz… Ammo hozir o‘zi bu yerda yo‘q.
– Nima deysiz, – hayratlanib dedi Yo‘lchi? – o‘zi bo‘lmasa, ashula qayerdan?
– To‘g‘ri, o‘zi yo‘q, ashulasi bor… Gramofon degan buyumni ko‘rganmisan, yo eshitganmisan? – kulib so‘radi Yormat.
– Yo‘q, u nima bo‘ladi?
– Ashulachining ovozini mashinaga ko‘chiradi, ayrim-ayrim lagancha qilib… keyin shu mashinaning qulog‘ini burasang, lagancha gir-gir aylanib, ashula, dutor tanbur vang‘illayveradi. Xuddi jonli odamday.
– Qishloqi deb meni laqillatmoqchimisiz? – qoshini chimirdi Yo‘lchi.
– Nega laqillatayin?.. Ilm-hikmat bilan har nimani qilsa bo‘lar ekan. Shaharda ko‘nkani ilgari ot surgar edi. Mana endi ko‘nka otsiz yuribdi. Otsiz qanday yuradi? Hammasi ilmi hikmat. Gramofon ham shunday. U Farangistondan kelsa kerak. Tunov kuni bir bilgich odam: «U yoqda hunar baland bo‘ladi», degan edi. Gramofon boylar orasida rasm bo‘lib qoldi. Shunday o‘tirshilarda o‘rtaga qo‘yib chalishadi. Ishonmasang, kechqurun senga ko‘rsatay.
Birdan boshqabirovoz eshitildi: kimdir tez-tez gapiradi, dam erkakcha, dam xotincha so‘zlaydi, dam chaqaloq bo‘lib «inga»laydi… Yo‘lchi taajjublanib, Yormatga qaradi.
– Bu «Abdulla fonuschi» degan katta qiziqchi. Hozir gramofonda qiziqchilik qilayotibdi, – dedi Yormat. Yo‘lchi «tavba» deb o‘rnidan turdi, ketmonni olib ishga tushdi. Yormat choynak-piyolani ko‘tardi, ketar oldida qichqirdi:
–Boshing sog‘ bo‘lsa, hali Toshkentda ko‘p ajoyib ishlarni ko‘rasan, yigitcha!..

III

Mehmonlar juda ustalik bilan pishirilgan qozon kabobni ishtaha bilan yeb, ustidan bir kosadan «qobiliy sho‘rva»ni ichib, og‘ir nafas olishar edi. Yormat supa atrofiga suvni qalin sepgach, ular supaga o‘tishdi. Chaqnab yonib turgan qizil, yumshoq gilam chetlariga yozilgan shohi ko‘rpachalarda, katta par yostiqlarga yonboshlab choy ichar edilar. Issiqning va yog‘liq ovqatlarning damini kesish uchun hech kim piyoladan, choynakdan qo‘l uzmas edi. Me’daning to‘lganligidan va issiqdan semizlar ayniqsa behuzurlik sezar edi. Sakkiz mehmon ichida ikkisi benihoya semiz edi. Biri yaqinda boy bo‘lib, birdaniga semirgan, paxta zavod sohibi Jamolboy, ikkinchisi ota-bobosidan «boykalon» o‘tgan qo‘ychi Sultonbek edi. Ular supaning ikki tomonida, bir-birlariga ro‘baro‘ yonboshlab harsillashar, ba’zan bir-birlarining semizliklaridan kulib, do‘stlarcha yengil hazillashib qo‘yishar edi. Mehmonlarning aksari o‘rta yoshli – o‘ttiz-qirq orasidagi odamlar edi. Ular achchiq choyni sipqirib, savdodan, xotindan, banka muomalalaridan so‘zlashar, toshkentlik mashhur bir boyning xasisligi haqida eng keyingi, hali hech kimning qulog‘iga chatilmagan latifalar suhbatga «rang» berib turar edi. Bu yerdagilar esa o‘zlarini «tanti», balki «xotamtoy» deb hisoblar edilar…
Qo‘rg‘ondan – ichkari hovlidan Mirzakarimboy chiqib keldi. Mehmonlarga: «Zerikmadingizlarmi?» deb, supaning bir chetiga o‘tirdi. Cholning hurmati uchun mehmonlar oyoqlarini yig‘ib o‘tirishga urindilar.
– Bahuzur yoyilib o‘tiraveringlar. Dalada yoz pallasida yoyilib o‘tirish – rohat, – dedi mehmonlarga murojaat qilib boy.
Gap-so‘z bir-biriga ilashmadi: chol oldida xotinlar haqida so‘zlanilmadi, xasis boy to‘g‘risidagi latifalar ham tugadi. Sultonbek pishillab mudray boshladi.
– Mulla Abdishukur, – Mirzakarimboy mehmonlardan biriga murojaat qildi, – olamda nima xabarlar bor, gapirsangizchi. Ko‘pdan buyon siz bilan suhbatlashishga to‘g‘ri kelmadi.
Abdishukur manglayi tirishgan, ko‘zoynakli, etsiz, qoramtir yuzi ichiga botgan, qisqa mo‘ylovining ikki uchini ingichka burab, burnining kataklariga yetkizgan, zamonasiga nisbatan qisqaroq kamzul kiygan o‘ttiz besh yoshli, oriqqina kishi bu yerdagilar orasida hamyoni quruq, so‘zga to‘liq shu edi.
Toshkentning «Askiya» mavzuida otasining bir parcha yeri bo‘lgan. Butun oilasi bu yerga pomidor, piyoz, rediska, karam va hokazo rezavor ekib, mumkin qadar eldan burunroq bozorga chiqarib, «pul» qilishga tirishar edi. Abdishukur bu yo‘ldan ketmadi. Mahalladagi maktabni bitirib, madrasaga kirdi. Madrasa hujrasiga tiqilib, moddiy qiyinchiliklar ichida to‘rt yil o‘qidi. Keyin madrasa ilmlaridan ko‘ngli soviy boshladi, chunki imom bo‘lish uni sira qiziqtirmadi. Buning ustiga u mudarris ham mullavachchalar bilan yaxshi chiqisha olmadi. Tahsilini chala qoldirib, madrasadan chiqdi. Tahsil uchun Istambul yoki Misrga jo‘nash orzusi, mablag‘ yo‘qligidan, amalga oshmadi. Bir qancha vaqt bekor yurgach, «ishbilarmon» amakisiniig yordami bilan, nihoyat, bir boyga mirza bo‘ldi va xizmat uchun To‘qmoq shahriga jo‘nadi. Bu yerda bir tatar savdogarining xizmatiga o‘tib, Qozonga ketdi. Qozonda uch yil yashadi. Tatar savdogarlari orasida aylanarkan, uni-buni tanidi. Yoshlar bilan ham bir qadar aloqa bog‘ladi. Gazeta-jurnal mutolaasiga odatlandi. Toshkentga qaytgach, u o‘zini eng «ko‘zi ochiq» va «yangi fikrli» musulmonlardan hisoblab, «usuli jadid» maqtablarini ochishga tashqivot yurgiza boshladi. Shoirlik iste’dodidan tamom mahrum bo‘lishiga qarmay, u «millatni uyg‘otish» uchun vazni buzuq, fikri sayoz, rangsiz nazmlar yozdi. Hozir muntazam ravishda turk va tatar matbuotini ta’qib etadi. Tatar ruhoniylaridan Musabegiev va Rizaiddin Faxritdinlarni buyuk olimlar deb biladi. Turk adibi Ahmad Midhatni yagona «xazinaiy ilm va urfon» hisoblab, topinadi. Ruschada kitob mutolaa qila olmasa ham, lekin mukallima tiliga ancha-muncha epchil. U bolalik chog‘ida dadasi bilan birga yangi shaharda rezavor sotib yurgandayoq ruschaga tili yugurik bo‘lib qolgan edi. Abdishukurni ba’zilar «zakunchi» deydi, ba’zilar «dahriy» deydi. Hozirgi kunda Jamolboyning prikazchigi, do‘sti va kengashchisi. Kecha u xo‘jayini bilan izvoshga o‘tirib, bu yerga mehmon bo‘lib kelgan edi.
U qutisi ustiga «Roza» deb yozilgan papirosni qo‘liga olib, gugurt chaqmasdan ilgari. Mirzakarimboyni qanoatlantirishga tirishdi.
– Taqsir, olamda gap ko‘p… Yer yuzida bo‘lgan jami voqealarni har kun gazetalar yetkazib turadi, – dedi va eng so‘nggi xabarlar bilan eski xabarlarni aralashtirib, birmuncha ma’lumot berdi. Keyin islom olami masalalariga ko‘chdi, bo‘lib o‘tgan «Bolqon muhorabasi»ni tilga olarkan, urush voqealarini tinglashni yaxshi ko‘rgan Mirzakarimboy darrov uning so‘zini kesdi:
– Qaysi qiron qaysi qiron bilan urushdi?
Bolqon urushidan xabarsiz bir musulmon boyining savoliga u ichidan afsuslansa ham, lekin buni sezdirmadi, avvalgi tur bilan gapini davom ettirdi. Bu urushda qaysi davlatlar ishtirok qilganini va urushning oqibatini so‘zladi.
– Bulg‘or, Yunon hukumatlari deysizmi? Bachchag‘arlarning nomlari juda xunuk ekan-da! – dedi bir savdogar.
Abdishukur davom etdi so‘zida:
– Butun olami islomning xalifasi Sulton hazratlari bu urushda tanho qoldilar, askarlari qattiq mag‘lub bo‘ldi. Musulmonlarning ittifoqsizligi, bir-birining holidan xabarsizligi natnjasida islomning obro‘sini tushirgan bunday foji voqealar ro‘y berdi… Xususan biz, Turkiston musulmonlari chuqur g‘aflatdamiz. Agar biz jahdu jadal qilib bu jaholat botqog‘idan qutulmasak, taraqqiy yulini tutmasak, boshqa musulmon mamlakatlari bilan ittifoqni mahkamlamasak, yaqin o‘rtada biz, musulmonlarning muqaddas yerlarimizni ham xristianlar bosib oladilar. Makkaiy Mukarramani, Madinaiy Munavvarani ham ular to‘pga tutishdan toymaydilar.
– Bir narsaga oldindan hukm etish to‘g‘ri emas, Abdishukur, – salmoqlab dedi Mirzakarimboy, – har bir ish Olloning buyrug‘i bilan bo‘ladi.
«Burnidan tortsa yiqiladigan», kuchsiz, xunukkina kishi – bazzoz Abdulxoliqboy qoshini chimirib, ingichka, xotinchalish ovozi bilan gapga aralashdi:
– Siz oq-qorani tanigan odamsiz, Abdishukur. Bir narsani aslo yoddan chiqarmangki, Ka’batulloga hech bir kofirning qadami tegmas, inshoollo, nainki kofirlar bosib olsin, to‘pga tutsin! Nimaga desangiz, har bir musulmonga ma’lumki, Muhammad alayhissalomning qabr shariflari bor u yerda, yana u yerda qancha aziz-avliyolar yotibdi. U yerni Olloning o‘zi saqlaydi. Biz bir bandamiz, ammo aqlga sig‘adigan narsani so‘zlaymiz.
– Xudoning uyiga kofirning zambaragi tushadimi!.. – so‘zga kirishdi chinnifurush Tojixonboyvachcha, – o‘tgan yil amakim hajdan keldi. U kishining aytishiga qaraganda, payg‘ambarimizning qabrlari ustidan kaptarlar ham uchib o‘tishga jur’at qilolmas emish, shunday uchib kelib, ziyorat qilib, yondamalab, yana qaytarmish.
– Qudratli parvardigor, shak keltirib bo‘lmaydi, – deb ming‘illadi Mirzakarimboy.
Qalin, go‘shtdor labini sekin qimirlatib, Sultonbek so‘z oldi:
– Rostini aytsam, shu zamonda gap-so‘z qaynab ketgan. Lekin birovining ham ma’nosi yo‘q, birida ham maza-matra yo‘q. Hammasi bosh og‘rig‘i gaplar. Bilmadim, bo‘yoqchining nili buzilganmi, yo oxir zamon yaqinlashib, ya’juj-ma’juj xuruj qilganmi? —Sultonbek atrofidagilarga ko‘l yugurtdi. Keyin burnini kavlab, harsillab davom etdi.
– Har xil tirranchalar paydo bo‘libdi. Abdishukur ularni yaxshi taniydi, – istehzo bilan Abdishukurga qarab qo‘ydi, – tirranchalar har qadamda bo‘lmag‘ur maslahatlar berishadi. Shu yaqinda yor-do‘stlarim bilan o‘tirganimda, so‘z to‘y ustida bordi. Shu yil kuzda o‘g‘limni to‘y qilaman, degan niyatim bor, deb ulardan maslahat so‘radim. Yaxshi-yaxshi maslahatlar berishdi. Lekin mahallamizda gazet o‘qiydigan bir «shumtaka» bor, u haromi nima deydi? «Sultonbek aka, siz shariatga qarab, mavlud to‘yi qiling; butun yurtga ibrat bo‘lsin: «Sultonbekdek bir davlatmand o‘z o‘g‘lini mavlud to‘yi bilan kesdi, deb gazetaga yozaman», deydi… «Uka, u to‘ying qalay bo‘ladi?» «Yigirma-o‘ttiz odam chaqirasiz, mavlud o‘qiladi. Mana shariat to‘yi…» deydi. Buni eshitib, azbaroyi xudo, tutaqib, isitmam chiqib ketdi. «Arvoh oshi» bermayman, o‘g‘limni to‘y kilmoqchiman, to‘y, dedim. Uch biya, yigirma bir dona qo‘y so‘yaman, nog‘ora-karnay bilan uch kun osh beraman; ota-bobom haftalab to‘y qilgan odamlar, dedim. Xo‘sh, bu tirranchalar birovning to‘yiga nimaga aralashadi? Gazetangni o‘qib yuraver. Men katta to‘y qilsam, o‘z o‘g‘lim uchun qilaman, o‘z pulimni sarf qilaman. Menda ham orzu-havas bor. Agar shariatimiz mavlud to‘yini buyurgan bo‘lsa, nega ulamolarimiz hech nima deyishmaydi? Madrasa tuprog‘ini yalamagan u tirrancha qayoqdan shariatni biluvchi bo‘lib qoldi? Yana shunisiga dog‘manki, ba’zi bir boylarimiz, ba’zi savdogar bolalari ularning so‘ziga ishonadi. Mana Azimhojining o‘g‘li Tursunboyvachcha yangi maktab ochishga urinib yuribdi. Tunov kun biznikiga kelib, meni ham avray boshladi. Bir o‘g‘lim qorixonada o‘qiydi, bir o‘g‘limni Xadradagi o‘ris maktabiga berdim, shu bas dedim.
– Sultonbek so‘zlab charchaganday, yostiqqa og‘ir yonboshlab qip-qizil bo‘ynidai va charx tovoqday yuzidan terini arta boshladi.
– Xadradagi maktab bolalarimizga kifoya qiladi-ku, yana qanday maktab lozim? – dedi bir savdogar.
Abdishukurning tili qichib, yangicha to‘y haqida, ulamo, shariat va maktab to‘g‘risida mufassal izoh bermoqqa chog‘langan edi, lekin so‘zni Hakimboyvachcha ilib ketdi. U yangi maktabga qarshi bo‘lmadi. Lekin, yangi maktabda «Qur’on karim» va boshqa diniy darslarning ko‘proq o‘qitilishi kerakligini ta’kidladi. To‘y to‘g‘risida shunday dedi: «Shariatda isrofgarchilik buyurilmagan, deb eshitamiz. Ammo, to‘y to‘g‘risida ulamolarimiz yo‘l ko‘rsatmaguncha, yoshlarning gapiga e’tibor qilib bo‘lmaydi. Zeroki, xalqning otasi, shariatning homiysi yolg‘iz ulamolarimizdir. Yoshlar «yangi fikr», «eski fikr» degan gaplarni yig‘ishtirib, ulamolarimiz bilan qo‘lma-qo‘l ishlashlari, ulamolar oldida adab saqlashlari kerak. Ulamodan tashqari shariat ishlariga aralashish – shariatga raxna solish, uni buzish bilan baravar. Buning oqibati, albatta, yomon. Ulamolarga aslo til tegizmangizlar, Abdushukur!»
Hali va’z etishga oshiqqan Abdishukur, endi sukut qilishni lozim bildi, faqat, Hakimboyvachchaga iljayib qarab, uning so‘zini bosh qimirlatish bilan tasdiq qildi Bir zum cho‘zilgan sukutni Salimboyvachcha buzdi.
– Ulamolarimizda ham ayb ko‘p, – akasiga qarab dedi u, – bid’at ishlarni yo‘qotish o‘rniga, ularni himoya qiladilar. To‘y-hashamlarda bo‘ladigan isrofgarchilikni ular man qilmaydilar. O‘zlari to‘yma-to‘y yurishni, yarqiroq choponlar kiyishni yaxshi ko‘radilar. «Boylar to‘ylarga sarf qiladigan pulni savdoga ishlatsin, teatr ishlariga bersin» deydi yoshlarimiz. Bu to‘g‘ri narsa. Ulamolarimiz gazeta o‘qigan odamlarni ham «kofir» deb hisoblaydilarku, bu jaholatdan boshqa narsa emas.
Mehmonlar uning gapiga yaxshi e’tibor qilmagan bo‘lsalar ham, Mirzakarimboy o‘z o‘g‘liga o‘qrayib, boshini quyi solganini hamma sezdi.
– Ukamiz Salim, – dedi Hakimboyvachcha, – og‘ziga nima kelsa, shuni valdirayveradi. O‘rtoqlari haligi tirranchalardan…
Salim indamadi, soatining oltin zanjirlarini o‘ynab, avvalgiday o‘tiraverdi.
– Shu teatr degani nima? Ot o‘yinimi?
–Abdishukurdan so‘radi choyfurush Sadriddinboyvachcha.
– Tamom boshqa narsa u, Sadriddin aka! Bir karra ko‘rsangiz, u har kim uchun bir maktab ekanini anglaysiz, – dedi Abdishukur.
– Men ko‘rdim teatrni, – hovliqib, pixillab so‘zga kirishdi paxtachi Jamolboy, – Abdishukur qiziqtirgan edi, borsam boray dedim… Siz uni maktab deysiz. Abdishukur, qanday qilib maktab bo‘ladi u? Domla qani, shogird qani? Men borganimda bir ilmsiz bolaning bezori bo‘lib ketganini ko‘rsatishdi, xolos.
– Maktab emas, ibrat deng, – kimdir izoh berdi.
– Menga qolsa hech nima emas, – davom etdi Jamolboy, – o‘sha kuni Abdishukur ham o‘ynadi. Qizig‘i shuki, men uni sira tanimay qoldim. Bu kishi ola bayroq to‘n kiygan, uzun soqolli, bilmadim, imommi, eshonmi bo‘lib chiqdi… Ovozidan ham tanimadim. Abdishukur, ovozni bunchalik boshqacha qilishni kimdan o‘rgandingiz? Hunaringga balli-e… Lekin, to‘g‘risini aytsam, ot o‘yini ancha qiyin. Bularnikini ko‘rib bo‘lguncha, yuragim tars yorilib ketayozdi. Nuqul gap. Tag‘in belatga besh so‘lkavoy to‘labman. Belat bahosi emas, yordamingiz, deb qo‘yishdi! Bir marta ko‘rdim, bas, endi yelkamning chuquri ko‘rsin.
– Jamolboy hammaga bir-bir qarab, «qih-qih»lab kulib qo‘ydi.
– Ilgari hayit kunlari Ko‘mirsaroyda qo‘g‘irchoqbozlik, «Chodir xayol!» bo‘lar edi. Endi nomini boshqa qilishibdi-da mazmuni.
– O‘lmagan qul har nimani ko‘raverar ekan, – dedi Mirzakarimboy peshonasini qashib.
– Bizning teatr hali yangi-da. Usta o‘ynovchilar yo‘q, – izoh bera boshladi Abdishukur, – madaniyatli mamlakatlarda teatrlar baland darajada bo‘larmish. Ko‘p ma’nidor narsalar ko‘rsatilarmish. Xalqning rag‘bati ham katta bo‘ladi, deb eshitaman. Yaqinda bir o‘ris advokat bilan so‘zlashdim. Maskov, Peterburg teatrlarini gapirgan edi, og‘zim ochilib qoldi.
– Maskovga, Peterburgga ko‘p qatnadim, oylab u shaharlarda qoldim. Bir marta ham ko‘rmabman-da, – dedi bir mehmon.
– U yerlar boshqa. Peterburg oqpodshohning poytaxti. U yerda har qanday ajoyib ishlar bo‘lsa yarashadi, – chedi Hakimboyvachcha.
– Oqpodshoh ham borarmikinlar teatrga? – kimdir so‘radi Abdishukurdan.
– Albatta, albatta boradilar.
– A, ha!..– bu sado bilan uch-to‘rt kishi birdan o‘z hayratini bildirdi.
Abdishukur tushida ham ko‘rmagan poytaxt teatrlarini maqtamoqchi bo‘lib, endi so‘z boshlagan edi, Yormat dasturxon keltirib, norin tayyor bo‘lganini bildirdi. Mehmonlar o‘rinlaridan turib, uvushgan oyoqlarini uqalab, kerishib, kim qo‘l yuvishga, kim «tahorat ushatishga» tarqaldi.

