Читать онлайн книгу «UCH OG‘AYNI BOTIRLAR» автора Shuhrat G‘ulomov

UCH OG‘AYNI BOTIRLAR
Shuhrat G‘ulomov
Feruza Basharova


Uch og‘ayni botirlar

UCH OG‘AYNI BOTIRLAR
Bor ekan, yo‘q ekan, bir zamonda bir kishi bo‘lgan ekan. Boy ham, kambag‘al ham emas ekan. Uning uchta o‘g‘li bor ekan, uchovi ham o‘qigan, oq-u qorani tanigan, yuzlari oyday, o‘zlari toyday, yomon bilan yurmagan, yomon joyda turmagan ekanlar. To‘ng‘ichi yigirma bir yoshda, o‘rtanchasi o‘n sakkiz yoshda, kenjasi o‘n olti yoshda ekan. Otasi bir kuni ularni oldiga chaqirib, har birining peshanasini silab: O‘g‘illarim, men boy emasman, mendan qolgan davlat sizlarning maishatingiz uchun kifoya qilmaydi, mendan ortiq narsa umid qilib o‘tirmanglar, o‘zimdan keyin baxtsiz bo‘lib qolmanglar deb, sizlarni o‘qitdim. Yaxshi ot qo‘ydim. To‘y qildim, voyaga yetkazdim. Buning ustiga sizlarni yana uch narsa bilan tarbiya qildim. Birinchidan, sog‘lom vujudli qilib o‘stirdim, quvvatli bo‘ldingiz. Ikkinchidan, yarog‘ bilan tanishtirdim – yarog‘ ishlatishga usta bo‘ldingiz. Uchinchidan, qo‘rqitmay o‘stirdim, qo‘rqoq bo‘lmay botir bo‘ldingiz, yana uchta narsani aytaman, quloqlaringizga olib, eslaringizdan chiqarmangiar. To‘g‘ri bo‘ling, bexavotir bo‘lasiz. Maqtanchoq bo‘lmang, xijolat tortmaysiz. Dangasalik qilmang – baxtsiz bo‘lmaysiz. Bundan boshqasini o‘zingiz biling. Qora toyni, saman toyni, ko‘k toyni asbob-anjomlari bilan tayyorlab qo‘ydim. Xurjunlaringizni bir haftalik ovqat bilan to‘lg‘izdim. Baxtingiz yo‘lda, topib olmoq uchun dunyoni ko‘rgani yo‘lga chiqing, dunyoni tanimay dunyo kishisi bo‘lmaysiz. Baxt qushini ushlamoq uchun baxt oviga chiqing. Xayr o‘g‘illarim, deb turib ketdi…
Uch og‘a-ini safarga otlandilar. Yo‘lda ular kechasi navbatma-navbat poyloqchilik qilib chiqishga kelishadilar. Birinchi kecha To‘ng‘ich botir o‘zlariga hujum qilmoqchi bo‘lgan sherni o‘ldiradi. Ikkinchi kecha O‘rtancha botir ajdarni yengadi. Uchinchi kecha Kenja botir podshoh xazinasiga tushmoqchi bo‘lgan o‘g‘rilarni qirib tashlaydi. Ertasi kuni botirlar shaharga kirib, bir joyga qo‘nadilar.
Joy egasi bu botirlarni o‘rdaga borishga taklif qildi. Bular piyoda asta-sekin o‘rdaga bordilar. Podshoh bularning musofir ekanligini bilib, alohida bir ziynatlangan uyga kirgizib qo‘ydi. Boshqa musofir bo‘lmaganidan, ularga juda diqqat-e'tibor bilan qarab, sir olmoqni bir vazirga topshirdi. Vazir aytdi: Bulardan to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘rasak, ehtimol aytmaslar, o‘z hollariga qo‘yib, tashqaridan quloq solib turamiz, nima desalar so‘zlaridan sirini topamiz, dedi. Bu xonada bulardan boshqa hech kim yo‘q edi. Bir vaqt dasturxon yozildi, xilma-xil noz-ne’matlar keltirib qo‘yildi. Ikkinchi bir xonaning teshigidan podshoh bilan vazir quloq solib jim o‘tirdilar. Birozdan keyin uch og‘a-ini botirlar o‘zaro suhbat qila boshladilar. To‘ng‘ich botir dasturxondagi ovqatni ko‘rsatib:
– Shu go‘sht qo‘zi go‘shti ekan, biroq shu qo‘zi it emib katta bo‘lgan ekan, dedi.
O‘rtancha botir aytdi:
– To‘g‘ri aytasiz, podshoh degani it go‘shtidan ham qaytmaydi. Saralab yemoq faqirning ishi, qo‘yni boqib qo‘yibdimi? Men ham bir narsaga hayron bo‘lib turibman, mana shu shinnidan ham odam isi keladi.
Kenja botir aytdi:
– To‘g‘ri, podshohlik qonxo‘rlik demakdir. Qon qo‘shilgan bo‘lsa, ehtimoldan uzoqmasdir. Lekin yomonning qoni bo‘lsa-ku, mayli, begunohning qoni qo‘shilgan bo‘lmasin. Men ham bir narsaga hayron bo‘ldim. Shu nonni taxlagan kishining otasi novvoy ekan, taxlovchi novvoyning o‘g‘li ekan. To‘g‘ri bo‘lsa kerak, debdi To‘ng‘ich botir. Podshoh bizni bu yerga o‘rda voqeasi bilan chaqirgan. Albatta bizdan savol so‘rar, nima deymiz?
– Albatta yolg‘on so‘zlamaymiz, debdi O‘rtancha botir, bu voqeaga aralashgan bo‘lsak, aytmoq lozimdir.
Kenja botir:
– Uch kunlik yo‘lda qanday voqealarni ko‘rgan bo‘lsak, o‘rtaga tashlaydigan vaqt keldi, dedi. To‘ng‘ich botir birinchi kechada sher bilan olishganini aytib, belidagi tasmasini o‘rtaga olib qo‘ydi. O‘rtancha botir ikkinchi kechadagi voqeani aytib, nishona uchun tasmani o‘rtaga tashladi. Kenja botir uchinchi kechadagi voqeani aytib, olgan narsalarini o‘rtaga tashladi.
Podshoh bilan vazir sirdan xabardor bo‘ldilar. Faqat go‘sht, shinni, non to‘g‘risidagi gaplarni tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldilar. Birinchi qo‘ychivonni chaqirtirishdi. Podshoh qo‘ychivondan so‘radi:
– To‘g‘risini ayt, kecha so‘yilgan qo‘zining onasi itmidi?
– Podshohim, bir qoshiq qonimdan kechsangiz aytaman.
– O‘tdim, to‘g‘risini so‘yla!
– Qishning o‘rtasida bir qo‘y tug‘ib, o‘zi o‘lib qoldi, shu vaqtda bir katta itim ham tug‘gan edi. Qo‘zichoqqa rahmim keldi. Yetim qo‘zini och qoldirgim kelmadi. Nochor o‘sha itga emizdirib, katta qilgan edim. Boshqa qo‘zi qolmagani uchun o‘shani yuborgandim, dedi.
Podshoh bog‘bonni chaqirib:
– To‘g‘risini ayt, shinniga odam qoni qo‘shilganmi? dedi.
– Podshohim, bir qoshiq qonimdan o‘tsangiz, bir voqea bo‘lgan edi, aytardim, dedi.
– Ayt, o‘tdim, dedi. Bog‘bon:
– O‘tgan yozda, bog‘dagi uzumzorga har kecha bir odam o‘g‘irlikka tushib, sizga olib qo‘ygan eng yaxshi uzumdan o‘g‘irlab olib keta boshladi. Bir kuni agar qo‘limga tushsa, o‘ldirib, shu tokning tagiga ko‘mib qo‘yay, deb qasd qildim. Bir kecha poylab yotdim. Yana keldi. Shashvar to‘qmoq bilan boshiga urdim. Boshi pachoq-pachoq bo‘lib ketdi. Hech kim bilgani yo‘q. Shu tok tagiga chuqur kavlab ko‘mib qo‘ydim, kelasi yili tok kuchlanib, chunon hosil qildiki, bargidan ham uzumi ko‘p edi. Lekin mazasida ozgina o‘zgarish paydo bo‘ldi. Men uzumdan sizga yubormay, butunicha shinni qilgan edim, dedi.
Nonni podshoh o‘zi taxlagan edi. Bu shohning otasi novvoy edi. Podshoh haqiqatlar bilinganidan keyin, bularning zakovatiga ofarin deb, botirlarning oldiga kirdi. Salom berib ko‘rishdi. Hech bir narsa so‘ramay:
– Sizlarning hamma aytganlaringiz to‘g‘ri bo‘lib chiqdi, mening sizlarga muhabbatim ortdi. Botir mehmonlar, ijozat bersangiz, bir arzim bor edi, agar qabul qilsangiz aytar edim, dedi.
To‘ng‘ich botir:
– Aytganlaringiz to‘g‘ri kelsa qabul qilarmiz, aytingiz! dedi. Podshoh:
– Mening uchta qizim bor, o‘g‘lim yo‘qdir. Men ertaga butun shaharni to‘yga chaqirib, qirq kun osh berib, qizlarimni sizlarga nikohlab ber-sam, mening o‘g‘illarim bo‘lib, bunda qolsangiz, dedi. To‘ng‘ich botir:
– Xo‘p yaxshi aytasiz, lekin bizning ham shartimiz bor. Bizlar podshoh bolasi emasmiz. Otamiz boy ham emas. Sizning davlatingiz podshohlik bilan topilgan, biz qo‘l kuchi bilan tarbiya topganmiz. Elimiz bir bo‘lsa ham, tarbiyamiz boshqa. Qanday bo‘lar ekan? dedi. Podshoh:
– Men bir iqlimning podshohiman, sizni otangiz qo‘l kuchi bilan tarbiya qilib, sizday botirlarning otasi bo‘lgan ekan, mendan nima kamligi bor? Haqiqatda mendan ortiqdir. Tarbiyangiz orqasida jahon podshohlari yig‘lab oshiq bo‘lib yurgan qizlarning otasi sizga o‘z qizlarini yig‘lab tutadi, dedi.
Bular qabul qildilar. Shaharda qirq kun to‘y-tomosha bo‘lib, botirlar podshoh qizlariga uylandilar. Qizlar yo‘qotgan tillalariga gavhar qo‘shib oldilar. Yaxshi tarbiya orqasida yigitlar baxt qushini qo‘lga kirgizdilar. Qizlar bilan botirlar ipakdek kelishdilar.
Podshoh hamma kuyovidan ham Kenja botirni ko‘proq yaxshi ko‘rardi. Kunlardan bir kun podshoh bir salqin joyda uxlab yotgan edi, yonidagi ariqdan bir ilon chiqib, podshohga zahar solmoqchi bo‘lib turganda, to‘satdan kelib qolgan Kenja botir uni ko‘rib, belidan qilichini sug‘urib, chopib, ikki bo‘lib tashladi. Yana qilichini qiniga solib turganida podshoh uyg‘onib qoldi. Dilida: Qizimni berganimga qanoat qilmay, meni o‘ldirib, podshoh bo‘lmoq xayoli bor ekan, deb shubha qildi. Vazirga chiqib voqeani aytdi. Vazirning botirlarga hasad-adovati bo‘lib, qulay paytni kutib yurgan ekan, yaxshi bahona bo‘ldi.
Vazir podshohga:
– Shunday bebaho qizlaringizni, mendan bir maslahat so‘ramay, yaxshi tarbiya ko‘rgan deb, musofirlarga berib qo‘ydingiz, endi mana bir uchini sizga ko‘rsatdi. Eng yaxshi deb sevgan kuyovingiz sizni o‘ldirmoqchi bo‘lgan ekan, yana bir kuni boshqacharoq hiyla bilan sizni o‘ldirib qo‘yar, dedi.
Podshoh vazirning so‘ziga ishonib:
– Zindonga solinsin! deb buyurdi.
Kenja botirni zindonga soldilar. Kenja botirning qallig‘i juda xafa bo‘ldi. U botirni nihoyatda yaxshi ko‘rardi. Yig‘lab-yig‘lab, kelinchakning yuzlari so‘liy boshladi.
Bir kuni qiz otasining oyog‘iga boshini qo‘yib, yig‘lab, qallig‘ini afv etishni so‘radi. Podshoh qizining yuzidan o‘tolmay, Kenja botirni zindondan oldirib keldi. Qallig‘i juda sog‘inganidan kuyovini quchoqlab, yuzlaridan o‘pib, qo‘lini yelkasiga tashlab yig‘lab turar ekan, podshoh Kenja botirga qarab:
– Botir, siz shunday vafosizmisiz?
– Ko‘rmayapsizmi, mening qizim sizga qanday mehribon. Shu qizimni ham rioya qilmay, qay ko‘ngil bilan meni o‘ldirmoqchi bo‘ldingiz? dedi. Kenja botir podshohga qarab bir hikoya aytdi.

