Читать онлайн книгу «Mehrobdan chayon» автора Abdulla Qodiriy

Mehrobdan chayon
Abdulla Qodiriy
Turkiston feodallarining keyingi vakili bo‘lg‘an Xudoyorning o‘z xohishi yo‘lida dehqon ommasi va mayda hunarmand – kosib sinfini qurbon qilishi, mamlakat xotin-qizlarini istagancha tasarruf etishi, bunga qarshi kelguchilar tilasa kim bo‘lmasin, rahmsiz jazo berishi ro‘monning mavzui’dir. Xudoyorning bu yo‘ldag‘i birinchi istinodgohi bo‘lg‘an ulamolar, ularning ichki-tashqi ahvoli, axloqi, madrasa va oila hayoti, ulamoda insoniy his bitkanligi va qolg‘ani ham xabosat pardasi ostida sezilmas darajaga yetkanlini mundarija sig‘dirg‘an qadar bayon qilinadir. Bular ro‘monning nomarg‘ub – manfiy qahramonlari. Ikkinchi tarafda mazkur qora kuchlarga qarshi “tuban” sinf – kambag‘allar, ularning xonliq tuzilishiga, qora kuch – ulamo alayhiga chiqishi. Mehnatkash kambag‘allarning axloqi, sajiyasi, oilasi, turmishi va bir-biriga aloqasi, samimiyati. Albatta, men bu so‘ngg‘i marg‘ub qahramonlarni o‘zbek tarixining hazmi ko‘targan qadar o‘z holicha olishqa tirishdim. Ularning xon va ulamoga qarshi izyoni tabi’iy– shar’iydir. Chunki shundan ortig‘i soxta bo‘lishi ustiga kitobning qadrini ham tushurar edi. Shu ikki sinf kurashini tasvir qilish vositasida xon harami, xotinlari, qirq qizlar, tarixiy va etno‘g‘rafiy lavhalar, o‘zbek hayoti, qiziqchilig‘i, tanqidchilig‘i, o‘zbek xotin-qizlari orasidag‘i iste’dod, shoirlar, azkiyachilik va boshqa yana ko‘b nuqtalarni qamrab olindi. Ro‘monda yana bundan boshqa bir ko‘b jihatlar bor. Ularni bu yerda sanab o‘lturish hojat emas, ular muhtaram, o‘qug‘uchining nazaridan qochib qutilmas.

Abdulla Qodiriy
Mehrobdan chayon



Ro‘monning mavzusi to‘g‘risida
Turkiston feodallarining keyingi vakili bo‘lg‘an Xudoyorning o‘z xohishi yo‘lida dehqon ommasi va mayda hunarmand – kosib sinfini qurbon qilishi, mamlakat xotin-qizlarini istagancha tasarruf etishi, bunga qarshi kelguchilar tilasa kim bo‘lmasin, rahmsiz jazo berishi ro‘monning mavzui’dir. Xudoyorning bu yo‘ldag‘i birinchi istinodgohi bo‘lg‘an ulamolar, ularning ichki-tashqi ahvoli, axloqi, madrasa va oila hayoti, ulamoda insoniy his bitkanligi va qolg‘ani ham xabosat pardasi ostida sezilmas darajaga yetkanlini mundarija sig‘dirg‘an qadar bayon qilinadir. Bular ro‘monning nomarg‘ub – manfiy qahramonlari. Ikkinchi tarafda mazkur qora kuchlarga qarshi “tuban” sinf – kambag‘allar, ularning xonliq tuzilishiga, qora kuch – ulamo alayhiga chiqishi. Mehnatkash kambag‘allarning axloqi, sajiyasi, oilasi, turmishi va bir-biriga aloqasi, samimiyati.
Albatta, men bu so‘ngg‘i marg‘ub qahramonlarni o‘zbek tarixining hazmi ko‘targan qadar o‘z holicha olishqa tirishdim. Ularning xon va ulamoga qarshi izyoni tabi’iy– shar’iydir. Chunki shundan ortig‘i soxta bo‘lishi ustiga kitobning qadrini ham tushurar edi. Shu ikki sinf kurashini tasvir qilish vositasida xon harami, xotinlari, qirq qizlar, tarixiy va etno‘g‘rafiy lavhalar, o‘zbek hayoti, qiziqchilig‘i, tanqidchilig‘i, o‘zbek xotin-qizlari orasidag‘i iste’dod, shoirlar, azkiyachilik va boshqa yana ko‘b nuqtalarni qamrab olindi.
Ro‘monda yana bundan boshqa bir ko‘b jihatlar bor. Ularni bu yerda sanab o‘lturish hojat emas, ular muhtaram, o‘qug‘uchining nazaridan qochib qutilmas.

    Abdulla Qodiriy (Julqunboy)
    Toshkand, 1928-nchi yil, 5-fevral
– Agar Farhodning Shirin, bo‘lsa Majnunlarning Laylosi
Nasib o‘lmish menga gulshan aro gullarning – Ra’nosi,
    (Mirzo)
Agar or etsa Layli haqlidir Qaysning jununidin
Ne baxt Ra’no xaridoring talab ahlining – Mirzosi.
    (Ra’no)


1. RA’NONING EGASI
Solih maxdum bu kun odatdan tashqari eshilib ketdi, masjiddan chiqib to‘g‘ri qassobning oldig‘a bordi, bir tangalik go‘sht, sakkiz pullik piyoz olib havlisiga keldi. Maktabda husnixat mashq qilib o‘lturg‘uchi bolalar ichidan ikkitasini gulzorni supurib, suv sepishka buyurdi va o‘zi go‘shtni ko‘tarib ichkariga kirdi.
Nigor oyim hozirg‘ina qizlarni ozod qo‘yub, ko‘krak bolasini bag‘rig‘a olg‘an edi. Ra’no havli yuzida ikkita ukasining o‘rtasig‘a tushib, ularning loy o‘yunig‘a ishtirok etar, yer supurib yotqan soch o‘rumlarining tuproqqa belashkanidan xabarsiz edi.
Go‘sht ko‘tarib yo‘lakdan kirgan Solih maxdumning ko‘zi Ra’noning shu holiga tushdi:
– Balli Ra’no, ana jinnilik! – dedi maxdum, – atlas ko‘ylak senga hayf, senga bo‘zdan boshqasi albatta hayf!
Ra’no o‘rnidan turdi, dadasidan uyalib loyliq qo‘llarini orqasig‘a yashirdi.
– Uyat emasmi, yuv qo‘lingni, yuv! Ukalaringni bola desam, sen ulardan ham oshib tushasan!
Ra’no yugurib ariqqa ketdi, Nigor oyim o‘lturgan joyidan “Ra’noning aqli tushsin” deb kulib qo‘ydi. Solih maxdum hanuz Ra’nodan koyib kelar edi:
– Ishing bo‘lmasa kitob o‘qi, husnixat ol, sen kulolning qizi emassanki…
Solih maxdum go‘shtni Nigor oyimning yonig‘a qo‘yub, o‘zi zina bilan ayvonga chiqdi.
Maxdum tomonidan Ra’noning tergalishi Nigor oyimni uncha mashg‘ul etmadi. Ammo hozir uning ko‘ngliga kelgan masala erining chiqim vajiga fayqulodda yeshilib ketishi edi. To‘g‘ri, Nigor oyimning oshxonasig‘a shuningdek bir necha choraklab go‘shtlar ko‘b kelar edi, faqat eri tomonidan emas. Solih maxdumning jo‘mardlig‘i ko‘pincha yigirma paysa[1 - Paysa – taxminan 50 gramm.] etdan narig‘a oshmas, shunda ham bolalardan mo‘mayroq “ozodliq” kelib qolsa yoki “panjshanbalik” kutkandan ortig‘roq tushsa.
Shuning uchun Nigor oyim bu jo‘mardliq haqini eriga beralmadi:
– Go‘shtni ko‘broq olibsizmi… Anvar buyurg‘anmi- di? – deb so‘radi.
– Yo‘q, – dedi maxdum sallasini qoziqqa ila-ila, – bir manti qilayliq, – dedim, – manti yeganimizga ko‘b bo‘ldi, vallohi a’lam…
Ra’no yuvinib keldi, dadasiga uyat aralash bir qarab oldi-da, Nigor oyimning yonig‘a o‘lturdi va onasining bag‘rida emib yotqan chaqaloqning kichkina mimit qo‘llarini suyub o‘pdi.
Solih maxdum yeshinib kelib, ona-bolaning ustida to‘xtadi.
– Sen mundan keyin kichkina bo‘lmaysan qizim, Ra’no,– dedi maxdum nasihatomuz, – shu ukalaring bilan qilib o‘lturgan ishingni kishi ko‘rsa nima deydi. Inshoolloh uy egasi bo‘lishg‘a yaqinlashib qolding. Endi tosh-tarozuni ham shunga qarab qo‘yishing kerak, qizim.
Ra’no qizarinib onasig‘a qaradi, yana mimit qo‘lni o‘pishka tashg‘ul bo‘ldi.
– Ra’noni egasiga topshirmag‘uningizcha, – dedi Nigor oyim, – quyulmaydirg‘ang‘a o‘xshaydir.
Bu so‘zdan Ra’no uyalib, boshini chaqaloqning bag‘rig‘a tiqib oldi. Solih maxdum kulimsigan ko‘yi dahlizga yurub bordi va oyog‘ini kafshiga uzatdi.
– Tur, yotma Ra’no! – dedi dahlizdan, – go‘shtni onangg‘a to‘g‘rab ber, piyozni art! Anvar akang ham kelib qolar, taom asrga tayyor bo‘lsin!
Ra’no dadasini uzog‘latib, boshini ko‘tardi, onasig‘a o‘pka aralash kulib qaradi. Uning bu qarashidan onasining boyag‘i so‘ziga qarshi rizosizliq onglashilmas, balki shodliq ma’nolari o‘qulur edi. Darhaqiqat, er-u xotin oralarida o‘tkan ikki kalima so‘z shu oila gulshanida o‘skan Ra’noning istiqbolini ochiq belgilar edi. Nigor oyim “Ra’noni egasiga topshirmag‘uningizcha…” deb garchi birmuncha qo‘polroq ta’bir bilan bo‘lsa ham “Ra’noning egasi” borlig‘ini so‘zlar, Ra’no ersa “egasi”ning kim ekanligini yaxshi bilgani va uni qanot qoqib qarshi olg‘ani uchun jodu ko‘zida rizosizliq emas, surur ma’nolari o‘ynatar edi.
Dadasining – “Anvar akang ham kelib qolar, taoming asrga tayyor bo‘lsin!” jumlasi Ra’noga yana ochiq, yana ravshan ta’minot berar edi…

2. AMIR UMARXONNING KANIZI
Solih maxdum 1230–1390-nchi hijriy yillarda “Ho‘qandi firdavsmonand”da yashag‘an bir muallim va imom, o‘z zamonasining istilohi[2 - Istiloh – atama.] bilan aytkanda “maktabdor domla”dir. Solih maxdum sinfi jihatdan ulamo oilasiga mansub bo‘lib, bobosi Olimxon[3 - Olimxon Norbo‘tabiy o‘g‘li (1775–1811) 1798–1811-yillarda Qo‘qon xoni bo‘lgan.] va Umarxon[4 - Umarxon (1785–1882) Olimxonning ukasi. 1811–1822-yillarda Qo‘qon xoni bo‘lgan.] davrlarida muftilik, qoziliq mansablarida xizmat qilg‘an, otasi ersa Qo‘qonning Madali (Muhammadali) xon[5 - Madalixon (Muhammadalixon) Umarxon o‘g‘li (1806–1842) 1822–1842-yillarda Qo‘qon xoni bo‘lgan.] madrasasida necha yillar mudarris bo‘lgandir. Qisqasi maxdumning ota-bobolari xonlar qo-shida mumtoz va xalq nazarida “sharaflik va muhtaram” mavqi’ni ushlab kelganlar. Biroq bu mumtoz silsila bizning maxdumgacha yetib kelalmay, Madalixonning qatli bilan birga kesilgan, buning mojarosi ersa quyidag‘ichadir:
Turkiston xonlig‘i tarixidan xabardor kishilarga ma’lumdirkim, Amir Umarxon oxir umrida o‘z saroyidagi yosh kanizlardan biriga muhabbat qo‘yadir. Kaniz yosh bo‘lg‘anlig‘i va balog‘atka yetmaganligi uchun uni nikohiga ololmay vaqt kutadur. Shu kutib yurish yillarida Umarxon murodiga yetalmay vafot qiladir, taxtka o‘g‘li Madalixon minadir. Oradan bir necha yillar o‘tib boyag‘i kaniz qiz balog‘atka erishadir va bir husniga o‘n husn qo‘shulib otaning bolasi bo‘lg‘an Madalixonni ham o‘ziga oshiq qiladir. O‘z saroyida o‘skan bu qizni yosh xon hamisha ko‘z o‘ngida yuritsa ham biroq… tarixning bizga xabar berishiga qarag‘anda Madalixon shu qizning dardida necha yillar yonadir. Chunki ulamolar bu go‘zalni Madaliga ona maqomida hisoblab, nima uchundir xonning orzusig‘a ko‘ndalang keladirlar:
“Otangiz, agarchandi kanizni o‘z nikohlariga olmag‘an bo‘lsalar ham va lekin balog‘atka erishkach olarman, deb niyat qilg‘anlar. Binobarin bu kaniz sizga ona maqomida, shari’at ruxsat bermaydir!” deydirlar.
Madalixon bu fatvodan keyin dardini ichiga yutishg‘a majbur, bo‘lib, ammo ikkinchi tarafdan o‘zining orzusig‘a qarshi borg‘an ulamoni sekin-sekin “ilmiy” ishlardan olib ular o‘rnig‘a yangilarini qo‘ya boshlaydir. O‘z orzusig‘a zamin hozirlag‘ach, bir necha yilni o‘tkazib, yana ulamog‘a shu to‘g‘rida fatvo so‘rab murojaat qiladir. Tabi’iy, yaqindag‘ina og‘zi oshqa yetkan yangi ulamolar o‘z valiyi ne’matlari bo‘lg‘an Madalixong‘a xiyonat qilmaydirlar-da:
“Ba nazdi mujtahidini kirom asli e’tibor aqdi shar’iydir[6 - Ba nazdi mujtahidini kirom asli e’tibor aqdi shar’iydir – hurmatga loyiq din allomalarining nazaricha asosiy e’tibor shariat qonunlariga qaratilishi kerak.]. Otangiz marhum – nikohlanaman deb aytkan bo‘lsalar ham nikohlandim, deb aytmaganlar. Bas, amiralmo‘minin mazkurani xud nafslariga[7 - Xud nafsiga – o‘z nafsiga.] aqdi sha’riy[8 - Aqdi sha’riy – shar’iy nikoh.] qilsalar joiz va durustdir. Vallohi a’lam bis savob”, deb fatvonomani “binni mufti marhum”, “binni mudarris marhum”, “binni Hoqandiy marhum” – muhri bahaybatlari bilan qalashdirib beradirlar va Madalixon to‘y va tomoshalar bilan murod-maqsadig‘a yetadir…
Kimlarning vositasi bilandir mazkura go‘zal kanizning ta’rifi Buxoro amiri – amir Bahodir – (Botur)[9 - Amir Bahodir (Botur) – Nasrulloxon (1826–1860-yillarda xonlik qilgan) nazariga aytiluvchi laqab.] xong‘a yetib, ul ham ilgaridan haligi kanizga g‘oyibona oshiq bo‘lg‘an edi. Ammo qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham shu kanizni qo‘lg‘a kirgizish fikrida bosh og‘ritib, nos chakib yurgan Bahodirxon qulog‘iga bu xabari jonso‘z yetib dumog‘idan dud chiqadir va darhol Buxoroning zabardast ulamo, mufti, a’lam, hokazo va alo-hozalqiyos peshvolarini o‘z huzuriga chorlab, darg‘azab voqi’ani so‘zlaydir va ulardan darhol bir “fatvoyi bahaybat”ni talab qilg‘anida ulamoyi kirom ham daron botahorat-betahorat, masalani eshitar-eshitmas fatvo yozadirlarkim:
“Bir jamoa mo‘minlarga amir bo‘lg‘an zotning vazifai shar’iysi shuldurkim, islomda ustivor turg‘ay, ahkomi islomni[10 - Ahkomi islom – islom hukmlari, qonunlari.] kamokon[11 - Kamokon – bekam-u ko‘si.] ijro qilg‘ay. Har bir amirikim arkoni islomdan[12 - Arkoni islom – islom ruknlari, asoslari.] zarracha yuz o‘gursa, ul kimarsa jamoai islom ustiga amir emas, sharirdir[13 - Sharir – yomonlik qiluvchi, zararkunanda.]. Nauzanbillahkim Farg‘ona va Turkiston mamlakatining alhol[14 - Alhol – hozirgi, bugungi.] amiri bo‘lg‘an Muhammadalixon volidining[15 - Volid – ota.] mankuhasi[16 - Mankuha – nikohli xotin.], ya’ni volidai ayni va rizo’isini[17 - Volidai ayni va rizo’i – o‘z va emizgan onasini olibdir… (mual.).] o‘z aqdig‘a olibdir, nauzanbillahi, nauzanbil- lahi. Oyat va ahodisi sharifa va ba chahori mazhab[18 - Va chahori mazhab – sunniylik yo‘nalishidagi shari’atning xanafiya, malikiya, shofi’iya, hanbaliya mazhablari.] va ba nazdi mujtahidini kirom va ulamoi zul-ehtirom[19 - Zul-ehtirom – ehtirom egasi.] muttafaqun[20 - Muttafaqun – kelishilgan.] alayhi kofirdir. Kazolika[21 - Kazolika – shuning uchun.] o‘shandog‘ murtadning qatli avvalo digar[22 - Digar – boshqa, o‘zga.] islom amirlariga va ba’d az[23 - Ba’d az – keyin, so‘ng.] barcha mo‘minlarga farzi ayndir!”
Darvoqi’ “xolisona” bu fatvoga amir Bahodirxon “betarafona” qiymat berib, “din yo‘lida xolis bir jihodi akbar”[24 - Jihodi akbar – ulug‘ yurish, urush.] deb jami’i qo‘shunlari bilan Farg‘ona ustiga yurish qiladir. Amiri Bahodirning bu “xolisona” jihodi Turkiston xonlig‘i tomonidan qanday muqovamatlarga[25 - Muqovamat – qarshilik.] uchradi va ikki tarafdan qancha boshlar kesildi, albatta bu to‘g‘rida bizning ishimiz yo‘qdir. Faqat bu mojarodan bizga keraklik nuqta shundakim, natijada Madalixon shikast topdi, ham amiri Bahodir tomonidan qatl qilindi. Madalixong‘a fatvo yozib bergan Qo‘qon ulamolaridan bir nechalari had uruldilar[26 - Had urmoq – huquqsizlantirmoq.] va bir nechalari qochib qutuldilar. Amiri Bahodirxon bo‘lsa Farg‘ona hukumatiga o‘z kishisini qo‘ydi, fathu nusrat[27 - Fathu nusrat – g‘alaba.] bilan kanizni olib Buxorog‘a qaytdi.
Maqsadg‘a kelsak, Madalixong‘a fatvo yozib berishda ishtirok qilg‘an va Bahodir tomonidan had urulg‘an ulamolarning biri shu bizning Solih maxdumning otasi edi. Had urulg‘andan so‘ng ko‘b yasholmadi, o‘ldi va shuning bilan bu oilaning burung‘i imtiyoz va sharafi ham bitdi. Chunki mundan so‘ng Turkiston taxtiga o‘lturgan xonlarning hammalari deyarlik Buxoro amirining himoyasida kabi edilar. Va Madalixonning fatvosiga ishtirok qilg‘an ulamolar hamisha e’tiborsiz, mardud[28 - Mardud bo‘lmoq – haydalmoq, quvilmoq.] bo‘lib qoldilar.