IV

Yo‘lchi otxonaning bir tomoniga uyilib, sasib-bijib yotgan go‘ngni katta yerga eltish uchun aravaga tashimoqqa kirishgan edi. Uch hafta qadar bu yerda yashab, boy tog‘aning hamma yumushlarini yaxshi bajargani va mehnatga layoqatini, uquvini yaqqol ko‘rsatgani uchun boy unga katta yerga chiqib paxtada ishlashga buyruq bergan edi. Birinchi qopni darvozaga olib chiqib aravaga to‘qish oldida, Yormat uzoqdan qichqirib, uni to‘xtatdi:
– Bu kun jo‘namaydigan bo‘ldik.
– Nega?
– Tog‘angizning xotinlari kelinlari bilan birga bir qudanikiga tug‘uriqqa borar ekanlar. Arava kerak.
– Xo‘jayin koyimasmikin?
– Ertaga jo‘naymiz-ku. Javobini xotin xo‘jayin beradilar. Boyoqish xotinlar ham bir yayrab kelsin-da.
Yo‘lchi qopni devorga tirab qo‘yib, darvozaning yonidagi kichkina supachaga o‘tirdi. Yormat chelak bilan aravaga juda ko‘p suv sepdi. So‘ng, yaxshilab supurdi. Otga chig‘anoqli asboblarni taqib, yolini qizil lattalar bilan, o‘rib, otning atrofida aylanib, unga juda zeb berdi. Otni qo‘shgandan keyin aravaga qalin namat soldi, ustidan ko‘rpacha yoydi. Uning har bir harakati, xotinlar uchun mumkin qadar qulay, o‘ng‘ay joy hozirlashga tirishgannni ko‘rsatar edi. Xo‘jayinlarning xotinlarini, bola-chaqalarini aravaga solib, dabdaba bilan mehmondorchilikka, olib yurishni u juda yaxshi ko‘rsa kerak, shuning uchun hozir mag‘rur va shod edi. Lekin u shodligini bildirmas, hatto qovog‘i soliqroq ko‘rinadi. Yo‘lchi bu kishining qiliqlarini bir daraja sinagani uchun, uning «bola tabiati»ga ichidan kulib o‘tiraverdi. Arava tayyor bo‘lgach, Yormat bir muhim narsani unutganday, bir yoqqa yugura ketdi. Allaqaydan kichkina narvoncha keltirib, aravaning orqasiga tiradi. Ko‘lini beliga qo‘yib, o‘zi ham shu yerda qaqqaydi.
Xotinlar ancha kechikib chiqishdi. Avval banoras paranji yopingan qaynana – Mirzakarimboyiimg xotini, harsillab-gursillab, narvonchaning har pog‘onasiga qadam qo‘yganda «bismillo»ni takrorlab, aravaga o‘tirdi. Uning ketidan, biri ko‘k duxoba, ikkinchisi zangori duxoba paranji yopingan qo‘sh kelin – Hakim va Salimboyvachchalarning xotinlari chiqishdi. Xotinlarning bema’ni qiy-chuvi, arzanda bolalarning xarxashasi hamma yoqni tutdi. Yo‘lchi bolalarni bir-bir ko‘tarib, xotinlar orasiga joylashtirdi. Yormat ichkaridan bir necha savat moykulcha ham dasturxondan isi, bug‘i burqib turgan bir tog‘ara palov va hokazo olib chiqdi. Arava liq to‘ldi. Yormat aravaning har qismiga razm solib, keyin chaqqonlik bilan otga mindi. U yangi, «havaskor» o‘spirin aravakash kabi, gerdayib, yelkasini qiyshiq qilib o‘tirdi. Keyin «chu» deb otga qamchi urarkan, Yo‘lchiga qichqirdi.
– Hov, yigit, kechagi chopiqni bitirib qo‘ying! Yo‘lchi chopiqqa tushmasdan avval soch oldirish uchun guzarga chiqdi. Mo‘ysafid sartarosh uni bequvvat shalaq kursiga o‘tqazib, kirdan qatirmalanib yaltiragan lungini bo‘yniga ilib, boshini ishqalay boshladi. Qattiq suyak panjasi bilan uzoq ishqaladi. Atrofda g‘uv-g‘uv pashsha oyoqlarga yopishadi, burun kataklariga suquladi, quloqni uzadi, bir zum tinchlik yo‘q. Yo‘lchi soch oldirib bo‘lguncha, qiynoq ichida toqatsizlandi. O‘rnidan turgach, bir «uh» tortib, yengillandi. Mo‘ysafidning kaftiga yarim tanga qistirib, choyxonaga o‘tdi.
Choyxonachi ellik yoshlarda bo‘lgan yumaloq – «girdigum» odam, harakati juda sust, qarashlari yalqov. Bir so‘zni o‘n bo‘lib bazo‘r chiqaradi. Qarshidagi choyxonachi uchqun tegishi bilan guv alangalanuvchi qirindi bo‘lsa, bunisi alangani so‘ndiruvchi ho‘l to‘nka, choyxonada odam ko‘p. O‘rtada davra qurib, bir to‘da yigitlar o‘tiradi. Aksarining qo‘lida bedana. So‘zlar ham bedanabozlar ustida.
Yo‘lchi zerikdi. Choy chaqirmasdan tashqari chiqdi. Choyxonadan nariroqda, ko‘cha sathidan bir oz baland turgan va chirik taxtalari o‘rniga yo‘g‘on-ingichka xodalar yotqizilgan ko‘prik oldida qovun ortgan arava to‘xtaganini va dehqonning behuda urinishini ko‘rdi. Aravakash yelkasini gubchakka tirab itarsa ham, ot to‘rt oyog‘i yerga mixlanganday, qimir etmasdi. Ko‘maklashuv uchun Yo‘lchi yugurib bordi. Otning jilovidan tortdi, aravakash g‘ildirakdan turtdi. Ot siljimadi. Ot qari va benihoya oriq edi, dumini qimirlatishga ham erinar, boshini quyi solib, chirkinlashgan ko‘zlarini ojiz javdiragan edi. Arava ham ko‘hna, yamoq-yasqoq, g‘ildirak temiridan unda-munda parcha-purcha qolgan, kegaylari shaloq…– dehqon aka, ehtiyot bo‘ling, aravangiz nobop… – boshini chayqab gapirdi Yo‘lchi.
– Bilaman, lekin iloj yo‘q, uka, shaharga borish kerak, – dedi dehqon arava orqasidan.
Yo‘lchi otning jilovini bir bolaga ushlatib, o‘zi bir gubchakka o‘tdi. Ikkinchi tomonda dehqon. Yo‘lchi:
– Oling, dehqon aka!..– kuch bilan itardi-da, otga: «chuh, jonivor!» deb qichqirdi. Orqadan itargan ikki kuchning ko‘magi bilan ot oldinga intildi, tirisha-tirisha aravani ko‘prikka olib chiqdi. Lekin shu onda, nimadir, «qars» etdi. Ot to‘xtadi. Yo‘lchi aravaning nimasi shikastlanganini payqamay, hayron bo‘lib turar ekan, aravaning tagidan dehqonning ayanchli tovushi eshitildi:
– O‘qi ketibdi, ish pachava…
Dehqon tuproqqa botib arava ostidan chiqdi. Ko‘ziga tushgan katta eski qalpoqni ko‘tardi, juldur choponning etagi bilan burushiq peshonaning terini artdi. Yo‘lchi uning ichiga botgan, chuqur ko‘zlarida chorasizlik qayg‘usini, mashaqqat og‘irligini ko‘rdi. Uning oftobda kuyib pishgan, etsiz, yirik yonoqli yuzida ko‘z yoshimi, termi, har holda tomchilar yumalanar edi.
– Xafa bo‘lmang, aka, – dehqomning yelkasini qoqib yupatdi Yo‘lchi, – falokat emas, arava sinadi, tuzatiladi.
– Ot-arava o‘zimniki bo‘lsaydi, jarga qulab ketsa ham mayliydi. Kishiniki, uka. O‘zimda ulov yo‘q. Qovunim pishib chirib ketdi… Qo‘shnimdan ot-aravani bir kunga tilab olgan edim. Jilla bo‘lmasa, bitta chetanda olib tushay-da, sotib, bolalarga kiyimlik olay, deb xayol qilgan edim. Bola-chaqa qipyalang‘och, uh… Falokat kutib turgan ekan.
Atrofda odam to‘plandi. Ba’zilar achinadi, ba’zilar tomoshabin. Mana, shu guzarning o‘spirin baqqoli ham yetib keldi, och itday alanglab, qovunlarni ko‘zdan kechirdi.
– Qani, dehqon aka, savdoni qilaylik, qo‘lni bering… Otingizning dumi ostidan yulduz ko‘rinib qolibdi. Arava bo‘lsa almisoqdan qolgan, yana sinibdi. Shu ot, shu arava bilan shaharga yuk olib borarmidingiz? Shahar qayda!.. Uylamabsiz-da. Necha pul beray? – baqqol bidirlab, dehqonning qo‘lini ushladi. Es-hushini yo‘qotib, garanglangan dehqon dastlab indamadi. Yosh baqqol vaysayvergandan so‘ng bir uh tortib, sekingina dedi:
– O‘n to‘rt so‘m berasiz…
– E? O‘n to‘rt so‘m? Tushingizni suvga ayting.
– Shaharda o‘n sakkizga «g‘ing» demay oladi. Noilojlikdan deyman-da. Qovunga qarang. Har biri tuyaning kallasiday. Juda saralangan.
– Shaharga bora olmaysiz, – bidirladi baqqol, – qovunni ham ko‘rdim. O‘rtacha. Agar yaxshi bo‘lsa, xalq yeb, sizni duo qiladi, men o‘zim yemayman. Keyin, kim biladi, bir palakdan har xil qovun yetishadi. Dehqon bo‘lmasak ham, buni fahmlaymiz. Uch so‘lkovoy beraman, xo‘p deng!..
– Saksonta qovunga-ya? Uch so‘m? – dehqon teskari burildi.
– Insof qiling, baqqolaka! – qichqirdi Yo‘lchi. Yana birmuncha odamlar Yo‘lchining so‘zini tasdiqladilar: «To‘g‘ri, insof qiling-da!» Baqqol, bu so‘zlarni eshitmaganday avrayverdi:
– Men sizning foydangizni o‘ylayman. Arava kishinikimi? Qovunini tushirib olaman shu yerda. Anov yerda usta Toshpo‘lat bor, bilarsiz. Arava ishida farang! Qovunning puliga aravani tuzattirasiz. Egasi xafa bo‘lmaydi. Iloji bo‘lsa, yamatganingizni aytmang, koyib-netib yurmasin tag‘in. Tuya ko‘rdingmi, yo‘q, vassalom…
Ilojsiz qolgan dehqon bahoni sekin kamaytirib, yetti so‘mga tushdi. Boshqa bir raqib ilmasin degan andisha bilan baqqol ham bir tangalab oshaverdi. So‘z bilan dehqonning boshini qotirib, nihoyat, to‘rt yarim so‘mga ko‘nishga majbur qildi…

* * *

Yo‘lchi chopiqqa tushdi. Kunning issig‘ida ketmon tashlarkan, fikri xayoli haligi dehqonda bo‘ldi: «Ajab dunyo ekan! Har yerda dehqonning ishi chatoq. Yeri bo‘lsa, ulovi yo‘q. Ulovi bo‘lsa, yeri yo‘q. Ko‘pida ikkisi ham yo‘q. Mana, men!.. Hozir qayoqqa qarasang, menga o‘xshashlar… Haligi dehqon qovun ekibdi. Qancha mehnat, qancha mashaqqat! Yolg‘iz o‘zi emas, butun uy-ichi bilan ishlagan, albatta. Dastlabki sotish bu xilda bo‘lib chiqdi. U molini sotmadi – suvga oqizdi. Yo‘q, suvga oqizgandan battar bo‘ldi. Loaqal o‘n besh so‘m turadigan qovunni to‘rt yarim so‘mga sotsin, buni ham birovning aravasini tuzatishga to‘lasin. Foydani tulki baqqol urdi. Voy haromi, nrinsof! Men bunday mo‘ltonini sira ko‘rganim yo‘q edi… Endi dehqon, o‘z otasining shahardan qaytishini to‘rt ko‘z bilan kutgan bolalari oldiga qanday boradi. Ularga nima deydi? Qip-yalang‘och bolalar: kiyim qani desa, nimani ko‘rsatadi? To‘y o‘rniga aza!..»
Keyin o‘z ahvoliga, qishloqdagi oilasiga qayg‘urdi: «Men chiqqanimda uy qoq edi. Na bir siqim un, na bir qoshiq moy! Nima bilan tirikchiliq qilishadi? Ukam ishlaydi. Lekin yosh bola xo‘jayinnikida o‘z qornini to‘ydirsa bunga ham xursandman… Kuzda tog‘amdan pul olib yuboraman-da. Lekin qarindoshlarimiz o‘lgunday pishiq odamlarga o‘xshaydi. G‘irromlik qilishmasa mayli-ya…»
Chopiqni tugatib, boyning bog‘iga keldi. Tashqaridagi supada bir qancha vaqt cho‘zilib yotdi. Yo‘lchining kelganini bilib, Hakimboyvachchaning to‘qqiz-o‘n yashar o‘g‘li Rafiqjon non olib chiqdi. Bir ayol qo‘rg‘on eshigida, betini ko‘rsatmay, bir choynak choy uzatdi. Yo‘lchi uni tog‘asining qizi ekanini faraz qildi.
U supada choy icharkai, Rafiqjon u bilan so‘zlashib o‘tirdi. Bu bolani, esli deb uyda qoldirib ketgan edilar. U juda zerikib, nima o‘yin o‘ynashni, kim bilan o‘ynashni bilmas edi. Yo‘lchi uni ovutish uchun toldan bir novda kesib olib kichkina hushtak yasadi-da; «Ma, chal, mirshablarning hushtagidan ham yaxshi bo‘ldi», dedi. Rafiq puflagan edi, juda qattiq churilladi. Bola benihoya suyundi. Uni ko‘proq quvontirish uchun, Yo‘lchi yo‘g‘on qamish topib, ichini tozalab, bir qarichdan mo‘lroq qirqib oldi-da, unga no‘xat sig‘adigan bir necha teshiklar yasadi: «Mana bu nay», dedi. Nay ham durustgina chalindi. Lekin Rafiq buni darrov sindirib tashladi.
– Uyda yaxshi nayim bor, – bolalarcha maxsus maqtanchoqlik bilan boshini sarak-sarak qilib gapirdi Rafiq.
– Rostmi? Olib chiq, ko‘raman.
Rafiq ichkariga yugurdi, bir zumdan so‘ng nayni olib chiqdi. Nay chinakam, chiroyli nay edi Kumushdan ishlangan bezaklarini Yo‘lchi diqqat va zavq bilan uzoq tomosha qildi.
– Dadang sotib olib berdimi? Necha pul turadi, bilasanmi?
– Bir marta allaqancha dutorchilar kelib, kechasi bilan bu yerda chalishdi. Keyin bittasi menga shu nayni berib ketdi. Chalishni bilmayman. Katta dadam: «Chalma, sen naychi bo‘lasanmi, yomon ko‘raman» deydi.;.
– Ha, men chalib beraymi? – kulib dedi Yo‘lchi.
– Bilasizmi?
– Oz-moz.
Yo‘lchi nayni labiga qo‘yib, butun zavqi bilan chala ketdi. Nay sadosining mayin to‘lqinlari tip-tiniq havoda yoyilarkan, go‘yo hamma yoq jonlangan kabi tuyuldi.
Hayratdan Rafiqning ko‘zlari taka-puka edi: «Bu mardikor qanday qilib chaladi!» deb o‘yladi shekilli u.
Yo‘lchi chindan ham nay chalishni bilar edi va yaxshi chalar edi. Yoshlikda poda boqib yurgan chog‘larida, qamishdan, har xil tog‘ yog‘ochlaridan nay yasar va poyonsiz dalalarda, qoyalar ostida, suvlar bo‘yida chala-chala vaqtini o‘tkazar edi. Ilgari katta naychi bo‘lgan, keyin ko‘zdan qolib, uyga qamalgan bir ko‘knori hamqishlog‘idan ham bir oz ta’lim olgan edi.
Yo‘lchi bir kuyni bitirib: «durustmi?» deganday Rafiqqa kulib qarar ekan, qo‘rg‘on eshigidan qizning ovozi yangradi:
– Rafiq, nayni kim chaldi?
– Yo‘lchi akam…
– A!.. Rostdanmi! Aldama!
– Rost, mana qarang, boshqa hech kim yo‘q-ku.
Qiz bir ozdan so‘ng, boshini ikki-uch topqir eshikdan chiqarib, yana yashirinib, allaqanday erka ovoz bilan dedi:
– Ayt, yana chalsin…
Yo‘lchi bir nafas taraddudlanib, boshqa bir kuyni chaldi-da, keyin nayni bolaga berdi.
U boshiga qo‘lini qo‘yib, supaga cho‘zildi. Kelgandan buyon har kuni ilk sahardan ishga tushar, kun qorayganda bo‘shar, uyquga sira qonmas edi. Bir chimdim uxlash uchun ko‘zini yumdi. Faqat, bir nafasdan so‘ng yana ochishga majbur bo‘ldi, uzoqdan qiz qichqirdi:
– Hoy, boqqa suv toshib ketdi, tez kirib bo‘g‘ib qo‘ying!
– Hozir-hozir…– Yo‘lchi irg‘ib o‘rnidan turdi va ketmon olib yugurdi. Boqqa tashqaridan kiriladigan eshikchaga yetganda, qizning bolaga xitobini eshitdi: «Rafiq, sen supada o‘tir, o‘tkinchilar yana bir nimani ilib ketmasin!..»
Yo‘lchi bog‘ ichida aylanib, «quloqlar»ni ko‘zdan kechirdi, hech yerda suv toshish alomatini ko‘rmadi. Hayron bo‘lib, alanglab yurganda, ishkom orasi shitirlab, qizning titroq, hayajonli ovozi keldi:
– Ana shaftoli tagiga oqib boryapti-ku.
–– Ha, shumi? – kuldi Yo‘lchi.
– Zarari yo‘q, shildirab oqyapti-ku, opa, shu ham toshishmi?
Bog‘dan chiqish uchun bir necha odim yurgach, ishkom ichida poyaga suyanib turgan qizga ko‘zi tushdi, uyalganidan bir zumda qizarib-bo‘zarib ketdi, ketmoniga tikilib qadamini tezlatdi.
– Yo‘lchiboy aka, qayerga qochasie, zerikmadingizmi yolg‘iz?
Yo‘lchining yuragi qattiq urib, quloqlari jarangladi, taraddud ichida to‘xtadi, lekin orqasiga qaramadi.
– Mana bu uzumni oling, juda yaxshi pishibdi, qo‘limni qaytarmang! – dedi-da, yigitlarning ko‘nglini larzaga soladigan sho‘x, karashmali kulgi bilan kuldi.
Yo‘lchi bu so‘zlarni eshitdi-da, o‘z quloqlariga ishonmadi, ko‘z oldi qorayib, qo‘rqa-pisa atrofga alangladi va kuchli taraddud ichida o‘ylab qoldi: «Yopiray, bu qanday qiz ekan! Uyat-hayo qani? Bu chindan tog‘amning qizimikan, yo boshqa bir… tavba!» Nihoyat, ichki bir turtki, anglashilmas bir kuchning sehrli ta’siri ostida, g‘ayri shuuriy ravishda orqaga – qiz tomonga qayrildi. U oyoqlarida mador qolmagan kabi, kalovlanib o‘zidan yigirma qadamcha narida, ishkom boshida turgan qizning yoniga keldi va uning qo‘lidan bir katta bosh qora uzumni oldi. Qizarib-bo‘zarsa ham, tezroq qochmoq istasa ham, nimadir uni ushlab qoldi. U, nima deyishni bilmay dam uzumga, dam uyalibgina qizga qaradi. Qiz o‘n yetti-o‘n sakkizga kirgan, o‘rta bo‘yli, bir qadar keng va qoramtir yuzli, ko‘krakdor, to‘lagina, lo‘ppigina qiz edi, burni bir oz beo‘xshovroq esa-da, lekin uning umuman yuz bichimi kelishgan edi. Bodom qovoqlari ostidagi kichik qora ko‘zlari, qandaydir noz va ehtiros bilan yonadi. Yo‘g‘on tim qora ikki soch o‘rimi, uning egnidagi oppoq shohi ko‘ylak ustidan balqib turgan ko‘krak orqali pastga, kindikka qadar tushib turadi. Ko‘ylak yengi tirsakka qadar shimarilgan, tiqmachoqday bilaklarida ilon boshli oltin bilaguzuklar yonadi. Qalin tok barglari orasidan siljigan quyosh nurlari uning yuzida, sochlarida tovlanib o‘ynaydi.
Yo‘lchi uzumdan bir necha donani og‘ziga tashladi, peshonasida mo‘l-mo‘l oqqan terni yeng uchi bilan, dehqonchasiga artib, yerga qaradi.
Ishkom poyasiga suyanib, yigitdan ko‘z uzmagan qiz, unga dalda berish uchun gapira boshladi. Qishloqdagi «amma»sining hol-ahvolini, tirikchilikni va bu yerdagi ish ham odamlar Yo‘lchiga yoqdimi, yo‘qmi – shuning singarilarni so‘radi. Yo‘lchi, goh-goh ko‘zlarini yerdan uzib, qisqa-qisqa javob berib.turdi. Qizning tovushidan, nafas olishidan, ko‘krak titrashidan, uning ehtiros va sirli hayajonda ekanini bildi va: «Juda sho‘x qiz ekan», deb o‘yladi. So‘ng uni birdan qo‘rquv bosdi: go‘yo, allaqanday yashirin ko‘zlar tevarakdan ularni poylab turganday sezildi.
Bu sodda, samimiy, nomusli qishloqi qizning so‘zlarini oxirigacha eshitishga bardosh qilmay, tezroq qochishga intilarkan, qiz uning qo‘llarini ohistagina ushladi…
– Qo‘ying opajon, ishim bor, ham yaxshi emas… – ayni zamonda ham qaltirab, ham yonib dedi Yo‘lchi…