– Bir zamonda bir poshdoh bor ekan, uning yaxshi ko‘rgan bir to‘tisi bor ekan. Podshoh to‘tisini shunday yaxshi ko‘rar ekanki, bir soat ko‘rmasa turolmas ekan. To‘ti ham podshohga juda mehribon bo‘lib, har turli shirin so‘zlar aytib, xursand qilar ekan. Bir kuni to‘ti podshohdan so‘rabdi: Mening Hindiston degan yurtda ota-onam, aka-ukam, opa-singillarim bor, falakning gardishi bilan sizning dargohingizga kelib qolgan edim. Shukurlar bo‘lsin, aql-idrokim, yaxshi xulqim, shirin so‘zim orqasida sizday podshohga hamsuhbat bo‘ldim. Endi, iltimosim shuki, meni qafasdan bo‘shatib, yigirma kunga javob bersangiz, olti kun borishim, olti kim kelishimga ketsa, bir hafta ota-onam, aka-ukalarimni ko‘rib diydoriga to‘ymog‘im uchun yetar. Podshoh:
– Yo‘q, senga javob bersam, yana kelmay qolsang, men sog‘inaman, juda xafa bo‘laman, debdi. To‘ti:
– Yo‘q, podshohim, sizning menga ko‘rsatgan iltifotingiz yomon yo‘lga boshlamaydi, qanday bo‘lsayam va’da ulug‘, muqaddas narsa, uni buzish yaramaydi. Va’dani buzmoq og‘ir gunoh. So‘z beraman so‘zimda turaman, debdi.
– Xo‘p bo‘lmasa, agar tezda kelsang ikki haftaga ruxsat beraman, debdi podshoh.
– Xayr, endi qanday bo‘lsa ham chiqay, deb to‘ti o‘n besh kunga ruxsat olibdi. Devorga qo‘nib turib, xayrlashibdi. Janub tomonga qarab uchib ketibdi. Podshoh orqasidan qarab qolibdi. Podshoh to‘tining qaytib kelishiga ishonmas ekan.
To‘ti olti kun deganda Hindiston degan mamlakatga borib, ota-onalarining oldiga yetibdi. Bechora to‘ti juda xursand bo‘lib, tog‘dan toqqa, bog‘dan boqqa, shoxdan shoxga sakrab, uchib, o‘ynab-kulib, ota-onasining diydoriga to‘ydi, qarindosh-urug‘iga mehmon bo‘lib, uch kunni qanday o‘tkazganini bilmay qoldi. Ertasi yana qafas tomonga, tutqunlikka uchmog‘i kerak ekan. Ota-onasi, aka-ukalaridan ajralmoq juda og‘ir bo‘libdi. Bir tarafda va’da bor, va’daga vafosizlik xavfi turadi. Bechora to‘tining quvonchi tugabdi. Shodligi g‘amga almashibdi. Qanotlari so‘libdi. Ikkinchi qaytib kelish yo bor, yo yo‘q. Qarindosh-urug‘lar bir joyga to‘planishibdi. Hammasining ko‘zi g‘amli to‘tida ekan. Qanday bo‘lsa ham qaytmaslikni maslahat berishibdi. To‘ti aytibdi: Yo‘q, yana qaytmoq uchun va’da berganman, va’daga vafo qilmasa bo‘ladimi?
Bir to‘ti aytibdi:
– Va’da bergan podshohingda insof bo‘lsa, seni uch yil qamoqda saqlab, faqat ikki haftaga javob berarmidi? Seni sevar ekan, seviklisini qafasda tutmoq yarashadimi? Dunyoga qafasda turmoq uchun keldingmi? Bir kishining xushvaqtligi uchun erkinlikni qo‘ldan berma! Podshoh deganning marhamatidan qahri ortiqdir, podshoh bilan sherga yaqin bo‘lmoq hikmatdan emasdir.
Podshohning to‘tisi aytibdi:
– Menga bir yo‘l ko‘rsating, men ham erkinlikka chiqay, ham va’da yolg‘on bo‘lmasin.
Ona to‘ti aytibdi:
– Shunday bo‘lsa men ham bir maslahat beraman. Bizning joyda bir daraxtning mevasi bor, har kim bir donasini yesa, qari chol bo‘lsa yigitlik holiga qaytur. Kampir yesa qiz kabi yoshlik holiga kelur. Podshohga shundan uch donasini olib borgin, bu bebaho mevani berib, o‘zingning butunlay ozod etilishingni so‘ra, shoyad insofga kelib, butunlay ozod etsa, debdi.
Bu gap ma’qul tushibdi. Shu chog‘da uch dona meva olib kelibdilar. To‘ti uni changalida mahkam ushlab, xayrlashib shimol tomonga qarab uchibdi. Qarindoshlari zo‘r umid bilan orqasidan qarab qolishibdi.
To‘ti olti kun deganda podshohning saroyiga yetib kelibdi. Podshoh bilan ko‘rishib, olib kelgan tortiqni unga beribdi, xosiyatlarini bir-bir aytibdi. Podshoh juda xursand bo‘libdi. Ozod qilmoqqa va’da beribdi. Bir donasini xotiniga berib, ikki donasini vazirga ko‘rsatmoq uchun bir piyolaga solib qo‘yibdi. Ertasiga vazirga ko‘rsatib, xosiyatlarini aytibdi. Vazirning bunga hasadi kelibdi. Ichida xafa bo‘libdi. Ishni boshqacha yo‘lga burmoqni ixtiyor qilibdi:
– Siz bu parrandaning olib kelgan narsasini yemay turing, oldin bir tajriba qilib ko‘raylik, durust bo‘lsa yemoq qochmaydi, debdi.
Bu gap podshohga ma’qul tushibdi. Vazir vaqtini topib, piyoladagi ikki dona yoshartiruv mevasiga zahar aralashtirib qo‘yibdi. Bir kundan keyin vazir aytibdi:
– Endi yoshartiruv mevasini bir tajriba qilaylik. Buning uchun qamoqxonadan ikki nafar odamni olib chiqib yediribdilar. Ikkalasi shu chog‘dayoq o‘libdi. Vazir aytibdi:
– Agar siz yesangiz nima bo‘lardingiz? Men ham o‘lardim, debdi podshoh. Bechora to‘tini qafasdan sudrab olib chiqib, kallasini tanasidan uzib tashlabdilar.
Bir kuni podshoh bir odamni g‘azab bilan o‘ldirmoqchi bo‘libdi. Bu kishi keksa ekan. Qolgan bir dona mevani yemoqqa buyuribdi. Haligi odam mevani yegan ekan, oqargan sochlari tu-shib ketibdi, tishlari butun bo‘lib, ko‘zlarining nuri ortib, yigirma yashar yigit holiga kelib qolibdi. Podshoh vazirdan shubhalanib, piyolani olib kelib qaragan ekan, zahar qo‘shilganligini bilibdi. Podshoh vazirni ham o‘ldirib yuboribdi. Bechora to‘tining begunoh o‘lganiga qayg‘uribdi, lekin ish o‘tgan ekan. To‘ti podshohga yaqin bo‘lganining mukofotinigina ko‘ribdi.
– Endi men o‘zimning qilgan yaxshiligimni aytay, debdi Kenja botir va ariqdan chiqqan ilon voqeasini aytibdi. O‘sha joyda ikki bo‘linib yotgan ilon tanasini olib kelib ko‘rsatibdi. Podshoh qilgan ishiga pushaymon bo‘libdi. Kenja botirdan uzr so‘rabdi.
Kenja botir aytdi:
– Taqsir, endi ruxsat bersangiz, bizlar o‘z yurtimizga qaytsak. Podshoh yalinib-yolvorib, qolishlarini so‘radi. Qabul qilmadilar. Biz saroy kishisi bo‘lolmaymiz. Biz mehnat bilan, kasb-hunar bilan yashaymiz, dedilar. Podshoh:
– Bo‘lmasa qizlarim qolsinlar, degan edi, qizlari rozi bo‘lishmadi. Ular:
– Biz kuyovlarimizdan ajralmaymiz, ruxsat bersangiz, biz ham kuyovlarimiz bilan birga ketsak, sizni ko‘rgani har yili kelib turamiz, deyishibdi. Podshoh hayron bo‘lib, nochor ruxsat berdi. Butun narsalarini yig‘ishtirib, safarga chiqdilar. Botir yigitlar o‘z xotinlari bilan ikki yil deganda, otalarining oldiga olti kishi bo‘lib keldilar. Botirlar otalari bilan quchoqlashib ko‘rishib, xotinlarini tanishtirdilar. Otasi ham, bularning kelishini eshitib, uch bo‘lak hovlibog‘ tayyorlab qo‘ygan edi. Har birlari tayinlangan joyga ko‘chib kirdilar. Qizlar kuyovlari bilan rohat-farog‘atda yashab, murod-maqsadlariga yetdilar.