3. MAXDUMNING UYLANISHI VA MAKTABDORLIG‘I
Solih maxdum otasining vafotida yigirma yoshliq talaba edi. Otasi marhum bo‘lg‘andan so‘ng o‘zidan bir necha yosh kattaroq og‘asi Marg‘ilong‘a imom bo‘lib oilasi bilan ko‘chib ketdi. Solih maxdum onasi va o‘n olti yoshliq Na’ima ismlik singlisi bilan Qo‘qonda qoldi. Birar joydan kelim bo‘lmag‘anliqdan bu oila ko‘b tanglikka tushib oxirda Solih maxdum tahsilni tark etishka, qorin to‘ydirarliq bir kasb izlashka majbur bo‘ldi.
Albatta, Solih maxdum og‘irroq kasbni uxda qilolmas, imomatka bo‘lsa soqoli chiqmag‘anliqdan yarolmas edi. Ko‘b ozor chekib nihoyat qorindosh-urug‘ va mahalla ki-shilarining kengashlari bilan o‘z uyiga maktab ochdi, mahalladan besh-o‘nta bola yig‘di va yeng shimarib maktabdorliqqa boshladi.
Bir necha yil maktab rivojga minmadi, ya’ni bolalar o‘n besh-yigirmatadan narig‘a o‘tmay, “panjshanbalik” arang it azobi ro‘zg‘org‘a yetib turar edi. Maxdum va oilasining shundan boshqa daromad manba’lari bo‘lmag‘ani uchun har-holda, yana shunga qanoat qilmoqqa majbur edilar.
O‘g‘ul yigirmaga, qiz o‘n beshka yetdimi – onalarning dardi kelin va kuyav savdosi bo‘lib qoladir. Shunga o‘xshash maxdumning onasi Mohlar oyimning kasali qo‘yo “dard ustiga chipqon” edi: maxdumning yoshi yigirmadan oshti, Na’ima ham o‘n sakkizga to‘ldi, ya’ni kelin ham kerak, kuyav ham. Na’ima to‘g‘risidan tashvish yo‘q, husn, odob, yumish, hammasidan ko‘ngil to‘q, bek bo‘lmasa – bekzoda, mudarris bo‘lmasa – mukarrir[29 - Mukarrir – assistent.].
Ammo maxdum masalasi biroz mushkilroq edi: topish-tutish ma’lum, otasidan qolg‘ani faqat ichki ashqi havli, mundan boshqa hech gap. Bas, Mohlar oyim o‘z tirikligida maxdumning “boshini ikki” qilmasa, o‘zidan so‘ng uning uylana olishi amri mahol. Shuni ko‘zda tutib Mohlar oyim maxdumning uylanishiga mazkura Na’imani vosita qilmoqchi bo‘ldi. Ya’ni Na’imani uzatib evaziga uzatilgan joydan kelin olmoqchi edi. Qarshi quda bo‘lmoq uchun qizliq va o‘g‘ulliq havlini uchratish va buning ustiga “nasl-u nasabda tekislik”, olinadirg‘an kelinning silliqina bo‘lishi – ana shunday mushkilotlar orqasida ikki yil chamasi Na’imaning umri sarg‘ayib o‘tdi. Yurt emasmi, degandek yurtchilikda yurak og‘rig‘ig‘a davo topilmay qolmas. Shunga o‘xshash Mohlar oyimning yarasi ham nihoyat uchunchi yilda davosini topdi:
Xon o‘rdasining mutavaffo[30 - Mutavaffo – vafot etgan.] mirzolaridan bittasining madrasada o‘qub yurg‘an o‘g‘li bor edi va uyida chaqich chaynab o‘lturgan o‘n olti yoshliq qizchasi ham bor edi. Bu oila Mohlar oyimning taklifini ma’almamnuniyat[31 - Ma’almamnuniyat – mamnuniyat bilan.] qabul etdi. Chunki o‘xshatmay uchratmas” degandek narigi taraf ham Mohlar oyimning bittasi edi. Sovchilar Na’imani yoqtirib, Mohlar oyimning taklifini qabul qilib ketdilar. Mohlar oyim marhum mirzoning uyiga qiz ko‘rgali borib ul ham “qizi jajjigina ekan” deb keldi. Kuyavlar ko‘rulib ular ham zararsiz topildilar. Shart-u sharoit so‘zlashildi: ikki orada qalin-palin degan gaplar yo‘q, har kim o‘z ulushiga tushkan osh-suvini qiladir, kelinni o‘rab chirmab oladir, vassalom.
“Hay etti, huy etti, ikki koski to‘y etti” deganlaridek har ikki to‘y ham bir hafta ichida o‘tti, Na’imaxonim uyoqqa ketib, Nigorxonim buyoqqa keldi. Shunday qilib Solih maxdum xotinliq bo‘ldi.
Solih maxdumning maktab ishi ham uchunchi yildan boshlab biroz jonlang‘an, bolalar ham o‘ttuz qirqqa yetkan edilar.
Solih maxdum o‘ttuz yoshlarg‘a borg‘anda maktabdorlig‘i ham yaxshig‘ina shuhrat topadir, shogirdlar soni bir yuzga yetadir. Mehmonxona torliq qilg‘anliqdan maktab uchun maxsus bino yopadir, imlo, insho va husnixat mashqi uchun alohida xona ayiradir. Mahdum yolg‘iz shuning bilangina qanoatlanmay xotini Nigorxonimni ham ishka soladir, ya’ni uning savodini tuzatib “otin bibi” qiladir. Ikki-uch guzarning qizlari Nigorxonimning sabog‘ig‘a yig‘iladirlar. Qisqasi, maxdum maktabdorliqda yaxshi shuhrat qozong‘anidek, uy-ro‘zg‘orini, yurish-turish, kiyim-solim va boshqa taraflarini ham tuzatib oladir.
Oirq yoshlarida mahallaga imom bo‘ladir va maktabini yana ham kengaytirib, shu dahaning har bir tabaqasi ichida “ustoz mulla Solih maxdum” bo‘lib taniladir. Masalan, o‘zida savod chiqarg‘an kosib, savdogar, mullabachcha (madrasa talabasi) va shuningdek yangi bo‘g‘imlarg‘a ustozlik unvonini oladir. Hatto keyingi vaqtlarda uning shogirdlaridan xon o‘rdasigacha borib kirganlari bordirkim, maxdumning bu muvaffaqiyatini boshqa boblarimizda o‘qursiz.

4. MAXDUMNING BA’ZI XISLATLARI
Yuqoridan o‘qug‘uchig‘a bir daraja onglashilg‘an bo‘lsa kerakki, yaqin yigirma yillardan beri maxdumning kelimi shahar yoki qishloq so‘rab turg‘an bir bekcha bo‘lmasa-da, undan qiyiroq, harholda shahar madrasasida darsgo‘lik qilib, vaqfni o‘z qabzig‘a[32 - Qabz – tutam; changal; qo‘l osti.] olg‘an bir mudarrisning tushimidan albatta ko‘b. Kelimning shu yo‘sun yaxshi bo‘lishig‘a qaramasdan uning tabi’atida harchand tirishilsa ham maxtab bo‘lmaydirg‘an xususiyatlar bor: xasislikka o‘xshag‘an holat, tama’girlik kabi odat, ichqoraliq singari harakat va amsoli…
Yosh chog‘ida otasi o‘lib, qattig‘chiliqda o‘sdi, uning ba’zi yarashmag‘an harakatlari balki o‘sha qattig‘chiliqning ruhka singib qolg‘an yomon ta’siridir. Harholda bizning mundagi vazifamiz maxdumni tahlil qilish emas, balki uning shaxsiga xiyonat va bo‘hton qilishdan saqlanib, ya’ni ortdirmay va kamsitmay o‘qug‘uchig‘a butun taqdim eta bilishdir.
Oyni etak bilan yashirib bo‘lmaydir. Maxdumning xasislikka o‘xshash holatlari albatta bor edi. Maxdum topib-tutmag‘an yillarda bu ishni yo‘qliqdan qiladir, desak-da keyingi vaqtlarda ham shu odatini tark etmagani uchun tabi’atida birmuncha xasislik bor ekan, deymiz.
Ko‘ylak-ishtonining aksar yetti-sakkiz joyidan yamog‘i bo‘ladir. Yetti qishdan beri guppi – chopon yangilagani ma’lum emas, faqat qish kelib ketkan savin alak guppining yengi o‘zgaribkina turadir va astari yil sayin yangidan yangi yamoqlar bilan boyiydir, shu guppi butun umrida birgina martaba va shunda ham maxdumdan beruxsat ammo, Nigor oyimning zo‘ri bilan tog‘orag‘a tushib cho‘mildi. Bu kunda bo‘lsa to‘rt yil burung‘i g‘usli[33 - G‘usl – yuvinish.], yetti yillik tusi, turlik-turlik yamog‘i bilan sakkizinchi qish maxdum pochchasig‘a sodiqona xizmat qilish uchun bo‘g‘joma ichida o‘ziga kuch yig‘ib yotadir. Mahalla kushilari maxdumning bu choponig‘a “moltopar” deb ism berganlar, guppi kiyilib chiqilg‘an kun maxdumga sezdirmay “moltopar savdodan qaytibti… hali baquvvat, ish qilib yamoqqa charchamasang yana o‘n yillingmi, Mamarayim!” deb kulishadirlar.
Qisqasi: besh-olti qayta boshlatilib qo‘nji bir qarichg‘a kelgan aybaki[34 - Aybaki – mol terisidan ishlangan sifati past charm.] maxsi, charmi ust-ustiga uyulib yerdan uch ellik chamasi ko‘tarilgan ikki chorak vaznlik kafsh, yoshi mahalla kishilarining ko‘blariga ma’lum bo‘lmag‘an, harchand ehtiyot qilinsa ham necha joyidan popiltirig‘i osilg‘an oqbo‘z salla mahalla kishilarining ermaklaridandir. Bulardan boshqa hayit kunlari va to‘ylardagina kiyiladirgan banoraz to‘ni, sovuq qattig‘roq bo‘lg‘anda ichidan kiyadirgan adras guppisi ham bor. Mahalla kishilari banoras to‘nni “zarurat” deb atag‘an bo‘lsalar ham, adras guppiga hali nom qo‘yg‘uncha yo‘qlar, chunki buning dunyog‘a kelganiga faqat to‘rt-besh yilgina bo‘lg‘andir.
Kezi kelganda maxdumning yozliq kiyimlarini ham bir sidra aytib ketaylik:yo‘lluq, qizil qalami bo‘zdan yaxtak, oq bo‘zdan jihak yoqaliq keng ko‘ylak (chunki tor bo‘lsa yirtiladir) va lozim (ya’ni ishton) hamda sarpoychan kiyishka yengilcha sag‘ri[35 - Sag‘ri – ot terisining dum tomon qismidin tayyorlangan charm.] kafsh, ammo salla qishin, yozin bitta.

5. OILA VA KISHILAR BILAN MUOMALA
Maxdum oilasini ham kiyim-kechak vajidan o‘zi kabi tutar edi. Kiyim-kechakdagina emas, hatto oziq-ovqat to‘g‘rilarida ham uning anchagina kelishimsiz qiliqlarig‘a yo‘liqilar edi. Masalan, bir oy to‘lmasdan kir yuvishg‘a ruxsat bermas, agar Nigor oyimning bir oysiz kir yuvg‘anini ko‘rib qolsa – “kiyimni tog‘orada churutasan!” deb, g‘ovg‘a solar edi. Ikki haftasiz palovni ko‘rmaslar (ozodliq oshlari, albatta mundan mustasno), ko‘b ovqatlari ugra, tuppa, mastava, qo‘g‘urma sho‘rba bo‘lar edi.
Nigor oyimning qozoni yo‘qcha, yelcha qo‘shtni faqat palov sharofati bilangina ko‘rar edi. Lekin maxdum ba’zi narsalar bilan oshxonani yaxshig‘ina mo‘liqdirar, masalan: shalg‘am, qovoq, lavlagi. Bu to‘g‘rida xotini harchand rad qilsa ham, qoplab shalg‘am, yigirma-o’ttuzlab qovoq xarid qilishini qo‘ymas – “shalg‘am – Bibi Fotimai Zuhraning duolari barakati, qovoq bo‘lsa hazrati Yunusning mo‘jizalari”, deb bahosi arzon va lekin xosiyati ko‘b bo‘lg‘an bu mablag‘lar[36 - Mablag‘ – boylik.] bilan oshxonani to‘ldira berar edi. Har hafta bir-ikki martaba qovoq somsa yopdirmay qolmas, ammo – “yog‘ni kam sol, qovoqning ta’mini buzadir!” deb ta’kidlashni ham unutmas edi. Uyda non yopilmag‘anidek, bozordan ham sotib olinmas, chunki, panjshanbalik non yetib, ortib yotar, hatto ba’zi vaqtlarda bozorg‘a ham chiqar edi.
Mahdumning o‘qug‘uchi bolalar bilan muomalasi juda yaxshi edi. Savog‘ini bilmagan yoki sho‘xliq qilg‘an bolalarni har qancha so‘kib, koyisa, do‘q urib, davara qilsa ham urmas, bu jihat bilan butun Qo‘qon bolalarining muhabbatlarini o‘ziga jalb etkan edi. Ammo “ozodliq” masalasida bolalardan hech kimni ham afu etmas, boy bolasig‘a “ozodliq” lozim bo‘lg‘an bo‘lsa, albatta undirishka, kambag‘al bolasidan mumkin qadar uzib olishg‘a harakat qilar; bolalar Haftiyak, Qur’on, So‘fi Olloyor va shunga o‘xshash kitob boshlasalar ozodliq majburiy, maktabdan ma’zun[37 - Ma’zun – ruxsat, izn olgan.] bo‘lg‘anlarning ziyofat qilib maxdumga sarupo berishlari qoidada bor bo‘lsa ham, lekin aksar bolalar bu to‘g‘rida domlani – “ana-mana” bilan aldab ketarlar, saxiyroq otalar bu marosimni ado etib “ustoz”ni rozi qilmasalar, ammo ko‘bchilik maxdumni ranjitar edilar. Panjshanbalik bo‘lsa maktabning asos haqqi va bulardan boshqa “Qulyog‘a quymoq – Ammaga bo‘g‘irsoq – Yosing‘a yupqa”[38 - Qulyo, Amma, Yosin – Qur’ondagi suralar nomi.] degan gaplar ham bo‘lar edi. Bolalar har yili bir marta “bo‘ryo puli” va oyig‘a bir necha bora “supurgi puli” ham to‘lab turar edilar.
Maxdum mumkin qadar bolalarni o‘z maktabiga jalb qilishg‘a tirishar, ayniqsa boy va bek bolalarini o‘z qo‘lig‘a olish uchun har bir chorani ko‘rar edi. Masalan, boy va a’yondan birining o‘g‘li boshqa maktabda o‘qub yurgan bo‘lsa, uni bolalar vositasi bilan o‘z maktabiga chaqirar, nima o‘qug‘anini, nimalar bilganini so‘rar, bola savog‘idan yaxshi javob beralmasa “sizda ayb yo‘q, o‘g‘lim, ustozingiz biroz shundayroq odam… xo‘b, xo‘b; bizning maktablarga ham kelib yuring! Men o‘zim sizni juda do‘st tutaman-da!” der edi. Tabi’iy, bolaning shu kundan boshlab o‘z domlasidan ko‘ngli sovur, tez kunda maxdumning maktabiga kelib kirar edi. Ba’zi vaqt chet maktab bolalari bilan shunday muomalani ko‘chalarda ham qilar va o‘g‘li bo‘lg‘an boy va ashroflarga ham juda sertakalluf, xoksorona salom berib, tanimasa ham ular bilan so‘rashar, nechta o‘g‘li borlig‘ini va ularning o‘qub-o‘qumag‘anliqlarini, o‘qishg‘a ixloslarini tekshirib, o‘zining ta’limida qo‘llang‘an yengil usullarini ham birmuncha tiqillatib o‘tar edi. Tabi’iy, maxdumning bunday harakatlari ko‘pincha foydasiz bo‘lmas, maktabiga yangidan yangi shogirdlar to‘planib turar edilar.
O‘z qatoridag‘i maktabdor domlalarni aslo ko‘ralmas, ularga qarshi yuragida umrlik kek saqlar edi. Ba’zi majlislarda yo‘suni kelib qolsa – “ha, mulla falonchimi, ko‘b bolalarning umrini zoyi’ qilyapti, deb eshitaman… shogirdlaridan bir nechasi shikoyat qilishib menga kelishkan edilar… Qanday qilay, shogirdlarim o‘zimdan yetib ortsalar ham umrlari zoyi’ bo‘lmasin, dedim”, der va eshitkuchilarga sezdirmay raqibini chimchilar; kezi keldi deguncha ikkinchi maktabdor to‘g‘risida shu yo‘sun zamzama so‘zlar edi.
Maxdum bo‘ychan, olago‘sht, siyrak mo‘y, oq tan, istarasi issig‘ bir domla edi. Yoshi ellikdan oshqan, soch va soqolida birmuncha oqlar ko‘rinar edi. Kishi bilan so‘zlashkanda, ayniqsa, bir narsadan taajjublanganda siyrak va lekin to‘g‘ri, baquvvat o‘skan soqolini tutamlab, o‘ng ko‘zini biroz qisib qarar, odat qilg‘andan bo‘lsa kerak, gap orasida “habda” degan so‘zni ko‘proq ishlatar edi. Domlaning bu “habda”si nima ma’noda qo‘llanilar, o‘zidan boshqa hech kim bilmaganidek, undan bu to‘g‘rida izoh ham so‘ramag‘an edilar. Harholda “habba – habhali” yoki “ha, barakalla” bo‘lsa kerak. Chunki ul bir narsadan xursand va rozi bo‘lg‘anda aksar “habba” deb yuboradir.
Shu yergacha bir necha sahifalarni maxdumning ta’rifi bilan to‘ldirdiq. Ehtimolki, domlaning g‘iybatini ham qildiq va qilarmiz. Lekin shunisidan xotirjam’mizki, yo‘qni yo‘ndirmadiq, maxdumning sha’nida bor gaplarnigina yozdiq va yozarmiz. Maxdumning hamma nuqsonini yuvib ketarlik bir jumladan so‘ng yana o‘z ishimizda bo‘lamiz:– nima bo‘lg‘anda ham maxdum o‘z zamonasining eng olding‘i domlalaridan, Qo‘qon aksariyatining savodxon bo‘lishlarig‘a sababchi ustozlardan, hatto ulug‘ xizmatlarga kishi yetishdirib berguchi nodir muallimlardan edi.

6. NIGORXONIM
Nigorxonim boshda erdan yolchimadi. Avvalo erining faqirlig‘i, boyig‘andan so‘ng bo‘lsa uning zarbulmasal bo‘larliq xasisligi bechorani ko‘b yig‘latdi. “Xotin kishining boshi uy ichining og‘ir toshi” emish.. Hozir o‘zi qirq yoshqa kirgan bo‘lsa, yigirma besh yildan beri shu mumsuk er bilan tiriklik qilib keladir. Bu kun o‘n yetti yoshliq Ra’no kabi qizg‘a, sakkiz yoshliq Mahmud (Ra’no bilan Mahmud orasida ikki bola nobud bo‘lg‘an), olti yoshliq Mansur va beshikdagi Mas’udlarga ona bo‘ldi.
Nigorxonim Qo‘qonning ko‘b xotinlarig‘a qarag‘anda sabrlik va qanoatlik ekan. Dunyoda o‘z o‘g‘lining xasisligiga chidalmagan ona bo‘ladimi, holbuki maxdumning onasi – Mohlar oyim o‘g‘lining bu qadar ixna[39 - Ixna – sirtqi ko‘rinishiga e’tibor bermovchi.] va siqiqlig‘ig‘a toqat qilolmay noroziliq yuzasidan Marg‘ilondag‘i o‘g‘lining yonig‘a ko‘chib ketib, o‘sha yerda vafot etdi. Nigorxonim ersa tishni tishka qo‘ydi, erimdan yayrab-yashnamag‘an bo‘lsam, qizimdan va oldimg‘a qo‘yg‘an o‘g‘ullarimdan yolchirman, deb umidlandi. Darhaqiqat, sabrlik bu xonim hozirdanoq shu o‘z oldig‘a qo‘yg‘an bolalarining biri va to‘ng‘uchi bo‘lg‘an Ra’nosining tufaylidan bir qadar ro‘shnoliq ko‘rib boshladi va oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘ ekaniga ishondi.
Bir yamoqchi yoki mardikorchi o‘z xotinini uradir, so‘kadir, tepkilaydir. Bu hol ularda aksar faqirliq avjig‘a mingan kezlarda voqi’ bo‘ladir. Agar yamoqchi kekirarlik darajada tomoqni bopta qilsa, ishi o‘ngidan kelib istiqboli birmuncha ta’minlangandek bo‘lsa, darhol vaziyat ishonmasliq ravishda o‘zgarib ketadir: gap-so‘z joyida, xotinni urish o‘rnig‘a orqasini silash, so‘kish o‘rnig‘a yalinish va arzi muhabbat. Xotin ham kechagi kaltak zarbini unutkan, kina o‘rnig‘a sadoqat; go‘yo aytarsizkim, Yusuf Zulayxolarmi deb.
Yuqori tabaqa oilalarga kirib qarasaq, munda tamoman boshqacha manzara ko‘ramiz: qorin to‘q, birar narsaga ehtiyoj yo‘q, istiqbol ta’min va lekin boyag‘i foji’a bularda kuchlirak, shuning kabi bu foji’alar muvaqqatiy[40 - Muvaqqat – vaqtincha.] ham emas, sababini topish ham qiyin. Yaxshi, yamoqchiku yaramas tuzulishka qarshi bo‘lg‘an kekini ko‘zi tinib xotinidan olg‘an edi. Ammo keyingilarning turmush sharoitlari yaxshi, hamma narsa o‘z orzularicha, bas, shu holda ularning uy mojarolari va bola-chaqani it kabi siqishlari nimadan?..
Shunga o‘xshash bizning maxdumning ham g‘oyasi birni ikki qilish, beshni o‘n qilish edi. Yaxshi kechinish uchun turmas, ammo ko‘paytirish uchun yashar edi. Nigorxonimni urmas va lekin urg‘andan besh battar qilib siqar edi. Ikki yuz tillodan ko‘b oqchasi (bu oqchalarni husuli[41 - Husul – hosil bo‘lish.] to‘g‘risida keyin so‘z bo‘lur) va savodlik bo‘lg‘an bolalar ziyofatidan kiygan ikki sandiqcha sarposi bor edi. Oltindan sarf qilmag‘anida ham loaqal shu kiyimlardan na xotinini va na bolalarini foydalantirar va na o‘zini ihnaliqdan qutqarar edi. Buni ham qo‘yib turayliq, Nigor oyim yigirma-o‘ttuz qizni o‘qutib ulardan tushkan “ozodliq” va “panjshanbalik” pullarga ham ega bo‘lolmas, har kun deyarlik muhtarab maxdum pochchag‘a hisobini batamom topshurib turishqa majbur edi. Maxdum buning evaziga har yil bozorning eng dag‘al bo‘zidan bir par ko‘ylak lozim olib berar, yangi guppi bilan yozliq mursakni bo‘lsa, Nigor oyim besh-olti yilsiz ko‘rmas edi.
Nigor oyim qisqa bo‘yliq, pista po‘choq targ‘il ko‘zlik, zarcha tanlik, yuzidagi onda-sonda chechak o‘runlari bo‘lmag‘anda husndor bir xotin edi. O‘z bolalari bilangina emas, hatto shogirdlari bo‘lg‘an qizlar bilan ham juda yumshoq muomala qilar, ortiqcha achchig‘ilang‘an kezlarda “beting qursin” deb, qoshini chimirib olar edi. Eriga o‘xshash “ozodliq” uchun bolalarni siqmas, bil’aks “bo‘shlig‘i” uchun o‘zi maxdum tomonidan siqilar edi. Oz va ma’noliq qilib so‘zlar, xotinlar bilan muomalasini boshqa otinbibilardek yuqoridan turib qilmas, soddacha suhbatlashar edi. Xotinlar maxdum domlaning ba’zi qiliqlaridan kulishsalar ham Nigor oyimning orqasidan g‘iybat so‘zlamaslar, oldida qanday hurmatlasalar, keyinidan ham o‘shancha ehtiromlab, uning maxdumdek ziqna kishining qo‘lig‘a qaram bo‘lg‘anig‘a achinib “peshana aylanay, qol-u balo”, deyi-shar edilar.