IKKINCHI BOB

I

Mirzakarimboyning qizi Nurinisoning tabiatida yengillik bilan makr ustun edi. Uni sinamagan ba’zi ayollar, yengilligini ko‘rib: «Bir qop yong‘oqday shaldir-shuldur, quvnoq qiz ekan» desalar-da, lekin Nurinisoni yaqindan taniganlar u bilan har vaqt juda ehtiyot bo‘lib muomala qilar edilar. Otasining davlati, katta og‘iz, hovliqma va takabbur onasining erkalashi qo‘shilib, qizga ortiqcha g‘urur bergan, harakatlariga o‘zboshimchalik, qiliqlariga noz-karashma bag‘ishlagan edi. Ota va akalarining huzurida jilla oshib-toshmasa ham, ular yo‘q vaqtda qiz o‘zini «uy boshi» hisoblar, har bir ishda o‘z ra’yini o‘tkazishga astoydil urinar, o‘jarlik bilan qorani oq deb isbot qilishga tirishar edi. Uning qahqahasi bir lahzada arazga aylanar, qanday bo‘lmasin bir bahona topib, kelinoyilari va hatto onasi bilan ham tez-tez aytishib olar edi.
Nuri kiyinishni, bezakni sevar edi. Zirak, bilaguzuk, zarkokil, qo‘ltiqtumor, tillaqosh zebigardon kabi zargarlar to‘qib chiqargan oltin, kumush bezaklarga g'oyat o‘ch edi, bunday qimmatbaho buyumlardan quti-quti yiqqan… Har hayit uch kungina yasanib-tusanib, og‘irligi taxminan bir pudga yetadigan haligi bezaklarini taqib, uncha-muncha boy oila qizlarini taajjublantirar, kambag‘al, hatto o‘rta hol oila qizlarini oyoq uchi bilan ko‘rsatib, tomosha qilar, «kelin ko‘rish»ga yurar edi.
Qizini yer-ko‘kka ishonmagan, uning butun nuqsonlarini bir maziyat bilgan onasi Lutfiniso erining davlatidan mumkin qadar ko‘proq qo‘porib, shu kenja arzandasiga sarf qilish uchun urinar, bu qizni katta shavkat va dabdaba bilan uzatishni orzu qilar edi. Shuning uchun ko‘p yillardan buyon uning yagona mashaqqati – qizga bezak mollari tayyorlash, yangi nusxalar toptirish, chevarlarga tiktirish va hokazodan iborat, qo‘sha-qo‘sha palak, qo‘sha-qo‘sha paranji, uch-to‘rt uyni yasatishga yetadigan dorpechlar, gulko‘rpalar, choyshablar, elliklab qoziqlungi, yuzlab sanama ro‘mollar sandiqlarni to‘ldirgan bo‘lsa ham, bu narsa Lutfiniso va uning qizini hali qanoatlantirgan emasdi.
Nurinisoning es-hushi erga tegish… U ikki, balki uch yildan buyon o‘z to‘yini kutar edi. Bu to‘g‘rida ichkarida xotinlar orasida, ko‘pdan buyon gap-so‘z qaynaydi, go‘yo erta-indin to‘y-nikoh bo‘ladiganday. Kelinoylari deyarli har kuni unga xushxabar topshirishadi: «Otaboy o‘rtaga kishi qo‘ydiribdi: kichik o‘g‘liga sizni so‘ratibdi»; yoki «Musabeklarnikidan yaqinda sovchi kelarmish. Salim akangiz gapirdi, yigit juda chiroyli emish…» Nuri bunday gaplarni beparvolik bilan eshitishga urinib boqardi: «Ayajonimning bag‘rida o‘tiribman-da, shoshmasalar ham bo‘lar edi». Lekin ichida sevinchdan yuragi qoq yorilayozar, quloqlari karnay-surnay ovozlarini, «tortishmachoq» hangamalarini eshitganday bo‘lar, ortiq sabr-qarori qolmas, kechalari uzoq o‘ylab shirin xayol qanotlarida uchar, sirli kechinmalarga sho‘ng‘ir edi. Faqat, kelinoyilarining xabari bir necha kun ichida birdan yo‘qqa chiqardi, ular endi boshqa bir boyvachcha to‘g‘risida shivir-shivir gaplasha boshlashardi…
Mirzakarimboy qizini sevsa-da, «musulmon ota» va «ulug‘vor erkak» bo‘lgani uchun, u bilan ko‘p gaplashmas, «bolam-bo‘tam» deb ba’zi yumushlarni buyurar edi, xolos. Qizni ulg‘aytirmasdan, o‘n uch, o‘n to‘rtda erga berish – har bir musulmon ota uchun «farz» ekanini yaxshi bilar, qizining yoshi o‘n sakkizga yetib qolganidan ba’zi vaqt ko‘ngli xira bo‘lar edi. Lekin birinchi kuyovning fe’l-atvori unga ma’qul tushmagani uchun, kuyov bo‘lajak yigitni har yoqlama tekshirishni, sinashni istar edi: yigit boy va obro‘li oiladan bo‘lishi bilan baravar, aql ham nazokat sohibi bo‘lsin!.. Uncha-muncha boyvachchalarni chol nazar-pisand qilmaydi. Ba’zan yigit unga yoqsa, o‘g‘illariga ma’qul tushmaydi. O‘g‘illariga yoqqan kuyovdan yo uning oilasidan Mirzakarimboyning o‘zi biron qusur topadi.
Akalarining mehmonlariga, bog‘ va shahar hovlisiga qatnab yuruvchi do‘stlariga va umuman yigitlarga, sharoitga ko‘ra, goh eshik tirqishidan, goh devor orqali, goh daraxtlar orasidan mo‘ralashni sevgan Nuriniso, Yo‘lchi bu yerda ishlarkan, uni ham uzoq-yaqindan ko‘p marta ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan, u qomati kelishgan yosh yigitga o‘z yuragida kuchli bir intilish sezgan edi. Keyin bir necha kun o‘ylab Yo‘lchi bilan maxfiy uchrashuvga qaror qildi. Bu orzu kundan-kun kuchaysa ham, o‘ng‘ay fursatni kutdi. Nihoyat, uyda yolg‘iz qolgan kun o‘z orzusini juda ustalik bilan amalga oshirdi.
Nuriniso bog‘da, ishkom ichida Yo‘lchi bilan uchrashib, uning kuchli qo‘llariga bir zum o‘zini tashlab, quchoqlash, o‘pishga uyatchan, sodda yigitni majbur etgach, bundan so‘ng uning xayoli kambag‘al, unutilgan qishloqi ammaning o‘g‘liga bog‘landi. Lekinuchrashuvni takrorlash mumkin bo‘lmadi. Chunki ertasiga Yo‘lchi katta yerga jo‘nadi. Mana hozir ikki haftadan buyon Nuri xafa, Yo‘lchining yaqin o‘rtada qaytishiga ishonmaydi. Katta yerga borish u uchun mumkin emas. U ba’zan onasiga deydi: «Oyi, ammam boyoqishning o‘g‘lini dadam musofirlar, mardikorlar orasiga qo‘shib qo‘ydi. Dadamda sira insof yo‘q-da. O‘z urug‘ini shu yerda ishlatsa ham bo‘lardi. Nima ko‘p – ish ko‘p ..» Qizining ichki maqsadidan bexabar ona loqayd javob beradi: «Ixtiyor mendami? O‘z urug‘i, qayerda ishlatsa dadang o‘zi biladi bolam», yoki «Unaqa bemaza urug‘larning uzoqda turgani tuzuk. Uning nimasi ortiqcha? Ishlagani kelgan ekan, ishlasin…»
Yo‘lchi dalaga – katta yerga kelgan kundan boshlab, bundagi qarollar, mardikorlar bilan opoq-chopoq bo‘lib ketdi. U muloyim tabiati, soddaligi, oz bo‘lsa ham, mazali, ma’nili gapi, kuch-quvvati bilan odamlarga yoqdi. Yormat esa Yo‘lchini o‘z qo‘ltig‘iga olib, boshqalarga qarshi qo‘yishni istar edi. Chunki bu yerda qarol va mardikorlar u bilan yaxshi chiqisha olmas edilar. Yormat ular bilan birga yashab, birga oshab, birga ishlasa-da, ularga to‘ng muomala qilib, o‘zini xo‘jayinning sodiq vakili sifatida ko‘rsatganidan, hammaga yot ko‘rinar edi. Ular Yormatning ko‘z oldida unga qarshi bir nima demasalar ham, orqavoratdan uni masxaralashar, hatto so‘kishar edi: «Xo‘jayinning laychasi-ku, burnini bir qarish ko‘targaniga hayronmiz…»
Yo‘lchi chakki odamlarni topmadi. Yormatning haqsiz ekaniga ishonchi kundan-kun ortdi.
Yormat bu yerda doimiy yashamas edi. Uch-to‘rt kun ishlab, jo‘nab ketar, yana tez qaytib kelar edi. U oziq-ovqat bilan baravar, xo‘jayindan har xil buyruqlarni keltirar edi. Buyruqlarning ko‘pini xizmatkorlar Yormatning o‘zi to‘qiganiga ishonardilar.
Yo‘lchi o‘z hamqurlari bilan birga tong shabadasida ishga tushar, quyosh tik kelganda ovqatlanib, to qorong‘ilik tushguncha yana mehnat qilar edi. Ba’zi vaqtda sug‘orish paytlarida, kechalari ham tinimi bo‘lmas, suvni uzoqdan haydab kelishga to‘g‘ri kelar edi. Yo‘lchi ba’zan yolg‘iz, ba’zan o‘z yoniga birovni hamroh qilib qancha jar, qancha to‘g‘on va quloqlarni kezib, suv keltirar edi.
Suv tinchlik bilan kelmaydi. Suv o‘z yo‘lida bir necha yerda shovqin-suron, ur-sur ko‘taradi. Suv tepasida odamlar o‘t bo‘lib yonadi, boshqa vaqtlarda eng sokin, eng halim odamlar, suv boshida janjal chiqsa, so‘z va dalil o‘rniga musht bilan, ketmon ko‘tarish bilan ish ko‘rishga tirishadilar. Lekin Yo‘lchi suv janjalini juda yomon ko‘rar edi. Miroblar bilan og‘iz-burun o‘pishgan katta yerlilar, boy dehqonlar zo‘ravonligidan, ekini qurib qaqragan kambag‘al dehqonlarga do‘q qilib, g‘alva ko‘tarishdan nafratlanar edi. Bir kun u suvni kambag‘al dehqonga berib, o‘zi keyinroq olmoqchi bo‘lib qaytganda, Yormat uni odamlar oldida bo‘sh-bayovlikda aybladi.
– Yigit serzarda bo‘lishi, yiqilsa yer tishlab turishi kerak. Bu nima, og‘izdagi oshni birovga oldirish? Bo‘yraday joyga sholg‘om ekkan odamga ham suvmi!.. Eh-he, paxtamizga qancha pul sarf bo‘ldi, buni tushunish kerak…
Yo‘lchi pinagini buzmay, odatda gapirganday, dedi:
– Hechqisi yo‘q, bechora odam ekan, duosini olay dedim. Ikki haftadan beri suv ololmay xunob ekan.
– Balli, – qovog‘ini solib dedi Yormat, – oltin olma, duo ol, degan qadimgilarning so‘zi bor. Lekin duo olaman deb xo‘jayinga zarar yetkazish yaramaydi.
– Bir ozdan keyin sug‘orsak, nima zarar bo‘ladi? – Yo‘lchi o‘qrayib qaradi Yormatga, – hech bir!.. Bir bechoraning ekini qovjirasa durustmi? Balki u odam butun bola-chaqasi bilan ekiniga ko‘z tikib yotgandir, ekini bitmasa, och qolar, yalang‘och qolar… Biz suvga serobmiz, dehqon chanqoq, juda chanqoq.
– Suv hozirgi kunda tanqis, harna oldinroq kelgani yaxshi. Boy otam yerga ko‘p pul to‘kdi-ya.
Yo‘lchi indamasdan teskari burilib o‘tirdi. Faqat, bunda mardikor ishlovchi qashqarlik Alioxun chiday olmadi shekilli, og‘ziga yangi solgan nosvoyini tuplab, so‘lagini siyrak soqollaridan cho‘ziltirib, tajang gapirdi:
– Sizni egam so‘zga pichib qo‘ygan ekan-da. Suv xudoyimning mulkimi? Xaloyiq tekis ichadi. Men bilsam, boyning paxtasi suvni ortiq ichib turibdi.
– O‘lma, Alioxun, so‘zingda bitta xato bo‘lsa, Oppoqxo‘jam ursin! – deb qichqirdi bir mardikor.
O‘jar Yormat taslim bo‘lishni istamadi, ming‘illayverdi. Shu vaqtgacha boshini egib, xomush o‘tirgan qarol Shoqosim qaddini rostladi va o‘shshayib, titrab gapirdi:
– Bizdan Mirzakarimboy hech vaqt zarar ko‘rgani yo‘q. Paxta yildan-yilga mo‘l bo‘lib, foydasi ham oshib turibdi. Bo‘lmasa, paxtani bunchalik kengaytirmas edi xo‘jayin. Mana, Hakimboyvachchaning ovozasi olamni tutadi, nimadan? Insof bilan gapirganda, Yormat aka, bizga o‘xshash xizmatkorlarning sho‘ri quridi. O‘zingiz bilasiz, to‘rt yildan beri bu yerda ishlayman, tinim yo‘q, ishdan boshim chiqmaydi. Lekin hali ham bir choponim ikki bo‘lmadi. Hali ham qish-yoz bitta choriqni sudrayman. Mana, xotinim yotib qoldi, yostiqdan boshini uzishga darmoni yo‘q. Kissamda sariq chaqa yo‘qki, bechoraning og‘ziga yoqar ovqat bersam… Durust, xo‘jayin beradi, lekin qarzga… Qarzga yo‘liqqandan ko‘ra, baloyi nogahonga yo‘liqqan yaxshi. Hammasini sinadik. Xotinimni ham kambag‘allik yiqitdi, bu yerdagi og‘ir ish nobud qildi. Bu tomonlarga andak fikr yurgizib, keyin gapiring, Yormat aka.
Hamma bir nafas jim qoldi. Hamma o‘z yarasining yorilganini sezganday bo‘ldi. Shoqosim o‘rnidan turdi, etigining changini qoqib, ketmonni yelkaga olib, o‘z chaylasi tomon asta jo‘nadi. Yormat ham uning so‘zidan ta’sirlangan kabi, orqasidan g‘amgin tikilib qaradi-da, dedi:
– Har holda fig‘on-nola yaxshi emas, har banda qudrat qalami bilan yozilganni ko‘radi. Dunyo o‘zi shunday yaratilgan. Yo‘lchi, chirog‘im, suvni tezlating!

II

Yozning kuchi ketib, havo bir oz salqinlangan bo‘lsa ham, shamolsiz kunlarda quyosh tik kelgach, hali ham kishining boshidan olov quygan kabi kuydirar edi. Manglayini ro‘molcha bilan bog‘lab, yalang‘och holda ketmon urayotgan Yo‘lchi bilan yonma-yon ishlovchi Alioxun keng, qahva rang yuzidan terlarini artib, harsillab:
– Qorinda hech nima qolmadi. Yo‘lchi polvon, xotin taloq Yormating bizni o‘ldirmoqchi shekilli. Pirimning haqqi, shu keldi-yu, oshdan, nondan baraka ketdi, – dedi.
– Picha vaqt bor hali, Oxun.
– Yo‘q, vaqt o‘tdi, qornimning o‘zi yaxshi soat, to‘g‘ri ko‘rsatib turibdi.
Ular yana yarim soat ishlab, ketmonlarini yelkaga solib paxtazordan qaytishdi. Boy yerining yuqorisida, balandgina bir parcha sahn xizmatkor va mardikorlarning qo‘shxonasi edi. Bu joydan boyning butun paxta dalasi ko‘zga tashlanib turardi. Besh tup katta jiyda daraxti bu yerga har vaqt qalin soya tashlar, ishdan horib-tolib kelganlarga o‘z salqini, shabadasi bilan birpasgina orom bag‘ishlardi.
Alioxun ham ko‘rpasi, ham choponi bo‘lgan juldurni jiyda butoqlari orasidan olib, pichan ustiga soldi va oyoqlarini keng yoyib, qo‘lini yostiq qilib cho‘zildi. Bir necha minutdan so‘ng turib, kir, moy bosgan qatirma do‘ppisi ichidan to‘g‘nalgan ignani oldi, qayerdandir ip topib, eski seryamoq ko‘ylagining yirtig‘ini tikishga o‘tirdi. Yo‘lchi uning yoniga cho‘qqayib, «chevar»ning ishini tomosha qila boshladi. Yoshgina qirg‘iz yigit O‘roz va boshqa mardikorlar ham kelishdi. Har qaysisi har tarafda cho‘zildi. Ba’zilari so‘zlashga ham madorsiz kabi jimgina mudradi. O‘roz har kungi odati bo‘yicha, jiydaga suyanib, o‘zi yasagan kichkina do‘mbirasini chala ketdi. Yo‘lchi hammadan ko‘ra bu qirg‘izni ko‘proq sevardi, uning do‘mbirasini zavq bilan tinglar, aksar kechalari u bilan suhbatlashar edi.
Bundan sakkiz yil avval, u o‘n yetti yashar o‘spirin ekan, «Qarqara»ga qatnovchi bir qo‘ychi boy, yiliga sakkiz so‘mdan yollab, Toshkentga keltirgan. Boynikida uch yil ishlagan, lekin butun mahrumiyatlarga ko‘niksa ham, tayoqqa chiday olmagan. O‘z yurtiga qaytishga bir yil qolganda, xo‘jayini bilan achchiqlashib, boshqa bir yer egasiga qarol yollangan. Yangi xo‘jayinda ham ikki yil ishlab, ajralishga majbur bo‘lgan. So‘ng yana bir necha boylarda sargardon kezgan. Yurtiga qaytishga imkon topa olmagach, nihoyat, o‘tgan yil Mirzakarimboyga qarol bo‘lib yollangan, ust-boshi kir, uvada bo‘lishiga qaramay, chiroyli, xush-fe’l, yoqimtoy yigit edi. Qovoqlari va bir qadar yirik yuz yonoqlarining farqiga bormagan odam, uni aslo qirg‘iz demas, «sartcha»ni juda yaxshi gapirar edi.
U Alioxunga tegajaklik qilishni yaxshi ko‘rgani uchun, do‘mbirasini chertib-chertib, gap otadi:
– Alioxun, hammamizga bir kampir kerak edi, yaxshi bo‘libdi, o‘z ichimizdan chiqdi. Cholvorimni yamab berasiz-da!
Ketmon tutishga odatlangan dag‘al qo‘llar, igna ushlashga, qatim tortishga kelishmaganidan diqqati oshgan Oxun bir ko‘zini qisib, tikishda davom etarkan, tovushi shang‘illaydi.
– Sen hali go‘daksan, ochib yuraver… Musofirchilik qursin, jonga tegdi. Tikmasam ko‘ylakdan ajralaman… Kambag‘allik kishini yurtdan yurtga sudraydi. Besh-o‘n qog‘ozni belimga tugib, ust-boshimni but qilib, yurtimga o‘ynab ketay degandim, niyatga yetolmay turibman. G‘ariblik qursin, o‘z shahrimda igna ushlamagandim. Hech vaqt, azbaroyi xudo. Qizil gulday xotinim qoldi… Voh, voh, peshonam. Qizil gulday…– Oxun peshonasiga shartta urib davom etdi.– Yodimga tushsa, jigarim xun bo‘ladi.., O‘rozboy, shamol seni sahrodan uchirgan, unda nimang qoldi?
– Xotin chindan bormi, yo anchayin hangamami? – kulib dedi O‘roz.
Oxun: «Nahotki, yolg'on so‘zlasam!» deganday labini burib, o‘rtoqlarcha o‘qrayib qaradi O‘rozga:
– Aytdim-ku, xumso, qizil gulday. Qashqirning qizi, juvoni olmaday bo‘ladi. Sen sahro bolaga so‘zni uqtirish ham qiyin…
– Mingta qal’adan dalam yaxshi, Oxun. Bizning qizlarimiz ham juda sho‘x bo‘ladi. So‘z bilan, noz bilan, hangama bilan yigitlarning ko‘kragiga o‘t soladi qirg‘iz qizlari. Men dalada har kun qizlar, kelinchaklar orasida yurardim, Yosh bo‘lsam ham, sevganim bor edi. Juda suluv qiz, o‘lanchi qiz. Endi erga tegib, oldi-keti bolalar bilan to‘lgandir. Ovuldan chiqar kun kechasi dalaga chiqib, ikkovimiz talay vaqtgacha quchoqlashib o‘tirdik. U yig‘ladi, men yig‘ladim. Qolishga chora yo‘q. Otam meni boyga sotib, aqchani olgan, ularga ovqat, kiyim kerak… Jo‘naymiz, Oxun, sen Qashqarga, men «Qarqara»ga…
– Yo‘l yo‘q devona, piyoda jo‘naysanmi?
– Hamma gap pulda ekan, Oxun, – toshkentlik bir indamas mardikor so‘zga aralashdi, – men o‘ttiz qironning yurtini ko‘rmadim, lekin oqpodshohning o‘ttiz shahrini kezdim. Bir vaqtlar sayoq yigitlarga qo‘shilib qolgandim-da. Sayoq uchun ikki dunyo bir qadam. Shohmashrab ham shunday ekanlar: kechqurun bir shahardan chiqsalar, ertalab boshqa bir shaharning darvozasidan kirar ekanlar.
– U kishi avliyo-da, – shaqillab qaynagan katta qora qumg‘onni keltirgan Yormat uning so‘zini kesdi, – Shohmashrab yo‘lga chiqsalar, xudoning qudrati bilan yerning tanobi tortilib, yo‘l qisqarar ekan.
– Nega men uchun yerning tanobini tortib, yo‘lni qisqartirmaydi! – O‘roz qichqirdi.
– Bu zamonda puldorlar uchun yerning tanobi tortilgan, – so‘zini davom ettirdi haligi mardikor.– Ko‘p joyni ko‘rdim. Puldorga sahroyam bamisoli jannat. Senlar yurtlaringni maqtaysanlar, yurtlaringda to‘q bo‘lsalaring, bu yerga kelarmidinglar? Rostmi? Mana men toshkentlikman. Bundan nima foyda? Pulim bo‘lsa, har qayerda gashtimni qilaman. O‘ttiz to‘rtga kirdim, hali uylanganim yo‘q. Paranji ko‘rsam, esim og‘adi. Kampir enam qiz qidira-qidira tinkasi quridi. Qaysi eshikka bosh tiqsa, so‘rasharmish: savdogarmi, bog‘i bormi, uy-joyi bormi? Mardikorni, xizmatkorni, kosibni odam o‘rnida ko‘rishmaydi bu zamonda…
– Ahli savdogar yurtning guli bo‘ldi, uka! – dedi Yormat.
– Bizlar yurtning tikanimi? – dedi Yo‘lchi.
– Qani, choy ichaylik, ish qolmasin, kechqurun gaplashaverasanlar, og‘iz, quloq senlarniki…– qopdan yasalgan bir dasturxonni Yormat o‘rtaga yozdi. Alioxun o‘rnidan turib keng, sertuk ko‘kragini qavartirib, kerishdi, barmoqlarini qisirlatdi va jimjit mudragan uzoqliklarga ko‘zini tikib, yangroq ovozini baland qo‘yib birdan kuylab yubordi.