TULKI BILAN TOVUS
Ertagiyo ertagi, echknlarning bo‘rtagi, qirg‘ovul qizil ekan, quyrug‘i uzun ekan, ko‘k muzga mingan ekan, muruti singan ekan, g‘oz karnaychi ekan, o‘rdak surnaychi ekan, ola qarg‘a azonchi, qora qarg‘a qozonchi, chumchuq chaqimchi ekan, to‘rg‘ay to‘qimchi ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, ertagimning eri bor, yetti kunlik yeri bor, yetti kunlik yerida dumi kalta bo‘ri bor.
Kunlarning birida tulki ketayotgan ekan, bir tovus dumini setora-setora qilib kelaveribdi. Shunda tulki aytibdiki:
– Ey tovus, ajab-ajab o‘yinlaring bor ekan, bir yaxshilab o‘ynab bergin.
Tovus dumini setora-setora qilib o‘yinga tusha beribdi. Tulkining qorni och ekan, o‘ynab turgan paytida uni ushlab olibdi. Bir vaqt tovus qarasa, tulkining avzoyi buzuq, uni yemoqchi bo‘lib turibdi. Tovus:
– Ey tulki, nima qilayapsan? – debdi. Tulki aytibdi:
– Mening qornim och, endi seni yegim kelib qoldi.
Tovus:
– Xo‘p mayli, meni yegin, lekin ko‘z oldimda, bir fotiha o‘qib yesang, hech armonim qolmas edi, – debdi.
Shunda tulki pichir-pichir qilib qo‘lini ko‘taribdi:
– Omin, ollohu akbar, – degan ekan, tovus tulkining oldidan «var» etib uchib ketibdi. Tulki qo‘lini ko‘targanicha tovusga qarab turib shunday deb fotihasini davom ettiraveribdi:
– Ovqat yemasdan oldin fotiha o‘qigan ahmoq ekan, ovqatni yeb bo‘lib, undan keyin fotiha o‘qish kerak ekan, omin ollohu akbar, – deb fotihasini tamom qilibdi.