7. RA’NO
Ism bilan jism aksar bir-birisiga muvofiq tushmaydir. Mening yosh vaqtim, ayniqsa, go‘zallik qidirg‘an mag‘rur chog‘larim edi. Oilamizdami, boshqa yerdami, baharhol xotiramda yaxshi qolmag‘an, Lola otlig‘ bir qizning chevarligi to‘g‘risida so‘z bo‘ldi. Majlis ahli menga yaqin, ya’ni ular oldida husndan bahs ochish uyat bo‘ladirg‘an kishilar edilar. Shuning uchun menga Lolaning chevarligidan ko‘ra muhimroq bo‘lg‘an “husn”i masalasida izohot so‘rashning imkoni bo‘lmadi. Lekin Lola ismining ostida bir malakni ko‘rgan – “Lolaning ismiga o‘xshash husni ham bor”, deb o‘ylag‘an edim. Shu kundan boshlab Lolani ko‘rish hajriga tushdim. Bo‘yi yetkan qizlarni ko‘ra olish bu kunlarda ham amri mahol bo‘lg‘anidek mundan o‘n yillar ilgarida yana mushkilroq, edi. Necha vaqt “hijron o‘tida yonib”, ko‘cha poylab, nihoyat, Lolani suv olish uchun ko‘za ushlab ko‘chaga chiqqan holatda uchratdim. Burnidagi buloqisidan boshqa (agar buloqi husnga qo‘shilsa) “Lola”likka arziydirgan hech gap yo‘q edi.
Yaqindag‘i bir boladan suv olg‘uchining kim ekanini so‘rag‘an edim:
– Lola opam, – dedi.
Bolaning talaffuzi menga “Mola opam” bo‘lib eshitildi. Bir necha kunlar bu qizning otini “Lola” deb qo‘yg‘anlari uchun achchig‘lanib yurdim. Chunki, afu etasiz, o‘sha kezlarda achchig‘lanishg‘a haqqim bor edi…
Ammo Ra’noning ismi – jismiga yoxud husniga juda muvofiq tushkan edi. Men rassom emasman. Agar menda shu san’at bo‘lg‘anda edi, so‘z bilan biljirab o‘lturmas, shu o‘runda sizga Ra’noning rasmini tortib ko‘rsatar, qo‘yar, faqat menga Ra’no gulining suvigina ko‘proq kerak bo‘lar edi.
Solih maxdum xasis, ta’magir, harholda sajiyasi e’tibori bilan uni yaxshilar qatorig‘a qo‘yib bo‘lmaydir. Va lekin tabi’at xasis emas, tikandan gul, aridan bol yarataberadir. Shunga o‘xshash tikanlik yog‘ochdan xush islik, latif ko‘runishlik Ra’no yaratilg‘an edi.
Bizning o‘zbeklarda, ayniqsa Qo‘qong‘a maxsus bir tus, sariqqa moyil bir tus bor. Lekin bu tusni kesdirib sariq deb bo‘lmaydir. Chunki biz og‘riq kishining tusini sariq deymiz. Zarcha, za’far tuslari ham bunga dag‘alliq qiladirlar. Ta’birimiz qo‘pol tushmasa, bu go‘zal qiz, och ra’no gulining tusida yoki oq sariq tusda yaratilg‘an edi. A’zoda o‘skan tuklarga ham haligi tusning ta’siri bo‘ladir. Ra’noning sochi gungurt-qora, ya’ni quyoshsiz joylarda qora ko‘rinsa ham quyoshda bir oz sarg‘ish bo‘lib ko‘rinar edi. Shunga o‘xshash Ra’noning ko‘zida ham buning asari ko‘ruladir: mudavvarga[42 - Mudavvar – to‘garak.] moyilroq jodu ko‘zi kishiga qattiq qarag‘anda qoraliqdan boshqacha yana bir turluk nur sochar edi. Kipraklari ostida nafis bir surma doirasi bor edi. Qoshi tutash kabi ko‘rinsa ham ko‘ndalang yotqan ikki qilich orasini nafis bir quyulib ko‘tarilish ajratib turar edi. Burni hech bir munaqqidg‘a[43 - Munaqqid – tanqidchi.] berishmaslik mutanosib, har zamon uyalish tabassumiga hozir turg‘an, nafis irinlarining yuqorig‘i qismida sezilar-sezilmas tuklar ko‘kargan edi. Yuzi cho‘ziq ham emas, oy kulcha ham deb bo‘lmas, kishiga kulib qarag‘anda qizil olma ostlarida ikkita zamma ravishlik shakl hosil bo‘lar, go‘yo bizga chin ra’no guli ochilg‘an holatda ko‘rinar edi. Sochlari juda quyuq, sanoqsiz kokillar Ra’noning orqa, o‘ngini tutib yotar, qaddi uzunliq bilan qisqaliqning o‘rtasi, do‘nduq barmoqlarining jimjilog‘ida xina gullari, harholda bu qiz yolg‘iz Qo‘qonningg‘ina emas, umuman Farg‘onaning kuylariga qo‘shulib maxtaladirg‘an go‘zallaridan edi.
Ra’no Nigor oyimning to‘ng‘uchi, bu yil o‘n yetti yoshni to‘lduradir. Savodni otasidan o‘qub, o‘n to‘rt yoshida ibtidoiy maktab pro‘g‘ramida bo‘lg‘an barcha darslarni bitirgan, masalan: diniy qismdan – “Haftiyak”, “Qur’on”, “Chahor kitob”, “So‘fi Olloyor”, “Maslaki muttaqin”, adabiyotdan– Navoiyning barcha asarlari, devoni Fuzuliy ma’a[44 - Ma’a – bilan.] Layli Majnun; Amiriy, Fazliy va shulardek, chig‘atoy-o‘zbek katta shoirlarining asarlari; forsiydan – Xoja Hofiz Sheroziy va Mirzo Bedil, xusnixat, insho va boshqalar. Bu kunlarda bo‘lsa bir tomondan, qizlarg‘a saboq berib onasig‘a ko‘maklashsa, ikkinchi tarafdan, otasida kofiya (arab nahv va sarfi) hamda Shayxi Sa’diyning “Guliston”idan dars oladir va shuning qatorida o‘zi yaxshi ko‘rgan chig‘atoy-o‘zbek shoirlarining badi’a asarlaridan alohida bir majmu’a tuzub yuriydir. Ba’zan “ovlog‘roq joylarda” o‘zicha manzumalar to‘qusa ham, biroq bularning isi o‘zidan chetka chiqmaydir. Agar to‘qug‘an she’r yoki manzumasi o‘ziga ma’quldek tushsa, faqat bir kishigagina ko‘rsatib oladir. Va ul kishi ham bu sirni chetka chiqarmaydirg‘an ishonchlik o‘z kishisi.
Qisqasi biz yuqorida Ra’noning she’riy bir husnini ko‘rganimizdek, uni fazl va zakovatda ham o‘tkan xon zamonlari asrining nodir uchraydirgan yakto fozila qizlaridan sanaymiz va sanashg‘a ham o‘zimizda majburiyat his etamiz.
Ra’no qancha jiddiy bo‘lsa ham yana unda bolalik tabi’ati butun ko‘yi saqlanadir: ukalarining o‘yunig‘a komil huquqli bir a’zo tariqasida ishtirok etadir, onasining ko‘zini chalg‘itib o‘qug‘uchi qizlar bilan janjallashib oladir, qizlar saboqlarini bilmasalar arazlab, ularni o‘qutmay tashlab ketkan chog‘lari, arzimagan gapdan tez mutaassir bo‘lg‘an kezlari ko‘b bo‘ladir. Ra’no o‘zining munday harakatlariga qarshi onasidan yaxshi-yomon mukofot olmasa ham, ko‘pincha otasidan tanbih eshitadir. Koyish eshitkani uchungina emas, uy-ro‘zg‘or to‘g‘rilarida onasini siqib ushlaganidan va fohish tangligidan[45 - Fohish tangligi – ortiqcha siquv.] ranjib otasini uncha xushlamaydir. Otasidan achchig‘lang‘an kezlarda onasig‘a jiddiy qilib: “Hamma ayb o‘zingizda, otamdan ko‘ra tuzukroq erni topib tegsangiz munchalik qiynalishib yurmas edik”, deb bo‘g‘ilg‘an Nigor oyimni kulduradir.
Qattig‘ ranjigan bir kun otasi – Solih maxdumga bag‘ishlab qiziq bir hajv yozg‘an va “o‘z kishisiga” ko‘rsatib uni kuldurgan edikim, biz kulgulik uchun bu o‘rung‘a bir necha misra’ini ko‘chiramiz:
Yog‘lar to‘kilsa yerga yotib yalar taqsirim,
Bo‘lsa bozorda pastlik sotib olar taqsirim.
Menim uchun bir zirak, Ra’nobonug‘a jevak[46 - Jevak – qizlarning bu kunda isti’moldan qolg‘an ko‘krak ziynati (mual.)],
Desa oyim – “Ne kerak?!” yumma talar taqsirim.
“Quloq teshish fazl emas, pulni topish hazl emas,
Jevak taqish farz emas!” g‘avg‘o solar taqsirim.
Muhtaram o‘qug‘uchini qahramonlarimizning bir qismi bilan tanishdirishni shu yerda to‘xtatamiz.
Ularning ichki va tashqi tabi’atlari yaxshi yeshilmag‘an bo‘lsa, hikoyamizning davomida yana ham ochilib va kengayib borar, deb ortiqcha tafsiyaga kirishmadik.

8. BIR O‘RDALIQ
Maxdumning havlisi uch qabat edi. Ko‘chadan birin-chi qabatda mehmonxona, maktabxona va mashhxona edi. Ikkinchi qabat murabba’[47 - Murabba’ – to‘rtburchak, kvadrat.], yarim tanob chamasi boqcha, bunda shaftolu, olma, anjir kabi mevalik daraxtlar va bir necha keksa so‘ri toklar qulp urib o‘sqan edilar. Maxdumning bolalar kuchidan yaxshi foydalang‘ani uchun bo‘lsa kerak, boqchaning har bir qarishi bo‘sh qolmag‘an, unda har turluk ko‘katlardan bor edi. O‘rtadag‘i so‘rining osti bir yarim gaz ko‘tarilib ishlangan sufa, sufaning uch tarafiga yoz gullari ekilgan, rayhon va boshqa chechaklar atrofka o‘z atriyotlarini ongqitib yotar edilar. Birinchi qabatdan kirgach, boq-chaning sufasiga hamda ichkariga yuruladirgan yo‘lkalar bor edi.
Hozir mezon[48 - Mezon – 22-sentabr – 21-oktabr.] oyining ikkinchi haftalari, boqchaning mevalari yetilinqirag‘an, ayniqsa so‘ridagi qora husayni uzumlardan qo‘yo bollar tomib yotar edi. Yo‘lkalarga suv sepilgan, sufaga gilam solinmasa ham gullik kiyiz to‘shalib, uch tarafiga ko‘rpachalar yozilg‘an edi.
Maxdum etni uyga berib chiqg‘andan keyin ikki soat chamasi husnixatdagi bolalar bilan shug‘ullandi, oradan “abjad” so‘zini durust yozib chiqarg‘an bir bolaning qo‘lini bog‘lab uyiga yubordi. Bola uyidan “qo‘l eshar” olib kelgandan so‘ng hammaga javob berib, bu kungi vazifasini tamomladi.
Maxdum mashqxonadan chiqib ichkari kirishga adim uzg‘an holatda darbozadan sipohi kiyimda bir kishi kirdi va maxdumga tabassum bilan salom berib, yaqing‘a yurib keldi. O‘rdaning devonxona xizmatchilari kiyimida bo‘lg‘an bu kishini maxdum o‘z umrida birinchi martaba ko‘rat edi. Javob salomdan keyin ko‘rishdilar. Maxdum taraddudlanib, maqsad so‘rashdan o‘ng‘aysizlanib mehmonni mehmonxonag‘a boshladi. Mehmon ham takalluflanmay domlaning orqasidan mehmonxonag‘a kirdi, o‘lturishdilar, so‘ng fotiha o‘quldi. O‘rdaliq tabassum ichida maxdumga qarag‘andan so‘ng yig‘ishtirinib oldi.
– Xato qilmasam janoblari mirzo Anvarning ustozlari bo‘lsalar kerak?
– Faqir…
– Uy ichlari bilan xo‘b salomatmilar?
– Alhamdulilloh.
Maxdumga kutulmagan ravishda mehribon muomala qilg‘uchi bu o‘rdaliq qirq yoshlar chamasida, uzun bo‘yliq, qora uzun soqolliq, simobi sallasining peshini tushirg‘an qoracha tuslik bir yigit edi.
– Kaminalari ham, – dedi o‘rdaliq, – Mirzo Anvar bilan birga devonxonada ishlayman. Balki quloqlarig‘a chatilg‘an bo‘lsa kerak, ismim Sultonali mirzo…
– Xo‘b, xo‘b, – dedi kulib maxdum, – Anvardan eshitkanim bor edi, janoblarining tavsiflarini eshitkanman. Nachuk xudo yorlaqadi? Faqirxonag‘a tashriflari bilan bisyor xushnud bo‘ldim.
– Adabsizlik bo‘lsa ham, – dedi mirzo Sultonali, – muborakxonalarig‘a bostirib keldim. Bunga ham burodarim Mirzo Anvarning muhabbati majbur qildi.
Sultonalining bu keyingi so‘zi maqsadni bir daraja domlag‘a onglata yozdi. Kayflanish, huzurlanish maxdumning yuzida o‘runlashqan edi. Ko‘zini qisinqirab Sultonaliga qaradi.
– Xo‘b, xo‘b, – dedi maxdum, – mulla Muham- mad Rajab marhumning o‘rnig‘a bosh munshiy ta’yin qilindimi, qo‘lim tegib bu to‘g‘rida Anvar bilan so‘zlasholmadim?
– Hozir ta’yin qiling‘uncha yo‘q, erta-indin ta’yin qilinar, deb turamiz.
– Ko‘b yaxshi, nomzadlar bordir?
– Bor, – dedi Sultonali, – bir necha nomzadlar hazrati xong‘a manzur qiling‘anlar, jumladan shoir Madhiy, mulla Shahodat mufti va boshqa yana bir nechalar. Masmux’ingiz[49 - Masmu’ – eshitilgan.] bo‘lsa kerak garchi o‘zi rizoliq bermasa ham bir necha mirzolar shogirdingiz Mirzo Anvarning ham nomzadini xolis ariza bilan janobga manzur qilg‘an edik. Umid xudodan, yorlig‘ Mirzo Anvarga qoyim[50 - Qoyim – qaror.] bo‘lur, deb turamiz.
Maxdum soqolini tutamlab shipka qaradi. Go‘yo Sultonalining keyingi ikki jumlasiga qaysi yo‘sun muqobala qilishdan ojiz edi.
– Bir necha yaxshilarning Anvarga bo‘lg‘an husni tavajjuhlarini eshitkan edim, – dedi maxdum minnatdor ohangda, – ammo faqirg‘a shunisi mushkilroq ko‘rinadirkim, basharti Anvar bosh munshiylik vazifasiga yorlig‘ olg‘undek bo‘lsa, bu lavozimotni ado qila olurmi, kaminaning nazarimda bosh munshiylik alalxusus ul janobning huzurlarida behad ulug‘ va mushkil ko‘rinadir?
Sultonali yengilcha kulib qo‘ydi:
– Bosh munshiylik lavozimoti borasidagi fikringiz darhaqiqat to‘g‘ri, – dedi, – ammo Mirzo Anvarning uhda qila olishi muhaqqaqdir[51 - Muhaqqaq – haqiqat.]. Zero, Anvarning bu boradagi iste’dodi janoblaridan ko‘ra kaminaga ma’lum- dir, bu to‘g‘ridan xotirjam’ bo‘lsinlar.
– Darvoqi’, Anvarga ko‘b mehnatim singgan, – dedi maxdum mahtang‘ansumon, – bir qarish yoshidan boshlab kaminaning ta’limida o‘sti, o‘z qo‘limda tarbiya topqan necha yuz, balki minglab shogirdlarim ichida ko‘b tavajjuhim[52 - Tavajjuh – e’tibor.] shu bolag‘a bo‘ldi. Ushbu sababdan ham munchalik musta’id[53 - Musta’id – qobiliyatli, iste’dodli.] bo‘lg‘an bo‘lsa ajab emas, deb o‘ylayman… Va lekin holog‘i[54 - Holog‘i – haligi.] so‘zim shuning uchundirkim, fazli va iste’dodi kofiy[55 - Kofiy – yetarli.] bo‘lsa ham yoshliq, kam tajribalik qilmasmukin, deb mulohaza qilurman.
– Bo‘stoni ma’rifat va gulshani haqiqat, – dedi Sultonali, – Imomi A’zam rahmatullohi alayhi[56 - Imomi A’zam (taxallusi, melodiy – 699–767) – ismi Abu Hanifa Nu’mon ibni Sobit. Islomdagi hanafiya mazhabining asos-chisi.] o‘n ikki yoshlarida darsgo‘lik qilib va hokazo kutubi mutabarraka ta’lifotig‘a ham ibtido qilg‘an[57 - Kutubi mutabarraka ta’lifotig‘a ham ibtido qilg‘an – tabarruk kitoblar yozishg‘a ham boshlag‘an ekanlar.] ekanlarkim, bu karomat janoblaridan po‘shida emasdir. Bas, indal’uqalo[58 - Indal’uqalo – oqillar nazdida.] yoshliqning hech bir nuqs va ahamiyati yo‘q, ammo fazl-u zakovat lozimdir. Masalan, kaminangiz tahsilda “Aqoid”g‘acha[59 - Ilgarigi tahsilda tolibning masalan: “Ozomil”, “Kofiya”, “Sharhi mullo Jomiy”, “Muxtasar” yuqoriroq darajada “Aqoid” (Ollohning borligini tasdiqlovchi ilm), so‘nggida esa “Tafsir” ilmlarini o‘qiganligiga qarab ilm darajasi belgilangan.] bordim va qariyb o‘n yildan beri mirzoliq qilurman. O‘z hunarimda yaxshi tajriba ham ortdirdim, shuning bilan birga nafsilamrni iqror etishka majburmankim shogirdingiz Mirzo Anvardan ko‘b daraja quyidaman: tahrirda[60 - Tahrir – yozish.], taqrir[61 - Taqrir – matnning mazmunini tushuntirish.] va faroizda[62 - Faroiz – musulmonchilik qoidalarini o‘rganish ilmi.] Anvaringizning yordamig‘a muhtojman. Holbuki yoshim undan barobar katta, men o‘qug‘an darslarni ehtimol Anvar o‘qumag‘an… Anvarning zakovatiga yolg‘iz men emas marhum munshiy mulla Muhammad Rajabning o‘zi ham tahsin qilar, ajoyib o‘g‘lon deb qo‘yar edi. Meni Mirzo Anvarni bu o‘rung‘a sa’i qilishim[63 - Sa’i qilish – undash, da’vat etish.] bo‘lsa bir g‘araz yuzasidan emas, xolisonadir. Agar g‘arazg‘a hisoblansa, masalan: “Birarta noahlning qo‘l ostida ishlagandan, ahlining jag‘ida tishlangan ma’qul” so‘ziga binoandir. Lekin Mirzo Anvar nima uchundir biz bir necha mirzolarning ra’yimizga qarshi tushib, bizdan ranjib yuriydir. Hatto janobg‘a bir ariza kirgizib, menim nomzadim yanglish ko‘rsatilibdir, men bu vazifani uhda qilolmayman, deb uzr bayon qilmoqchi emish. Uning bu yo‘sun inodi nima uchun, bilalmadik… faqir, og‘aynilar tarafidan garchi adabsizlik bo‘lsa ham huzurlariga iltimos uchun keldim. Avvalo Mirzo Anvarga otaliqlari, soniyan ustozliqlari bor. Siz janob targ‘ib qilsangiz va kengash bersangiz qabul qilar, deb o‘yladiq.
– Habba! – dedi maxdum xursandlik bilan, – bu to‘g‘rida yaxshi so‘zlashmag‘an edik, so‘zlasharmiz, inshoolloh ko‘nar.
– Salomat bo‘lingiz, taqsir.
Maxdum soqolini ushlab ko‘zini qisdi:
– Boya peshin asnosida, – dedi, – qavmlar kaminadan istifsor[64 - Istifsor – so‘ramoq.] qilishdilarkim, “o‘g‘lingiz Anvar munshiy ta’yinlanar emish, ushbu axbor to‘g‘rimi?” deb… Mazmuni shaharga ham mashhur bo‘lg‘an ekan-da?
– Balki, – dedi kulib Sultonali va birozdan keyin ohista sir yo‘sunida qilib so‘zladi, – o‘rda ichidan bir nechalarimiz ustoz mulla Muhammad Niyoz domlag‘a[65 - Xudoy orning shog‘ovulboshisi – ilmiya vaziri, “Tarixi Shahruhiy”ning muallifi, shoir (mual.).] va haramdan Og‘acha oyimg‘a[66 - Xudoyorning suyukli xotuni (mual.).] Anvar to‘g‘risida iltimos qilishdiq. Shuning uchun Mirzo Anvarning bosh munshiy ta’yin qilinishig‘a shubha qilmaymiz. Faqat uni ko‘ndirilsa bas.
– Va lekin, – dedi maxdum nihoyatda ochilg‘an qiyofatda, – bu tadbirlaringiz beandoza ma’qul bo‘libdir, ya’ni masalan, janobg‘a domla shog‘ovul va malika xonimlarni vosita qilishlaringiz…
– Biz ham shunday o‘ylaymiz. Endi umid xudodan, natija ham orzumizcha bo‘lg‘ay.
– Inshoolloh.
– Demak, Mirzo Anvarni ko‘ndirish vazifasi odobsizliq bo‘lsa ham sizga qoldi-da, taqsir? – deb Sultonali takror so‘radi.
– Xotirjam’, – dedi, maxdum qanoat bilan, – albatta noinsofni ko‘ndirsamiz kerak.
Shundan so‘ng Sultonali o‘zining bu yerga kelganini Anvarga bildirmaslikni ta’kidlab, o‘rnidan turdi. Maxdumning aztahidil “mohazarimiz[67 - Mohazar – taom.] bor edi” deb qistashig‘a qarshi uzr aytib xayrlashdi. Maxdum aksar o‘z uyiga kelguchi kishilarga qilmaydirg‘an favqulodda bir takalluf bilan uni darbozag‘acha uzatib chiqdi.