Men safarga chiqqanda
Yer eshigida qolgan.
«Qachon kelasan, yor?» dap
Qora ko‘zga yosh olgan.

Kunda ko‘rmadim yorni,
Kunida ko‘rarman dap.
Umid uzmadim yordin,
O‘lmasam suyarman dap…

Odamlar jonlandi. Ba’zilari chindan, ba’zilari esa hazil-mutoyiba bilan Oxunning tovushini maqtashdi.
Sodda va samimiy hangoma bilan choy ichilar ekan, daraxtlar orqasidan ho‘ngrab yig‘lagan tovush eshitildi. O‘tirganlar hayrat bilan u tomonga boqishdi. Yig‘idan ko‘zlari, qovoqlari qizarib shishgan Shoqosim yetib keldi.
– Vafot qildi, jonkashim, dardkashim. Hozir qo‘limda jon berdi. Holimga voy!
Hammaning halqumini iztirob bo‘g‘di, og‘zidagi nonni yutishni ham, tashlashni ham bilishmay qoldi. Bir minut qadar cho‘zilgan sukunatdan so‘ng Yo‘lchi, Alioxun va boshqalar Shoqosimga ta’ziya bildirib, uni yupatishga tirishdilar.
– Ota-onasiga xabar bering tezroq, – maslahat berdi Yo‘lchi.
– Bechoraning hech kimi yo‘q, yetim qiz edi. Ikki g‘arib bir yoqadan bosh chiqargan edik.– Yana qattiqroq yig‘lab yubordi Shoqosim va yig‘i aralash Yormatga yalindi: – Endi xo‘jayindan bir oz pul qarz keltirib bering. Bu kun shomgacha o‘z makoniga eltib qo‘yaylik. Chaylada, yosh bolaning oldida jasadni saqlash qiyin.
– Kun issiq, ertaga qoldirib bo‘lmaydi…– dedi O‘roz. Yormat katta mushkulot qarshisida qolgan odam kabi, boshini tebratib bir tutam soqolini yula boshladi.
– Xo‘jayinlar shaharda, – dedi u odamlarga qarab, – shahar borib kelgunimcha – kun tamom. Bugun ko‘mishga ulgura olmasmiz…
– Xo‘jayinning ayollarida pul topilib qolar, – dedi Yo‘lchi kuyunib, – yo siz, yo man g‘izillab borsak…
– Ularda pul bo‘ladi, bilaman. Lekin ayollarning fe’li tor. Kafanlikka doka berishsa ham katta gap, – dedi ming‘irlab Yormat.
– Bir bechora oshnamizni qarzga botiraveramizmi? – bo‘g‘ilib qichqirdi Oxun va odamlarni bir-bir ko‘zdan kechirib davom etdi. – O‘likni ko‘mib kelish qiyin emas, lekin yo‘g‘on chiqimlari keyin keladi, bilasanlar. Hali Shoqosim ko‘p qarz so‘raydi. Hozir unga besh-olti so‘m kifoya: go‘rkovga ikki so‘lkavoy, domla imomga ikki qog‘oz, yug‘uvchiga bir so‘m. Ish tamom.
– Osh-suv qilmasam bo‘lmaydi, Oxun aka! – dedi Shoqosim, – sho‘rlik xotin dunyoda nima ko‘rdi. Jilla bo‘lmasa o‘ligini odamday ko‘may, arvohi quvonsin!
– Keyin qilasan! – Oxun odamlarga orqasini o‘girdi. Juldur choponini timirskilab, u yoq-bu yog‘ini ag‘darib, uch so‘mlik shaldiroq qog‘oz olib o‘rtaga tashladi va o‘rnidan turib qayoqqadir ketdi.
Oxunning shafqatiga hamma chuqur sezgi bilan qaradi, bu his ularning ko‘zlarida, yuzlarida ravshan mavjlandi. Qirg‘iz O‘roz belbog‘iga mahkam chandib tugilgan bittagina so‘lkavoyni (kim biladi, buni qachonlardan beri saqlab kelgan u) chiqarib, sekingina tashladi.
– Hammaga pul kerak, o‘lik ham pul bilan yuradi, – dedi toshkentlik mardikor va ishtonining ipchasiga qistirilgan bir bo‘z xaltachani – hamyonni olib, tanga, chaqa aralash bir so‘mni sanab to‘kdi.
Yo‘lchi shu chog‘da qancha aqchasi bo‘lsa ham berishga tayyor edi, lekin yonida bir siyqa tiyini yo‘q edi. Pul bergan o‘rtoqlarini quchoqlab o‘pgisi keldi, ular shu topda dunyoda eng himmatli, eng qadrdon, eng mehribon odamlar bo‘lib tuyuldi. Ko‘zlariga quyulib kela boshlagan tomchilarni yashirish uchun boshini quyi soldi.
Yormat o‘rtadan pulni yig‘ib olib, kaftida qisdi:
– Qolgan xizmat bizdan bo‘lsin, darrov ashqol-dashqolni tayyorlayman. Choyni ichib, sizlar ishga tushinglar. Jo‘na, Shoqosim, chaylangga! Hozir atrofdan ayollarni topib olib boraman. Ularsiz ish bitmaydi.
– Yaxshiliklaringni ikki dunyoda unutmayman sira! Azalaringga emas, to‘ylaringga yordam qilay! – Shoqosim o‘z chaylasiga yugurdi.
Kechki ovqat oldida, nim qorong‘ilikda, qarol va mardikorlar tiz cho‘kib, qo‘llarini qovushtirib o‘tirishdi, ularning boshlari egilgan edi. Yo‘lchi yoshlikda onasidan o‘rgangan qisqa bir surani o‘z bilganicha qiroat bilan o‘qidi. Hamma qo‘l ochib marhumaning ruhiga bag‘ishladi. Ovqat ustida hech kim ortiqcha so‘z so‘zlamadi. Faqat kimdir, shunday dedi:
– Pokiza ayol ekan. Go‘ri naq saroyday keng-katta ochilibdi…

III

Quyosh botganiga anchagina bo‘lgan. Qorong‘ilik quyuqlasha borar, ko‘kdagi yulduzlar chamani ham borgan sayin yorqinroq chaqnar, havo badanga sezilarli sovir edi.
Dalada ishning tig‘iz vaqti o‘tgani uchun mardikorlarga bundan bir necha kun ilgari javob berilgan, paxta terimiga qadar qilinajak ishlar Yo‘lchi, O‘roz ham Shoqosimga yuklatilgan edi.
Yo‘lchi jiydaning ostiga pichanni qalinroq yoyib, ustiga choponini qiya tashlab yotdi. O‘roz daraxtga suyanib do‘mbirasini chertar edi. Kechaning jimjitligida do‘mbira mungli, yig‘lagansimon jaranglar edi.
Qani bir nay bo‘lsa, Yo‘lchi ham chalsa-da, butun ko‘ngil qayg‘ularini, oila o‘chog‘idan ayrilgan g‘arib, tanho ruhning to‘lqinlarini kechaning sukut to‘la og‘ushiga quysa…
Nay to‘g‘risida o‘ylar ekan, tog‘asining qizi Nuriniso va u kungi uchrashuv yodiga tushdi. Voqea butun tafsilotn bilan uning xayolida jonlanarkan, yigitlikning sho‘x havaslari yurakda bir lahza chayqalib ketdi, u iljayib qo‘ydi. Lekin shu vaqtgacha biron marta uni eslamagan edi. U kun Nurinisoning hiylasiga ilinib, shohi ko‘ylak ichida balqigan yumshoq, qizg‘in badanni o‘z quchog‘iga bir lahza, olishga majbur bo‘lib, so‘ng qocharkan, uni bir necha soat qo‘rquv va sirli, shirin hayajon quchsa ham, keyin tezda ko‘ngli sovigan edi: «Bu hiylakor qiz, juda quv qiz. Meni sevmaydi yurakdan. U yolg‘iz ersirab qolgan. Unga o‘yin kerak. «Teng – tengi bilan, tezak – qopi bilan». Mirzakarimboyning qizi bilan mening oshiq-ma’shuqligim ertakka ham sig‘maydi…» deb o‘ylagan edi Yo‘lchi. Ammo uning qalbi goh-goh boshqa bir qiz yodi bilan to‘lib-toshar edi. U, Yo‘lchi quyoshning olov selida cho‘milib, to‘nka kavlar ekan, uchragan kambag‘al qiz, uzoqdan unga qayrilib boqib, sof, sodda, samimiy tabassum baxsh etgan go‘zal qiz!..
Yo‘lchi hozir Nuriniso bilan bo‘lgan uchrashuvni eslarkan, yuragi, xayoli, o‘yi yana o‘sha begona qizga bog‘landi. Bir zum qarash bilan yurakka naqshlangan uning chehrasini yana ko‘z oldida jonlantirishga tirishdi va: «Kimning qizi u? Yana ko‘rarmikanman?» deb o‘z-o‘zidan so‘radi.
– Shoqosim nashani urdi, hidini qara, butun dalani tutdi-ya, bay-bay… puhu…– do‘mbirani to‘xtatib gapirdi O‘roz.
Salqin shamol past tomondan, Shoqosimning chaylasi tomondan, nashaning chuchmal, qo‘lansa hidini keltirar edi. Yo‘lchi O‘roz tomonga bir ag‘darilib so‘radi:
– Ilgariyam chekarmidi? Nega chekadi?
– Nega emish! Ahvoli tang. Kambag‘alchilik.... Yana buning ustiga xotindan ayrildi…
– Chakki qiladi Shoqosim aka. Nasha bir kuni uni rasvo etadi.
– Yo‘lchi, mana erta-indin qish keladi, to‘rt yashar o‘g‘ilchasi bilan nima qiladi u?
– Nasha ahvolini o‘nglaydimi! Qiyinchilikdan qo‘rqish kerak emas, dadil bo‘lish kerak. To‘g‘ri yo‘l – shu.
Ikkisi ham jim bo‘ldi. Qorong‘ilik orasidan bir otliq kelib chiqdi.
– Shundamisizlar? Ish qalay? – Yormatning tovushi yangradi.
Otni daraxtga bog‘lab Yormat kelib o‘tirdi. Atrofdan bironta tarvuz topib keltirish uchun O‘rozga yalindi. Keyin Yo‘lchiga yangi xabarni, to‘g‘risi, xo‘jayinning yangi buyrug‘ini bildirdi:
– Tantiboyvachchanikiga boramiz ertaga. U kishi xo‘janinning kuyovi bo‘ladi. Juda xo‘roz odam. Ko‘rsangiz o‘zingiz ham hayron qolasiz. Asli oti Mir Ishoqboyvachcha, lekin Tantiboyvachcha deb ot olgan. Sizni u yerga eltaman-da, o‘zim qaytaman.
– Hamisha o‘sha yerda qolamanmi? – ikkilanib so‘radi Yo‘lchi.
– Yo‘g‘-e… hasharga borasiz, bir qancha kun. Yeri ham yaqin, bizdan bir oz pastroqda. Boy otaning buyrug‘i, uka.
Yo‘lchi «ma’qul» dedi. O‘roz, qayerdandir, katta tarvuz keltirib, o‘rtaga qo‘ydi.
– Yeng, – dedi u Yormatni turtib, – bizlarga to‘g‘ri kelmaydi, qornimiz och…
– Nima, oziq bitdimi, qozon osmadinglarmi?
– Qozon qaynatishga suvdan boshqa narsalar kerak bo‘ladimi? Yo oshqovoqdan moy chiqarsakmikai, Yormat aka! – dedi kinoyali kulish bilan Yo‘lchi.
Yormat hech nima demadi. Har vaqt maqtaydigap pichog‘ini qinidan sug‘urib, tarvuzni kesdi. Bir pallasiii o‘zi olib, ikkinchi pallani Yo‘lchi va O‘roz oldiga qo‘ydi.
Kecha sukutini nog‘ora va chirmanda sadosi birdan buzib yubordi. U juda yaqindan, go‘yo boy yerining etagidan kelganday tuyuldi Yo‘lchiga. Yormat pichoq uchiga ilgan garvuzni og‘ziga otmay, quloq solib mo‘ljalladi.
– To‘g‘on chavandoznikida emasmi, O‘roz?
– Aniq o‘shanikida.
– Chavandoz qurg‘ur dunyoning zavqini biladi-da, – hasadlanib gapirdi Yormat.– To‘g‘on chzvandoz deganimiz shunday odamki, Yo‘lchi, umrini uloq, eiyofat, bazmda o‘tkazib keladi. Qancha marta beli, qobirg‘asi singan, oyoqlari majaqlangan: jamisi uloqdan… Yuzi ham tirtiq-mirtiq. Bu ham uloqdan. Qirqta jo‘rasi bor, hammasi serzavq, yuragi o‘g‘itli odamlar. Mana o‘shalarniki…
– Davlati kattadir? – dedi Yo‘lchi beparvolik bilan. O‘roz javob berdi:
– Yer-suv ko‘p, xizmatkor undan ko‘p, har kuni bozorga besh-o‘n arava yuk tushiradi… yana unga nima kerak? Yaxshi taniyman uni. Eski xo‘jayinning oshnasi edi. Xizmatkorlari ovqatdan toliqmaydi. Lekin, chavandozning jahli chiqsa, xizmatkorlarni tutib uraveradi, yoshmi, qarimi, surishtirmaydi. Shuning uchun odamlar unda uzoq ishlamaydi…
– Katta ko‘ppak deng, – dedi Yo‘lchi.
Bazm borgan sari qizimoqda, chirmanda gumburiga qo‘shilib, yalpi qiyqiriqlar eshitila boshladi. Yormat tarvuzni tugatib, to‘satdan taklif qildi:
– Boramizmi? Rostini aytsam, uchib ketgim kelyapti.
– Guruch orasida kurmak bo‘lamizmi? – e’tiroz qildi Yo‘lchi.
– Borasanmi, O‘roz?..
– Yo‘q!
– Yo‘lchi, yur, uka, menga hamroh bo‘l! Bir chetda o‘tirib tomosha qilamiz. Qirg‘izga do‘mbira bo‘lsa bas. Shoshma, sindiraman uni.– Yormat o‘rnidan turib, Yo‘lchining qo‘lidan sudradi.
Juda yaqin tuyulgan bazmga yetish uchun xiyla yo‘l yurishdi. Ilgarilashgan sari bazmning butun dabdabasi aniqroq sezilib, Yormatni bezovta qilaverdi.
Katta darvozadan kirish bilanoq u Yo‘lchidan ayrildi.
Keng, yop-yorug‘ sahnda yigitlarga yumush buyurib, ko‘ksini jo‘rttaga baland ko‘targan, yakka kift, gerdaygan, suyakdor, bo‘ychan, xunukkina odam – chavandozga duch keldi, qo‘l uzatib ko‘rishmoqchi bo‘ldi. Lekin Yormatning qo‘li muallaq qoldi, takabbur chavandoz payqamaganday turtib o‘tib ketdi. Faqat, Yormat hech qanday qisilish, sarosimalik sezmadi, bo‘ynini cho‘zib, u yoq-bu yoqqa alangladi-da, odamlar orasini yorib kirdi, davradan joy topib, yengini shimarib chapak chala ketdi.
Yo‘lchi yo‘g‘on terakka suyanib, tek turib davrani qurshagan odamlar orqasidan tomosha qila boshladi.
Bazm butun shavkati, butun an’ana va odati, nahshiy suroni bilan davom ztadi. Yuzlarcha odam siqilib, chor burchak tashkil qilib o‘tirishadi. Bularning orqasida tek turgan odamlar, bir-birlariga zanjir bilan bog‘lanib qo‘yilgan kabi, zich va tig‘iz. Bular orasida yigitlar, keksalar, bolalar bor, hammalari atrofdan kelgan tomoshabinlar.
Nog‘orachilar va chirmandakashlar terlab-pishib, o‘zlarini unutayozgan kabi, keskin sachrab, keskin to‘lg‘anib, goh qiyshayib, goh keskin silkinib chaladilar. Davra qurib o‘tirgan bazmchilarning harakatlari, qiliqlari, bo‘g‘iq nidolarini tavsiflashga til kifoya kilmaydi!.. Chapakka chidagan qo‘llarga, shart-shart savashlarga bardosh bergan ko‘kraklarga balli! O‘rtada o‘n olti-o‘n yetti yashar bachcha o‘ynaydi. U rangsiz, xipcha, «tekisgina», yana to‘g‘rirog‘i, «popukday» bola… Uning ustida yangi, yarqirab yoqabeqasam to‘n, ko‘k shohi belbog‘ni pastroq bog‘lagan. Oyoqlarida bejirim xrom etik. U yumshoq gilamlarda yengil uchadi.
Atrofda bir to‘p yigitlar shoshib-pishib, baqirib-chaqirib har xil yumushlarni bajarishadi. Daraxtlarga osilgan katta lampalar ko‘zni qamashtiradi. Bir tomonda «chars-churs» bilan gulxan yonadi, u ba’zan juda baland alangalanib, kechaning cheksiz qora og‘ushidan katta nur o‘pqini yoradi. Daraxtlarda yengil olov pardasi titraydi.
Nog‘ora cho‘pining tez urilishi, bachchaning chir aylanishi va kuchli, yalpi qiyqiriq bilan bazmning birinchi qismi tugadi. Odamlar birpasgina yoyilib, hoy-huy bilan qirilgan, qaqragan halqumlarini ho‘llasha boshladilar. Bir kecha minutdan so‘ng o‘rtaga chiroyli bir «qiz» tushdi. Nog‘ora va chirmandalar avvalgidan ko‘ra ohistaroq, yengilroq chalindi. «Qiz» ayollarga xos noz va qiliq bilan raqs eta boshladi. Egnida uzun qizil shohi ko‘ylak, kimxob nimcha, boshida shaftoli rang yorqin tovlangan ipak durracha. Mayda o‘rilgan qora, uzun kokillar beliga tushadi, yengil yo‘rg‘alagan sari yoyilib silkinadi. Bu «qiz» haligi bachcha edi. Yo‘lchi o‘z ichida: «Voy shaytonlar, rosa o‘xshatibdi qizga!» dedi-da, jimgina tomoshaga berildi. Nogahon davrada bir nima «pang» yetdi. Keskin, quloqni bitiruvchi bir tovush! Hamma birvarakay o‘rnidan sakradi, arining uyasiga cho‘p tiqilganday, duv ko‘tarildi, ko‘zlar ola-kula. Hamma ust-ma-ust qulashib, parokanda bo‘ldi, o‘rtada kishi oz qoldi, «qiz» – bachcha yiqila-qo‘pa qochib, o‘zini hovuzga otdi. Chakmon kiygan, yo‘g‘on, yumaloq, qoragina odam qo‘lidagi to‘pponchani mahkam ushlagan holda gandiraklab, so‘kinib, hovuz labida «ovini» qidira boshladi.
– Otmang, qutqaringlar! —Sado daraxtlar bilan qurshalgan hovuzda yangradi.
Yo‘lchi bir sakrashda zo‘ravonning oldiga bordi, to‘pponcha tutgan qo‘lni mahkam siqib, orqaga qayirdi. To‘pponch» «shaq» etib yerga tushdi. U kishi so‘kinib, butun kuchi va g‘azabi bilan Yo‘lchidan qutulishga tirishdi.
– Kimsan o‘zing, saniyam otaman, qo‘shmozor qilaman qo‘yvor! – to‘pponchani olish niyatida tipirchilandi. Yo‘lchi uni mahkam quchoqlab ko‘tarib, bir qancha qadam nariga yeltib tashladi. So‘ng chavandoz va boshqa jo‘ralar yalinib-yolvorib, nihoyat, uni bir yoqqa sudrab ketishdi.
Odamlar to‘planishib, bir-birlaridan so‘rashadi:
– Yopiray, nima bo‘ldi?
– Bachchaga achchiq qildi-da. O‘zi mast ham tez odam, ma’lum-ku.
– Ajali yetmagan ekan, bola bechora sog‘ qoldi…
– Naq boshimdan oshirib otdi. Tuproqqo‘rg‘ondagi to‘pday gumburladi savil…
Yo‘lchi qo‘lini beliga tirab, bir chetda sokin turarkai, Yormat zarda bilan turtdi:
– Yuring endi, jo‘naymiz!
Yo‘lchi unga xo‘mrayib qaradi-da, izidan jo‘nadi, bir qancha minut ikkisi jim ketdi. So‘ng Yormat asabiylanib dedi:
– Odam degan har nimaga aralashavermaydi. qayerda g‘alva qo‘psa, qochavering: och qornim, tinch qulog‘im. Kimni himoya qilasiz? Bir bachchanimi? Uzingizni otib qo‘ysa, ish nima bo‘lar edi?
– Yormat aka, insof qiling, – beparvolik bilan javob bera boshladi Yo‘lchi, – bir quturgan mast odam ko‘z oldimda kishini otib o‘ldirmoqchi bo‘lsa, men qarab turaymi? Bu odamgarchilik emas. To‘g‘ri, jon shirin, har kim o‘z jonini ayaydi, lekin odamning yuragida boshqalarga mehr bo‘lishi kerak, kerakli vaqtda ko‘maklashish kerak. O‘sha bachcha ham odam farzandi. Ota-onasi kambag‘allikdan uni bachchalikka sotgandir. Yo u yetim qolib, shu yo‘lga kirgandir. Uyinini ko‘rib, esingiz og‘di, yana yomonlaysiz.
– Bilasizmi, Yo‘lchi, bu yerda kimni sudradingiz?
– Yo‘q, kim o‘zi u it?
– Ana xolos!.. Eh, bilib qo‘ying: Tantiboyvachcha – shu, tog‘angizning kuyovi-ya.
Yo‘lchi qattiq kuldi.
– Kim bo‘lmasin, mayli! – dedi Yo‘lchi.– Lekin u ablahga ham yaxshilik qildim. Yormat aka, ertaga boramizmi, unaqa odamlar juda kekchi bo‘ladi-ku?
Yormat indamadi. Yo‘lchi hozir qilgan ishidan o‘zi xursand. Bir ko‘p odamlar unga rahmat aytdi, ba’zilari uning yelkasiga qoqdi. Ishi Yormatday toshko‘ngilli, qo‘rqoq odamga yoqmasa yoqmasin!..
Yo‘lchi o‘z manziliga qaytib, pichan «to‘shakka» cho‘zilarkan, haligi yerdan yana nog‘ora taraqladi: bazm!