CHO‘PON HAQIDA ERTAK
Bir bor ekan,bir yo‘q ekan. Bir zamonlar bir cho‘pon bo‘lgan ekan.U xar kuni erta tongdan qo‘ylarini dalaga olib chiqar ekan. Uning qo‘ylari o‘tlab yurgan vaqtda u judayam zerikar ekan.
Shu vaqtda birorta bir fo‘ydali ish bilan mashg‘ul bo‘lish o‘rniga,doimm xayol surib o‘tirish bilan ovvora bo‘larkan.Ana shunday kunlarning birida cho‘po‘n yana dalaga qo‘ylari bilan chiqibdi. Qo‘ylari o‘tlab yurgan vaqtda, cho‘pon zerikishni boshlabdi. Shunda bekorchilikdan uning xayoliga bir fikr kelibdi-da,o‘zining bu fikri unga ma’qul kelibdi.
– «Xozir odamlar, yordam beringlar, qo‘ylarimga bo‘ri xujum qilayapti» – deb odamlarni chaqiraman-da, ular yordamga yugurib kelib, bo‘rini qidirishadi, men esa ularning ishonuvchanliklari uchun ustilaridan rosa kulaman, deb o‘ylabdi.
– «Odamlar,odaaaamlaar! Yordam beringlar! Bo‘ri qo‘ylarimga xujum qilayapti!» – deya bor ovozi bilan baqira boshlabdi.
Buni eshitgan odamlar cho‘ponga yordam berish uchun yugurib kelishibdi. Odamlar kelib, qarashsaki bo‘ri yo‘q, cho‘ponning qo‘ylari esa tinchlikda o‘tlab yurushibdi, Cho‘ponning o‘zi bo‘lsa xandon otib kulayotganmush, Odamlardan biri – «Nega bizni aldading, ey cho‘pon, yolg‘on gapirib, shuncha odamni ovvora qilishga uylamadingmi?!» – debdi.
Cho‘pon bo‘lsa qilgan ishidan uyalmay, – «Shunchalik xam laqma bo‘lasizlarmi, axir men xazillashdim-ku» – deb kulibdi. Odamlar bundan xafa bo‘lib, ortlariga qaytib ketishibdi.
Shu voqeadan so‘ng ikki kun o‘tib, rosdan ham cho‘ponning qo‘ylariga bo‘rilar xujum qila boshlashibdi. Cho‘pon odamlarni yordamga chaqiribdi, ammo bu safar odamlar,
– «Cho‘pon yana bizni kalaka qilmoqchi, xozir borsak, yana laqmasizlar deb ustimizdan ku-ladi» – deb o‘ylab yordamga borishmabdi. Cho‘ponning xamma qo‘ylari bo‘rilarga yem bo‘libdi.
Qilgan xatosini tushunib yetgan cho‘pon qilmishidan juda afsuslanibdi va odamlardan kechirim sorabdi. Bolajonlar bu ertakdan sizlar xam xulosa chiqargan bo‘lsangiz kerak-a? Yolg‘o‘n gapirish va odamlarning ustidan kulish eng yomon odatdir!

XASIS BOY
Qadim o‘tgan zamonda, biz bilmagan tomonda bir boy bo‘lgan ekan. Uning haddan tashqari xasisligini qishloqda hamma bilar ekan. Bir kuni boy tong saharda bomdod namozini o‘qish uchun masjidga chiqibdi. Azon aytilib, imom «Allohu akbar» – deb namozini boshlaganda, xasis boyning uyda chiroqning yoniq qolgani, o‘chirib kelish esidan chiqqani yodiga tushibdi-da, namozini ham tashlab, uyiga yuguribdi. Halloslagancha yetib kelgan boy eshikni taqillatishdan o‘zini zo‘rg‘a to‘xtatibdi. Har eshikni taqillatganda bo‘yog‘iga zarar yetib, ohiri ketishi mumkinligini o‘ylabdi. Axiri, boshqacha yo‘l topibdi, u ovozi boricha baqirib uydagilarni chaqiribdi. Ichkaridan kelini chiqibdi. U eshikni ochishi bilanoq boy yugurib borib chiroqni o‘chiribdi.
– Xudoga shukr, yaxshiyam chiroq yonib qolgani esimga tushibdi-ya, qizim, namozni o‘qib kelgunimcha qancha yoqilg‘i, qancha pilik yonib tugardi-ya, – debdi u hansirab. Kelini shaddodroq ekan:
– Dadajon, namozni o‘qib kelguningizcha qancha kerosin, qancha pilik ketishini o‘ylabsizu, masjiddan yugurib kelguningizcha kovushingizning tagi qanchalar yeyilishini o‘ylamabsiz-da? – debdi.
Shunda boy miyig‘ida kulgancha der emish:
– Bu yog‘ini ham o‘ylab qo‘ygandim! Kovushni qo‘ltig‘imga qistirib yugurdim. To‘g‘ri, tovonimga bir-ikki tikan kirdi, ha, mayli, oyoq-ku ikki-uch kunda tuzalib qoladi, ammo kovushimga biror nima bo‘lganda men chidolmasdim!
Kelini uning haqiqiy ziqna ekanligiga yana bir bor tan beribdi.