9. O‘PKA VA HAZIL
Istiqbolning shirin xayollarig‘a ko‘milgan holda maxdum asr namozi uchun tahorat olar edi. Tahoratda tartibni nioya qilish sunnat[68 - Sunnat – odat.], ammo maxdum tarki sunnat qilmoqda. Hatto o‘quladirg‘an duolarni ham o‘runsiz ishlatmakda edi. Maxdum shu yo‘sun betartib tahoratlanib ichkariga kirdi. Nigor oyim oshxonada mantilarni qasqong‘a terib qozong‘a uyar, Ra’no bo‘lsa ayvonda kichkina ukalari orasida o‘lturar edi.
Dadasi yo‘lakdan ko‘rinish bilan Ra’no Mas’udni ko‘tarib turdi. Va qoziqdag‘i salla-choponni olib ayvon muyushig‘a keldi. Bolalar ham dadalari oldida adablanishdilar.
– Anvar akang kelmadi, sufa yolg‘iz, – dedi maxdum, chopon, sallani kiya-kiya, – asrga borib kelgunimcha, sen sufaga chiqib tur-chi, Ra’no.
– Xo‘b.
Otasi chiqib, ketkach, Ra’no qo‘lida ukasi bilan tashqarig‘a yo‘l soldi. Uning ketidan Mahmud va Mansurlar ham chopishdilar.
– Ra’napa, Ra’napa! – deb Mansur yig‘i aralash o‘zidan chopib o‘tmakchi bo‘lg‘an Mahmudning ustidan Ra’no opasig‘a arz qildi. Ra’no boqchaning sufasiga yeta yozg‘an edi. Mansurning yig‘i shovquni yana ham kuchayib raqobat o‘ti yonib ketkach, Ra’no to‘xtab Mahmudni koyishka majbur bo‘ldi:
– Mahmud, Mahmud, esi yo‘q Mahmud!
Mahmud to‘xtadi, ammo Mansurdan olding‘a o‘tkan edi. Mansur bu mag‘lubiyatka chidalmay asabiylanib, yerga o‘lturib oldi va dunyoni buzub faryod qo‘pordi. Ra’no kelib Mansurni turg‘izdi va kiyimiga o‘lturgan changlarni qoqti:
– Yig‘lama, opasi, yig‘lama, – dedi, – hali dadasi Mahmudni dum-dum! Qarab tur-chi, sen Mahmud, otang kelganda aytmasammi?!
Mansur “Ra’napa”sining himoyasidan so‘ng uning yetagida sufaga qarab yurdi. Ammo Mahmud ancha ezilgan edi:
– Dadam yima[69 - Yima – nima (mual.).] qilardi? – deb so‘radi turg‘an joyidan.
– Kelsin-chi, hali. Tunovi kungi chiviq esingdan chiqdimi?
Mahmud javob beralmadi. Uning ko‘zida achchiq aralash qo‘rquv bor edi. Ra’no kichkina ukasi bag‘rida sufaga chiqib o‘lturdi. Mansur “Ra’nopa”sining yelkasiga suyanib, yo‘l ustida serrayib qolg‘an Mahmudga g‘olibona bir turda istehzo qilar edi. Mahmud bu holga ortiq chidab turolmadi. O‘zining yengilishga sababchi bo‘lg‘an Ra’nodan o‘ch olmoq maqsadida:
– Mullataning xotini, mullatning xotini… yey, yey, yey!
Ra’no kuldi:
– Qarab tur, qarab tur, sen adabsiz, – dedi va Mahmudga hujum qiladirg‘andek qo‘zg‘alib qo‘ydi.
– Bildim, bildim: mullataning xotini, mullataning xotini! – dedi Mahmud va ichkariga qarab qochti.
Ra’no kulimsirab Mansurga qaradi:
– Shundaymi, men mullataning xotinimi-a? – deb so‘radi. Mansur javob o‘rnig‘a yo‘lakka qaradi va so‘yunchi ichiga sig‘mag‘an holda sufaning zinasiga yugurdi va qichqirdi:
– Mullata, mullata telli, telli!
Ra’no ham yo‘lakka qarab qizarinib ketdi va oldig‘a tushib taribsizlangan sochini orqasig‘a tashlab tuzatindi. Yo‘lakda ko‘ringan yosh yigit (“mullata”) sufaning yo‘li bo‘yincha kelmakda edi. Qora chiviq beqasamdan harir to‘n kiygan mavzun qad Anvar birinchi qarashdayoq ko‘zga do‘ndiq va ko‘rkam ko‘rinar edi. Qora surmalik ko‘zi Ra’noda ekan, o‘ziga yugurib kelguchi Mansurga yo‘l ustida cho‘nqayib quchog‘ini ochti. Mansurning yuzidan o‘pkach, ko‘tarib sufaga yurdi. Anvarni qarshilamoq uchun bo‘lsa kerak, Ra’no ham o‘rnidan turib sufaning zinasiga yaqinlashdi. Va tabassum aralash – “Hormang‘“ dedi.
– Sog‘ bo‘ling.
Anvar sufaga chiqib, Mansurni yerga qo‘ydi. Kafshini yesha-yesha Ra’no tomong‘a engashib, o‘ziga talpinib turg‘an Mas’udning yuzidan o‘pti va uni Ra’nodan oldi. Mas’ud Anvarning qo‘lig‘a o‘tkach, sapchib guvrandi va qiyqirib tovlandi. Ra’no ikki qo‘lini uzatib “kel menga, kel” dedi. Mas’ud buralib Anvarning bag‘rig‘a siqildi. Kulishdilar. Anvar bolani o‘pib so‘ydi. Ra’no Mas’udni yandi: “Sen qarab tur, biji bola” dedi. Anvar bolani ko‘targancha ko‘rpachaga o‘lturdi. Chap tizzasiga Mansur yopishdi va uning yonig‘a Ra’no qo‘shildi… Shu yo‘sun ikki orada bir- muncha vaqt Mas’udni so‘yishdilar: Anvar bolani Ra’nog‘a bergandan keyin simobi shohi sallasini olib yostiqqa tashladi va ro‘ymoli bilan qop-qora bo‘lib chiqa boshlag‘an murtini tuzatdi. Ra’no qarshida tik turar edi.
– Tinchlikmi?
– Betinchlik, – dedi kulib Ra’no.
– Ayni muddao ekan bo‘lmasa… Ha, aytkandek, – dedi Anvar o‘lturgan sufasiga ishorat qilib, – bu kun joy katta soling‘an?
– Mehmon kelar emish.
– Yolg‘oning qursin, Ra’no, – dedi Anvar kulimsib, – qanday mehmon?
– Men qayoqdan bilay, qanday mehmon… fotihaga kishilar kelar emish, deb eshitdim.
– Fotihasi qanaqa?
– Bilmasam qanaqa?
Anvar o‘ylanib, yana kulimsidi:
– Sening fotihang bo‘lmasin?
– Menim qanday fotiham bo‘lsin, men hali tirikman.
– Teskariga burma, Ra’no, balki seni erga bermakchidirlar?
Ra’no qizarib turdi-da, yana gapni kulgulikka oldi:
– Meni kimga berar emishlar?
– Senimi? – dedi kulib Anvar, – seni xondan boshqa kim olsin?
Ra’no qo‘lidag‘i ukasiga qarag‘an holda:
– Siz shunga maslahat bersangiz… men qandog‘ qilay, – dedi va Mansurni chaqirdi, – tur Mansur, ketamiz.
Ra’noda achchig‘lanish namoyishi bor edi. Anvar Ra’nodagi bu o‘zgarishdan o‘ngg‘aysizliqqa tushdi:
– Ra’no, – dedi. Ra’no zinadan tushib boshlag‘an holda to‘xtadi, – chinini so‘zla, mehmon kelishi aniqmi?
– Mehmon kelishi aniq, ham keldi, – dedi Ra’no jiddiy.
Anvar ajablandi:
– Mehmon keldi?
– Keldi.
Anvar tevarakka qarandi:
– Qani mehmon?
Ra’no qo‘li bilan Anvarning o‘ziga ishorat qildi:
– Ana mehmon, – dedi.
Anvar kuldi:
– Me mehmonmi?
Ra’no jiddiy ravish bilan:
– Albatta, siz bizga mehmonsiz.
Anvar yana kuldi. Biroq uning bu so‘ngg‘i kulishida kuchlanish bor edi:
– Men sizga mehmonmi?
Ra’no kulimsib yer ostidan Anvarga qaradi va qo‘lidag‘i xarxasha qilib boshlag‘an bolani ovitish uchun tebrandi.
– Bilmasam…
Ra’noning yuzidan boyag‘i jiddiyat yo‘qolg‘andek edi. Anvar ham ma’noliq hazilni tashlab chin hazilga o‘tdi:
– Mehmonning qorni och, Ra’no, – dedi, – albatta qadrlik mehmon uchun tansiqroq taom pishirg‘andirsiz, deb o‘ylayman. Bu kungi taomingiz ismini lutfan marhamat qilsangiz edi.
– Mehmonning vazifasi, – dedi Ra’no javoban, – izzati bilan o‘lturish va oldig‘a qo‘yg‘an narsani maxtab-maxtab yeyishdir…
– To‘g‘ri aytasiz, otin bibi, – dedi Anvar, – biroq bu kungi mehmondorchilig‘ingiz ham kechagidek ugra bilan bo‘lsa, maxtab-maxtab qo‘lingizg‘a qaytarib berishim ham aniqdir.
Ra’no butun tovshini qo‘yib kulib yubordi:
– Bu kun qo‘g‘urma sho‘rbag‘a, – dedi Ra’no kulgi ichida, – qattig‘ non to‘g‘rab yeysiz, jaz o‘rnig‘a shalg‘am chaynaysiz.
– Ofarin, – dedi Anvar, – bu kungi mehmondorchilig‘ingizdan qariyb mamnun bo‘ladirg‘ang‘a o‘xshay-man. Agar mumkin bo‘lsa, shuni ham bilsamki, bu kungi shalg‘am sho‘rba katta otin bibining qo‘llaridan tanovul qilinadirmi yoki kichik otin bibining?
– Mehmon uchun buning farqi yo‘qdir…
– Biroz yanglishasiz Ra’nobonu, – dedi Anvar, – chunki qo‘ldan-qo‘lning katta farqi bor.
– Farqi bo‘lsa… bu kun kichik otin bibining qo‘llaridan shalg‘am sho‘rba tanovul qilasiz.
– Bu holda afu etasiz, Ra’nobonu… Basharti kichik otinbibining qo‘llaridan tanovul qiladirg‘an bo‘lsaq, shalg‘am sho‘rba emas, bizning uchun qush sho‘rbadir.
Bunga qarshi Ra’no nimadir aytmoqchi bo‘lg‘an edi, tashqaridan oyog‘ tovshini sezdi, Anvarga bir kulib qaradi-da, Mansurni yetaklab ichkariga chopdi.

10. XAYRIXOH BIR ODAM
Ra’no ichkariga qayrilmasdan boqchag‘a maxdum kirdi va tashqarini chaqirdi:
– Marhamat Shahidbek, marhamat!
Ra’no ichkariga kirishi bilan domlaning orqasidan harsillagan, gursillagan elli yoshlar chamaliq semiz bir kishi ko‘rindi. Ko‘k sallasi manglayining usti bilan o‘ralib, o‘siq qoshi qovog‘ig‘a yotqan bu bekning belidagi kumush kamari benihoyat o‘sib tushkan qornini yuqorig‘a ko‘tarib turish vazifasini ado qilar edi.
Eshik ostida Shahidbek bilan maxdum oralarida ongla-shilmasliq yuz berdi:
– Siz yuring!
– Siz yuring!
– Men rozi!
– Adabsizlik bo‘ladi-da, xrrr…
Ortiqcha takallufni Shahidbekning o‘zi qabul qilsa ham g‘o‘shti qabul qilmas edi. Takalluflanib o‘ltursa borg‘an sayin o‘ziga behuzurlik ortar edi. Shuning uchun maxdumning oldig‘a tushib jo‘nadi va yo‘l ustida “Mirzo Anvar ham kelgan ekan, xrrr…” deb qo‘ydi.
Anvar ularni qarshi oldi, sufaga chiqdilar. Shahidbek Anvar bilan entika-entika ko‘rishkach, joy ko‘rsatilmasda-noq sufaning to‘rig‘a o‘lturib oldi. Chunki zinadan chiqishda ancha ezilgan, takallufgacha kutishka toqati qolmag‘an edi. Fotihadan so‘ng o‘lturgan yerida ust to‘nini yeshdi, belidan kamarini olib yonig‘a qo‘ydi, sallasini chiqarib yostiqning ustiga tashladi va ro‘ymoli bilan manglayidag‘i terlarini artib o‘zini yelpidi:
– Xo‘b salomatmisiz, mirzo, xrrr?
– Shukur, o‘zlaridan so‘rasaq?
– Alhamdulilloh.
So‘ngra maxdum Anvardan hol so‘radi:
– Biroz kechikdingizmi, Anvar?
– Zarurroq ishlar bor edi.
– Sarmunshiy qazo qilib, – dedi Shahidbek, – hamma og‘irliq sizning ustingizga tushkan bo‘lsa kerak, mirzo, xrrr?
– Shunday, – dedi Anvar, – lekin ba’zi vaqt viloyatlarga oshig‘ich yuboriladirg‘an noma va farmonlar chiqib qoladir. Shunday kezlarda hatto tunab ishlashka ham to‘g‘ri keladir.
Shahidbek qayta boshdan manglayig‘a terilib qolg‘an terlarini artdi:
– Iloji yo‘q, iloji yo‘q…
Anvar yer tegidan maxdumga ko‘z qirini tashlag‘ach, o‘rnidan turib to‘nini yeshdi va zinaga borib kafshini kiya boshlag‘an edi, maxdum buyurdi:
– Ichkariga kirib, xabar oling, taom tayyor bo‘lg‘an bo‘lsa, olib chiqsangiz ham ma’qul.
– Xo‘b.
Anvar ichkariga ketdi. Uning orqasidan kuzatib turg‘an Shahidbek maxdumga qaradi:
– Mirzoning tarbiyangizga kelganiga ko‘b bo‘lg‘an chiqar?
– Qariyb o‘n to‘rt yil.
– O‘z farzandlaridek bo‘lib qolg‘an-da?
– Undan ham afzal.
– Ojizalari ham yetib qolg‘an bo‘lsa kerak?
– Inshoolloh.
– Xudo yosh bersin, – dedi Shahidbek, – mirzoni o‘zlariga domod[70 - Domod – kuyov] qilsalar ham bo‘lar ekan, xrrr…
– Ushbu mulohazamiz ham yo‘q emas, – dedi maxdum. – Mudomiki, bolani yoshlig‘idan o‘z farzandimizdek parvarish qildiq, endilikda o‘zimizga domod ham bo‘lsin, deb ojizamizni so‘ratg‘uchi ko‘b oliy nasab xonadonlardan qat’i nazar qilib kelamiz…
– Barakalla, – dedi Shahidbek, – asli insof shudir… Ikkilamchi, domodliq uchun nasabdan ilgari ilm-u adab, fazl-u kamol lozimdirkim, bu ham o‘zlaridan maxfiy emas, xrrr…
– Habba, – dedi maxdum ko‘zini qisib, – biz ham shu gaplarni mulohaza qilib qoldiq.
Shahidbek maxdumning mahalla ahllaridan bo‘lib, Xudoyorxon zakotchilarining biridir. Mundan ilgari Shahidbekning maxdum bilan uncha yaqinlig‘i yo‘q va hatto o‘zg‘an yillarda mahalla kishilaridan ba’zilarini maxdumning imomatiga qarshi qo‘zg‘atib yurg‘an edi. Domla bilan do‘stlashish tarixi ersa ikki-uch kundan beridir. Chunki shu kunlarda Anvarning sarmunshiy bo‘lish ehtimoli shaharning katta-kichiklari orasida so‘zlashilib qoldi. Shu ehtimol natijasida maxdumning do‘st va dushmanlari o‘ylashg‘a majbur bo‘ldilar. Jumladan, bizning Shahidbek zakotchimiz ham shu bir necha kunning orasida qariyb bir chorak etini yo‘qotayozdi. Chunki zakotchilar qizman bosh munshiy qo‘l ostidag‘i moliya beklaridirlar. Agarda Shahidbek maxdum bilan aloqasini tuzatmagan holatda Anvar munshiy ta’yinlanib qolsa, birar “foji’a” bo‘lish ehtimoli bor edi. Shahidbek fikricha, go‘yo maxdum Anvarga: “Falonchibek falon vaqtda menga munday adovat qilg‘an edi. Endi fursat kelganda sen uni zakot-chilikdan bekor qil”, deb buyurar, Anvar ham ustozining so‘zini yerda qoldirmay sarmunshiy bo‘lg‘an kunidayoq Shahidbekni xizmatdan bo‘shatdirar edi…
Shahidbek Anvarning sarmunshiy bo‘lishini, tabi’iy, xohlamas edi. Ammo Anvarga qarshi bir ish qilish kuchiga ham molik emas edi. Garchi, hozirda Anvarning sarmun-shiy belgilanishi bir ehtimol bo‘lsa ham, Shahidbek har ehtimolg‘a qarshi chora ko‘rib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Mundan uch-to‘rt kun ilgari maxdumga yaqinlashish andishasida avvalo unga iqtido[71 - Iqtido – taqlid qilish, ergashish.] qilib,namoz o‘qudi (ilgari maxdumning orqasida namoz o‘qumas edi). Xuftan namozidan keyin xalqaga kirib maxdumning tilovatiga soye’ bo‘ldi. Ikkinchi kun ertalabki namozdan so‘ng maxdumga salom berdi va undan ahvol so‘rab: …”Eshitib juda xursand bo‘ldim, har nachuk sarmunshiyning o‘z kishilarimizdan bo‘lg‘ani yaxshi; bu to‘g‘rida o‘rdaliq og‘aynilarg‘a iltimos ham qilib qo‘ydim”, dedi. Maxdum o‘z ishida qancha pishiq bo‘lsa ham, lekin do‘st bilan dushmanni ajratolmas, yana to‘g‘risi – necha yillik adovatlarni ikki og‘iz shirin so‘z yoki besh pul manfaat yevaziga unutib yuborg‘uchi edi. Bunda ham shunday bo‘ldi: “Bachchataloq adovatni tashlab shaytong‘a hay beribdi. Anvarning sarmunshiy bo‘lishig‘a so‘yunibdir, shaytoni zo‘r bo‘lsa ham, insofi chakki emas”, deb Shahidbekka do‘stona muomala qildi va Anvarning ishi to‘g‘risida bilganini so‘zladi; hali asr namozig‘a chiqqanda yana Shahidbek bilan uchrashib so‘zlashdi va Anvar “ahmoq”ning bu ishka norizolig‘idan shikoyatlandi. Shahidbek biroz o‘ylag‘andan keyin: “Men o‘zim Mirzo Anvar bilan bir so‘zlashay bo‘lmasa…”, dedi. Chunki basharti Anvar bosh munshiy bo‘lib qolsa va bunda o‘zining ham ishtiroki bo‘lsa albatta… ha-deya. Shu mulohazada Shahidbekning ko‘zi allaqancha joylarni ko‘rib oldi.
– Mirzoning uyda bo‘lish vaqtini aytsangiz, o‘zim oldig‘a kirar edim, – dedi.
Anvar “bekor gap, anchayin bo‘lmag‘ur gap”, deb maxdumning bu to‘g‘ridag‘i savollariga ahamiyatsizgina qilib javob berar va shunining uchun maxdum ham bu kungacha masalaga ishonchsiz qarab kelar edi. Alhol ersa bu gap butun Qo‘qon xalqi og‘zida so‘zlanib qoldi va buning ustiga Sultonali mirzo maxdumdan jiddiy iltimos ham qilib ketdi. Shu sabablarga binoan maxdumning nazarida Anvarni ko‘ndirish masalasi jiddiylashkan va Shahidbekning haligi so‘zidan keyin o‘z yonig‘a ko‘makchilar, kengashchilar olish luzumini ham his etkan edi. Shu mulohaza bilan Shahidbekning haligi taklifini ma’lmamnuniyat qabul qildi:
– Habba… alhol Anvar uyga kelgan bo‘lsa kerak; lozim topsangiz men bilan birga marhamat qilingiz, – dedi.
Shahidbek Anvar bilan so‘zlashkali va uni ko‘ndirgali kelgandek ko‘rinsa ham, aslida g‘arazsiz odam emas- dir.