IV

Vaqt namozasrga yaqin edi. Tantiboyvachcha kechagi bazm va ichkilik kayfini butun kun cho‘zilgan uyqu bilan tiniqtirib, qo‘rg‘on eshigidan bog‘ tashqarisiga chiqdi. Yum-yumaloq qornini silab, bir necha minut kezdi. So‘ng, hovuzda yuz-qo‘lini yuvib, supada yonboshladi.
– Qambar, chilim keltir! – daladan qaytgan xizmatkoriga buyurdi.
Qambar ixcham, yarqiroq mis chilimni olib keldi, «pishitib» xo‘jayinga tutdi.
– Xo‘jayin, – odatdagicha takallufsizlik bilan dedi u, – bukun bir talay ish qildik. Qaynatangiznikidan kelgan yigit juda yaxshi ishladi.
– Aha, keldimi? Durust! Qaynatam ishning ko‘zini biladigan odam. Xizmatkorlari bari yaxshi ishlaydi. Mana sen bo‘lsang, ovqat yeyishdan boshqani bilmaysan.
– Ana, kelyapti, – ketmonni yelkaga olib, og‘ir qadam bosib kelayotgan Yo‘lchini ko‘rsatdi Qambar.
Yo‘lchi hovuz bo‘yiga yaqinlashganda Tantiboyvachchaga ko‘zi tushdi. Jo‘rttaga dadil yurib ketmonni devor tagiga qo‘ydi-da, shoshmay, beparvolik bilan betini yuvdi, belbog‘ini yechib ohista artdi, so‘ng boyvachcha bilan ko‘rishdi.
– Horma, yigit, o‘tirchi, – Yo‘lchiga boshdan-oyoq tikilib dedi boyvachcha.
Yo‘lchi uning qarshisiga o‘tirdi. Tantiboyvachcha unga jilmayib, bir nimadan o‘kingan kabi, boshini tebratib dedi:
– Kechasi bazmda bormiding? U yigit sen emasmi?
– Men edim, – dedi Yo‘lchi.
– Mastlik, qursin, toza mashmasha qilibman, he-he-he, – sovuq kuldi boyvachcha.
– Xo‘jayin, har yerda bir g‘alva qo‘tarasiz. Asli nomingizni «To‘polonboyvachcha» qo‘yish kerak edi, – iljayib dedi Qambar.
Tantiboyvachcha uni hazilsimon koyib, keyin Yo‘lchiga so‘zladi:
– Birinchi o‘qdan xudo asradi bachchani, ikkinchi o‘qdan sen saqlab qolding. Otar edim, kayfim taraq edi.
– Nimaga u bechoraga o‘q uzdingiz? —voqeaning sababini yaxshiroq anglash uchunmi, yo jo‘rttagami so‘radi Yo‘lchi.
U bir nafas sukut qildi. Yirik, lekin qizil, mayda tomirchalar bilan qoplangan xira ko‘zlarini qisib javob berdi:
– Bilmayman, tutgan choyimni olmadimi, yo qoshini uchirmadimi, xullas, jahlimni chiqardi, la’nati. Xo‘p, o‘tgan ishga salavot. Qalay, ekinlarimiz durustmi?
– Ekinlar juda soz. Ayniqsa, kartoshka bilan sabzi mo‘l hosil beradi.
– Aniqmi? Mana bu cho‘loq, – Qambarga ishorat qildi boyvachcha, – ancha-muncha yerga ekin ekdim degan edi. O‘zim yaxshi qaraganim yo‘q. To‘g‘risi, dehqonchilikka sira tushunmayman. Mana shu cho‘loqqa ishonaman. Cho‘loq bo‘lsa ham qo‘li barakali. Ekini har yil ham chakki bo‘lmaydi, shundaymi, Qambar?
Sho‘x, gapdon yigit – Qambar bir oyog‘ini sudrab bosar edi. U ayyorcha kulib, sariq tukdan iborat qoshlarini chimirib so‘zlab ketdi:
– Mirishoq aka, jilla bo‘lmasa, mehmonlarning oldida cho‘loq demang… Qani, chopishasizmi men bilan?
– Chilimni sol, cho‘loq, hazilni bilmagan kal Fozil! To‘g‘ri, o‘zi cho‘loq-ku, lekin shamoldan tez uchadi, hayronman. Ham o‘zi dilkash yigit. Ishni puxta qiladi. Bir aybi shuki – cho‘loq. Xax-xax, xax.
– Yerni maymoq oyog‘im gullatib turibdi, xo‘jayin. Qani, torting chilimni. Muchangiz sog‘ bo‘lsa ham chilim so‘rishdan boshqa ishga yaramaysiz!
Tantiboyvachcha chilimni tortib, tutun orasidan Qambarga jiddiy tus bilan so‘zladi:
– Toyni minib shaharga tush, ikki shisha konyak ol. Tez. Uhu, o‘hu… yo‘tal qursin! Asqar polvonlar kelishadi, tushundingmi?
– Ehhe, ish katta-ku. Omad tilayman, yo‘taldan cho‘zasiz-da. Lekin, toy yo‘q, Mirishoq aka. «Kichkina chavandoz» uloqqa minib ketgan edi.
– Yo‘rg‘ani min!
Shu vaqtda, egar-jabdug‘i yap-yangi bo‘lgan, manglayiga tumorcha va munchoqlar osilgan semiz, chiroyli qora toychani yetaklab «kichkina chavandoz» kirib keldi. Bu, Tantiboyvachchaning o‘g‘li Obidjon edi. U o‘n uch-o‘n to‘rt yoshli, oriq, chayir bola, o‘zini kattalarday tutishga tirishsa ham, butun harakatlaridan «erka qo‘zi» ekani ko‘rinib turar edi. U toyni Qambarga topshirib, kiyimlaridan changni qoqa boshladi.
– O‘g‘lim, – deb qichqirdi kulib dadasi, – kimniki oldi?
– Tohir gubchakning jiyroni. Ot bolasi unga to‘g‘ri kelmas ekan.
– Iya, Obidjon, – tirjayib gapirdi Qambar, – men o‘ylovdimki, uloqni taqimga bosib kelasiz, bu yerda qozon osamiz deb, quruq tomosha deng.
– Shoshma hali, Qambar, qozoningni moy qilarman bir kun…– kibrlanib dedi Obidjon.
– Hazratalining duldulini hech bir ot quvib yetgan emas, kitoblarda shunday yozilgan. Toy o‘ssin, naq duldulday bo‘ladi. Ammo, uloq olish uchun chavandoz bo‘lish kerak, kuch kerak, ukam Obidjon! – deb Qambar toychaning qorinbog‘ini bo‘shatib, qoziqqa bog‘ladi. Keyin xo‘jayindan pul olib, boshqa otda shaharga jo‘nadi.
Tantiboyvachchaning mehmonlari shomdan so‘ng kelishdi. Ular bedapoyaga qaratib solingan ayvonga o‘tqazildi, to Qambar kelguncha, xizmatni Yo‘lchi bajarib turdi. Hammadan Tantiboyvachchaning chilimi zeriktirdi. Minut sayin ayvondan baqiradi: «Chilim». Chilim uning yonida. Lekin sarxonani yangilab, o‘t qo‘yib tutish kerak… Boyvachcha chilimni bir marta yengil tortish bilan kifoyalanadi, lekin bir zum o‘tmasdan, yana talab qiladi. Qambar kelib, o‘zining malaka orttirgan xizmatini bajara boshlagach, Yo‘lchi qorong‘i supadagi taqir namat ustiga cho‘zildi. Qambar bir lagan sovib qolgan palov keltirdi, o‘zi ham o‘tirdi.
– O‘yin boshlanganga o‘xshaydi… o‘yinni juda qiziqib o‘ynaydi, xo‘jayin. Qarang, chilim yodidan ko‘tarildi.
– Qanaqa o‘yin? – dedi Yo‘lchi.
– Qimor…– sekin javob berdi Qambar.
– A, mehmonlari qimorbozga sira o‘xshamaydi-ku. Domla imomlarday salla-kallali odamlar.
– Qimorboz deb kimni aytasiz? – og‘zidagi oshi bilan g‘uldiradi Qambar.– Ko‘kragi ochiq, qo‘shbelbog‘, yakka kift chapanilarnimi?.. Yo‘q, qimorbozlarning uchchiga chiqqani bular. Sersoqol, katta sallali – eshonning o‘g‘li. Bularning bog‘ida har juma zikr bo‘ladi. Dadasi bo‘lmaganda zikrga o‘zi boshliq bo‘ladi. Muridlari juda ko‘p. Katta eshon.
– Tavba! Eshon «gardkam» deb oshiq otadimi, a?
– Bular qartada o‘ynaydi. Baribir qimor-da, qaytaga, bu yana yomonroq… Ha, ichishini so‘rang. Nomi ichkilik bo‘lsa – bas. Cho‘lda bir hafta suvsiz qolgan tuyaday shimiradi. Bo‘zami, aroqmi, musallasmi, konyakmi, – qo‘ymaydi eshon.
– G‘irt palid odam deng, – dedi-da, eshonni o‘xshatib so‘kib qo‘ydi Yo‘lchi.
– Chilim, cho‘loq!
Qo‘liga olgan oshini laganga to‘kib, yugurdi Qambar. U chindan oyog‘i sog‘ kabi, tez yugurar edi. Yo‘lchi ichida o‘yladi: «Cho‘loq odam uchun xizmatkorlik qiyin, boyoqish Qambar bu kamchilikni bildirmaslik uchun yugura-yugura yugurik bo‘lib qolganda».
Tantiboyvachcha har safar «cho‘loq» deb qichqirar ekan, Yo‘lchiga qattiq ta’sir qilar edi: «hazil emas, mensimaslik bu» der edi ichida.
– Menga qarab o‘tiribsizmi? Olavering, – qaytib kelib dedi Qambar.– Xo‘jayinning karmoni o‘pirilganga o‘xshaydi, tolei yo‘q-da. Shu bu yil yutqizishdan boshi chiqmay qoldi. Nuqul «boy beradi». Davlat zo‘r, unchalik bilinmaydi, ammo, pirovardi yomon bo‘ladi. Ana shunda ko‘zi moshdek ochiladi. Bu xarajat, bu isrofgarchilikka tog‘ ham chidamaydi, do‘stim Yo‘lchi.
– Boyvachcha nima ish qiladi? – dedi Yo‘lchi.
– Ish? —«piq» etib kuldi Qambar.– Oshdan oling, keyin eshitasiz.
Lagan bo‘shagach, Yo‘lchi qo‘lini tortdi. Qambar laganga barmoqlarini ishqab, yaladi. So‘ng laganni chetga surib, Yo‘lchiga juda yaqin o‘tirdi, ovozini pasaytirib, so‘zlay boshladi:
– Hemirilik ishi yo‘q… Otasi o‘lganiga o‘n besh yil bo‘lib qoldi, shundan buyon har qanaqa ishni yig‘ishtirgan. Men hammasidan xabardorman. Bu odamnikida to‘rt yildan buyon ishlayman… Lekin shaharda bir mahallada bo‘lganimiz uchun, ahvolini obdan yaxshi bilaman. Xo‘jayinning dadasi katta boy edi, mol-mulkni behad yiqqan edi. Bir qancha do‘kon, yana yer-suv, yangi shaharda bir necha qo‘ralar… Chol o‘ldi, o‘g‘il yeb yotibdi: gap-gashtak, bazm, uloq, mehmon-izlom inchunin. Mulla, eshon, boy, qimorboz yog‘ilaveradi. Har kun norin, manti, shilpildoq, palov. Mana yaqinda shaharga ko‘chamiz. Haligi bir qarich bolani uylantirmoqchi. Qizni beshikda unashtirib qo‘ygan ekanlar. Shu bola xotinning ma’nisini biladimi?! O‘g‘li ham o‘ziga o‘xshaydi. Na o‘qishni biladi, na to‘qishni… Xadradagi o‘ris maktabga bir qancha oy qatnab, tashlab qochdi. Bolaning es-hushi uloqda, otda, yosh-yosh boyvachcha jo‘ralar bilan ulfatchilik qilishda. Ota-bola birlashib davlatni kemiradi. Hozir, eshitishimcha, uchdan biri qolgan emish. Bu ham sotilib-sovrilib shamolga uchadi.
Uzoqdan Tantiboyvachcha bo‘g‘ilib baqirdi: «Chilim!» Qambar so‘zini kesib, xo‘jayinga yugurdi. Bir zumda qaytib, yana shivirladi:
– O‘rtada pul xirmonday uyulgan. Oqpodshoning surati tushgan nuqul shaldirama qog‘ozlar-a… Qarasam, ko‘zimdan olov chiqib ketadi. Bir-ikki donasi menda bo‘lsa edi, qayerga borsam: «Keling-keling, mulla Qambar!» U yo‘q: «Cho‘loq Qambar, mo‘loq Qambar!»
– Xo‘jayin tanti deb tanilgan ekan, tantiligini sizga ko‘rsatdimi, Qambar aka? – dedi Yo‘lchi.
– Tanti, lekin bizga emas, – shivirladi Qambar, – o‘zining oshna-og‘aynilariga ham o‘ziga tantilik qiladi. Ziyofatlarini yegan odamlar unga Tanti ot qo‘yishgan. Menga ovqat beradi, kiyim juda to‘zisa, kiyim qilib beradi. Lekin, pulchadan yo‘qroq… Qo‘ldan berganga qorin to‘ymas, degan gapni bilasiz-ku! Ba’zi vaqtda uncha-muncha pul ham so‘rab olaman. Lekin, chirt-pirt bo‘lib qo‘ldan uchadi-ketadi. Oh, pul! Ikki tanobgina yer olsam, oz bo‘lsin, soz bo‘lsin deganday, qantday ish qilar edim. Ko‘rdingiz-ku, qancha yerga ekin ekkanman. Yolg‘iz o‘zim!.. Har yil xo‘jayinga arava-arava hosilot beraman.
– Birov ishlaydi, birov rohatini ko‘radi, yering bo‘lsa mehnati ham, rohati ham o‘zingniki bo‘ladi. Pul yig‘ib yer oling, Qambar aka! – dedi Yo‘lchi.
– Xizmatkor yolg‘iz o‘zini boqadi, bir tiyin ham tugishi qiyin. Xo‘jayinlarning ostonasi shunday la’nati bo‘lar ekan, hatlayman desang, oyog‘ingdan chalar ekan…
Shu topda xo‘jayinning mast va asabiy tovushi yangradi:
– Cho‘loq, «doruv» dan olib kel!
– Musallasga gal keldimi?– dedi Yo‘lchi.
– Eshonning boshini xumga tiqaman! – deb kuldi Qambar va qorong‘ida yo‘qoldi.
Yo‘lchi quruq namatga yotib, ustiga ko‘rpacha yopdi. Ko‘rpachadan zax hidi bilan ot shiptirining qo‘lansasi dimoqqa urdi. Buning ustiga mast qimorbozlarning baqirishi, yakkam-dukkam «xirgoyilari» qo‘shilib, Yo‘lchining uyqusini o‘chirdi. Ochiq qolgan oyoqlarini nima bilan va qanday yopishni bilmay, urinib yotarkan, boshida Qambar egilib shivirladi:
– Uxladingizmi?
– Yo‘q.
– Ichasizmi? Ozgina quyib beray. Juda xushta’m musallas.
– Sira tatib ko‘rgan emasman. Kerak emas. – Xa, xa, xa!
Qambar birdan qattiq kulib, Yo‘lchining yoniga yonboshladi. Og‘zidan musallas hidi gurkirar edi.
– Oz-moz ichib turilsa, zarari yo‘q, – gapga tushdi Qambar, – ba’zi vaqt, Yo‘lchiboy, yuragim tars yorilguday bo‘ladi, dunyo ko‘zimga qorong‘i ko‘rinadi. Ana shunaqa vaqtlarda xo‘jayindan bekitib bir-ikki piyola ichib olaman. Ba’zi vaqt o‘zi ham beradi. Asli, meni xo‘jayin o‘rgatdi. Ilgari bir qatra og‘zimga olmas edim. Goh-goh dunyoni o‘ylab, xo‘jayinga tan beraman: umr qisqa, besh kunlik dunyoda eavq surish g‘animat. Mana uning isqirt dadasi yemadi-ichmadi, ammo molini mozorga orqalab ketmadi.
– Ziqna odammidi u? – boshini ko‘tarmay so‘radi Yo‘lchi.
– Ziqnaning pir urgani edi. Xasisligini, isqirtligini hamma biladi: Kimsan terifurush falonchi boy! Lekin ko‘rgan odam yamoqchimi, bo‘zchimi deb o‘ylar edi. Qish-yoz oyog‘ida og‘ir sag‘ri kavush. Mahsi ham ming yamoq. Boshida kir, to‘zg‘igan salla, choponi ham qo‘sqi. Keyin, har vaqt yerga qarab yurar edi. Ko‘chada yotgan eski taqa, zanglagan mix, tugmacha, shunga o‘xshash balo-battarga ko‘zi tushsa, darrov olar edi. Korimga yaraydi bir kun, der ekan. Bir vaqt, yosh pallamda, ikki dona arava mixni qo‘limdan aldab olgan edi.
– Rostmi? Picha lofi bo‘lsa kerak, – dedi Yo‘lchi.
– E… so‘zlaganlarim daryodan bir tomchi, – davom etdi Qambar, – shoshmang, mana bunga quloq soling: kuz kelsa mahalladan bir to‘da bolalarni mana shu dalaga olib kelar, xazon supurtirar edi. Bir yil bolalar bilan men ham keldim. Juda ko‘p xazon supurib, qanorlarga miqtilab joyladik. Kechki paytda qattiq shamol turdi. Daraxtlarda to‘kilmay qolgan barglarni shirt-shirt yulib, har yoqqa uchiraverdi. Shamol zo‘rayib, daraxtlarni silkitgan sari, barglarini osmonga pirillatib uchirgan sari, biz sevinamiz. Boy bizlarni so‘kadi, oyog‘i kuygan tovuqday notinchlanadi. «Ota, nimaga xafasiz?» dedik. U nima dedi: «Xudoning bemaza ishlari ko‘p bo‘ladi. Qaranglar, daraxtlarimda bitta yaproq qo‘ymasdan, barini ko‘kka uchirdi».
– Obbo, la’nati kalxamak!
– Shoshmang, yana bir narsani aytib beray, buni cho‘pchak deysiz, lekin o‘ngkay chin so‘z. Boy yaxshi ovqatlarni – palov, norin, qazi-qartani yemas ekan. Palov me’damga mixdek qadaladi, qazi-qarta mijozimga to‘g‘ri kelmaydi, der ekan. Albatta, hammasi bahona. Har kun yovg‘on xo‘rdi, so‘k oshi qildirar ekan. O‘g‘li – xo‘jayinim – uylangandan keyin, ro‘zg‘orni yaxshilab, ovqatlarni mo‘l-jo‘l qila boshladi. Lekin juda yashirin. Otasining pulidan o‘g‘irlab, xarajat qilaveribdi-da. O‘zlari shiringina taom pishirib yeb, kechqurun boyga g‘ozi yo‘q, suyuq osh tayyorlab qo‘yishar ekanlar. Bir kun shahardan boy ertaroq qaytadi. Yo‘lda uchragan bir yaqin qarindoshini ham uyga boshlab keladi. Suyuq oshini kutib hovlida gaplashib o‘tirishadi. Lekii shu vaqtda bir chekkaga uyulib qo‘yilgan bir necha bog‘ pichan orasidan buriqsib tutun chiqa boshlaganini sal ko‘rib qoladi-ku. Bu nima, deydi-da, darrov pichanga yuguradi. Orasini yorib qarasa: damlog‘lik qozon chiqadi, tuvoqni ko‘taradi. Palovning bug‘i, shirin hidi guppa uradi. Mana shunda hamma sir unga ayon bo‘ladi. Tushundingizmi? Xotinlar palovni damlagan vaqtda, boy kelib qoladi. Ular qo‘rqqanlaridan o‘choq, qozon ustiga pichan tashlaydilar. Boy o‘z joyiga borib o‘tiradi. Bezgakday shaq-shaq titraydi, qarindoshi uni yupatishga kirishadi: «Xafa bo‘lmang, xudoga shukur, siz davlatmand odamsiz. Yesa, o‘z farzandingiz yeydi. Ko‘pdan buyon bu hovlida ikki qozon osiladi, biri sizga, biri o‘zlariga. Kechiring ularni», falon-piston deydi. Bu gapni eshitgandan keyin keksa boy boshini quyi solib birdan ho‘ngrab yig‘lab yuboradi. Obdan yig‘lab shunday deydi u:
«Yeshim yetmishda. Ellik yil mol, pul qayg‘usida yurdim. Yaxshi yemadim, yaxshi ichmadim, yaxshi kiymadim. Mana umrim o‘tdi, nuqul azob ichida o‘tdi. Bular rohatda, men hasratda yashabman. O‘z ahmoqligimga yig‘layman, qarindosh!» Mana otasi qanaqa, bolasi qanaqa!..
– Axir, pushaymon qilipti-da, go‘rso‘xta, – dedi Yo‘lchi hayratda, yoqasini ushlab.
– Pushaymon qildi, lekin behuda. Bir oyog‘i go‘rda edi-da. Shundan keyin bir yil o‘tar-o‘tmas o‘lgan. Qani, siz ayting – otasining yo‘li qalay, bolasining yo‘li qalay?
– Ikkisi ham ahmoq. Ikkisining yo‘li ham, menimcha, gumrohlikdan boshqa narsa emas. Biri yig‘ib o‘lgan, biri yeb o‘ladi, – dedi Yo‘lchi sekingina.
Qambarni xo‘jayin chaqirdi. Yo‘lchi uxlash uchun ko‘zlarini yumdi, lekin uyqusi o‘chib, xayollarga cho‘lg‘ondi. Ko‘zi yumilarkan Qambar hozirgina tasvir etgan xasis boyni tushida juda mudhish tasavvur etdi. Uning ko‘z oldida xasis boy dahshatli qiyofalarda jonlandi. Goh uning skeleti go‘ristondagi och itlar bilan qorong‘ida suyak talashadi, goh pichan orasidan topgan qozondan palovni ag‘daradi, mozor ichida bir qarich tilini osiltirib, quruq qozonni yalaydi. Goh kuchli bo‘ron orasida chirpinib faryod ko‘taradi, faqat og‘zidan xazon to‘foni uchadi…