QAYIQCHI
Qadim zamonda bir qayiqchi bo‘lgan ekan. U daryo bo‘yida yashar va har kuni daryodan baliq ovlab, sotar ekan. Qayiqchi bolalari bilan Xudoga ibodat qilishni kanda qilmas ekan. Buni ko‘rolmagan shayton qayiqchini yo‘ldan urishga urinibdi:
– Qayiqchi, bu daryo qayerga borib qo‘shiladi?
– Bilmayman, – deya javob qaytaribdi qayiqchi.
– Dengiz degan katta suvga qo‘shiladi. Bu katta suvda turli xil baliqlar bo‘ladi. Go‘shtining ta’mi tovuqning go‘shtidan ham, mol go‘shtidan ham shirin bo‘ladi. Kattaligi senday, vazni xo‘kizday. Bittasini tutib sotsang, o‘rniga sut beradigan yaxshi bir sigir beradi.
Qayiqchi og‘zini ochib, shaytonning gapiga laqqa ishonibdi.
– Bu yerda bir umr baliqchilik qilib kuningni bazo‘r o‘tkazayapsan. Menga qara, qayiqchi, sen katta bir qayiq yasa, bir marta baliq tutsang, umrbod to‘kin-sochin yashaysan.
Qayiqchi nafsga, orzu-umidlarga berilib, Yaratganni unutibdi. Bir hafta deganda, u katta qayiq yasabdi. Bola-chaqasi bilan xayrlashib, ularga tayinlabdi:
– Sizlar hamma xonalarni bo‘shatinglar. Xonalarga baliq to‘ldiramiz.
Shu payt qayerdandir paydo bo‘lgan o‘sha shayton qayiqchining yelkasiga yana o‘tirib olibdi.
– Xafa bo‘lma, qayiqchi, men bilan do‘st tutinganlarning yelkasiga o‘tirishni yaxshi ko‘raman. Qayiqchi, sen tayyormisan? Bo‘lmasa, ketdik.
Qayiqchi xursand edi, u shaytonning ko‘rsatmalariga so‘zsiz itoat etardi. Shayton va qayiqchi ikki kun suzganlaridan keyin «dengiz» deb ataladigan katta bir maydonga chiqishibdi. Dengizni ko‘rib, qayiqchi shaytonga qayta-qayta minnatdorchilik bildiribdi.
– Rahmat senga, do‘stim, endi ayt, qayerga to‘r tashlay?
– Shoshilma, sohil bo‘ylarida baliqlar kichkina bo‘ladi. Dengiz o‘rtasida aytganimdek, xo‘kizday-xo‘kizday baliqlar bo‘ladi.
Ular dengiz o‘rtasigacha suzib borishibdi. Qayiqchi shaxd bilan eshkak eshib, kun botganini ham sezmay qolibdi. U dengiz o‘rtasiga borib, charchab, biroz dam olgisi kelibdi. Dengizning na boshi va na oxiri ko‘rinarkan. Birdan chaqmoq chaqib, yomg‘ir yog‘a boshlabdi. To‘lqin ko‘tarilib, qayiqni chayqata boshlabdi. Timsohga o‘xshagan hayvonlar qayiqqa hamla qila boshlabdi. Qayiqchi bunday qo‘rqinchli manzarani endi ko‘rishi ekan.
Qayiqni dengiz o‘z domiga torta boshlabdi.
– Do‘stim, qaydasan, qayerga olib kelding, meni?
Shayton qax-qax kulib:
– Men seni to‘g‘ri yo‘lingdan adashtirdim. Agar menga ergashmasang, xozir mazza qilib bola-chaqangni oldida yayrab, ibodatingni qilgan bo‘larding. Shunga aytadilar-da, «Uzoqning bug‘doyidan yaqinning somoni yaxshi» deb.
Qayiqchi tushunibdi, «do‘sti»ning shayton ekanligini fahmlabdi. Qayiqchi dod-voy qilganicha suvga g‘arq bo‘libdi…

XASISLIK OQIBATI
Qadim zamonda bir xasis boy yashagan ekan. Uning uch o‘g‘li bor ekan. Ular ham otasi singari xasis ekan. Mol-u dunyo topishda har qanday razillikdan qaytmas ekanlar.
Kunlardan bir kuni mol-dunyo orttirish, boyliklariga boylik qo‘shish maqsadida yo‘lga chiqishibdi. Yo‘lda ketayotib bir oltin g‘isht topishibdi. G‘ishtning bir chetidan sindirib, eng kichik ukalariga ovqat olib kelish uchun berib yuborishibdi. Ukasi ketgandan keyin akalarining dili buzilibdi. «Agar oltinni uchga bo‘lib ukamizga ham bersak, o‘zimizga juda oz tegadi. Yaxshisi, oltinni ikkiga bo‘lib olib, ukamiz kelishi bilan uni o‘ldiraylik», deyishibdi, ukasi ham bozorga ketayotib: «Agar bu oltinni uch kishiga bo‘lsak, har birimizga ozginadan tegadi. Undan ko‘ra oltinni men o‘zim butunicha olsam. Buning uchun akalarimni o‘ldirishim kerak. So‘ng oltin bir o‘zimga qoladi, davlatim ko‘payib, dong‘im uzoqlarga ketadi», deb o‘ylab, olib kelayotgan ovqatining ichiga zahar solib, akalarining oldiga kelibdi. Akalari ukasi kelishi bilan uni bo‘g‘ib o‘ldirishibdi. Qorinlari ochib, ukasi olib kelgan ovqatdan yeb, ikkala akasi ham jon beribdi.