11. MAHDUMNING TAHDIDI
Anvar o‘rtag‘a dasturxon yozib, ikki lagan manti chiqarib qo‘ydi, uch kishi qamti o‘lturib, manti tanovul qilishdilar. Taom asnosi Shahidbek sekin-sekin maqsadg‘a yonda-shib keldi.
– Xalq og‘zida duv-duv gap, – dedi manti chaynab, – go‘yo siz marhum sarmunshiy o‘rnig‘a nasb[72 - Nasb – tayinlash.] qilinar emishsiz, deb… Bu haqiqat gapmi yoki ovozami, yaxshi payqolmadiq. Bu so‘zning haqiqatini hozir o‘zi sizdan eshitamizku va lekin sizga xayrixoh bo‘lg‘an taqsirim va mendek kishilarni bu shoyi’a[73 - Shoyi’a – yoyilgan, tarqalgan xabar.] benihoyat xursand qildi, xrrr… Darhaqiqat, bu martabaga nihoyatda layoqatingiz bor ekanini o‘rda arboblaridan ham eshitamiz…
Shahidbek so‘zni shu joyg‘a keltirib maxdumga qaradi. Maxdum soqolidag‘i xamir ushog‘ini olib, mehmonni laganga targ‘ib qildi.
– Kecha va o‘tkan kunlarda, – dedi maxdum lagandan olg‘an mantisini qo‘lida ushlagan ko‘yi, – bu shoyia’larg‘a men ham ishonmag‘andek edim. Ammo bu kungi dovruq meni ham taajjubka qo‘ydi. Voqi’an Anvar sarmunshiylikka mansub qilinsa ne g‘aroyiblig‘i bor? Alhamdulilloh, fazli kofiy, aqli solim[74 - Aqli solim – sog‘lom aql.], iste’dod bo‘lsa boz inchinin [75 - Inchinin (inchunin) – shuningdek.]…
Anvar qo‘li laganda ekan, kulimsib qo‘ydi. Shahidbek kech harorati va manti issiqlig‘i ta’sirida yana o‘bdan terlagan edi. Ro‘ymoli bilan manglay va bo‘yin terlarini artar ekan, Anvarga qaradi:
– Xo‘sh, Mirzo Anvar?
– Shunday gaplar bor, – dedi Anvar, maxdumga ko‘z qirini yuborib, – ammo bu gaplar menim xohishim va rag‘batim xorijida bo‘lmoqda. Shuning uchun bu shoyi’alarg‘a ahamiyat berishka arzimaydir.
Shahidbek maxdum bilan ko‘z urushdirib oldi.
– Ya’ni siz sarmunshiylikni xohlamaysiz? – deb so‘radi.
– Albatta.
– Sabab?
– Sababi shulki, – dedi Anvar, – men buningdek mas’ul, ayniqsa, tantanalik vazifalarga havaskor emasman.
– Albatta, shunday-ku, – dedi Shahidbek, – ammo ki-shi, alalxusus[76 - Alalxusus – xususan.] sizga o‘xshash yigitlar hamisha bir o‘runda o‘lturib qolmaydilar. Tajriba, iste’dodlari o‘skan sayin, yuqoriroq martabalarga mina boradirlar. Shuningdek, sizni ham yuqori martabaga ko‘tarmakchiga o‘xshaydirlarkim, xrrr… buni sizning havaskorlig‘ingiz emas, fazlingiz taqozo qilib, bunda siz asosan har qancha qarshi bo‘lsangiz ham, xrrr… layoqatingiz yana sizni bu xizmatni qabul qilishg‘a majbur etadir.
– Kishilar mubolag‘a qilg‘andek menda iste’dod yo‘q,– dedi Anvar, yerga qarag‘an holda. – Undan keyin o‘rdag‘a kechagina borg‘an menga o‘xshash yoshlarning “bosh mirzo bo‘laman”, deb umidlanishlari ayni bir kulgidir. Ya’ni, demakchimanki, bu vazifa tama’ida o‘n, yigirma va balki o‘ttuz yillab ko‘zini to‘rt qilib kelgan munshiylar, mufti va shoirlar bor. Ularning yonida menga o‘xshash bir yosh tajribasizning ham tama’lanishi kulgi emasmi? Ayniqsa, o‘rdadag‘i urfi odatlarni va tajribalarni o‘z ko‘zidan va bo-shidan kechirib turg‘an kishilar tomonidan bu shoyi’ani durust deb ishonilishiga taajjub qilaman…
Shahidbek qo‘lini artar ekan kuldi:
– Shu ishonchsizlig‘ingizning o‘zi ham bir bolaliq.
– Bolaliq, bolaliq, – deb qo‘ydi maxdum.
Manti tanovul qilinib bitdi. Maxdum laganlar tegini ichib-yaladi. Fotihadan so‘ng, lagan va dasturxonlarni ichkariga eltmakchi bo‘lg‘an Anvarni Shahidbek to‘xtatdi:
– Laganlarni qo‘yib turing-chi mirzo, ilgari haligi masalani yeshaylik.
Anvar qo‘lidag‘i dasturxon va laganni sufa labiga qo‘yib o‘lturdi. Maxdum gulduros bilan kekirib, ustidan “alhamdulilloh” ham deb oldi.
– Xo‘sh, Mirzo Anvar?
– Gap boyag‘icha, bek aka, – dedi Anvar, – bu masala ahamiyat berishka arzimaydir.
Shahidbek maxdumga qaradi. Maxdum Anvarni jerkti:
– Arziydirmi, yo‘qmi, axir, so‘zga qulod ber-da, Anvar bolam.
– Xo‘b, marhamat qilsinlar.
– Eshitishimizga qarag‘anda, – dedi qo‘lini o‘ynatib Shahidbek, – janobg‘a manzur qiling‘anlar orasida sizning nomzadingiz bor ekan.
Anvar kulimsidi:
– Bor deb eshitdim.
– O‘rdadag‘i ishonchlik kishilarning so‘zlariga qarag‘anda, yorlig‘ sizning otingizg‘a bo‘lar emish.
– “Bo‘ldi” bilan “bo‘lar emish” orasida katta farq bor.
– Xo‘b, – dedi o‘zini yelpib Shahidbek, – biz bu ikkisini bir yoqqa qo‘yayliq-da, ikki oradan “basharti bo‘lsa” fe’lini olayliq, xe-xe-xe… Basharti yorlig‘ sizning ismingizga bo‘lib qolsa, siz shunda nima qilasiz?
Anvar kulib maxdumga ko‘z qirini tashladi.
– Siz bu “basharti bo‘lsag‘a ham ishonmang, bek aka.
Maxdum xo‘mrayib Anvarga qarab qo‘ydi. Shahidbek yana so‘radi:
– Axir, shu ehtimolga qarshi javob bering-da, xrrr.
– Men iste’fo va uzr arizasi berar edim…
– Hamoqat![77 - Hamoqat – ahmoqlik.] – dedi maxdum va teskari qarab oldi.
Shahidbek taassuf qilg‘an kabi boshini chayqadi:
– Bu so‘zingiz bilan boyag‘i gapingizga qarshi bordi-ngiz. Boya “mendan boshqa bo‘ladirg‘anlar ham bor, men bu ishka umidlanmasam ham bo‘ladir”, degandek qilg‘an edingiz, hozir ersa boshqa narsani aytasiz, xrrr.
– Kufroni ne’mat, non tepkulik, – dedi maxdum. Anvar yana kulimsidi, ammo jiddiy tus olg‘an edi:
– Xayr, kishilar o‘ylag‘andek, mening mirzoboshiliqqa iste’dod va layoqatim ham bo‘lsin, agar yorlig‘ bersalar, bu vazifani qabul ham qilayin, – dedi, – ammo anovi – yigirma-o‘ttuz yildan beri shu mansabning qayg‘usida kelgan kishilar tinch yotadir, deb o‘ylaysizmi, har zamon oyog‘imdan chalmaydirlar deb ishonasizmi? Mana shu andishada tuban va ahamiyatsiz bo‘lsa ham, hozirg‘i xizmatimni a’lo ko‘raman va shu mulohaza bilan taqsirim aytkanlaridek, kufroni ne’mat qilmoqchi bo‘laman.
Shahidbek maxdumga qaradi, maxdum Anvarga qarshi chiqdi:
– Sen o‘z ishingni bilib qilsang, vazifangda sustlik ko‘rsatmasang, – dedi, – senga butun olam dushman bo‘lg‘anda ham bir mo‘yingni xam qilolmas. Chunki haq hamisha g‘olibdir, haqsizlik ersa mag‘lub. Tuhmat va bo‘hton xavfida ma’rakadan[78 - Ma’raka – jang maydoni.] yuz o‘gurish – yigitlarning ishi bo‘lmas. Chunonchi, ushbuning misoli turkiyda ham bor: «Chumchuqdan qo‘rqib, tariq ekmagan», deb qo‘rqoq kishilarni masxara qiladirlar. Shunga o‘xshash sen ham chumchuqdan qo‘rqib, tariq ekmaguchilar xilidan bo‘lsang… men yanglishib yurg‘an ekanman-da, bolam!
– Haqiqat… – deb kuldi Anvar va biroz o‘ylanib to‘xtaldi. – Haqning haqsizliqqa g‘olib kelganini og‘izda eshitsam ham, shu choqqacha amalda ko‘ralmadim, – dedi ,– masalan, mendan ham o‘zingizga ravshanroqdirkim, mirzolardan Sayidxon, mulla Siddiq va Mo‘minjonlarning boshig‘a qanday falokatlarni solmadilar, holbuki haqiqatda ular xon o‘ylag‘ancha xiyonatchi kishilar emas, faqat bu uchavining yomonliqlari bir necha adovatlik mirzolarning to‘quma tuhmat va bo‘htonlari edi[79 - Bir vaqt Xudoyor, «odil podshoh» bo‘lmoq niyatida mazkur uch mirzoni maxfiy ravishda viloyatlarga jo‘natib, ularga: «Zolim beklarim, poraxo‘r qozi va boshqa amaldorlarim bo‘lsa, menga bilib beringiz, men ularning jazolarini beraman», deb buyuradir. Sayidxon, mulla Siddiq va Mo‘minjon – bu uchavi viloyat, tumanlarda necha vaqt maxfiy kezib, bek, qozi, umuman, mansabdorlarni tekshirib chiqadirlar.Ularning to‘g‘ri baho berishlari natijasida ma’lmurlardan qariyb to‘qson foizi zolim va poraxo‘r ko‘rsatiladirlar. Xon bu holg‘a hayron bo‘lib, o‘rdadan bir necha kishilarga sirni ochadir. Bu kishilar boyag‘i uch mirzoning raqiblaridan bo‘lib, xong‘a ig‘vo qiladilarkim: «Mirzolar o‘zlariga pora berguchilarni yaxshi ko‘rsatib, bermaguchilarni yomon ko‘rsatadirlar. Yo‘qsa sizning ovoni adolatingizda shunchalik yomonlar bo‘ladimi? Bu ko‘rnamaklar nafs so‘ziga kirib, janobingizning aksar sodiq qullaringizni sizdan yuz o‘gurishlariga va saltanatingizga raxna solishg‘a sababchi bo‘lmasinlar», deb «odil podshoh» bu ig‘vog‘a laqqa uchib, mazkur uch mirzoning quloq-burunlarini kesib, o‘zlarini o‘rdadan haydashka va ular ko‘rsatkan o‘n foiz yaxshi kishilarni ham ishdan olishg‘a buyuradir. Anvar esa yuqorida shu voqi’ag‘a ishorat qilmoqdadir.], Ayniqsa, o‘zim bir necha yildan beri o‘rdada ishlab, shuningdek o‘z ora fisq-u fasodlarni har kun uchratmakdaman va shuning uchun bulg‘anch bir muhitda munday talashliq vazifani o‘z ustimga olishdan xazar qilaman.
– Sening misoling, – dedi maxdum, – nodiran voqi’adir… Agar shunday hodisalarni o‘ylab tursang, o‘rdada emas, hatto ko‘chada ham yurishing maholdir. Baxting bunchalik kulgan ekan, jabonat[80 - Jabonat – yuraksizlik, qo‘rqoqlik.] bilan davlat qushini qo‘ldan uchurish kufroni ne’mat, bolam!
– Ha, taqsir, – dedi Shahidbek, – ayni hikmat so‘zlaysiz… Ukam Mirzo Anvar, baxt degan narsa yigitka butun umrda faqat bir martaba qaraydir, xrrr, agar shunda mahkam tutib qolsangiz, xo‘b, bo‘lmasa hamisha otning keyingi oyog‘isiz-da.
– Tilak va tashviqotlaringiz xolisona bo‘lg‘ani uchun tashakkur aytaman, – dedi Anvar, – yana shu holda meni ma’zur ko‘rasiz…
Maxdum yana qizishdi, o‘ng ko‘zini qisib, bir yoqlama Anvarga qaradi. Chunki ul juda achchig‘i chiqqan kezlarda kishiga shu xilda qarar edi.
– Men kim, Anvar?
– Siz… Siz ustozim…
– Bas, ustozingning, – dedi maxdum, – shu kungacha qaysi ta’limidan zarar va qaysi kengashidan zoeg‘lig‘ tortding?
– Nafdan boshqa hech. Lekin o‘z umrimda bir gustoxliq[81 - Gustox – adabsiz, andishasiz; erkin, erka.] qilmoqchiman.
Maxdum yana achchig‘lanib, bir-ikki tamshandi:
– Boshqa narsaga gustoxlik qilsang qil, illo hozirg‘i inoding ayni hamoqat! – dedi qo‘lini paxsalab, – agar men senga ustoz va ota bo‘lsam, bu ishka quloq qoqma, illo o‘zing bil, tuzukmi?!
Anvar indamadi, chunki maxdum keyingi jumla bilan ma’lum bir tahdidgacha borib yetkan edi.
– Qizishmang, qizishmang, – dedi Shahidbek, – Mirzo Anvar siz o‘ylag‘an yigitlardan emas. Albatta, Mirzo Anvar aytkandek, xrrr… o‘rdada o‘shanday gaplar ham yo‘q emas va lekin men azmoyishchi[82 - Azmoyish – mushohada, o‘ylash.] bo‘lsam, xrr, shuni aytib qo‘yayki, o‘rdadag‘i kattadan kichik Mirzo Anvarga hurmat bilan qaraydir. Chumolini og‘ritmag‘an kishiga kim ham adovat qilsin – xrrr…
– Habba! – dedi maxdum, – endi nima qoldi; orada go‘daklik xavfidan boshqa hech gap yo‘q… Oyig‘a qirq tillo vazifa, anvo‘i hadyai shohona, yana – eldan ko‘riladirgan obro‘, hurmat, hay, hay, hay…
Maxdumning keyingi jumlasi Anvarni kulimsitdi. Kuchlanib jiddiyatini saqlag‘an holda:
– Hozircha meni bosh munshiy qilib yorlig‘ berganlari yo‘q, – dedi, – shuning uchun bu to‘g‘rida so‘zlashish menga qolsa hali ertaroq ko‘rinadir.
– Men ham buni bilib turibman, bolam Anvar – dedi maxdum. – Basharti bu martabani xudoyi taolo senga nasib qilsa, haligidek bolaliq aqling bilan nobud qilib qo‘ymag‘il, deb so‘zlayman. Eshitishimga qarag‘anda, janobg‘a bir ariza yozib, uzr bayon qilmoqchi emishsan…
– Kim aytdi?
– Kim aytkanini qo‘yaber, ammo boyag‘i harakatlaring bu kori baddan ham qaytmaslig‘ingg‘a bizni ishontiradir. Darhaqiqat, ushbu xabar to‘g‘rimi?
– Sizga arz qilg‘an kishi balki bilib so‘zlagandir… Basharti siz bu fikrimni ma’qul topmasangiz.. albatta majburman.
– Habba, – dedi maxdum tamom ochilg‘an qiyofatda, – go‘daklik lozim emas, jabonat ko‘b mazmum[83 - Mazmum – ayb, yomon.] sufat, «Osilsang ham baland dorg‘a osil» maqoli ko‘b purhikmat so‘z.
Maxdum shu gapni aytish orasi qone’[84 - Qone’ – rozi.] va mag‘rur Shahidbekka qarab oldi. Chunki ul bu mag‘ruriyatka ikki jihatdan haqli edi; «basharti siz ma’qul ko‘rmasangiz…», deb Anvar o‘z rizolig‘ini maxdumning yolg‘iz shaxsi bilan bildirdi, ham shu jumla bilan ustozidan boshqalarning o‘z ra’yiga qarshi bora olmasliqlarini onglatdi.
Yaxshig‘ina tushurilgan manti va odatdan tashqari entikib, halloslab ko‘b so‘zlash natijasida Shahidbek charchab, yostiqqa suyanib qolg‘an edi. Shuning uchun ul ikki oradag‘i onglashishni yonboshlag‘an ko‘yi tabrik etdi:
– Balli, mirzo, balli, gap shunday bo‘lsin, xrrr…
Bir-ikki piyola choy ichishkandan so‘ng, maxdum bilan Sahidbek fotiha o‘qub, shom namozig‘a qo‘zg‘alishdilar. Anvar Shahidbekni o‘rta eshikkacha kuzatib bordi. Shahidbek Anvar bilan xayrlashar ekan:
– Inshoolloh yorlig‘ olarsiz, deb o‘ylayman… Bir ne-cha zakotchilar to‘g‘risida siz bilan kengashadirgan gaplar ham bor. O‘z farzandimizdek yigitsiz, sizning mirzoboshi ta’yinlanishingiz bizga ayni muddao, – dedi.
– Yovda bo‘lsa, tezagi tegar emish. Anvar o‘z bolangiz-da.
Anvar ularning so‘ziga qarshi majhul bir vaziyat saqlag‘an holda bosh qimirlatib sufaga qaytdi.