V

Yo‘lchining hasharga kelgani Nurining qulog‘iga yetgach, unda sabr qolmadi, fursatni g‘animat bilgani uchun, uzoq o‘ylamadi. Opasini sog‘ingani va qovun polizni sayr qilishni bahona qildi-da, akasining o‘g‘li Rafiqjon bilan birga yo‘lga tushdi.
Mana hozir uch kundan beri bu yerda, opasining bog‘ida yashaydi. Uning maqsadi Yo‘lchi bilan uchrashuv, albatta. U boshiga yengil bir nimani ilib, har kun bir necha marta bog‘ni va polizlarni aylanadi, kezadi. Lekin Yo‘lchiga yaqin kela olmaydi. Yo‘lchi ertadan kechgacha, dam u ekinda, dam bu ekinda. Qambar bilan birga ishlaydi. Shuning uchun dadillik qilib qaltisroq qadam bosishga qo‘rqadi, ham bu yer uncha qulay emas. Chunki devorsiz, keng, ochiq dala. Baxtiga qarshi, Tantiboyvachcha ham odatdagicha biron yerga yo‘qolib ketmaydi. Har kun mehmon, har kun tashqarida ichkilik, shovqin-suron bilan vaqt kechiradi…
To‘rtinchi kun kechasi, xuftondan keyin Tantiboyvachcha o‘g‘liga buyurdi:
– Anov kim, ha, Yo‘lchiga chiqib ayt. Ayvonda yotsin. Ko‘rpa-yostiq, gilam hammasi u yerda qolgan. Qambar bu kecha kelmaydi.
Bu so‘zni eshitish bilan Nurining so‘ngan umidi alangalandi, ko‘kragi yoniq orzular bilan to‘ldi. Sevinch va hayajonini bildirmaslik uchun opasining yumushlariga qarasha boshladi. Keyin bolalarga tezgina o‘rin soldi. Ularni dam qarg‘ab, dam ularga yalinib, nihoyat barchasini yotqizdi. O‘zi uchun kampir quda xolaning yoniga emas, bolalarning orasiga o‘rin soldi.
Keng ko‘ylak ichida tog‘araday qornini osiltirib, pishillagan homilador opasi Umriniso hovlida mayda-chuyda ishlarni saranjomlab bo‘lgach, chirog‘ni o‘chirdi, erining yoniga kirib ketdi. Lekin bolalar qorong‘ida ko‘rpa-yostiqni tortishib, bir-birlarining ustlaridan dumalashib ancha vaqtgacha sho‘xlikni davom ettirishdi. So‘ng, kampir buvining dag‘dag‘asi bilan tinishdi.
– Buvi, cho‘pchak aytib bering! – dedi bir nabira.– Jon buvi, ayyor kalni ayting.
– Jim yot, kechasi ham tinchlik bermaysanlar, og‘iz ochishga darmonim yo‘q.– Kampir ko‘rpasiga burkanib oldi.
Bolalar Nuridan so‘rashdi. Nuri ertak emas, bir necha topishmoq aytishga majbur bo‘ldi. Lekin og‘zidan chiqmasdan bolalar topaverdi. Topilishi qiyin topishmoqlarni ko‘p bilgan Nuri, hozir o‘ylay-o‘ylay, birini ham esga keltira olmadi. G‘o‘yo, hammasi boshidan izsiz ko‘chgan… Obidjon juda qo‘pol va beadab bir topishmoqni qichqirib aytgan edi, kampir uni qattiq qarg‘adi, «bolalarga qo‘shilib hingillashgan» Nuriga ham piching qildi. Hamma jim bo‘ldi. Ertadan kechgacha yaylov dalada tinmay o‘ynab, charchagan sho‘x bolalarni bir lahzada va birdan uyqu oldi…
Qizda uyqu yo‘q. Uning badani qizigan, tomog‘i qaqragan, yuragi shiddatli uradi. «Chiqsinmi, chiqmasinmi?» Bu savolni u o‘z-o‘ziga beradi, goh sevinib, shirin xayollarga botib, sabrsizlanadi. Goh butun vujudini qo‘rquv bosadi.
U butun diqqatini to‘plab quloq solsa-da, kampirning uyqudami, uyg‘oqmi ekanini payqolmadi. Nuri kampirdan qo‘rqar edi. Chunki og‘zida bitta tishi yo‘q, beli bukchaygan kampir hali ziyrak edi, quv edi. Har kimning yurish-turishidan ma’no qidirishni yaxshi ko‘rar edi. Nurining harakatida agar qitday shubha sezsa, qolganini kampir o‘zi to‘qib-jo‘yib ola bilishiga qiz ishonar edi…
Mana hovli orqasidagi chakalakdan sekin-sekin oy ko‘tarila boshladi. Kechaning qorong‘isida erib yo‘qolgan daraxtlarni nurlantirib, ularga ko‘rkam, xayoliy manzaralar shaklini berdi. Oy yorug‘ida kecha jimjitligi yana chuqurlashgan kabi tuyuldi…
Kampir kuchsiz xurrak torta boshladi. Nuri ancha vaqtgacha taraddudlanib, atrofga qarab yotdi. So‘ng, titrab o‘rnidan turdi. Kuz kechasining salqini uning qizg‘in badanini seskantirdi. Darrov qoziqdan nimchasini olib kiydi. Yo‘lchi uchun keltirgan tugunchak yodiga tushdi. Uni paranjiga o‘rab, taxmonning burchagiga yashirib qo‘ygan edi. Tugunchakni olish uchun oyoq uchida borar ekan, choynakni turtib, ag‘dardi. Qiz dir titrab, bir lahza qotib qoldi. Lekin choynakning shaqillashi hech kimning uyqusini buzmadi…
Qiz tugunni qo‘ltiqlab hovliga tushdi. Kavushini kiymadi. Yalang oyoq, «ship-ship» yurib ketdi. Hovlining o‘rtasiga borganda to‘xtadi, atrofga qo‘rquvli nazar tashlab, quloq solib, yana eshik tomonga yumshoq yo‘rg‘aladi. Devor tagida katta sigir boshvog‘ini yerga yoyib, bemalol kavsh qaytarib yotardi. Uning qo‘ng‘ir tuklari oydinda oltinlanib yaltirardi. Nuri yaqinlasharkan, sigir beparvo nazar bilan boqib, pishillab, og‘ir nafas oldi.
Nuri eshik zanjiriga qo‘l uzatdi, lekin birdan cho‘chib ketdi: «Zanjir jaranglaydi, eshik g‘ijirlaydi. Kampir uyg‘onib qolsa, nima bahona topaman? Bunga bahona topib bo‘ladimi? Bu eshik g‘ijirlarmikan, yo yo‘q?» Shuncha vaqtdan buyon bu narsaga diqqat qilmaganiga o‘kindi. Tavakkal qilib zanjirni ohistagina tushirdi. Eshikni juda ehtiyot bilan yarim ochib, o‘zini tashqariga oldi. Supaga qadar bo‘lgan sahn tutash tiniq oydin, hatto tuproq ham yiltiraydi. Boshqa yerlar ola-chalpoq nim oydinlik. Nuriga endi kecha va jimjitlik, nechundir qo‘rqinchliroq tuyuldi. Katta-kichik daraxtlarning yerga tashlagan ko‘lkalari, gerdayib ko‘kka uzaygan haybatli qayrag‘ochlar sirli, vahimali ko‘rindi. Qiz ularga qarashga botinmadi, go‘yo har tomonda “ajina”larning ko‘lkalari sakrashganday… U qattiq yugurib ayvonga bordi. Ertaklarda uchraydigan botir kabi g‘urur, salobat bilan uxlab yotgan Yo‘lchning bosh ustida cho‘kkaladi. Kechaning bir zum avval sirli va mudhish ko‘ringan manzarasi endi yo‘qoldii. Atrofda hammaa narsa to‘zal va yoqimli bir shakl oldi. Yigit ko‘kka qarab, tinch uxlar edi. Ayvon yoqasidagi ikki tun jaftoli orasidan tushgan oy nuri yigit yuzida ko‘lka aralash jim-jim titraydi. Nuri uning ko‘ksiga qo‘lini qo‘ydi, bir qo‘li bilan peshonasini sekin siladi. Yo‘lchi seskanib ko‘zlarini ochdi, boshini keskin ko‘tardi.
– Kim bu?
– Men, men… Nuri, Yo‘lchi aka. Jim, sekin…– Nuri o‘z yuzini yigitning yuziga taqadi.
– Siz, shu yerdamisiz? —shivirlab, hayajon bilan dedi Yo‘lchi, – nimaga bemahal bu yerga chiqdingiz? Bilib qolsalar nima bo‘ladi? Barchaga sharmanda bo‘lamiz. Men bir xizmatkorlaring bo‘lsam… Siz juda yengil o‘ylaysiz.
– Nima qilibdi, xizmatkor odam emasmi? Siz qarindoshimiz. Siz qanday yaxshisiz, – sovuqdanmi, yo hayojondanmi, Nuri titrab gapirdi.– Sizni deb bu yerga keldim, Yo‘lchi aka. Bu yerda ekanligizni eshitib, ko‘zimga xech nima ko‘rinmadi, uchib bora qolsam, dedim. Bu yerda uch-to‘rt kundan buyon kunduzi ham, kechasi ham es-hushim sizda. Tavakkal qilib chiqdim.
Kuz kechasining salqin shamolida jimgina silkingan daraxtlarning barglari orasidai tushgan oy nuri kizning sochlarida, yuzida jim-jim o‘ynar, qizlik latofatiga sirli va sehrli bir nima bag‘ishlar edi. Yo‘lchi atrofga ko‘z tashlar, shamolda shildiragan har bargdan cho‘chir edi. U qiz bilan ikki og‘iz jiddiy so‘zlashib, kelajakka qanday qarashni bilmoqni istasa-da, lekin Nurining ko‘zlaridan, harakatlaridan uning bu yerga so‘z sotish uchun chiqmaganini sezdi. Qiyinlik bilan erishilgan bu nodir fursatda yoniq orzularini, sho‘x ehtiroslarini alangalanganiga qizda kuchli intiluv borligini ravshan ko‘rdi. Yo‘lchi qizga tomon yaqin egildi va ko‘zlariga tikildi va titroq lablari bilan bazo‘r dedi:
– Shundaymi-a? Men uchun keldingizmi?
– Yolg‘iz sizni deb…
Yo‘lchi qizning qo‘llarini mahkam siqdi. Nuri o‘z boshini uning yelkasiga sekingina tashladi… Yigitning qo‘llari qizinig bellariga chirmashdi, ko‘kraklari bir-biriga qapishdi.
Oy. Nozik jimjitlik. Salqin shamollargina qizning sochlari bilan o‘ynashadi…
Nuri ketish oldida, tugunchakni Yo‘lchiga berdi.
– Nima bu!?
– Arzimaydi. Sizga bir ko‘ylak olib kelgandim. Pul kerakmi sizga? Yo‘lchi aka, aytavering, uyalmang— Yo‘lchining qo‘lini maxkam ushlab, dedi Nuri.
Yo‘lchi og‘ir bir xo‘rsinib tugunchakni qizmnng oyog‘iga tashladi.
– Olib keting. Menga hech nima kerak emas. Na kiyim na pul. O‘z kuchim bilan topaman. Oling xozir, opa
– Men ataylab siz uchun olib keldim. Bir qo‘shni xotinga yashirin tikdirdim. Hozir biron joyga berkiting. Katta yerga borganda, kiyarsiz.
– Oling, xafa bo‘laman.
– Roziligimga qarang, Yo‘lchi aka!..
Nuri yana avvalgiday qo‘rquv ostida ehtiyot bilan qo‘rg‘on hovliga kirdi. Ayvonchaga oyoq uchida yurib bordi. Kampir uyquda ekaniga ishongach, yuragi birdan tinchlandi. Endi u, mabodo kampir uyg‘onsa, zaruriyat uchun turgan ekan, deb o‘ylasin, degan niyatda, jo‘rttaga dadil yurdi, yo‘taldi, ayvon oldiga yetgach kavushlarga qoqilgan bo‘ldi.