OMON BILAN YOMON
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda ikki do‘st bo‘lgan ekan. Birining ismi Omon, ikkinchisining ismi Yomon ekan. Ularning ikkalasi ham oilali, bola-chaqali ekan.
Omon to‘g‘ri so‘z, kamtar, rahmdil ekan. Yomon esa, yolg‘onchi, baxl ekan, do‘sti Omonning baxtini hech ko‘rolmas ekan. Yomonning ko‘pdan beri Omonning xotiniga ko‘zi kuyib yurar ekan, Omonnnng xotini ham Yomon bilan qiziqib qolgan ekan Omonning esa bundan xabari yo‘q ekan.
Bir kuni qishda, Omon kechasi eshikka chiqsa, chorbog‘da, qorning ustida bitta handalak palagi dumalab yotgan ekan. Handalak palagi gullagan va hatto bittasi yetilgan ham ekan.
Omon hayron bo‘lib, ko‘rgan narsasini xotiniga kirib aytibdi.
Xotini ham tashqariga chiqib, handalakni ko‘rib, eriga shunday debdi:
– Siz machitga borib, bu sirni odamlarga aytsangiz, ishonmaydilar. Shunda siz ular bilan shartlashing. Siz, albatta, yutasiz.
Omon ertalab machitga borib, ko‘rgan narsalarini odamlarga aytibdi. Odamlar ishonmabdilar. Omonning xotini eri machitga ketishi bilan darrov handalakni yulib olib, Yomonning uyiga boribdi. Handalakni unga berib, bo‘lgan voqealarni aytib beribdi, Yomon ham darrov machitga boribdi. Machitda hamma Omonning gapidan hayron, «Qishda handalak yetilmaydi-ku, Omon ham yolg‘onchi ekan-da», deb turishgan ekan. Omon:
– Gapim rost, ishonmasanglar men bilan shartlashinglar, – debdi. Shu payt Yomon:
– Omon yolg‘on gapiryapti. Qishda ham handalak bo‘larkanmi? Omon bilan men shart o‘ynayman, – debdi.
Omonning achchig‘i kelibdi. Odamlar nimadan shart o‘ynar ekanlar, deb hayron bo‘lib qarab turibdilar.
Yomon shartni aytibdi:
– Agar chorbog‘ingda handalak palagi bo‘lmasa, men uyingga kirib, birinchi nimani ushlasam, o‘sha ushlagan narsam meniki bo‘ladi. Agar sening gaping rost bo‘lsa, sen menikiga borasan va birinchi ushlagan narsang seniki bo‘ladi. Boshqa ikkinchi narsani ushlash mumkin emas. Agar ochko‘zlik qilib, ikkinchi narsa ushlansa, o‘sha narsa bilan o‘lguncha urish.
Machitdagi odamlar Omonga uch soat vaqt beribdilar. Uch soatdan keyin hammalari uning uyiga borishga kelishibdilar. Omon kelib qarasa, uyidagi handalak palagi yo‘q emish. Omon xotinidan so‘rabdi. U bilmasligini aytibdi. Omon nima qili-shini bilmay, xafa bo‘lib tursa, so‘rining tagidan itining mushuk bilan suhbatini eshitib qolibdi. Mushuk:
– Ey, do‘stim it, ko‘rdingmi xo‘jayinimiz juda xafa. U machitda shart o‘ynagan edi. Handalakni esa xotini Yomonnikiga olib borib bergan. «Sen kelib, birinchi bo‘lib meni ushlaysan», degan. Endi Yomon kelib xo‘jayinning xotinini birinchi ushlaydi va olib ketadi. Omon esa, yutqazib sharmanda bo‘ladi, – debdi. It:
– Ey mushukvoy, agar Omonning esi bo‘lsa, hozir xotinini yasantirib, tomga chiqarib qo‘yadi, Yomon kelib, shotining birinchi pog‘onasiga oyog‘ini qo‘yib, keyingilarini ushlaydi. Xo‘jayin esa, darrov Yomonni tortib tushirib, shotini birinchi pog‘onasini berib, qolgan pog‘onasi bilan uni uradi, – debdi.
Omon it bilan mushukning gaplarini eshitib, darhol xotinini yasantirib, tomga chiqarib qo‘yibdi va xotiniga:
– Men ruxsat berganimdagina pastga tushasan. Agar so‘roqsiz tushsang yoki qimirlasang, o‘ldiraman, – debdi. Uch soat o‘tgandan keyin machitdagi kishilar bilan Yomon kelibdi. Kishilar qarashsa, handalak yo‘q ekan.
– Endi shartingni bajargin, – debdi kishilar Yomonga. U Omonning xotinini qidirib uyni qarasa yo‘q, tomning tepasida o‘tirgan emish. Yomon shoshilib darrov shotilarni ushlab tomga chiqa boshlabdi. Omon shotini tepib, Yomonni yiqitib yuboribdi. Odamlarga qarab:
– Nimaga Yomon ochko‘zlik qilib birinchi ushlagan narsasini olmay, boshqa narsalarni ushlaydi, – debdi Omon. Shartga muvofiq Yomonga shotining birinchi ushlagan pog‘onasini shotidan sug‘urib qo‘liga beribdilar. «Ochko‘zlik qilganing uchun» deb Omon uni shotining boshqa pog‘onalari bilan rosa uribdi. Omon odamlarga bo‘lgan voqeani aytib beribdi. Yomonni uyidagi handalakni olib kelib, kishilarga ko‘rsatibdi. Hamma Omonning qilgan ishidan quvonibdi. Yomonni esa haydab yuborishibdi.

QIZG‘ANCHIQ IT
Bir it bor ekan, u juda qizg‘anchiq ekan.
Bir kun shu it sheriklari bilan talashib kattakon bir suyakni olib qochibdi. Suv ustidagi yakka cho‘pdan o‘tayotsa, suvda bir it og‘zida katta suyak tishlab, ko‘zlarini olaytirib, itga tikilib turgan emish,
It:
– Ir-ir-ir, – deb tishini irjaytirgan ekan, suv ichidagi it ham tishini irjaytiribdi.
It uning og‘zidagi suyakni ham tortib olmoqchi bo‘libdi va: «Hap!» – deb itga tashlanibdi. «Hap» deyishi bilan og‘zidagi suyagi, uning ketidan o‘zi ham «cho‘lp» etib, suvga tushib ketibdi, Qizg‘anchiq it rosa shalabbo bo‘libdi.

QOZI
O‘tgan zamonda bir er-u xotin bo‘lgan ekan, Ular bir-birlari bilan juda ahil yashar ekanlar, uylarida qo‘y-echkilari va tovuqlari ko‘p ekan. Ro‘zg‘orlari but, o‘zlariga to‘q yashashar ekan.
Nima bo‘libdi-yu, er-xotin arzimagan narsaga janjallashib qolishibdi. Keyin ular ajrashmoqchi bo‘lishibdi va qozining yoniga borib, bo‘lgan voqeani aytib berishibdi. Shunda qozi:
– Uyinglarda nimalaringiz bor? – deb so‘rabdi.
– Uyimizda mol-pol, gilam-pilam, qo‘y-po‘y, echki-pechki, tovuq-movuq kabi narsalarimiz bor, – deb javob beribdi eri.
Shunday qilib uydagi bor narsalarni shu yo‘sinda aytib chiqibdi.
Qozi:
– Boravering, men hozir boraman – debdi.
U kishi endi uyiga yetib kelgan ekan, qozi ham kirib kelibdi va narsalarni ajrim qila boshlabdi, birma-bir nomini aytib: «mol xotiningizga, pol sizga, uy xotiningizga, puy sizga, gilam xotiningizga, pilam sizga» qabilida hamma narsalarning yarmini xotiniga, ularlarning aksini eriga taqsimlabdi. U kishiga faqat keyingi narsalar tegibdi. Shunda u kishi;
– Narsalarning hammasini teng qilib bo‘lishingiz kerak edi-ku? – debdi.
Qozi esa:
– O‘zingiz aytgan narsalarning hammasini teng o‘rtasidan bo‘ldim, – debdi, U kishi aytgan gaplariga pushaymon bo‘lib, indamay qolaveribdi.