12. BAXMALBOFDA FAQIR BIR OILA
Anvar 1267[85 - Milodiy hisob bilan 1850–51-yillar.]-nchi hijriya miyonalarida Qo‘qonning Baxmalbof mahallasida[86 - Baxmalbof mahalla – duxoba to‘quydurg‘anlar mahallasi (mual.).] faqir bir oilada dunyog‘a keldi. Onalar tuqqan bolalarini sizga «tilab-tilab olg‘an falonim», deb, otalar «xudoy bergan o‘g‘ulcha» deb taqdim etadirlar. Ammo bizning Anvar bo‘lsa onasining «tilab-tilab olg‘ani» emas va otasi ham uni «o‘gulchag‘a» hisoblamag‘an edi. Otasining kasbi bo‘yoqchiliq, hamisha yarim belidan nil suviga cho‘milib yotqan bir kambag‘al va bir qarich, ikki qarich bolalardan beshtasiga dada edi. Shu besh bolaning yonig‘a izzatsiz, hurmatsiz oltinchi «mehmon» bo‘lib, bizning Anvar qo‘shildi. Ya’ni Anvar tilab oling‘an bola emas, dadasi bilan onasining tilaklariga qarshi, faqat ularning baxtsizlik va qashshoqliqlarig‘a xizmat qilg‘uchi bo‘lib tug‘ildi. Bola tilab olinsa, so‘yinch-quvonch, nog‘orachi-surnaychi va shunga o‘xshash cho‘zma-chalpak, is-charog‘ marosimlari nuqsonsiz ijro etiladir. Ammo Anvarning dunyog‘a kelishi munday marosim, tantanalar va orzu-havaslar bilan bus-butun aloqasiz edi. Masalan onasi o‘z yonig‘a doya chaqirib takalluflanmadi, to‘ng‘uch qizi Nodiraning ko‘magida tug‘di; bolalarini qo‘ni-qo‘shnig‘a so‘yinchi uchun chiqarmadi. Chunki qo‘shnilarning qaysi holingg‘a tug‘ding?» yoki «o‘zi o‘lgur it mizojmi?», deb ta’na qilishlaridan cho‘chidi.
Shu holda yetti-sakkiz kunlab Anvarning dunyog‘a «tashrifi» sir bo‘lib kechti. Anvar ohorliq yangi yo‘rgak ko‘rmaganidek, og‘alaridan birining eski beshigiga to‘q-quzinchi kun belandi emas, tiqildi.
Anvarning «chillasi charog‘ ko‘rmagan» bo‘lsa hech borki yo‘qdir, biroq yigirma kunlab beshikda ismsiz yotishi qiziqdir, chunki yangi «qadrlik mehmon»ga ot qo‘yish na otasining esiga va na onasining xotirig‘a kelgan edi. Oradan yirima kun o‘tsa-ku, bolag‘a ism qo‘ymasalar, deb ota-onani ayblash og‘ir. Balki Salim bo‘yoqchining tiriklikdan qo‘li bo‘shamag‘andir. Anorbibining bo‘lsa olti bolaning xarxashasidan qulog‘i tinchimay miyasi suyulgandir, harholda bu «qadrlik» bolaning oti muhtaram mahalla imomi tarafidan qo‘yilmag‘anidek, ota-ona tomonlaridan ham nasib bo‘lmadi. Ism qo‘yish vazifasini yigirma ikkinchi kunlarda o‘n ikki yoshliq Nodira ado qildi.
Nodira o‘z yaqinlaridag‘i maxdumlardan birining bolasini yaxshi kiyimi, ayniqsa, yoqimliq eshitilgan «Anvar» ismiga suqlanib, havaslanib yurar edi. O‘ylab-netib turmadi-da, yangi chaqaloq ukasining otini ham «Anvar» deb atadi va beshikda chalqancha yotib, nursiz qora ko‘zlari bilan dadasining faqir hayotig‘a «razm qo‘yg‘an» bu chaqaloqning tevaragidan aylanib, «Anvarjon, Anvarjon!» deb xitob qila boshladi. Shuni ham aytib qo‘yish kerakki, Anvarning dunyog‘a kelishini birdan bir tabrik etib so‘yingan shu No-dira edi. So‘ngroq yana unga onaliq martabasida qolg‘uchi, hatto shu kungacha Anvarning eng mehribon kishisi bo‘lib kelguchi yana shu Nodiradir.
Shu yo‘sun Salim bo‘yoqchining mavridsiz laylaklari ichida bemahal g‘urrak bo‘lib Anvar ham yashay boshladi. Bolalari ko‘paygan sayin Salim akaning ishi ham keyinga ketkanidek, kundan kun, ehtiyojdan ehtiyojg‘a o‘tib borar edi. Anvar uch yoshqa kirganda, besh yillardan beri Salim akaga yopishib olg‘an bobosir kasali uning yoqasidan olib yiqitishg‘a muvaffaq bo‘ldi. Ya’ni Salim aka qonsirab, darmonsizlanib yotib qoldi. Muolajaga pul kerak, mundan ham ilgari oilaning umumiy kasali bo‘lg‘an oziqqa ham shu narsa kerak. Salim bo‘yoqchi sarmoyasidagi nil, tuz va shunga o‘xshash dastmoyalarni sotib muolaja qildirg‘an bo‘ldi. Dard ancha ulg‘ayg‘an edi. Bu chiqimlar foyda o‘rnig‘a zarar keltirdilar. Do‘kon dastgohini sotib, ro‘zg‘or qildi. Bular ham bitkandan keyin bu oilaning og‘ir kunlari boshlandi. Ochliq, yalang‘ochliq, ayniqsa kasal boqish.
Shu qish ayniqsa qattiq kelgan edi. Sovuqdan saqlanish uchun ularning hozirliklari yo‘q. O‘pkasiga sovuq tegdirib Salim akaning to‘rtinchi bolasi o‘ldi. Ko‘klamga chiqar-chiqmas Salim bo‘yoqchining o‘zi ham dunyo bilan vido‘lashdi. Buning ustiga Anvar, yana ikki og‘asig‘a qizamiq toshib bir bola munda ham o‘lib berdi. Shu yo‘sun olti oy ichida Anorbibi eridan va ikki bolasidan ayrilib, to‘rt go‘dak orasida tirik beva bo‘lib qoldi. Nodiraning bo‘yi cho‘zilib qolg‘an, har nachuk bir joyini topib ketar, ammo uchta yosh bolaning ishi qiyin edi. Eridan bolalarning tarbiyasiga yararliq hech gap qolmag‘an, bir-ikkita xum, uch-to‘rtta mo‘ndi va shunga o‘xshash rezrov, boshqa bir balo ham yo‘q. Anorbibi mehnat bilan yashab, yetti-sakkizni tug‘ib, yoshi ham qirqlarg‘a borib, tusiga ajin kirib, keksaymasa ham qarimsiq bo‘lib qolg‘an, shuning uchun birartaga tegib olishi to‘g‘risida o‘ylash ham behuda.
Anorbibiga o‘xshash tul xotinlarning qiladirgan ishlari har kimga ham ma’lum: mahallada dasturxonchilik, boylar eshigida oqsochliq, hunarmandroq bo‘lsa – kinnachilik va hokazo. Anorbibi shu hunarlarning hamasiga ham qobiliyat e’lon qilib, bolalarini boqish fikriga tushdi. Va bu orada qizi Nodirani bir bo‘zchi bolasig‘a uzatib, yukini ham biroz yengillatdi.

13. TANIYSANMI, SHU JAJJI QIZNI?
Falakmi kajraftor, turmushmi bemaza, harholda Anvarlarning tole’i yana pastlik qildi. Bir kun Anorbibi biravnikida yumush qila turib to‘sindan og‘rib qoldi, bir soatning ichida tilidan ham ayrildi. Zanbilga solib o‘z uyiga keltirib tashladilar. Bolalarning fig‘oni falakka chiqdi. Kuyavi tabibga yugurdi. Natijada yurak falajiga yo‘liqqani ma’lum bo‘lib, shu kun kechasi hatto uch qo‘dagi to‘g‘risida bir og‘iz vasiyat qilolmay vafot etdi. Mozorg‘a eltdilar. Tobut oldida ikki og‘asi bilan olti yoshliq Anvar ham yig‘lab bordi.
O‘n bir yoshliq Temir, to‘qqiz yoshliq Qobil va Anvarlarni tarbiya qilish og‘irlig‘i Nodiraning ustiga tushdi. Marhuma onasining yodgorlari bo‘lg‘an bu uch bolani begonalar qo‘lida xor qilib qo‘yishni Nodira istamasa ham, erining faqirlig‘i bunga mone’ edi. Ta’ziya kunlari o‘tkandan keyin o‘g‘ulliqqa deb so‘rag‘anlarg‘a ikki bolani berib yubordi va Anvarni o‘zi bilan olib, onasining qaqir-ququrlarini bir aravaga ortib erining uyiga keldi.
Nodira onasi o‘rniga Anvarning boshini siladi, yuvib-taradi va Anvarning istiqboli uchun qayg‘urdi. Otasi va o‘z erining kasblariga yaxshi baho bermagani uchun Anvarni boshqa kishi qilmoq fikriga tushti. Uni o‘qutmoqchi, hatto madrasalarga yubormoqchi va shu yo‘sun mullaliq darajasiga yetkuzib, otasining uyiga charog‘chi qilmoqchi edi. Anvarni o‘zlari turg‘an mahalladan bir guzar nari bo‘lg‘an Solih maxdumning maktabiga berdi. Anvar «taxta»dan o‘qush boshladi, zehnining tiniqlig‘idan bo‘lsa kerak, o‘n bir yoshida savodi chiqayozdi. Biroq o‘qishda qancha baxtli bo‘lsa, peshanada o‘shancha baxtsiz edi. Shundog‘ki, Nodira ikki bolaliq bo‘lg‘an edi. Eri: «Ukangga yedirib-kiydiraymi yoki o‘z bolalaringnimi? Ukangni kishiga shogird berib yubor», deb Nodirani qistashg‘a turdi. Bechora Nodira og‘ir holda Anvarni kishiga shogird berib, o‘qushini zoye’ qilishg‘a ko‘zi qiymaydir, eriga muqobala uchun hech bir mantiq topolmaydir. Chunki erining holi o‘ziga ma’lum. Shu yo‘sun yana bir yil o‘tib, Anvar to‘g‘risida eri bilan achchig‘-tiziq bo‘lg‘an bir kun paranjisini yopinib ko‘chaga chiqdi va to‘g‘ri Solih maxdumning uyiga bordi. Shu vaqtlarda Solih maxdumning onasi Marg‘ilong‘a ketmagan edi.
Nodira Mohlar oyimg‘a yig‘lab hasrat qildi. Hamma sarguzashtlarini birma-bir so‘zladi. Shu bola uchun eridan chekkan izolarini chizib:
– Ulug‘ dargohlaringizga shu yatim bolaning umri zoye’ bo‘lmasmikin, o‘qushi juvanmarg qilinmasmikin, deb keldim. Bir parcha nonlaringizni ayamay, yatim boshini silasalaringiz, deb keldim, – dedi.
« Qush tilini qush biladir», deganlaridek, Nodiraning samimiy arzi bandachiligi Mohlar oyim bilan Nigor kelinning yuraklarini ezdi va shu onda Mohlar oyim maktabxonadagi bolalar ichidan Anvarni chaqirtirib oldi. Anvar kelishkan, do‘ndiq bola edi.
– Domlasi maqtaydirg‘an o‘zimning zehnlik bolam-ku,– dedi Mohlar oyim Anvarni ko‘rishi bilan va Nodira- ga taskin berdi.
– Xo‘b, qizim, xo‘b, pochchasi boqmasa boqmasin, men o‘zim boqaman, o‘qutib katta mulla qilaman.
Anvar pochchasining keyingi kunlardagi dag‘al muomalalari sababini o‘ylab, xafalanib yurar edi. Mohlar oyimning haligi so‘zi bilan masalaga tushundi va yatimona boshini quyi soldi. Bu holdan opasi ta’sirlanib, ko‘ziga yosh oldi.
– Yig‘lamang, juvon, – dedi Mohlar oyim, – yo‘qliq qursin – yo‘qliq. Pochchasi kambag‘al bo‘lsa, unda ham gunoh yo‘q, hamma gap taqdiri azaldan. Yaxshi: bu kundanoq bola siznikiga bormaydir, o‘z yonimda o‘g‘lim bo‘lib yotadir. Oting nima, katta yigit?
– Anvar…
– Oh, oting ham o‘zingga o‘xshash chiroylik ekan… Manovi do‘ndiq qizni taniyasanmi?
Shu o‘rtada o‘ynab yurg‘an olti yoshlar chamaliq Ra’no yugurib kelib, Mohlar oyimning bag‘rig‘a kirdi. Anvar o‘zidan ham do‘ndiqroq Ra’noga qarab kuldi:
– Ra’noxon, – dedi.
Mohlar oyim Ra’noni bag‘ridan chiqarib buyurdi:
– Bor, Anvar akangga salom qil!
Ra’no kelinlarcha Anvarga salom qildi va jazb qiling‘andek Anvarning yaqinig‘a borib to‘xtadi.
– Ko‘rish, Anvar! – dedi oyim.
Anvar Ra’noni bag‘rig‘a olib quchoqladi. Shu holda Mohlar oyim kulimsidi.
– Agar o‘lmasam, shu do‘niq qizimni berib, Anvarni o‘zimga kuyav qilaman.
Anvar uyalib bag‘ridag‘ini bo‘shatib yubordi. Xotinlar kulishdilar. Shu yo‘sun Nodira Mohlar oyimdan juda xursand bo‘lg‘ani holda uyiga qaytib ketdi.
O‘z uyida bir nonxo‘r ortishi maxdumga, albatta, yoqmas edi. Biroq, onasining ra’yini qaytarishdan ham ojiz edi. Shundog‘ ham bo‘lsa, “tomog‘i-ku, yengil, kiyimi og‘irroq. Kiyimini opasining ustiga qo‘ymabsiz-da” – dedi. Mohlar oyim “Kiyimi bir gap bo‘lar. Kishilar masjid, madrasa solg‘anda, biz bir yatim boqsaq, arzimaydimi? Senga og‘irliq qilsa, o‘z bisotimdan kiyintirarman, bolam”, – dedi.
Anvar o‘n ikki yoshida uchunchi oilani ko‘rdi. Lekin bu oxirg‘isi Anvar uchun har jihatdan ham qulay bo‘ldi: o‘qushini davom etdirar, qorni panjshandalik nonlar bilan to‘q, ust-boshi yamoq bo‘lsa ham, yalang‘och emas edi. Bu uchunchi oilaga ko‘chishda Anvarni eng xursand qilg‘an narsa maktabdagi bolalarning ozor berishlaridan qutilishi va domlaning asrandi o‘g‘li maqomini olishi bo‘ldi. Bolalar uni ehtirom qilmasalar ham unga burung‘icha yomon muomala qilishdan hayiqib qoldilar. Anvarga bu uyda ortiqcha yumish ham yo‘q, chunki har qancha uy xizmatlari maktab bolalaridan ortmas, o‘qushdan bo‘shag‘an vaqtini Ra’noni o‘ynatib kechirar edi.
O‘n uch yoshida maktab pro‘g‘rammasini bitirib, yosh bo‘lsa ham xalfalik, ya’ni domlag‘a ko‘makchilik qila boshladi. Va har kun bolalar ozod bo‘lg‘andan keyin maxdum unga kofiyadan[87 - Kofiya – arab tili grammatikasi.] dars berar va “Gulistoni” Sa’diydan bir necha band o‘qutib, ma’nosi bilan yodlatar edi.
O‘n besh yoshida maktabni yolg‘iz o‘zi idora qilish darajasiga yetkanidek, yaxshig‘ina forsiyxon va bir daraja arab tiliga oshno bo‘ldi. Maxdum mundan bir necha vaqt ilgarilar Anvarni madrasaga uzatish to‘g‘risida so‘zlanib yursa ham, hozir bu gapni og‘zig‘a olmay qo‘ydi. Chunki maktab ishida yalqovlanib Anvarga suyanib qoldi va madrasa masalasini unutdirish maqsadida, arab, fors nahv sarfidan[88 - Nahv – sintaksis, sarf – morfologiya.] o‘zi dars berishka kirishdi.
Maxdum Anvarga shu jihat bilan inoq edi. Ammo Mohlar oyimning Anvar bilan muomalasi xolis va samimiy bo‘lib, ul Anvarga o‘z bolasidek mehribon va har vaqt: “Ko‘nglingni buzma, Anvar yigit; ko‘rasanmi shu jajji qizni? Albatta senga berdiraman!” der edi. Lekin Mohlar oyim va’dasiga yetalmadi. Maxdumdan arazlab Marg‘ilon ketishka majbur bo‘ldi. Biroq, ketar chog‘ida ham Anvarni unutmadi. Nigor kelinni o‘z yonig‘a chaqirib: “Kuyavlik uchun Anvardan yaxshiroq yigitni topolmassiz, Ra’noga xudoyim umr berib, bo‘yi yetsa, albatta Anvarga berdirgin” – dedi.