UCHINCHI BOB

I

Kechikib kirgan qish endi kun sayin sovug‘ini kuchaytira boshlagan edi. Qor yo‘q, lekin ertalab yalang‘och daraxtlarda va tomlarda qalingina qirov yaltiraydi. Mirzakaribmoyning oilasi bir yarim oydan buyon shaharda.
Sahni torroq, lekin to‘rt tomoni uy-ayvonlar bilan o‘ralgan tashqari hovlidagi naqshli, qubbali eshiklari keng, yaxlit oynali derazalari, tarnovlarning tepasida gerdaygan tunuka xo‘rozchalari, ganch uymalari, bo‘yoqlari bilan ko‘rkam – haybatli ikki mehmonxonaning birida qat-qat shoxi ko‘rpachalarda, issiq tanchaga suqilib Mirzakarimboy o‘tirar edi. Do‘kondan xoh erta, xoh kech qaytsin, u to‘ppa-to‘g‘ri shu uyga kirar edi. Faqat, ovqatni o‘g‘illari, kelin va nabiralari bilan birlikda yeyishni (mehmonlar bo‘lmaganda) o‘zi uchun shart qilib olgan. Bu kun peshin namozini Eski jo‘vadagi «Xotin machit»da o‘qib, bozordan barvaqt qaytgan edi. U tokchadan cho‘tni olib, miyasini ishg‘ol etgan «hisob-kitob»ni bir-ikki marta cho‘tga ag‘dargandan so‘ng, ko‘zoynak taqib, «Chohor darvesh»ni varaqlab ko‘zdan kechira boshladi. U ba’zi vaqt Xo‘ja Ahmad Yassaviyning «Hikmatlar»ini ham o‘qir edi. Hali bir betni o‘qib bitirmasdan, o‘g‘li Hakimboyvachcha kirib keldi. Dadasi bilan ko‘rishib movut chakmonining etagini ehtiyot bilan qayirib, tanchaga o‘tirdi. Farg‘ona safaridan qaytgan o‘g‘li bilan gaplashish uchun, boy kitobni yopdi.
– Qachon kelding? Muncha tez?
– Ertalab kelgan edim. Bankada aylanishib qoldim, – dedi-da, so‘zlab ketdi. Birinchi «sort» paxtalarni ikkinchi, balki uchinchi «sort» bahosiga sotib olganini, yana sakkiz ming pud paxta uchun pul tashlab kelganini va hokazoni bildirdi, qo‘qonlik boylarning, «ishbilarman» yor-do‘stlarning salomini topshirdi. Mirzakarimboy paxta savdosining turli tomonlarini sinchiklab bilib olgandan so‘ng, o‘g‘lining «kori»dan xursand bo‘ldi.
– Buni omad deydilar. Bu to‘g‘rida birovga og‘iz ochma, savdo ishiday nozik ish jahonda yo‘q. Dadam rahmatlik baqqol edi. Bir kunda qancha sabzi-piyoz sotadi, buni hech kimga, uy ichidagilarga ham aytmas edi, he-he-he…– kuldi u o‘g‘liga tikilib.
– Dada, endi paxta zavod qurmasak bo‘lmaydi. Modomiki, paxtachi bo‘ldim, zavodsiz iloj yo‘q. Garchi siz norozi bo‘lsangiz ham, ishni boshlab yubormoqchiman. Qo‘qonda nomerda bir o‘ris injener bilan tanishdim, bu to‘g‘rida maslahatlashdim. Ammo, siz «xo‘p» desangiz olam guliston.
Mirzakarimboy «qix-tuf»dan so‘ng:
– «Bu kor xayr…» Sendan ilgari men o‘zim tarafdorman. Lekin picha sabr qil, – u bir nafas sukunatdai keyin o‘g‘liga iljayib qaradi.– Balki zavod qurish uchun ovora bo‘lishga to‘g‘ri kelmas, biz tayyor zavodni, ishlab turgan zavodni qo‘lga olarmiz ham juda arzonga olarmiz!
– Eh, qani endi, do‘ndirma ish bo‘lar edi-da! —Hakimboyvachcha labini yalab qo‘ydi.
– Haligi gapimni sir deb bil! – davom etdi chol.– Paxta bozori misoli qaynab toshgan bir daryo… Birdan o‘zni otish ham yaramaydi. Oldin daryoning chuqur, sayoz joylarini bilish kerak. Ko‘rib turibman, ko‘p odamlar bu daryoning ostida yer tishladi, ko‘plar girdobga yo‘liqib, cho‘p-xasday gir-gir aylanadi, qo‘lini cho‘zib, qutqar, deydi. Qaysi mard ularni qutqarardi! Eh-he… Men bankaning chilani… Hammasining siri manga ravshan, o‘g‘lim.
– Chakana-chukanalar shunday, dada. Ammo yo‘g‘onlar, beli baquvvatlarning ishi borgan sari avj olmoqda.
Mirzakarimboy kuldi.
– Otangiz bor, belingiz baquvvat-da, o‘g‘lim!
– Siz savdo ishida juda dadil odamsiz, – bir qadar ranjib dedi Hakimboyvachcha, – sizdan dadilrog‘i, xudo biladi, musulmonlar orasida yo‘q, yo juda oz. Hayronman, nimaga zavodga qadamni bunchalik cho‘chib bosasiz.
– Qiziq gaplarni gapirasan. Axir, soqolim gazlama savdosi bilan oqardi. Men dadil bo‘lmay, kim dadil bo‘lsin yana.
Bir muddat ikkisi ham jim qolishdi. Chol hali kitob o‘qiganda ilgan oltin bandli ko‘zoynagini olib kursiga qo‘ydi.
– Man bir vaqt sanga yo‘l chizib bergan edim-ku, shundan chiqma, paxtani birinchi qo‘ldan ol. Dehqonlarga pulni qishda tarqat. Dehqon qip-qizil yalang‘och, ahvoli tang. Unga pul kerak. Pul bilan oyog‘iga kishan ur. Shunday qilsang xohlagan shartingga ko‘naveradi. Kuzda hamma paxta seniki, o‘g‘lim. Hozircha bundan afzal yo‘l yo‘q.
– Hali ham shu yo‘ldaman-ku.
– Yana kengaytir!
Mehmonxona eshigi ochildi. Bo‘ynini qisib, ko‘rishmoq uchun uzoqdan qo‘llarini cho‘zib Abdishukur kirdi.
– O‘tiraveringlar, ziyoratlariga keldim, – u ota va bolaning qo‘llarini ta’zim bilan juda samimiy siqib o‘tirdi.
– Baquvvatmisiz, otajon?
– Alhamdulillo…
– Shaharda ko‘rinmay qoldingiz, mulla Hakim aka? – boyvachchaga qarab, ko‘zlarini javdiratdi Abdishukur.
– Qo‘qonda edim.
– Qalay, xursandmisiz? Juda soz. Do‘stlarning xursandligi – mening xursandligim. Shunday emasmi, ota?
Abdishukur yana cholga ta’zim qilda.
Mirzakarimboy indamadi. U o‘g‘li bilan boshlagan jiddiy suhbatni kesgan bu “gazetparast mahmadona”ning kelishini jilla yoqtirmay, boshini egib, xomush o‘tirsa ham, Hakimboyvachcha durust, muomalada bo‘lda. U Abdishukurning xo‘jayini va do‘sti bo‘lgan Jamolboy bilan pul ham savdo muomalalarida buni qurol qilmoqchi edi. Shuning uchun bir qancha zamondan buyon Abdishukur bilan yaxshi aloqada bo‘lishga tirishar zdi.
Kursi ustiga dasturton yozilib, meva-cheva to‘la patnis qo‘yildi. Samovardan chiqqan bug‘ uyni tutdi. Abdishukur bodom-pista chaqib, achchiq choy ichib, yayrab o‘tirda. Gap orasida qo‘ltig‘idan sariq qog‘ozli, yupqa bir kitobchani chiqarib, Hakimboyvachchaga uzatdi.
– Zotan, kelishdan maqsadim shu edi, janobingizni madh etibdilar, sizga ko‘rsatishga oshiqdim.
– «Oyna»…– o‘qidi kitobchaning nomini, so‘ng varaqlay boshladi Hakimboyvachcha.
– Bu iima tag‘in? —Abdishukurga shubhali nazar bidan qaradi Mirzakarimboy.
– Bu, otajon, majmua, joriyda, – dedi Abdishukur, – oyda ikki daf’a Samarqandda bosilib, ahli ilm orasida tarqaladi. Nima keragi bor, deysizmi? – yumshoqqina kulib, davom etdi Abdishukur.– Maqsadi diniy, dunyoviy har nav foydali yozuvlar millat islomiyaning ko‘zini ochish, haqiqat yo‘lni ko‘rsatishdir. Muharriri ilmda kamolotga yetgan nodir iisonlardan…
– Ajab zamona ekan! —Boshini chayqab gapirdi Mirzakarimboy, – har xil gaplar chiqadi: majmua, joriyda… foydasi bormi?! Mana banka degan so‘z chiqdi. Ko‘rdik, foydasi, manfaati juda zo‘r, veksel degan so‘z chiqdi. Uni ham ko‘rdik, benihoyat zarur narsa, kredit, protsent, zavod, kompaniya, yana birmuncha so‘zlar borki, hammasi nuqul foydali narsalar. Sizlarniki-chi? Joriyda, yana nima, majmua!.. Tavba!
– Taqsir, – tushuntirish uchun shoshildi Abdishukur— siz sanagan so‘zlarning ildizi mana shu majmuada… Bolalaringiz majmuani mutolaa qilsa, siz foydali hisoblagan nimarsalardan yana yaxshiroq, mo‘lroq foyda chiqarishga malaka hosil qilgan bo‘ladi.
Hakimboyvachcha “Oyna”ni varaqlab, “madh”ni topa olmaganini Abdishukur sezib, toqatsizlandi, boyvachchaning qo‘lidan kitobchani so‘rab olib, kerakli joyini topdi.
– Mana, o‘qing, Hakim aka! – dedi. Hakimboyvachcha diqqat bilan ichida, o‘qir ekan, yuziga tabassum yoyildi. O‘qib bo‘lib ix-ix-ix, deb kuldi-da, dadasiga qaradi.
– Ovozingni chiqarib o‘qi, nima debdi? – Mirzakarimboy ham qiziqdi.
– Oling, siz o‘qing, – Abdishukurga tutqazdi. Abdishukur oldin yo‘talib, qiroat bilan o‘qidi: «Hamiyatli, saxovatli, taraqqiyparvar boylarimizdan toshkentlik mulla Hakimboyvachcha Mirzakarimboy o‘g‘illari “Oyna”ga o‘n so‘m iona buyurmishlar. Zoti oliylariga joriydamiz chuqur tashakkurotini bildiradi. Bunday fidokorlikning hurmatli musulmon boylarimizga ulug‘ ibrat bo‘lishini tilaydi».
Mirzakarimboy soqolini selkillatib kuldi va bu yozuvdan rozi bo‘lganini bildirdi.
– Durust. O‘n so‘lkovoy yoniga tushadi-ku maqtamaydimi?
– Yo‘q, ota, bu pul birovning karmoniga tushmaydi. Hozir qog‘oz, bosmaxona va hokazo xarajatlar uchun pul yetishmaydi. Chunki “Oyna” oz tarqaladi. Ziyon qilishi ham mumkin.
– Ziyon? —Mirzakarimboyning ko‘zi o‘ynay ketdi – Ziyon ko‘rsa nimala chiqaradi, haligi. olim?
– Musulmonlarning ko‘zlarini ochish va madaniyatga xizmat qilish degan maqsad bor ota! – dedi Abdishukur.
– Xudo har kimga bir kasal yuborar ekan-da. Kimga kerak madaniyat? O‘zi nima degan so‘z? – Chol yana qizishib ketdi.—Alhamdulillo, hammaning ko‘zi ochiq, hamma o‘z ishida, har kim o‘z rizqini tarib, yeb turadi. Oqpodshohning qo‘l ostida tinch yashaymiz, obodonchilik… Madaniyat-da!
– To‘g‘ri, podshohimizning soyasida tinch yashiymiz. Lekin, biz deymizki turmushimizda bir qadar isloh yuzaga chiqsin, bema’ni ishlarni yo‘qotaylik dini islomning ravnaqiga qo‘shish qilaylik. Eski maktablardagi bolalarimizning umr zoe bo‘ladi. Yangi maktablar ochib, Qur’oni karim va boshqa. diniy darslar bilan birga, jug‘rofiya, tarix, hisob kabi ilmlarni ham ta’lim beraylik. Boylarimiz o‘zi yordamda bo‘lsalar, ya’ni maktablarning holidan ogoh bo‘lib tursalar, biz Turkiston musulmonlari tez kunda madaniyat olamiga o‘zimizni tanitgan bo‘lar edik, – dedi Abdishukur.
– Xo‘p, maktablarda kim o‘qiydi? – dedi boy.
– Musulmon bolalari.
– Ha, Eshmat, Toshmatning bolalari o‘qiydi, ilm oladi, nega bunga boylar pul beradi? – Mirzakarimboy ko‘zlaridagi ayyor tabassum bilan Abdishukurga tikildi, so‘ng davom etdi, – Bola o‘qisa, foydasi o‘ziga, keyin ota-onasiga tegadi. Bolalarini o‘qitmoqchi bo‘lganlar xarajatini o‘z zimmalariga olsinlar. Boylarning o‘ziga yarasha ishi bor, tirikchiligi bor, orzu-havasi bor. Keyin, ukam Abdishukur, boylar yaxshilik qilsa ham, xalq minnatdor bo‘lmaydi… Xalqning fe’li ma’lum.
– Isloh, albatta, lozim, – patnisning chetiga barmoqlari bilan chertib, beparvolik bilan so‘zladi Hakimboyvachcha, – bizda har xil bid’at ishlar ko‘p. Biz sartlarning yurish-turishimizni ko‘rib, yevrupoliklarning kapalagi uchadi. Yangi maktablarda o‘qiladigan ilmlar shariatga xilof kelmasa, ulamolar fatvo berishsa, har bir ota o‘z bolasi uchun qo‘ldan kelgancha yordam qiladi, albatta. Hozir eski maktablarimizda bolalar har payshanba non, yo nonning pulini olib boradilar. Bundan boshqa bo‘yra puli, ko‘mir puli, idiliq puli ham bor. Mana shu taomilni qo‘ldan qo‘yish kerak emas. Shunday yangi maktabda ham bolalar non o‘rniga har payshanba kuni besh tiyin, o‘n tiyin pul olib borsinlar. Shunday qilinsa, toma-toma ko‘l bo‘lar, deganday, muallimga birmuncha mablag‘ to‘planib qoladi.
– Yigirmanchi asr talabiga javob beradigan mukammal maktablarni bu usulda tashkil qilish mahol, – dedi Abdishukur, – faraz qilaylikki, shu yo‘lni tutdik. Lekin ko‘p otalar shu juz’iy yordamga, har hafta uch tiyin, besh tiyin berishga ham qodir emaslar. Bunga nima deysiz?
– Besh qo‘l baravar emas, – dedi Hakimboyvachcha, – birov olim, fozil bo‘ladi, birov mardikor, hammol bo‘ladi. Bundan boshqa iloj yo‘q manimcha.
– Har qim o‘qiyversa, podani kim boqadi: – dedi achchiqlanib Mirzakarimboy. – Mardikor, ahli kosib, beva-bechora o‘z qornini to‘ydirsa bas-da!.. Ularning bolalari o‘qib, ilm olib nima karomat ko‘rsatar edi? Miri bor oilalarning bolalariga maktab ham, madrasa ham yarashadi.
Endi Abdishukur gapirmadi. Qand bilan choy ichib, bodom chaqib, o‘ylab ketdi: «Darhaqiqat, ahli savdogar bolalari ko‘chalarda oshiq o‘ynab, it urishtirib, yoqavayron kezgan bir pallada fuqaroning bolalariga ilm tahsili chikora?! Yo‘q, avval yurtning homiylari bo‘lgan boyonlar o‘z o‘g‘illarini hozirgi zamon ilmfununi bilan tarbiyalasinlar. Shu ham katta gap. O‘n yil muddatida uch-to‘rt doktor, ikki-uch advokat va Davlat Dumasida otashin nutqlar so‘zlab, Turkiston musulmonlarining huquqlarini mudofaa eta biladigan to‘rt-besh arbobi siyosat yetishsa, biz uchun katta sharaf emasmi? Endi maorif uchun tashviqotni, albatta, savdogarlarimiz, mulk-dorlarimiz o‘rtasida yurgizish kerak. Zotan, Turkiston o‘lkasining istiqboli bu guruhning qo‘lida. Shuning uchun ularni g‘aflatdan uyg‘otish darkor…»
Dasturxon yig‘ishtirildi, namozgar yaqinlashganidan, uchovlari tahorat qilgani turishdi. Namoz shu yerda – mehmonxonada o‘qildi, Abdishukur imom bo‘ldi. Keyin katta laganda palov keltirildi. Gangir-gungur suhbat bilan palovni yeb, Abdishukur ketishga ruxsat so‘radi. U dahlizdan kalishini kiyar ekan, Mirzakarimboy qichqirdi:
– Mulla Abdishukur, ertaga ojizamizga to‘y keladi, marhamat qiling, durustmi?
– Muborak bo‘lsin, juda soz, albatta, kelaman.

II

Arava sig‘maydigan, ichkarilik ko‘chaga bu kun jon kirgan. Ertadan buyon Yormat bu ko‘chani dastakli supurgi bilan qirtishlaydi, chuqurchalarga tuproq solib, tepkilaydi. Bu kun uning boshida yangi, lekin beo‘xshoz do‘ppi. Amalga yangi mingan hovliqma odamdek burnini ko‘targan, yuzi ma’nisiz jiddiy va mag‘rur. Tumov orqasida burnidan to‘xtovsiz oqqan suvni ham sezmaydi… Chag‘ir-chug‘ur qilib, oshiq o‘ynovchi mahalla bolalarini tiriqtirib quvlaydi. Onalari, buvilari bilan to‘yga kelgan mehmon bolalarga – ularning kiyimlariga yaxshi razm solgandan so‘ng – tegishli muomalada bo‘ladi, yo dag‘al so‘zlaydi, yo «akasi jonidan» deb shirin gapiradi.
Ko‘chani chinniday tozalagandan so‘ng, machitdagi hovuzdan obkashlab suv tashimoqqa boshladi. Ba’zi bir «ta’bi tortgan» odamlarga: «to‘yga birga bo‘ling!» deb qo‘yadi o‘zicha.
Kuyov tomondan «to‘y kelish» vaqtiga hali erta. To‘n sohibi Mirzakarimboy ham mehmonxonadan chiqqan emas. Lekin, ko‘chada qatnov, qiy-chuv borgan sari kuchaymoqda To‘da-to‘da xotinlar kelishdi: duxoba, shohi, banoras, qalami va hokazo xilma-xil paranjilar o‘tadi, kelinlar, juvonlar, kampirlar aralash-quralash bo‘lib, Mirzakarimboyning dang‘illama darvozasiga kiradilar. Aksar xotinlarning oldi-orqasi to‘la, katta-kichik, yasangan-tusangan, ukpar taqqan bolalar. Patnislarda, tog‘aralarda, savatlarda kulcha, qovirma chuchvara, varaqi, qatlama va boshqa har nav meva-chevalar…
Yormat darvozadan besh-o‘n qadam narida turib xotinlarga tilyog‘lamalik qiladi: «o‘taveringlar, kiraveringlar, barakalla!» Katta tugunlarni xotinlarning qo‘llaridai, boshlaridan olib, ichkariga kiritishga yordamlashadi.
Kelayotgan ayollarning soni yo‘q. Boylarning to‘ylarini ko‘p ko‘rgan Yormat ham hayratda: «Buncha xotin, buncha bola-chaqa, buncha tavan qayerga sig‘adi?» Anchagina ichkarilikda bo‘lgan hovlida xotinlarning shovqin-suroni, ko‘krak emadigan bolalarning chirqillab yig‘lashlari va qiy-chuv tovushlar yangraydi.
– Hov, Yo‘lchiboymi! Keling, nasiba-de.– Yormat qichqirib, uzoqdan Yo‘lchini qarshiladi.
– Qanaqa to‘y, Yormat aka? – dedi yaqinlashganda hayron bo‘lib Yo‘lchi.
– Ey, bugun xo‘jayinning qiziga to‘y keladi, bilasizmi, xo‘jayinnint Nuriniso degan qizlari bor-ku. Aravani katta ko‘chada qoldirdingizmi?.. Durust. Otni darrov otxonaga kirgizing. Yumush ko‘p, – dedi Yormat Yo‘lchining qo‘lini siqib.
Yulchi shu vaqtgacha dala ishi bilan ovora edi. U har kun aravada shaharga, qandaydir bir saroyga, paxta tashir zdi. Ko‘pincha ikki marta qatnar, oqshom vaqtida, ba’zan undan kechroq dalaga qaytar edi. Bu kun bir qatnovdan so‘ng, otga taqa qoqtirish va arava temirini yangilatish uchun boyga uchrashgani kelgan edi.
Otxonaga otni bog‘lab, shu yerda bir muddat turdi. U har vaqt dalada yashagani uchun Nurining to‘yi to‘g‘risida hech nima eshitmagan edi. Shu jihatdan bu to‘y unga, har bir kutilmagan hodisa kabi, qiziq ta’sir qildi. U Tantiboyvachchaning bog‘idagi uchrashuvdan so‘ng Nurini ko‘rmagan bo‘lsa ham, uning o‘sha vaqtdagi hayajon bilan aytgan so‘zlariga ishona boshlagan edi. «Qiz menya sevmasa, ketimdan qidirib yuradimi? Qo‘rqmasdan, tutilib qolganda gap-so‘z bo‘lishni nazar-pisand qilmasdan, kechasi yonimga chiqarmidi?» deb o‘ylagan edi. Ammo shu bilan baravar, qizning sevgisiga u katta ahamiyat bermagan ham edi. U hali ham kambag‘al «begona» qizni yodlar, hali ham uning boshini goh-goh band qilgan: «U kimning qizi? Uni yana bir ko‘rish peshonamga yozilganmikan?» kabi savollar edi. Hozir esa Nurining to‘yini eshitarkan, yuragi allanechuk o‘ksinganday bo‘ldi, kimdir, uni kamsitganday sevildi. U o‘z ichida shunday o‘yladi: «Nima qilsin, bechora Nuri! U ota-onasiga «men falonchini sevaman» deya oladimi? Yana kimni? Menday bir kambag‘al xizmatkor yigitni!.. Albatta, u o‘z yuragini hech knmga ocha olmagan. Dardini o‘z ichiga yutgan… Agar men bir boynnng o‘g‘li bo‘lsam, Nuri meni sevsa, buni ota-onasiga aytmaganda ham, atrofdagilarga sekin bildirgan bo‘lar edi. Har holda Nuri o‘z to‘yidan rozi bo‘lmasa kerak. Hozir bir burchakda qisilib, yig‘lab o‘tirgan bo‘lishiga shubha yo‘q… Ammo kim biladi, boyvachcha kuyov yaxshidir, xotinlar uni maqtashgan bo‘lsalar, Nuri meni unutgandir.
Nuriga o‘xshash qizlarning ishqi bahorda yoqqan qorday: bir yoqdan yog‘ib, bir yoqdan erib ketadi. Xo‘p, bo‘ladigan ish bo‘libdi, boyning qiziga uylanish xotirimdan kechganmidi?..»
U otxonadan ko‘chaga chiqqan zamon, Yormat obkash va chelak tutqizdi va pochapo‘stinga o‘ralib, mag‘rur yurgan Mirzakarimboyga kulib, dedi:
– Ota, bu kun hovuzni yarimlatadigan bo‘ldik.
Boy, uni eshitmagan kabi, «g‘iq» etmadi. Yo‘lchining salomiga ming‘illab javob qaytardi.
Qiyom vaqtida bir qancha bolalar: «to‘y keldi, tuy keldi» deb baqirib-chaqirib yugurishdi. Yuk orqalagan, og‘ir qoplar ostida ikki bukilgan aravakashlar va mahalla yigitlari ham ko‘rinib qoldi. Yormat Yo‘lchini sudrab ko‘chaning boshiga, aravalar to‘xtagan joyga yugurdi. To‘y uchun kuyov tomoindan o‘n besh arava yuk yuborilgan. Har bir aravada boshqa-boshqa mollar va buyumlar… Bu yerda qiyg‘os-to‘polon bilan aravakashlarning yuzlariga un sepildi. Aravakashlar boshlarini unga tiqqanday yo tegirmonchiday oqardilar, Yigirma bir qo‘yning ma’rashi, so‘kish, askiya, mahalla bolalarining qiy-chuvi ichida aravalarni ildamlik bilan bo‘shatib, yuklarni boynikiga tashishga kirishildi.
Arava-arava un, guruch, qop-qop bodom, pista, kajavalarda holvalar, qirq-ellik katta-kichik yashikda har xil mevalar…
Mahallaning ba’zi bir o‘spirinlari pichoq bilan qopni yo yashikni teshar, cho‘ntaklariga qo‘rqa-pisa meva solardilar.
– Shu bilan nafslaring orom oladimi, qanday betsiz odamsanlar! Hoy, senga aytaman, qopni teshma!..– baqirdi Yormat.
– Ha, to‘ychilik-da. Og‘zimiz chuchib qolsin! – kulishadi yigitlar.
– Yukni bekorga tashiymizmi, qobirg‘amiz sinay dedi! – qichqirishadi boshqalar…
Aravalarning ostida bolalar chumoliday g‘ivirlashadi, qoplardan, yashiklardan to‘kilib, tuproqqa, loyga qorishgan mevalarni terishadi.
Juda yaxshi kiyingan, nozikkina bir yigitcha bilan birga Hakimboyvachcha paydo bo‘ldi. U qovog‘ini solib, qiy-chuvdan mamnun emasligini ko‘rsatdi va bolalarga o‘dag‘ayladi:
– Enalaring ko‘chada tuqqanmi, bu nima hangama! – Bolalar qochisharkan, odatda nikoh kuni aytiladigan xunuk, beadab so‘zlarni baland qichqirishdi. Ko‘chaning bir chekkasida ish tikib o‘tirgan Soli yamoqchi bolalar orqasidan baqirdi:
– Azamatlar, bu gap nikoh kuni aytiladi. Bu kun to‘y! – kinoya bilan xaxoladi.
Hakimboyvachcha bu «pastkash»ning so‘zini eshitmagan bo‘lib, nozik do‘sti bilan o‘tib ketdi.
– Soli aka, sizga qachon ma’ni kiradi? – jahl bilan dedi Yormat.
– Ma’ni? – ko‘zini olaytirdi Soli.– Ma’nini senlarga berdim, ekib qo‘yinglar… To‘y bolalarniki, har qaysi to‘yda bolalar o‘ynaydi. Senlar nuqul quvasanlar, shu ham ma’nimi?
«To‘y keldi» hangamasi bitdi. Bir soatdan so‘ng «yiroq-yovuq»dan to‘yga da’vat qilinganlar kela boshladi. Eshik oldiga, ko‘chaning ikki yuziga qator qo‘yilgan skameykalarda Mirzakarimboy, mahallaning imomi, boylari, boyvachchalari ularni kugib oladilar. Keluvchilar «ahli rasta», ya’ni savdogarlardan, so‘ngra ulamo, mudarris va eshonlardan iborat. «Ahli rastalar»da boylarcha zohiriy mutavozelik va ichki mag‘rurlik, din namoyandalarida – soxta viqor va savlat… Ayniqsa, bular salmoqdor odim otib, sekin-sekin yurib kelishadi, epchil, ziyrak «to‘y boshilar»ning muloyim muomalalari bilan qarshi olinib, boyning tashqari hovlisiga «qadam ranjida» qiladilar Yana bir qancha minutdan keyin, ayni dabdaba bilan moyli soqollarini silab, kekirib chiqadilar. Lekin har birining qo‘ltig‘ida katta tugun – non va har xil meva-cheva. Ayniqsa, ulamo va eshonlarning tugunlari semizroq bo‘ladi.
Mahalla fuqarosiga hali navbat kelmagan. Eski choponlardan bitta-yarimtasi soddadillik bilan mabodo kelib qolsa, to‘y boshilarning ko‘zlari olayadi, qo‘l uchi bilan ishorat qiladilar, u bechorani ohista turtib bir chetga, devor tagiga qaqqaytiradilar: «Nega muncha sabrsizlik!» yoki uni boshqa bir uyga cho‘kkalatadilar. Xususan, bu narsaga Mirzakarimboy qattiq rioya qiladi. U to‘y boshilarga oldindan uqtirib qo‘ygan edi: «Tartib buzilmasin, har toifani o‘z vaqtida, o‘z yeriga o‘tqazish, o‘ziga yarasha kutish kerak».
Bu salobatli odamlar orasida xizmat qilgan Yo‘lchi g‘oyat siqildi. Yursa kalavlaganday, birovni turtganday tuyuladi. Yo‘lchiping jahlini chiqargan va sababini tushunmagan narsa shu edi:—Hamma yoq suv quygandek jim-jit. Hamma shivirlab gapiradi. To‘y boshilarning tili kesilgandek. Ular o‘zaro nuqul imlashadi, boshqalarga ham qo‘l va ko‘z harakati, imo bilan ish buyuradilar. Necha lagan osh, necha patnis va hokazo hammasi imlash, imo bilan bildiriladi. Yurganda qadamni mumkin qadar tez, lekin yumshoq bosish, qo‘l bo‘shaganda, darrov qovishtirish kerak. Hatto choynak-piyolalarni shiqirlatish ham mumkin emas… Yo‘lchi o‘z ichida o‘yladi: «Haligi bolalar qani, haligi sho‘x yigitlar qani? Nega ularni aralashtirmaydilar? To‘y emas, aza bu!»
Chindan ham har bir to‘yda to‘polon qilib, bearmon o‘ynab-kulishga o‘rgangandan bolalar bu «ulug‘ to‘ydan» norozi edilar. Ularning har bir o‘yiniga, har bir hangamasiga «ona bosh» bo‘luvchi To‘xtasin o‘rtoqlarini yig‘di, ularga shivir-shivir bilan bir nimani tushuntirdi. Sakkizta bola birdak: «Bo‘pti, juda soz!» deyishdi-da, devorga tirmashib, tomga g‘izillashdi. To‘xtasin oriq-iflos bir kuchukvachchani ko‘tarib, hammadan keyin chiqdi. Tomdan tomga sakrab, to‘y bo‘layotgan ko‘chaga yondoshgan baland tomga kelib, bo‘g‘ot labida jimgina, pisib o‘tirishdi. Muhiddin bilan Nurmat To‘xtasinni qistadi:
– Nega bo‘zarib qolding, qo‘rqasanmi? Bizga ber!
– Shoshma, qiziqroq bo‘lsin-da! – jidday javob berdi To‘xtasin.
– Anov boyvachchaning ustiga chiptiraymi? Juda qistanib turibman? —Sobir jiddiylik bilan maslahat so‘raydi o‘rtoqlaridan.
– Yo‘q… Ana o‘ziyam bilganday naryoqqa ketdi.
– Nisholdani maza qilib yeb o‘tirgan hov anu sallalikni kesak bilan boplaymi? – dedi Mahmud.
– Yo‘q! U kishi domlamiz-ku, – javob beradi biri. Mahmud quyoshdan ko‘zlarini pana qilib, tikiladi:
– A, domlamiz ekan! Umrlarida nisholda ko‘rmaganday, boshlarini ko‘tarmaydilar-a.
Hammalari kulishadi.
Pochapo‘stin kiygan, sersavlat, bir-biridan takabbur boylar eshikdan gerdayib chiqib, bir necha qadam bosishgan edi. To‘xtasin kuchukbachchani baland ko‘tarib tashladi. Hamma bolalar birdan va-xa-xolab qochishdi. Kuchukbachcha naq haligi «kazo-kazo»larning oyoqlari ostiga tushdi… Ular cho‘chib alanglanib orqaga chekinishdi. Kuchukbachcha quloqnn yirtadigan tovush chiqardi: «ang-ang-ang…» Ayanchli ko‘zlari bilan bir zum atrofga javdirab qarab, keyin oqsoqlanib, to‘ppa-to‘g‘ri Mirzakarimboy o‘tirgan stulning tagiga kirib ketdi, sekinroq, lekin dardchil ingrovchi tovush bilan yana angillay boshladi.
G‘azabdai Mirzakarimboyniig ko‘zlari pir-pir uchdi, rangi oqardi, Yormat tom tomonga ko‘zlarini olaytirib, qochgan bolalarning orqasidan boplab so‘kishni mo‘ljalladi-yu, lekin qayerda, kimlar o‘rtasida turganini darhol esiga olib, tovushini halqumda bo‘g‘di, lablari mudhish qiyshayib, qimirladi, barmoqlari bilan tomga do‘q qildi.
Yo‘lchi kulgidan o‘zini tuta olmay, bir chetga burildi: «Rosa tomosha bo‘ldi, bolalar o‘chlarini oldi!» dedi ichida.
Hassakashlar qatorida, skameykada yonma-yon o‘tirib, xushxo‘r, xushta’m qiyomdan va nisholdadan boshlarini ko‘tarmay, soqol-mo‘ylovlariga oqizib-tomizib, kavshayotgan imom – maktab domlasi va bir mudarris ham, bu munosabat bilan bolalarga husni axloqi ta’lim xususida bir oz dahanaki jang qilishdi.