USTAMNING HAQI KO‘P
O‘tgan zamonda bir temirchi bo‘lgan ekan. Do‘koniga bir qozoq kelib, undan:
– Temir o‘choq qancha temirdan yasaladi? – deb so‘rabdi.
– Olti pud temirdan bo‘ladi, – debdi usta.
Qozoq temirchiga olti pud temir keltirib beribdi. Usta temirni olovga solaverib ozaytiribdi. Qozoq kelib:
– O‘choq bitdimi? – deb so‘rabdi. Temirchi:
– Jo‘ra, temiringning mazasi yo‘q ekan, qozonga yetmaydi, qilich yasab beraman, – debdi. Qozoq:
– Xo‘p, – deb, qaytib ketibdi. Kunlardan bir kun qozoq:
– Qilich bitdimi, – deb so‘rab kelibdi. Temirchi:
– Jo‘ra, temiring ozlik qilib qilichga yetmadi, bitta pichoq yasab beraman, – debdi.
Bir haftadan so‘ng qozoq kelsa, temirchi pichoq emas, bigiz yasab qo‘ygan ekan, o‘shani uzatibdi. Qozoq temirchidan:
– Buning ne? – deb so‘rabdi.
– Buni bizda bizgeldek deb aytiladi. Bu asbob podsholikda bo‘lmasa boshqa joyda topilmaydi, – debdi temirchi.
– Usta, xizmating uchun sani rozi qilishim kerak, o‘tovimga mehmonga chaqiraman, juma kuni uyimga borgin, – deb tayinlab ketibdi, ustaning qilgan ishidan norozi bo‘lganini bildirmay qozoq. Usta mehmonga ketayotganida shogirdiga tayinlabdi:
– Qozoq bizga ko‘p narsa qo‘yadi, sen, «ustamning haqi ko‘p, bu ozlik qiladi», deyaverasan, bo‘sh kelma.
Temirchi shogirdi bilan kelishib olgandan so‘ng, qozoqnikiga borishibdi. Qozoq ham poylab turgan ekan, ustani ushlab olib ustunga bog‘lab: «Yasab bergan bigizing shumi?» deb rosa uribdi. Urib-urib charchabdi. Shunda shogirdi:
– Ustamning haqi ko‘p, hali bu ozlik qiladi, – deyaveribdi. Buni eshitgan qozoq dadil bo‘lib yana uribdi. Shogird yana:
– Ustamning haqi ko‘p, bu hali ozlik qiladi, – debdi. Usta jon talvasasida ingrabdi:
– Padar la’nati, nodon shogird, meni bu noinsof o‘ldiray deyapti-yu, sen bo‘lsang, «bu hali oz» deyishni qo‘ymayapsan!
Shunday qilib, qozoqni aldagan hiylagar usta majruh bo‘lib qolibdi.

AQLLI BOLA
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir er-xotin bor ekan. Ularning bitta-yu bitta o‘g‘illari bor ekan.
Bir kuni xotin og‘ir kasal bo‘lib, o‘lib qolibdi. Ota-bola juda qiynalib qolishibdi. Oxiri bolaning otasi uylanibdi. O‘lgan xotini juda yomon ekan, o‘gay o‘g‘lini o‘tirsa – o‘poq, tursa – so‘poq deb chiqishtirmas ekan. Uni doim otasiga yomonlarkan. Nihoyat u, «bolangni yo‘qotsang, keyin turmush qilaman», deb turib olibdi. Bolaning otasi nima qilishini bilmay, o‘g‘lini bir do‘stinikiga olib borib:
– O‘g‘lim shu yerda yashab tursin, men yordam berib, xabar olib turaman, – debdi. Keyin er-xotin yashayverishibdi.
Bir kuni ular mexmonga bormoqchi bo‘lishibdi. Qarasalar, tugunni ko‘taradigan biror kimsa yo‘q. Shunda xotin eriga:
– Xozir bola bo‘lganida edi, tugunimizni olib borishardi. Endi qanday ko‘tarib ketamiz, – debdi. Bola esa otasini sog‘inib ko‘rgani kelgan ekan, uyning orqasida turib bu gaplarni eshitibdi va:
– Men ko‘tarishib olib boraman, – debdi. Xotin hayron bo‘lib:
– Mexmonga ham hech sensiz bormas ekanmiz-da, hech tinchitmas ekansan-da, – deb urishib beribdi.
Bechora bola esa:
– Siz xozirgina bola bo‘lganida, tugunni olib borardi, dedingiz-ku. Men bo‘lmaganimda o‘zingiz qiynalib qolar edingiz-ku! – debdi.
Oxiri qo‘liga tugunni berib, bolani xam mehmonga olib ketishibdi. Mexmondan kelishsa xam, lekin bolani xech uyidan ketgisi kelmabdi. Xotin qancha zo‘rlasa xam, xech ketgani unamabdi, uyda qolibdi. O‘gay ona esa xar kuni eriga «bolangni yo‘qot» deb janjal qilaveribdi. U noiloj o‘g‘lini bir boyga, umrbod xizmatkorlikka beribdi. Er-xotin yana yolg‘iz o‘zlari qolishibdi.
Kunlardan bir kun xotin kasal bo‘lib qolibdi. Eri esa ish bilan chiqib ketgan ekan. Xotinning boshi og‘rib, unga bir piyola choy damlab beradigan odam bo‘lmabdi. Shunda «qani endi, xozir bola kelib qolganida boshimni bosib qo‘yardi, bekorga haydab yuboribman-da», deb o‘ylab yotaveribdi. Bola esa uyini, otasini sog‘inib, har kuni bir martadan kelib, hovlining atrofida aylanib ketar ekan.
Bola bu gal kelganida ham yashirinib turgan ekan, o‘gay onasining inqillab yotganini eshitib qolibdi. Uyga kirib qarasa, o‘gay onasi kasal yotganmish. Bola «salom» berib, darrov ish qilishga tushib ketibdi. Chovgumda choy qo‘yibdi, uy yumushlarini qilibdi, yon atrofni tozalabdi. Keyin o‘gay onasining boshini uqalab o‘tiribdi. Shu payt otasi kelib qolibdi. U o‘g‘lini ko‘rib quvonib ketibdi. Xotiniga qarab:
– Ko‘rdingmi, bola bizga doim kerak bo‘ladi. Uni sen doim boshingga ish tushganda, eslab qolasan, boshqa payt esa «yo‘qoting» deyishga tushasan. Bo‘ldi, endi bundan keyin o‘g‘lim hech qayerga ketmaydi, shu yerda bizlar bilan birga yashaydi, – debdi.
Kasal holida ham o‘gay ona yana e’tiroz bildirib:
– Yo‘q, bu yerda yashamaydi. Xar kuni kunduzi kelib, uy yumushlarini qilib kechqurun qaytib ketsin, – debdi.
Ammo bolaning hech o‘z uyidan ketgisi kelmas ekan. U yana yalinib-yolvorib shu yerda qolibdi, O‘gay ona butunlay sog‘ayib ketgach, yana «bolani yo‘qot» deb hadeb janjal qilaveribdi. Bolaning otasi xech unamabdi. Bola bir kuni otasi bilan o‘gay onasining kechasi urishishayotganini eshitib qolibdi. O‘gay onasi:
– Bugun kechasi o‘g‘lingizni ariqqa oqizib yuborasiz. Uxlab yotganida ko‘tarib, suvga tashlab yuborsangiz, oqib ketadi, – deyayotganini bola eshitib qolibdi.
Yarim kechada bola o‘rnidan turib qarasa, otasi ham, o‘gay onasi ham qattiq uyquda. U o‘gay onasini sekin ko‘tarib olib, o‘zining yotadigan o‘rniga yotqizibdi. Ustini esa ko‘rpa bilan o‘rab tashlabdi. O‘zi esa o‘gay onasining joyiga yotib olibdi va o‘zi ham ustini ko‘rpa bilan yopib olibdi. Otasi kechasi turib, «Endi qanday qilib o‘z o‘g‘limni suvga oqizib yuboraman? Agar uyqusirab suvdan chiqa olmasa oqib ketadimi?!» deb o‘ylab rosa kuyinibdi.
U bitta-yu bitta o‘g‘lidan ajralishni hech istamabdi. Lekin bajarmaslikka esa xotinidan qo‘rqibdi. Oxiri ko‘zini chirt yumib, o‘g‘li yotgan joyga boribdi-da, uni ko‘rpa-no‘rpasi bilan ko‘tarib kelib, suvga oqizib yuboribdi.
U o‘g‘lini suvga oqizib yuborganiga achinib, o‘zini-o‘zi so‘kib, rosa yig‘lab o‘tiribdi. Keyin kelib o‘z o‘rniga yotibdi. Ertalab turib qarasa, o‘g‘li uy ishlarini qilib yurgan emnsh. Shunda bola bo‘lgan voqeani otasiga aytib beribdi. Ota-bola o‘gay onadan qutulganlariga quvonib, bundan keyin o‘zlari baxtiyor yashayverishibdi.