14. CHIN O‘RTOQ
Anvar yoshlig‘ida bo‘shangg‘ina bir bola edi. O‘z tenggi bolalar bilan oz aloqa qilar, ularga kam aralashar va ortiqcha o‘ynab-kulmas, hamisha uning ko‘zida bir mung yotar edi. Bu holat balki oila baxtsizligidan, ota-ona bag‘rida yayramag‘anliqdan tug‘ilg‘andir, desak, uning ikki og‘asi munday emas edilar. Bir onadan necha xil bola tug‘iladir, deganlaridek, Anvarning yaratilishi og‘alarig‘a nusbatan boshqacha edi. Maxdumning uyida tura boshlag‘ach, Anvarda biroz o‘zgarish ko‘rildi. Shunda ham bolalar bilan aloqasini eskicha yurutib, faqat Ra’no yonidag‘ina o‘yin-kulki bolasig‘a alishinar, Ra’noni yetaklab boqchag‘a, ko‘cha-dagi katta suv bo‘ylarig‘a chiqib hamrohini boqchadag‘i gullarning ismi, uchib yurg‘an qushlarning nav’i, katta oqar suvlar va ayniqsa Ra’no kabi yosh qizchalar uchun bu suvlarga yig‘ilish xavfi va shuningdek, boshqa masalalar bilan uni tanishdirar, ko‘chada o‘lik ko‘targanlarni ko‘rsa, birarta bolaning otasi yoki onasi o‘lganligini so‘zlab, buning orqasidan: “Menim ham onam o‘lganda o‘shanboq qilib ko‘targan edilar… Men ham shu boladek mozorg‘a yig‘lab borg‘an edim”, deb qo‘yar edi. Ra’no ham Anvarning so‘ziga diqqat bilan quloq solar va ko‘pincha hisobsiz savollar ila uni ko‘mib tashlar, lekin Anvar zerikmas, har bir so‘roqqa javob berib, Ra’noni qanoatlandirishg‘a tirishar edi.
Anvar yosh bo‘lsa ham jiddiy va kichkina miyasi muhokamaga qobil, boshqa kishilar ustiga tushkan baxtsizlikdan ham mutaassur bo‘lg‘uchi edi.
Bola chog‘idanoq eng yaxshi ko‘rgan narsasi gulzor va undagi gullar edi. Maxdumning oilasiga kelib tura boshlag‘andan so‘ng boqchaning gulzor qismini o‘z idorasi ostig‘a oldi. Gullarni sug‘orish, o‘tlarni yulib, tozalash vazifalarini o‘zi bajardi. Gullardan hech kimga uzdirmas, bir bolaning uzib olg‘anini ko‘rsa, o‘zi xafa bo‘lg‘anidek, bolani ham xafa qilar edi. Bolalarning daragi bilan har kimning uyida bo‘lg‘an yangi gullardan ko‘chat va urug‘ olib, yildan yilga gulzorni boyitdi. Yoz kunlari kelsa, bolalarni kapalak va oltin qo‘ng‘uz tutib kelishka buyurar; qiynamay, ozor bermay zahasiz kapalak tutib kelganlarga sabog‘ini o‘qutib qo‘yish bilan mukofot berar, kapalak va oltin qo‘ng‘uzlarni gulzorda uchurib yuborar, agar ular gullarga qo‘nib qolsalar, o‘zida yo‘q so‘yunar edi. Shuning uchun aksar yoz kunlari maxdumning boqchasi oq, nimrang, ola, zangor, malla, lojuvard va boshqa tus kapalaklarning yal-yult uchishlari bilan alohida bir ko‘rinishka kirar, Anvarning o‘qushdan bo‘shag‘an kezlari gullar ichida va shu kapalaklar orasida kechar edi.
Anvar har kim uchun ham so‘yimlik va xushmuomalasi barchaga barobar edi. Ammo ayniqsa xush ko‘rgan kishilaridan birinchisi Ra’no va ikkinchisi maktabdagi shogirdlardan saboqdosh sherigi Nasim ismlik bola edi. Nasim bilan Anvar juda yaqin do‘st, bir-birini onglag‘uchi sirdosh o‘rtoq edilar. Garchi Nasimning otasi Qo‘qonningg‘ina emas, butun xonliqning tanilg‘an kishilaridan va bu ikki bolaning sinfiy ayirmaliqlari yer bilan ko‘kcha, lekin yosh do‘stlar buning farqig‘a yetmaslar, Nasim “xonning mirzaboshisining o‘g‘liman”, deb havolanmag‘anidek, Anvar ham “Salim bo‘yoqchining yatimi, Solih maxdumning asrandisiman”, deb andisha qilmas edi. Bu ikki bola bir joyda suhbatka kirishsalar, chetdagi bir kishi Anvarni yirtiq bo‘z kiyimlar ichida va Nasimni shohi-adraslar bilan g‘arq holda ko‘rib, albatta “bu gadoybachcha bilan bekbachchaning o‘zaro nima munosabatlari bor?” deb taajjublanar, lekin do‘stlar hali buning ayirmasini idrok qilmaslar edi.
Aksar jum’a kunlari maxdumdan izn olib, Anvar shu o‘rtog‘ining uyiga borar, kechkacha Nasim bilan “suhbatlashib” qaytib kelar edi. Anvar shu munosabat bilan Nasimning otasi Muhammad Rajab poygachining iltifotiga noil ham bo‘ldi. Nasim o‘rtog‘i Anvarning yatimlig‘ini otasig‘a bildirib, majbur qilg‘an bo‘lsa kerak, bir necha hayit mavsumlarida Muhammad Rajabbek Anvarga kiyimlar ham berdi. Bu iltifot ikki do‘stning aloqalarini bir-birlariga yana qattig‘roq bog‘ladi, ayniqsa, maxdumning dimog‘ini chog‘ qildi. Zero, Anvarning, Muhammad Rajab kabi bir kishining o‘g‘li bilan do‘stlashishi bir kamolat bo‘lg‘anidek, do‘stliqning hatto sarpolar kiyishkacha borib yetishi maxdumning nazarida yana ayni fazilat edi… Shu sarpo kiyish voqi’asidan so‘ng maxdum Anvarga boshqacha qarab qoldi va ichidan “sen odam bo‘ladirg‘an ko‘rinasan”, deb qo‘ydi.
Baxtka qarshi, bu do‘stliq aloqasi izoq davom etalmadi. Bir kun oradag‘i do‘stliq rishtasini o‘lim yag‘mogari kelib uzdi. Nasim o‘n besh yoshlar chamasida chechak kasali bilan og‘ridi va o‘sha kezlarda davosiz hisoblang‘an bu kasaldan o‘nglalmay vafot qildi. Muhammad Rajabbek va oilasi uchun bu musibat, albatta, og‘ir edi. Biroq, ulardan ham Anvar uchun og‘ir bir hasrat bo‘ldi. Hatto, ko‘z yoshini marhumning ota-onasidan ham ko‘broq Anvar to‘kdi desak, mubolag‘a qilmag‘an bo‘lurmiz. Uch kun maktab va maxdumni unutib, Muhammad Rajabbek havlisida turib qoldi. Har oqshom Nasimning qabri ustida bir soatlab yig‘lab o‘lturdi. Bu yoshning samimiy chin do‘stlig‘i va o‘rtog‘ig‘a sadoqati har kimni taajjubka qo‘ydi.
Anvarning birinchi martaba marhum do‘stiga atab yozg‘an marsiyasi motamlik ota-onani yana bo‘zlatqan edikim, biz marsiyadan bir necha misra’ini quyida ko‘rsatamiz:
Ochilmay so‘lsa har gul g‘unchasi pir-u juvon[89 - Pir-u juvon – keksa-yu yosh.] yig‘lar,
Emas pir-u, juvon, balki hamma ahli jahon yig‘lar.
Ajal yag‘mogari bog‘i zako[90 - Bog‘i zako – aql bog‘i.] ichra uzib zanjir,
Rahmsiz ezsa ma’sum lolalarni, chun xazon yig‘lar.
Nasimim ketdi olamdin meni g‘ayg‘u aro tashlab,
Ko‘zimdin oqsa xun hech bir ajab yo‘q, chunki qon yig‘lar.
Jahonda erdi tanho men yatimga hamnishin, dildor,
G‘ariblikning diyorida adashkan notavon yig‘lar…
Mulla Muhammad Rajabbek poygachi o‘g‘lining sodiq do‘stiga shu kundan e’tiboran boshqacha qarab qoldi. Bir jihatdan ma’sumiyat, ikkinchidan ko‘rinib turg‘an iste’dod Muhammad Rajabbekni Anvarga iltifot etishka majbur qildi. Garchi Anvarning yuqoridag‘i marsiyasi bolalik xarxashasidan iborat edi ersada, yana uning istiqbolidan xabar olish uchun yaxshi mezonliq vazifasini ham o‘tar edi.
Mulla Muhammad Rajabbek avvalo o‘z iltifotini An-varning marsiyasidan bir baytini Nasimning qabr toshig‘a olish bilan boshladi. So‘ngra Anvarning “dunyoda men yatim o‘rtog‘ingg‘a tanho sirdon va dildor (ko‘ngil ko‘tar-guchi) eding. Bu kun men sendek do‘stdan ayrilib, yana g‘urbat diyorida notavon yig‘layman!” deb afsus va nadomat qilishig‘a qarshi, ya’ni Anvarning yatimlik va g‘aribligiga yo‘l qoldirmasliq uchun mulla Muhammad Rajabbek o‘g‘li-ning sodiq do‘stiga o‘z otalig‘ini ko‘rsatmakchi bo‘ldi.
Anvar uch haftagacha xatmi qur’on kechlari Muhammad Rajabbek uyiga kelib turar edi. Oxirg‘i xatmi qur’on kechi Muhammad Rajabbek Anvardan ahvol so‘radi:
– Domlangiz salomatmi?
– Shukur.
– O‘qushingiz yaxshimi?
– Birmuncha.
– Domlaning uyida turasiz?
– Taqsir.
– Siqilmaysizmi?
– Yo‘q.
– Ilmi hisob o‘qug‘aningiz bormi?
– Yo‘q, taqsir.
– Domlangiz ilmi hisobni bilurmikin?
– Bilmaslar deb o‘ylayman.
– Agar men bir domla ta’yin qilsam, hisob o‘quysizmi?
– Ustozim ruxsat bersalar, albatta o‘quyman.
– Xo‘b… bo‘lmasa erta kechka domlangiz shu yerga kelib, menga uchrashsin.
– Xo‘b, taqsir.
Ertasi kuni maxdum keldi, Muhammad Rajabbek maxdum bilan so‘zlashib, Anvarni o‘rda xizmatiga olish fikrida bo‘lg‘anlig‘ini, buning uchun arabcha, forsiychadan yana ham chuqurroq ma’lumot olishi lozimlig‘ini va hisob o‘rganishi kerakligini aytdi. Maxdum Muhammad Rajabbekning Anvarga munchalik marhamati uchun bir- oz shoshib qolsa ham, lekin bu mehribonchilik sababiga yaxshi tushunganligi jihatdan avvalo bekning yatimparvarligini, so‘ngra Anvarning zako va iste’dodini maxtadi. Anvarni odam qilish yo‘lida chekkan o‘z mashaqqatlarini ham shikoyat yo‘sunida so‘zlab chiqg‘ach, bu kunlarda ehtimomi tom[91 - Ehtimomi tom – butun diqqat bilan.] birlan Anvarga fors va arabiydan dars berib turg‘anini va alhol ham Anvar forsiycha tazkira va tahrirlar yoza olishini bayon qilib, necha xil uzrlar ichida o‘zining ilmi hisobdan bahrasizligini bildirdi, ya’ni Anvarning ilmi hisob o‘rganishi uchun boshqa muallim kerak bo‘lur, dedi. Muhammad Rajabbek bu to‘g‘rig‘a o‘zi domla topmoqchi bo‘lib maxdumga ruxsat berdi.

15. MAXDUMNING BAXTI
Shu kundan boshlab Anvarning hayotida yangi sahifa ochiladir. Ya’ni maxdum Anvarga ilgarigicha – istiqboli qorong‘u bir yatim, deb qaramay, balki Anvar kabi o‘z o‘g‘li bo‘lmag‘anig‘a o‘kuna boshlaydir. Darhaqiqat, uning o‘kunishiga arziydirgan chigil masalalar ham tug‘uladirkim, masalan: Anvar o‘rda xizmatiga kirib qolsa, oyig‘a besh tillo, o‘n tillo naqdina daromad qilib tursa, bu mablag‘lar…
Shunday istiqboldag‘i bu “mablag‘lar” masalasi maxdumning ichini ari bo‘lib talaydir. “O‘n yoshdan beri o‘qutib, yedirib, kiydirib kelaman: albatta, daromad manim haqqim bo‘lur”, deb o‘ylasa ham, bu hukmidan o‘zi uncha rozi bo‘linqiramaydir. Harholda masala chigil…
Mohlar oyimning Ra’noni Anvarga berish to‘g‘risidagi “ahamiyatsiz” so‘zlari o‘sha vaqtlarda maxdumning ensasini qotirg‘an bo‘lsa, hozir shu haqda chinlab o‘yladig‘ina emas balki “haligidek Anvarning baxti ochilib ketsa, nima malomati bor. Yatimlik ayb emas, inson uchun fazl-u kamol lozim, kulib turg‘an baxt hojat, nasl-u nasabning hech ahamiyati yo‘q. Ra’noning husniga har kim ham tahsin qilur: Anvar albatta yo‘q demas… Bu borada mol va jonni bir qilishdan boshqa maslahat yo‘q”, degan qarorg‘a daf’atan kelib qoldi. Mundan birar oylar ilgari Nigor oyimg‘a: “Anvar balog‘atg‘a yetayozdi. Sen bilan Ra’noga shar’an nomahram, undan qochishlaring lozim”, degan bo‘lsa ham, bu buyruq hozirg‘acha amalga oshmag‘an edi va bundan keyin ham amalga oshmaydirg‘an bo‘ldi. Zero, maxdumning fikricha Anvarga og‘ir tuyulish ehtimoli bor edi…
Anvar Muhammad Rajab poygachi tarafidan belgilangan bir muftida hisob, insho (tahrir) qoidalarini o‘rgana boshladi. Maxdum ham jon otib arab va forsiydan ta’limni kuchaytirdi. Anvar bir yil ichida hisobni o‘rgandi. Va boshqa darslarida ham yaxshi muvaffaqiyat qozondi, ham shu ko‘klamdan e’tiboran har kun o‘rdag‘a borib, Muhammad Rajab munshiy qo‘l ostidag‘i mirzolar yonida daftardorliq, nomanavislik usullarini tajriba qila boshladi. Bir yil chamasi maoshsiz tajriba ko‘rdi. Shunda ham hafta sayin Muhammad Rajabbek o‘z kissasidan uch-to‘rt tanga choy puli berib turar edi. Anvar shu arzimagan uch-to‘rt tangani ham maxdumning qo‘lig‘a keltirib berar va hafta sayin o‘ziga ustozining umidini kattaroq bog‘latib borar edi.
Anvar bir yillik tajribada o‘rdadag‘i daftardorliq, forsiycha va turkcha nomanavislik[92 - Daftar va nomalar har ikki tilda yuritilar edi (mual.).] hunarlarini tamoman deyarlik o‘r-ganib tajribalik mirzolar qatorig‘a kirdi. Sarmunshiyning og‘zidan chiqqan ma’noni tartibka solib noma, yorlig‘ yoki boshqacha bir tazkirani tahrir qila olar, mirzolar jumlani g‘alat ifoda qilib, sarmunshiydan aksar tanbeh eshitkanlarida, Anvar bunday tanbehka juda siyrak uchrar edi.
Ikkinchi yildan boshlab yetti tillo mohona[93 - Mohona – oylik.] bilan maoshliq mirzolar qatorig‘a o‘tdi. Mahonadan tashqari soliqlardan ham darxonliq[94 - Darxon – ozod etish.] qog‘ozi oldi. Soliqlardan darhonliq maxdumning ro‘zg‘orig‘a katta yengillik edi. Chunki so‘ngg‘i yillarda xonliq tomonidan xalq ustiga tushkan va tushib turg‘an soliqlar behad va to‘lab bo‘lmasliq edikim, bu haqda kelasi boblarimizda so‘z bo‘lur. Shu xursandlik barobarida birinchi oyning yetti tillosi yaxlit holda maxdumning qo‘lig‘a tegishi go‘yo to‘y ustiga to‘y edi. Domlaning yetti tilloni olg‘andag‘i holini tasvir qilish, albatta qiyindir; ko‘zlari g‘ilaylashqan, aftida qiziq o‘zgarish ko‘rilib, o‘g‘zining tanopi uzoq sayohatni ixtiyor qilg‘an – “habba… hosiling durust, Anvar bolam, lekin pulga ehtiyot bo‘l, bo‘tam!” – degan edi. Yetti tilloning qo‘ldan chiqish xabari Nigor oyimning qulog‘ig‘a yetishkach, Anvardan ranjidi: “Hamma, pulingni domlangg‘a chakki beribsan, Anvar, ustboshingni, ko‘rpa-yostig‘ingni, ortib qolsa Ra’no ukangning ustini tuzatishing kerak edi. Domlang tuflab tugishdan boshqani koshqi bilsa!” – dedi.
Maxdum yetti tillo “naqdina”ni olib qancha shodlang‘an bo‘lsa, o‘shanchalik tashvishka ham tushdi. Uning fikricha, zamona yomon, buzuqilar benihoyat; mumkinki, Anvarni o‘zidan aynatib og‘zi oshqa yetkanda, boshini toshqa tegdirsalar… Ra’noni Anvarga nikohlab boshini bog‘lab qo‘yaymi, deb o‘yladi. Biroq, Ra’no hali o‘n bir yoshda edi. Ikkinchi kun Anvar ishdan qaytib kelgach, maxdum uni boqchag‘a olib kirdi. Boqchadan kungay ham ko‘krak bir o‘runni ko‘rsatdi:
– Ana shu yerga senga atab bir uy, bir ayvon, oshxona va axtaxonasi bilan imorat solsam deyman… Habba, Anvar? – deb so‘radi. Anvar kuldi:
– Imoratka elli tillodan kam pul yetmaydir. Manim bo‘lsa bir pulim yo‘q. Bo‘ladirg‘ani ham fotiha berguningizcha albatta sizniki va oyimlarniki, – dedi.
– Habba… himmatingga! – deb yubordi maxdum, – albatta-ku, shunday va lekin o‘sha niyatlaringdan keyin boyag‘idek alohida pul yig‘sang deyman-da… Albatta, bu gap uch-to‘rt yilsiz emas-da.
Shu vaqt Ra’no narida bola ko‘tarib turar edi. Maxdum Ra’noni o‘z yonig‘a chaqirib, unga ham haligi o‘runni ko‘rsatti:
– Habba… mana shu yerga Anar akangga uy solib beramiz. Ra’no. Bu senga qalay o‘xshaydir, qizim?
Ra’no otasining so‘ziga tushunmadi:
– Anvar akamning yotadirg‘an mehmonxonasi borku, – dedi.
– Xe-xe-xe, bolasan, qizim bolasan, – deb kuldi maxdum. – Anvar akang tokay mehmonxonada yotadi deysan. Axir bir kun uylanadi, bamisoli sen bo‘lsang erga tegasan… Axir uy kerakda, qizim.
Bu so‘zdan Anvar qizarib ketdi. Ra’no Anvarga qarab oldi va dadasiga achchig‘ qilg‘an kabi burulib ichkariga jo‘nadi. Maxdum Anvarga ustaliq bilan bir ma’noni onglatib, ta’minot berganidek, buzuqilarning vasvasasiga qarshi dam ham solg‘an edi… Bu dam solish Anvarga ham ta’sirsiz qolmadi. Shu kungacha Ra’noning yosh, ma’sum husniga umidsiz qaraydirg‘an bo‘lsa, bundan keyin unga umid va istiqbolning shirin xayollari bilan termuladirg‘an bo‘ldi.
Maxdum o‘zining chekkan tashvishida haqli bo‘lib chiqdi. Anvarning tevaragida “xolis” maslahatgo‘lar ham ko‘rinishib qoldilar. Ayniqsa bu “xolis”lardan biri pochchasi edi. Pochchasi yetti tillo daragini eshitib entikdi. Erining tazyiqi ostida Nodira ham kengashka turdi.
– Pochchang, bizning havlig‘a kelib tursin, o‘zim uylantirib qo‘yaman, deydi.
Anvar boshqalarning kengashiga quloq solmag‘anidek, opasining so‘ziga ham iltifot qilmadi. Maxdum javob bermaguncha bu uydan ketmasligini bildirib, faqat pochchasig‘a yordam berib turish va’dasi bilan opasini tinchitdi.
Anvar ikkinchi oy maoshidan uch tilloni o‘zida qoldirib, uyga kiyim-kechak olish uchun izn so‘rag‘an edi, maxdum “shu ish chakkida, bolam. Xayr, bundan so‘ng shu noma’qulchiliq bo‘lmasin!” – deb arang ko‘ndi. Anvar Nigor oyim, Ra’no va o‘ziga kiyimliklar sotib oldi. Nigor oyim sholpar, Ra’no atlas kiydilar.
Nigor oyim Anvarning pinjiga kirib olib, o‘z yo‘lig‘a sola boshladi. Maoshining hammasini maxdumga bermaslikka, shunga o‘xshash kam-ko‘stlarga ham yaratib turishg‘a undar edi. Anvarning andishasini rad qilib: “Har qancha bersang ham dadasi ola beradir. Lekin berganingni sen bilan bizga misi ham yuqmas. Shunday bo‘lg‘andan keyin, ishni o‘ylab qilish kerak”, der edi. Chunki Nigor oyim erining Anvarga qattig‘ botina olmaslig‘ini sezar edi. Shunday bo‘lsa ham Anvar yetti-sakkiz oyg‘acha topqanini maxdumga berib, duosini olib turdi. Lekin maxdum shunchalik daromad bilan ham eski tabi’atini bir zarra o‘zgartmas, hamon eski tos, eski hammom: har kun suyuq osh, xudo yorlaqag‘an kun ozodliqning palovi, shunda ham Anvar kech kelib sovig‘an oshni yer, uyda issig‘ non yopilmas, hamisha panjshanba kun yig‘ilg‘an non suvi qochib, taraqlab kelasi panjshanbagacha kafolatni o‘z ustiga olar edi. Bora-bora Anvar ham bu holdan siqilib, Nigor oyimning kengashicha ish qilmoqqa majbur bo‘ldi. Oltin berib quruq duo va minnatdorchilik olishdan, duosiz yeb-ichishni a’lo ko‘rdi. Uyga go‘sht va boshqa masallig‘ olib berib, xohlag‘an taomini buyurib turdi; o‘zi yaxshi kiyinganidek, Nigor oyim, Ra’nolarni ham yaxshi kiyintirdi. Nodira opasig‘a, jiyanlariga kiyimlar olib berdi; ikki tilloni Marg‘ilonda og‘rib yotqan Mohlar oyimg‘a sovg‘a-salom qilib yubordi.
Bu o‘zgarish maxdumni dovdiratib qo‘ydi va qo‘rqa-pisa “bu oy xarojatlabsizmi, bolam?” – deb so‘rag‘an edi, “kam-ko‘stlarni tuzatib oldiq” – degan javobni berdi. Ikkinchi oyda, ko‘rpa-yostiqlarni tuzatib, maxdumning ko‘zi to‘rt bo‘la bergach, ikki tilloliq “xolis” duo ham olib qo‘ydi. Lekin maxdum bu holdan ancha shoshqan edi. Birar shayton yo‘ldan ozdirdimi, deb astag‘firulloh o‘qur edi. Anvarning eskicha ochiq yuz bilan muomala qilib faqat “naqdina” vajhidangina dam bo‘lib qolishi, topqanini “bemaza” ovqatlarg‘a, kiyim-kechak va boshqa “behuda moloya’ni”larga[95 - Moloya’ni – qiymatsiz narsa.] sarf qilishi maxdumni ko‘b tanglikka solg‘an edi.
– Bo‘tam Anvar, – dedi bir kun maxdum, – dunyo degan ko‘b noyob narsa; kishining bir kuni bo‘lsa yig‘lab-sixtab o‘tib keta beradir, illo, zar qadriga yetish kerak… menda bo‘lsa o‘zingda turg‘andek gap, bolam.
Bunday “muassir” nasihatlar ham Anvarga kor qilmadi. Chunki Nigor oyim va Ra’nolar bilan bu to‘g‘rida qat’iy bitishib qo‘yg‘an edi. Shu bilan birga maxdumning oyliq vazifasini ikki tillodan ham kamaytirmadi. Inson har narsaga qobil… bora-bora maxdum shunga ham qanoat qiladirg‘an bo‘lib, hisob-kitobni esidan chiqardi. Biroq, oy sayin ikki tilloni olg‘anda “qolg‘ani” to‘g‘risida biroz yuragi achishib qo‘yar edi.