III

Vaqt shom bilan xufton orasi edi. To‘yning yumushlaridan endigina qutulgan Yo‘lchi to‘qqiz yog‘ochli, pastgina, kun tushmas, zax uyda, shishasi yarmidan uchgan kichkina lampani tutatib, yolgaz o‘tirar edi. Bu uy —«xizmat-korxona», boyning tashchqari hovlisining quyi tomonida, baland, ko‘rkam uylaridan chetda, bir burchakka tiqilgan, shuning uchun ko‘zga chalinmas edi. Uyning to‘riga churuk qora namat tashlangan. Quyi tomoni yalang‘och yer, taxmonda bir eski yashik. Uning ustida ikkita uvada ko‘rpa, toshday qattiq, kir, «shalvrak» yostiq. Daladan biron yumush bilan qaytgan xizmatkorlar bunda qo‘nar edi. Bu kun Yo‘lchi bu uyga birinchi daf’a kirgan edi. U «mo‘l-ko‘l» to‘yda yumush bilan ovora bo‘lgani va o‘zining tortinchoqligi orqasida, qornini unchalik to‘yg‘iza olmagan. Sovuq devorga orqasini suyab o‘ylar edi: «Hamma o‘zini biladi, o‘zim bo‘lay deydi. Qornim to‘qmi-ochmi, qarindosh xo‘jayinlarning parvoyi palagiga ham kelmaydi».
Eshik ochildi, Salimboyvachcha go‘yo bu uyga kirgali hazar qilganday, boshini tiqdi.
– Yo‘lchiboy, shu yerdamisan?
– Assalom, – Yo‘lchi o‘rnidan turdi, – to‘yda ko‘rinmadingiz, Salim aka?
– Do‘konda edim. Yormat yo‘q, sen izvoshni qo‘sh, bir yerga borib kelamiz.
– Izvosh? – hayronlik bilan ko‘zini katta ochdi Yo‘lchi.
– Ko‘rmagansan-a… Bir oydan beri minamiz-ku, yangi ot, yangi faytun. Katta maydondagi saroyda. Ha, qo‘shishni, haydashni bilasanmi?
– Urinib ko‘ramiz.
– Tez bo‘l!
Izvosh yangi shahar ko‘chalaridan birida, derazalaridan elektr yorug‘i ko‘ringan bir qavatli, yangi bino qarshisida, bir necha izvoshlar qatoriga taqalib to‘xtadi. Salimboyvachcha aravadan tushib: «Meni shu yerda kutasan», dedi-da, zinadan tez-tez hatlab, binoning ichiga kirib yo‘qoldi.
Kecha juda qorong‘i va tumanli edi. Keng, tekis ko‘chaga uzoqdan chiroqlar tuman ichida xira sovuq nur sepadi.
– Qalaysan, uka! – birov kelib turtdi. Yo‘lchini. Yo‘lchi bu kishining yuzini ko‘rmasdanoq ovozidan tanidi.
– Ha, salomatmisiz, Jo‘ra aka! – qo‘lini uzatdi unga.
– Qachon olibdi, oti chog‘roq ko‘rinadi, – ko‘zini dam otga, dam aravaga tikib, dedi Jo‘ra.
– Yaqinda olishibdi. Birinchi haydashim, Yormat aka haydab turar ekan shekilli.
– Bu kecha otamlashar ekanmiz. Bu yomon hunar. Izg‘irin urgan bargday sovuqda bujmayasan, zerikasan.
– qayerga keldik? – so‘radi Yo‘lchi.
– Ishing bo‘lmasin. bu yer arshi-a’lo. Uncha-munchaga nasib bo‘lmaydigan joy… Pullarni shu yerda soviradi boylar. Qani, beri kel, xangamalashamiz.

* * *

– Xo‘sh, nima buyuramiz? —so‘radi labini yalab Salimboyvachcha.
– Qattiqrog‘i bo‘lsin, men konyak, – javob berdi paxtachi Jamolboy.
– Qo‘ying, men qizil ichaman, – dedi Salimboyvachcha. Salimboyvachcha katta gavdasi bilan stulni qisirlatib, yo‘g‘on, go‘shtdor qo‘llarini qorday oq surp to‘shalgan stolga qo‘ydi.
– Ta’bi shumo…? Abdishukur, ayting!
– Menmi? – Muallimning to‘satdan bergan savoli qarshisida dovdiragan bola kabi, taraddudlanib, javob berishga urindi Ashdishukur, – menmi? Menga nima rom kelishini o‘zim ham bilmayman. Lekin, doktorlar konyak buyuradilar, mayli, konyak bo‘lsin…
– Siz har vaqt Jamolboy akam bilan cho‘qishtirasiz, bizga jo‘r bo‘ling, qizil iching! – Salim hazillashdi Abdishukurga.
– Bu kishi mening valine’matim, pirim bo‘ladi, – jiddiy javob berdi Abdishukur.
– Qiziq. Ilmsiz, hatto qo‘l qo‘yishni bilmaydigan odam qanday qilib sizdek ilmli odamga pir bo‘ladi? – ko‘zlarini ayyorcha qisdi Salim.
– Tarixdan ma’lumki, ko‘p avliyolar tamom omi bo‘lganlar. Payg‘ambarimiz ham omi edilar, Salimjon! – javob berdi kulib Abdishukur.
– Abdishukurni xudo gapga bichgan, yengib bo‘lmaydi – dedi Jamolboy pixillab.
Ofitsiant bir shisha konyak, bir shisha qizil vino olib keldi, bir ozdan so‘ng turkistoncha va kavkazcha kaboblar taqdim etdi.
Stakanlar bo‘shalgan sari, yuzlar qizarib, gapning kalavasi chuvala boshladi.
– Iching, Salimjon, iching, Abdishukur! —xitob qildi Jamolboy, – besh kunlik dunyoni kayfchog‘lik bilan shiringina o‘tkazish kerak. Kecha bir oz karta o‘ynab, ketidan toza ichibmiz, Maskovdan kelgan bir favurkonchi o‘risning to‘rt ming so‘mini yutibman. Ichishda ham qochirdim uni, azbaroyi xudo! «Sart» ham shunaqa ichadimi, deb hayron bo‘ladi. Qani, sovib qolmasin, ichinglar!
Yolg‘iz boylarga ham katta amaldorlarga muyassar bo‘luvchi bunday hashamatli restoranda o‘tirgani uchun xursand bo‘lgan, kayfi ko‘tarilgan Abdishukur Umar Xayyomning mana shu ruboiysiii yoddan o‘qib ketdi:

Chandon bixuram sharob, kin bo‘yi sharob,
Oyad zi turob, chun ravam zeri turob,
To bar sari xoki man rasad maxmure
Az bo‘yi turobi man shavad mastu xarob.

So‘ng bundan hech nima tushunmay, ko‘zlarini baqraytirgan do‘stlariga bu ruboiyning ma’nisini tushuntirish uchun shoshildi.
– O‘zi juda lazzatli bayt ekan, – zavqlanib gapirdi Jamolboy, – shuni tojiki qilmasdan, o‘zimizcha to‘qisangiz bo‘lmasmidi?
– Kechirasiz, buni ruboiy deydilar. Shoir Hakim Umar Xayyomniki…– javob berdi Abdishukur.
– Xah, munday deng. Sizga bunaqa baytlarni to‘qish tosh ichidan suv siqqanday og‘ir gap-ku, albatta, lekin mulla Abdishukur, shunday lazzat beradigan qilib to‘qishga urining.– Jamolboy stakanni og‘ziga ag‘darib, yana so‘zida davom etdi:– O‘zi ham mendan battar araqxo‘rga o‘xshaydi, oti nima u tojikni, Umar Bahrommi?.. Ha, jinday yanglishibman, Xallam… Sizniki bo‘lsa, nuqul «ko‘z ochaylik», «ilm bog‘ida sayraylik», «jaholat pardasini kuydir», tag‘in qiziqlari bor, xo‘sh, «zambilg‘altak», «Qo‘qon arava»… Kimning ko‘zi yumuq? Menimi? Salimjonnimi? Hakimboyvachchanimi? Hakimboyvachchadek hushyor yigit qayda? Boyonlaramizning bari hushyor. Aqli bo‘lgani uchun boy bo‘lganda. Shunday emasmi, Salimjon?
– Durust, Jamolboy aka, – Salimbayvachcha so‘zga kirishdi, – ko‘zimiz ochiq. Lekin savodli, o‘qigan boy bilan o‘qimagan boy orasida farq bor. O‘qigan boy yo‘l-yo‘riqni tushunadi, ishda oz qoqiladi.
– Bu juda to‘g‘ri gap. O‘zimdan qiyos qilaman. Ishim yomon emas-ku, lekin yo‘l-yo‘riqni oz bilaman. Zakunga tushunmayman. O‘ris orasida yurib, besh-o‘nta so‘z o‘rganib olganman, shuni ishga solaveraman. Endi bolalarimni o‘qitmoqchimanu, ammo dini susayib ketmasmikan, deb qo‘rqaman. Tunov kun bir abrazavan o‘ris bilan uchrashganimda, endi bizning «sartni» bolalari ham shkolda oz-moz o‘qiyapti» desam, u xafa bo‘ldi… «Sart» chistiy xalq, shkolda «sart»ning dini buziladi, senlarning eski shkollaring yaxshi» dedi. Kofir bo‘lsa ham, insofli ekan, deb o‘yladim.
– Jamolboy aka, – ko‘zlarini mastcha suzib gapirdi Salimboyvachcha, – diniy islomni qo‘ldan bermasdan, shariatni dilimizga mahkam joylab, zamon ilmlarini o‘qilsa, zarar qilmaydi. Sayidalim akaning o‘g‘li gimnaziya degan katta maktabda o‘qiydi. Maktabga shapka kiyib bordi-ya. Tushundingizmi, shapka!
– Bekor gapdir, musulmon bolasi shapka kiysin? – Jamolboyning ko‘zlari o‘ynab ketdi.
– Lekin, o‘z uyida besh vaqt namozni kanda qilmaydi. Men yaxshi bilaman. Ichaylik.– Salimboyvachcha stakanni ko‘tardi.
– Apelsin, konyak!
– Bir shisha «marsala»!
– Jamolboy, bir daqiqa ruxsat yeting, kichkina izoh beraman…– asta turtib Jamolboyni o‘ziga qaratdi Abdishukur, – men sizga ko‘p dafta gapirsam ham, g‘olibo maqsadimni hali tushuntirishga muvaffaq bo‘lgan emasman. Kaminaning g‘oyaviy hayoti shunday, yana takrorlayman: milliy sarmoyani o‘z boylarimiz – musulmon boylarimiz to‘la egallasinlar, ya’ni butun Turkistonimizda tijorat shu boylarning qo‘lida bo‘lsin, bu bilan qanoatlanmay, zavod-fabrikalar qursinlar. Maskovga, Varshavaga va hokazo shaharlarga o‘zlari mol olib borsinlar, u yerlardan o‘zlari mol keltirsinlar, deyman. O‘rtadagi shu yahudiy, o‘ris savdogarlarining dumini qisib qo‘yish kerak, deyman. Milliy sarmoyani kuchaytirish uchun savdo-sanoat ilmini bilish, zamondan ogoh bo‘lish lozim, Jamolboy aka. To‘g‘ri, bizda hushyor savdogarlar, epchil boylar bor, ular ko‘paymoqda. Ammo bu kifoya qilmaydi. Komersant bo‘lish kerak, ya’ni ilmiy iqtisodni, ilmiy tijoratni bilgan savdogarlar yetishuvi kerak. Kaminaning dardi endi bir daraja anglashildimi? Milliy sarmoya uchun ichaylik!
– Komersant bo‘lish kerak. Milliy sarmoya uchun ichaman! —stakanni bo‘shatdi Salimboyvachcha.
– Oqpodshohning g‘aznasidan chiqqan hamma pul juhudda, – stakanga konyakni to‘ldirib, pixillab gapirdi Jamolboy, – shu bachchag‘arlarni sindirishga iloj bo‘lsaydi. Gapiring Abdishukur, juhudning pulini qanday qilib o‘zimizga ag‘daramiz?
– Buning uchun komersantlar kerak, bu bir, so‘ngra ittifoq kerak, ya’ni musulmon boylari bir-birlarini qo‘ltiqlasalar…– samimiyat bilan javob berdi Abdishukur.
– E… bizda boylar bir-birini ko‘ra olmaydi, birlashmaydi, shunisi chatoq-da, – shikoyatlandi Salimboyvachcha.
– Biz jadidlar ham bu ahvolga achinamiz…– boshini chayqab dedi Abdishukur
– Men kim? Jadidmi? —kulib so‘radi Jamolboy, – Men sizni ko‘pdan buyon jadidga aylantirganman.
O‘zingiz sezmaysiz-da! —Jamolboyning yelkasiga qoqib javob berdi Abdishukur.
Bir shisha konyak, bir shisha «marsala» va chiroyli vazaga qubba shaklida terilgan apelsin keldi. Jamolboy hali tetik edi. Abdmshukurniig ko‘zlari xiyla besaranjom. Ikkinchi shishaga avvalgiday ishtaha bilan yopishmadi. Salimboyvachcha «marsala»dan ikki stakan ichib xiyla mast bo‘ldi. Endi og‘ziga kelganini qisilmasdan gapishrishga, xotinlar bilan ko‘z urishtirishga, ularni imlashga boshladi.
Restoranda hayot borgan sari qaynaydi. Muzika har xil kuylarni chaladi. Odam qalin, aksari yaxshi kiyingan yevrupolik boylar va amaldorlar. Tatar savdogarlaridan ham ko‘rinadi. Turkistonliklardan esa, bu stoldagilardan tashqari, yana bir qancha kishi o‘tiradi. Bir tomonda qo‘ychi Sultonbekning ukasi Arslonbek, u yolg‘iz, mastlikdan mudraydi, stol to‘la pivo shishasi. O‘rtada zavodchi boyning o‘g‘li Mirkomilboyvachcha ikki yosh xotinni yoniga olib, do‘ppisini stolga qo‘yib o‘tiradi. Dam oyog‘ini chalishtirib, kichkina, bichimsiz yuzini mastlarcha burushtirib, papiros tutatadi, dam xotinlarning og‘ziga vino tutadi, ularga nimalarnidir shivirlab «hiring-hiring» kuladi. Bu yosh boyvachcha uchun restoranda go‘yo hech kim yo‘q, bu joy yolg‘iz uning ayshgohi… Pastroqda, burchakdagi stolda, toza buyumlardan, lekin qo‘polroq tikilgan kiyimlarda gavdali, miqti to‘rt kishi – aftidan, to‘qmoqlik yo olmatalik «sart» savdogar o‘tirishadi; stolni shishalar qoplagan, ular to‘kmada, yo gap-gashtaqda o‘tirganday, qichqirib gaplashadi, qattiq kulishadi. Bu «ulfati chor» ichida katta sallali, oppoq soqolli, lekin vajohati yigitday, bir keksa kishi o‘zining serzavq kulishi, ichishi, xullas, butun siymosi bilan ko‘p odamlarning diqqatini o‘ziga jalb etadi.
Salimboyvachcha o‘z yoniga bir xotinni o‘tqazdi. Xotinning yoshi o‘ttizdan oshgan bo‘lsa-da, upa-eligi, pardozi bilan yoshroq ko‘rinar edi, u yelkasi keng, ko‘krakdor, lo‘ppi yuzli edi.
– Shampanskiy! – buyurdi boyvachcha.
– Kerak emas, – yolg‘onni rostday qilib dedi xotin.
– Yana nima kerak? Shirinlikdan nima? – mastlikdan ruscha so‘zlarni yarim-yorti g‘uldirab, so‘radi Salimboyvachcha.
Jamolboy lablarini yalab, betoqatlanib gapirdi:

Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «ЛитРес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию (https://www.litres.ru/pages/biblio_book/?art=69638128) на ЛитРес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.