ESHMAT BILAN TOSHMAT
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda ikki do‘st yashagan ekan. Ulardan birining ismi – Eshmat, ikkinchisiniki Toshmat ekan. Ular o‘rtalaridan qil o‘tmas yaqin do‘st ekan. Ikkovlari xam juda kambag‘al ekan.
Kunlardan bir kun ular Xizr yoniga iltimos bilan bormoqchi bo‘lishibdi. Eshmat bilan Toshmat o‘zaro maslahatlashishibdi. Shunda Eshmat:
– Men Xizrdan mol-dunyo va ko‘pgina ulfatlar so‘rayman, – debdi. Toshmat esa:
– Menga mol-dunyo kerak emas. Men yoshimni yashab, uylanib, bola-chaqa orttirsam, deyman, – debdi.
– Ey, undan ko‘ra, menga o‘xshab sen xam mol-dunyo so‘rasangchi? Agar boyliging bo‘lsa, xamma ish xam yurishib ketaveradi, – debdi Eshmat. Toshmat esa o‘z gapidan qaytmabdi. Ular Xizrga borib, o‘z tilaklarini aytishibdi. Xizrning ularga rahmi kelib, so‘ragan narsalarini beribdi. Kelgusidagi hayotlari o‘zlari tilab olganlaridek bo‘lishini aytibdi. Ikkalasi xam xursand bo‘lib qaytishibdi va katta bir chinor tagiga kelib dam olishibdi. Shu chinor tagida Eshmat bilan Toshmat ajrab ketishlari kerak ekan. Ular xayrlashib, uy-uylariga jo‘nashibdi.
Oradan bir necha yillar o‘tibdi. Eshmat juda boy bo‘lib ketibdi, mol-u dunyosi, o‘rtoqlari borgan sari ko‘payib, qaerga borsa mexmondorchilik, aysh-ishrat bilan yashabdi. U qirqta xotin olibdi, lekin birorta ham farzand ko‘rmabdi.
Bir kuni xunob bo‘lib o‘tirib, do‘sti Toshmat esiga tushibdi. Eshmat do‘stidan bir xabar olmoqchi bo‘lib, bir qancha do‘stlari bilan Toshmatnikiga jo‘nabdi.
Toshmat mexmonlarni juda yaxshi kutib olibdi. Toshmat kambag‘al yashar ekan. Uning egnida eski chopon, oyog‘ida eski kalish, bitta nosqovoqni osib olgan ekan. Uning juda go‘zal xotini, o‘nta o‘g‘li, sakkizta qizi bor ekan. Katta farzandlari yordam beradigan bo‘lib qolgan ekan. Toshmat topganini, borini dasturxonga qo‘yibdi. Shunda Eshmat:
– O‘rtoq, o‘shanda nimaga sen mening gapimga kirib mol-u dunyo so‘ramading? Yashashingni qara, bir ahvol. Senga farzandlaring nima qilib berardi? – debdi.
Bu gapdan Toshmatning jaxli chiqib:
– Yashashimga nima bo‘libdi, men xam boshqa odamlar singari kunimni ko‘rib yuribman. Hayotimdan nolimayman, yonimda bola-chaqalarim bor, nima g‘amim bor? O‘lsam, chirog‘imni yoqib qoladigan o‘g‘illarim bor.
Qizlarim esa o‘lganimda tepamda otamlab yig‘lashadi. Nom-nishonsiz ketmayman, – debdi.
Bu gaplardan Eshmat ta’sirlanib, xafa bo‘lib qolibdi. Shu payt Toshmatning kichkina o‘g‘li chopib kelgan ekan, otasi unga:
– Bor, hov anavi yerda yotgan nosqovog‘imni olib kelgin, bir chekay, – deb nosqovog‘ini ancha nariga otib yuboribdi.
O‘g‘li otasining aytganini qilib, yugurib borib nosqovog‘ini ko‘tarib kelibdi.
– Ko‘rdingmi, qani sen ham birorta o‘rtog‘ingga buyur-chi, otib yuborgan nosqovog‘ingni olib kelib berarmikan? O‘z farzanding bo‘lganida beminnat qilardi. Uni urishsang xam, so‘ksang xam, erkalasang xam ixtiyor o‘zingda, o‘z farzandingga xadding sig‘averadi. Qariganingda esa belingga quvvat bo‘ladi, – debdi.

Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «ЛитРес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию (https://www.litres.ru/pages/biblio_book/?art=69151099) на ЛитРес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.