16. XONNING ILTIFOTI
Devonda rasmiy mirzo bo‘lishining uchunchi yilida Anvar juda katta e’tibor qozong‘an edi. Ayniqsa, turkiy tahrirda mirzolarning har birisidan ustun: chiroylik uslubi, oson tarkib[96 - Tarkib – jumla tuzish.] va ifodasi bor edi. Buni mirzolardan boshlab saroy shoirlari, saroy muftilari, bosh munshiy Muhammad Rajabbek, hatto xonning o‘zi ham e’tirof qilar edilar.
Xudoyor muhr bosish asnosi yozilg‘an yorlig‘ va nomalarni o‘qutib eshitar, munshiylarning eshitilmagan arab va fors so‘zlari orqaliq to‘qug‘an yarim turkiy jumlalariga aksar vaqt tushunmas: “Enalaring‘ arapqa tekkanma?” deb mirzo, muftilarni koyir edi[97 - Xudoyor qipchoqlar ichida o‘skani uchun tili o‘zbekchadir. Enalaring so‘zidagi “ng” harfini “ng‘“ ravishida qalin so‘zlaydir. Bu kungi farg‘ona o‘zbeklarida ham (ayniqsa qishloqlarda) yumshoq “ng” o‘rnida qalin “ng‘“ ishlatish ko‘b eshitiladir. Hozirg‘i isloh qiling‘an harfimizda bu qalin “ng” ning maxsus shakli yo‘qdir. Yozg‘anda (n-g‘) harflaridan bir tovush yasalsa ham, biroq o‘qug‘anda har kim buni o‘z maxrajidan chiqarolmas, yanglish o‘qur. Bu qalin “ng” o‘zbekcha bir necha so‘zdagina ishlatilmay ko‘b ellilab so‘zda iste’mol qiling‘ani uchun manimcha alohida bir shakl qabul qilish ehtiyoji his etiladir. Masalan mashhurlari: zang‘, pang‘, lang‘, darang‘, qalang‘i-qasang‘i, dang‘, to‘ng‘uz, shang‘i, to‘nig‘illamoq, to‘ng‘, to‘ng‘uch va ang‘iz, ting‘ boshqalar… Eski “ning” “ng” ravishida isloh qiling‘an. Bu yo‘g‘on “ng‘“ ham “g‘“ harfining ustiga uch nuqta qo‘yulib yozilsamikin… (mual.).]. Ammo, Anvarning yozg‘an har bir jumlasini musiqiy kabi rohatlanib, tushunib tinglar va “shu bala barilaring‘dan ham o‘qug‘anraq chiqar!” deb, boshqa mirzolarning yuragiga o‘t yoqar edi.
Muhammad Rajab munshiy keyingi kunlarda muhim tazkiralar tahririni Anvarga topshiradirg‘an bo‘ldi. O‘zi birar joyg‘a ketadirgan bo‘lsa, devon idorasini Anvar qaramog‘ig‘a qoldirar, har bir to‘g‘rida ham boshqalardan ko‘ra Anvarga ishonar edi. Zero, Anvar har bir ishni to‘g‘ri va xolis ado qilar, vazifasidan tashqari ishlarga kirishmas, oladirg‘an maoshidan ortiqcha tama’ga tushmas edi. Bu o‘rinda Anvarning bir xususiyatini ataynoq yozib o‘tishka burchlimiz: o‘rus istibdod idorasi yonidag‘i musulmon qozixonalari va ulardagi mirzolarni ham kim xotirlaydir. O‘sha mirzolarning unar-unmaska “qalam uchi” so‘rashlari, kichkina ishni ulg‘aytib mazana[98 - Mazana – shirinkoma.] chiqarish harakatlari ham bizga ma’lumdir.
Shu qozixona mirzolari, baayni hikoyamizning mav-zu’i bo‘lg‘an Xudoyor saroyi munshiylarining kichkina nusxalari edilar. Xong‘a yoziladirg‘an arzidodlar saroy mirzolaridan tashqarida tahrir qiling‘an bo‘lsa, aksar vaqt ishka oshmas edi. Ya’ni chetda yozilg‘an ariza qabul qilinsa ham, ariza egasi qalam uchini begona qilg‘ani uchun arizani xong‘a va sarmunshiyga ko‘rsatmay, yirtib tashlar edilar. Ariza egasi natija so‘rasa, “arizangizni savodsiz kishi yozg‘an ekan; janob iltifotsiz qoldirdilar”, – deb savodliq kishidan boshqa ariza yozdirib berishka maslahat ko‘rsatar edilar. Ariza berguchi ikkinchi martaba xarajatlanib, saroy mirzolarining o‘zlaridan yozdirishg‘a majbur bo‘lar edi. Mundan boshqa, bir-birlari ustidan xong‘a shikoyat qilish, o‘z aro bitmas adovat ham davom etib, aksar bir-birlarining tegiga suv ham quyib turar edilar. Yana aksariyat mirzolar xonning xufiyalik xizmatini ham ado qilib, shaxsiy adovat yoki xong‘a yaxshi ko‘runish uchun fuqarodan nechalarning gunohsiz qonig‘a cho‘milib, mudhish foji’alarg‘a ham sababchi bo‘lar edilar. Shuning uchun xalq ayniqsa, kambag‘allar saroy mirzolarig‘a nafrat bilan qarar, ular yonig‘a yaqinlashishdan qo‘rqar, ilojsizlikdan ikki bukulib salom berar edi.
Lekin Anvar tama’ni, shaytanatni, adovatni ayniqsa, xufiyalikni bilmas, devonda o‘ziga topshirilg‘an vazifanigina ado qilar, alalxusus mazlumlar dodnomasini xong‘a eshitdirishka va yaxshi natijalantirishka tirishar edi. Ul o‘zining shu to‘g‘rilig‘i soyasida hamisha anovi mirzolarning ishiga biloqasd[99 - Biloqasd – qasdsiz, niyat qilmay.] xalal berib, chirishni[100 - Chirish – bitayotgan ishni buzish.] buzub turar, ham shu va boshqacha sabablardan ularning adovatiga yaxshig‘ina hadaf[101 - Hadaf – nishon.] ham bo‘lg‘an edi. Biroq, Anvarning homiysi – Muhammad Rajabbek katta e’tibor va nufuzga molik, ham xong‘a inobatlik, shuning uchun mirzolar Anvarga qarshi hech narsa qilolmas edilar. Mirzolar orasida Anvarga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lg‘an Shahodat mufti kabi keksa mirzolar yashag‘anlaridek, uning iste’dod va zakosiga xolis maftun bo‘lg‘an Sultonali kabi mirzolar ham bor edilar.
Shu yo‘sun tajriba yilidan tashqari besh sana saroyda ishlab kelar edikim, mundan o‘n besh kunlar muqaddam sarmunshiy Muhammad Rajab poygachi bir haftagina og‘rib, vafot etdi. Anvar o‘ziga samimiy mehribon bo‘lg‘an bir kishidan ayrildi. Necha yillardan beri Muhammad Rajabbekning o‘lumini yoki boshqacha bir falokatini kutib, undan so‘ng bosh munshiylikka o‘zini chog‘lab yurg‘an Shahodat mufti xizmat bilan qishloqqa chiqib ketkanligi uchun, muvaqqat ravishda bosh munshiylik vazifasini Anvar ado qila boshladi. Va shu bir necha kun ichida Anvarning bosh munshiy bo‘lish shoyi’asi yurib qoldikim, hozirga bu to‘g‘rida bir mulohaza aytish qiyindir. Chunki bu mansabga intilguchi kazo va kazolar, shoir a fuzalolar ko‘bdir.

17. ANVARNING ANDISHASI
Anvar Shahidbek bilan maxdumning so‘zlariga qarshi majhul bir vaziyatda bosh qimirlatib sufaga qaytdi. Ularning chiqib ketishlarini kutib turg‘andek ichki eshikdan Ra’no ko‘rindi. Har zamon titrab, uchib ketishka hozir turg‘an boshidag‘i sarig‘ atlas parchasini (ro‘ymolni) bir qo‘li bilan bosib ushlagan edi. Anvar Ra’noni shu holda ko‘rib, sufa yonidag‘i ochilg‘an gullar ustida to‘xtadi. Ra’no kelar ekan, o‘pkalik ko‘z bilan Anvarga kulimsib qarar edi. Kelib sufa labida turg‘an bo‘sh laganlarga taqildi.
– Bu kungi mehmondorchilig‘imizdan rozi bo‘lg‘an o‘xshaysiz, Anvar aka, – dedi qayrilib Ra’no.
– Juda rozi bo‘ldim, – dedi Anvar va Ra’noning yonig‘a keldi, – ayniqsa, sening qo‘ling bilan tugilgan mantilardan juda mamnun bo‘ldim, Ra’no.
Ra’no laganlardan qo‘lini olib, tirsagi bilan sufaga suyandi:
– Manim qo‘lim bilan tugilgan mantilarni qayoqdan bildingiz?
– Qayoqdan bildingiz? – deb Anvar kuldi, qo‘lida bir dona qashqar guli bor edi, – ayniqsa, sening qo‘ling nimaga tekkan bo‘lsa, men o‘shani darrav sezaman.
– Men tukkan mantilar qanday ekan?
– Tanimaydi deysanmi?
– Tanimaysiz.
– Choklari diqqat bilan chimtilgan, to‘rt burchagi ikkiga qovishtirilg‘an, do‘ndiq… tanimaydi, deb o‘ylaysanmi? Men nuqul sen tukkan mantilarni tanlab yedim…
– Mazaliq ekanmi?
– Mazaliq nima degan so‘z, – dedi Anvar, – mana shu qashqarning qizil guli yodingdami, biz bu gulni keltirib o‘tquzg‘an yilimiz pushti ranglik bo‘lib ochilg‘an edi. Ikki yil o‘tmay qizil tuska kirdi. Bilasanmi bu nimadan?
Ra’no Anvarning jiddiy qilib bergan bu savoliga tushunmadi:
– Oftob qizartirg‘andir.
– Yanglishasan, Ra’no, – dedi Anvar, – men bu gulning qizarish sirini ham bilaman, buning qizarishig‘a ham sen sabab, sening qip-qizil labing…
– Hazilni qo‘ying, – dedi shu guldek qizarg‘an Ra’no– Shahid semiz nima uchun kelgan ekan, sizni mirzoboshi qilmoqchilar shekillik?
– Bu gapni qo‘y, Ra’no, ishonmasang oynag‘a qara, sening labing bilan shu qizil gul rangi orasida farq bormi, mana, qara?..
Anvar tomonidan labiga tegizilgan guldan Ra’no o‘zini olib qochdi:
– Hazil o‘lsin… Sizni mirzoboshi qilmoqchilarmi?
– Meni har balo qilmoqchilar… Lekin bo‘lmag‘an so‘z.
– Nega bo‘lmag‘an so‘z, shaharga ovoza bo‘lg‘an emish-ku?
Anvar orqasi bilan sakrab sufa labiga oyoq solintirib o‘lturdi. Ra’no boyag‘icha uning yonida sufaga suyandi.
– Ovoza haqiqat emasdir.
– Shamol bo‘lmasa, terakning boshi qimirlamas emish. Balki sizni mirzoboshi ta’yin qilurlar.
– Meni mirzoboshi, ta’yin qilsalar yaxshimi, Ra’no?
– Yaxshimi, yomonmi, men qaydan bilay?
– Yomon, Ra’no.
– Nega yomon?
– Iflos ish. Agar boshqa kasb topsam, o‘rdani butunlay tashlab ketar edim.
– Iflos ish?.. Sizning bek pochchangiz ham shu xizmatni qilar edi-ku?
– Men bek pochcha bo‘lolmayman, Ra’no, o‘rdadag‘i to‘kulib turg‘an gunohsiz qonlar, doim tevarakdan eshitilib turg‘an oh-u zorlar manim yuragimni ezadir, tinchlig‘imni oladir. Yana men mirzoboshi bo‘lib qolsam, bu oh-u zorlarning, to‘kilgan ma’sum qonlarning ichida bilfe’l[102 - Bilfe’l – amalda.] suzarman. Bu vaqt manim azobim bevosita bo‘lur. Balki bunda ishtirok ham qilarman. Chunki xong‘a yaxshi ko‘runish uchun ko‘b ishlarni uning istagicha ko‘rsatish, zulm pichog‘ini qayrab berish, shu mansabda uzoq yashamog‘imning asos shartidir. Lekin men bunday vijdonsizlik uchun yaratilmag‘an o‘xshayman. Madh-u sano, olqish va duo zamiriga yashiring‘an zulmdan faryod, haqsizlikdan dod ma’nolarig‘a malham bo‘lish, albatta manim qo‘limdan kelmas. Chunki “soyaboni marhamat” vijdon kengashiga quloq solg‘uchi “ahmoq”lardan emasdir. Dadangning fe’li senga ma’lum, Ra’no. Dunyoda “manfaat”dan boshqani ko‘rmaydir. Manim nima uchun bu mansabdan qochqanlig‘imning farqig‘a bormay, “kufroni ne’mat qilasan, oyig‘a falon tillo”, deb daf’atan qo‘rqoqlig‘img‘a hukm chiqaradir. Dadangga boyag‘i uzrlarni ko‘rsatish toshning qulog‘ig‘a azon aytish bilan bir bo‘lg‘ani uchun sukut qildim. Agar orada bir kishi bo‘lmasa edi, garchi, bosh mirzoliq hozir bir xayol ersada, o‘shanda ham shu ovozag‘a bo‘yin sunmas edim, Ra’no.
Ra’no Anvarning ko‘ziga to‘g‘ri tikilib, so‘zni tingladi. Uning tusida Anvarga achinish vaziyati bor edi:
– Yaxshi niyat bilan mirzoliqni qabul qilsangiz, – dedi, – aholidan yordam qo‘lingizni yig‘masangiz, shu holda barcha gunoh sizning bo‘yningizdan soqit bo‘ladir, Anvar aka.
– To‘g‘ri, – dedi Anvar, – lekin gap bunda emas, Ra’no, men shunday bo‘lishini tilar edim. Boshqalar men tilagancha qilmaydilar, binoan alayhi, mas’uliyat manim bo‘ynimdan soqit bo‘ldi, deb tinchlanish mumkin emasdir. Sen tamoman boshqacha tushungan bir masala, sening harakating va istaging aksicha natijalanib tursa, ruhan ezilasan, vijdonan azoblanasan. Mana asli mushkilot shu nuqtadadir. Yo‘qsa gardandan soqit qilib qo‘yish har narsadan ham qulay vazifa, ammo ma’naviy mag‘lubiyat og‘ir masala, Ra’no.
Ra’no Anvarning maqsadig‘a tushundi shekillik, bir necha vaqt jim qoldi va qarshisidag‘i yigitning o‘ychan yuziga bir-ikki qarab oldi.
– Demak, mirzoboshiliqni qabul qilmaysiz?
– Agar topshirsalar, qabul qilaman.
– Shunchalik mushkilot ichida?
– Chunki otang buni mendan talab qiladir.
– Otamning qanday biyligi bor?
Ma’sum bu savoldan so‘ng Anvar entikib qo‘ydi va Ra’noni bir fursat ko‘zdan kechirib turdi:
– Juda katta biyligi bor, – deb yana entikdi.
Ra’no qaytib so‘ramadi. Go‘yo ul ham bundagi biylikka tushungan edi. Sekingina laganlarga qo‘lini yuborib, Anvarga bo‘shtobroq qaradi:
– Choy ichasizmi?
– Keyinroq ichaman.
Ra’no laganlarni ko‘tarib jo‘nadi. Atlas ko‘ylak ichida to‘lqinlanib ko‘ringan uning latif gavdasi alhol Anvarning ko‘z hadafi edi.
– Men xuftanga chiqmayman, Ra’no!
Ra’no yarim yo‘lda to‘xtab, kulimsiragan holda Anvarga qaradi:
– Chiqarman! – dedi.

18. JILOVXONADA BIR JANJAL
Asr namozi uchun masjid jilovxonasig‘a endi uch kishi yig‘ilg‘an edi. Jilovxonaning to‘rida o‘lturgan qora to‘nlik, o‘ttuz yoshlar chamasida rangsiz va yoshlig‘iga qaramasdan quyuq soqolini bahaybat o‘sturib, bir burdagina yuziga ot to‘rba osqan kabi bir kishi edi. Uning yonida bo‘z yaxtak bog‘ichini osiltirib, xandalakdek bo‘qog‘i bilan o‘ng tomog‘ini ziynatlagan o‘rta yashar yana bir “husni Yusuf” ko‘rinar edi. Uning qatorida oshlovdek cho‘zuq yuzlik, oq bo‘z ko‘ylagi yerdan to‘rt enlik ko‘tarilib, bo‘z sallasi gardani aralash o‘ralg‘an uchunchi nozanin o‘lturar edi.
Bulardan birinchi muhtaram shu masjidning yosh imom va xatibi Abdurahmon domla janoblari bo‘lib, ikkinchisi mahallaning shirin so‘z g‘iybatchilaridan Sa-mad bo‘qoq, uchunchisi masjidning muazzini Shukur so‘fi edi. Samad bo‘qoq bilan Shukur so‘fi imom afandining muloyimona, ham bitta-bitta ayni maqomig‘a chertib va qator terib borg‘an so‘ziga somi’ edilar.
– O‘rda ichida shunchalik oqil va donolar to‘lib yotqan bir fursatda, tahsil ko‘rmagan, nodon bir go‘dakka bunday ulug‘ bir vazifa, vallohi a’lam topshirilmas deb o‘ylayman. Bu vazifani uhda qilmoq uchun ko‘p gap kerak. Avvalo aqli solim, soniyan, tahsili tom lozim, vaholanki, siz aytkan yigit o‘tkan sanalar Solih maxdumda savod o‘qub, bizdan hijja[103 - Hijja – soboq.] o‘rganib yurar edi. Baharhol bu xabarga aql bovar qilmaydir…
– Ha-a, taqsir, – dedi Samad bo‘qoq va Shukur so‘fini tirsagi bilan turtti, – bu bala kimu, o‘rdag‘a mirzaboshiliq kim. Zamonaning zayli minan, boyag‘idek Mamarajab mirzaboshining yardamida o‘rdag‘a kirishib qog‘an-da… bayag‘idek oppoqina bo‘lsa Mamarajab o‘z yonig‘a og‘an-da…
Imom bo‘qoqning so‘zini tinglagan holda, ikki ko‘zini yerga qaratqan edi.
– Yurtning so‘ziga qarab aytayappan-da, – dedi Shukur so‘fi, yengilgan ohangda, – garchi bir necha kundan beri katta-kichchikning og‘zida shu gap.
– Ko‘bchilikning og‘zini tikib bo‘lardimi, so‘fi.
Samad bo‘qoqning bu so‘ngg‘i g‘iyqillashida to-mog‘i ostidag‘i yo‘g‘on tomirlari turtib chiqdi. Imom hamon ikki ko‘zi yerda bo‘lg‘ani holda kichkina boshini qimirlatdi:
– O‘rdadan birar kishi masxara uchun xabar tarqatqandir.
– Ha-a, taqsir.
Shu holda jilovxonag‘a to‘rtinchi kishi kirib keldi. Bunisi jikkak, qirq bilan ellikning orasi, yelkasi turtib chiqg‘an Safar bo‘zchi ismlik edi. Imomga salom berib, so‘fining yonig‘a o‘lturdi va so‘zga biroz quloq solg‘ach, tushunar-tushunmas bahska aralashib qoldi.
– Inshoollo, shu yigit mirzaboshi bo‘lar, – dedi Safar bo‘zchi suhbatning ruhini bilmagan holda, – o‘zi ajab zukko yigit, fuqaroparvar bola: bo‘g‘ani ma’qul, a, labbay, taqsir?
Imom yerga qarag‘an holda boshini qimirlatib qo‘ydi. Samad bo‘qoq xo‘mrayib Safar bo‘zchig‘a qaradi:
– E, akillay berasanda, Safar, – dedi bo‘qoq, – biz nima deyapbiz-ku, sen nima deyapsan.
– Xo‘sh, nima deyapsanlar?
– Ovoza gap deyapmiza, mirzaboshiliqqa katta milla kerak deyapmiz-a.
– U milla emas ekanmi?
– Milla bo‘lsa ham, xashaki millalardan-da.
– Ashunga qog‘anda chalg‘ibsan, Samad, – dedi Safar bo‘zchi, – xat bitishka kelganda qo‘yavur, kambag‘alga qayishqanini ko‘rsang, ha, bo‘ldi deysan.
– Zantalag‘ing kimga qayisha qopti?
– Hammaga, hammaga, – dedi Safar, – meni o‘zimga ham yordam qildi-da, yashag‘uring.
– Ha-a, xo‘sh?
– Bultur ana shu kezda, – dedi Safar engashinqi- rab, – bozorg‘a sakkizta bo‘z olib tushkan edim. Birarta mushkit ig‘vo qildimi zakotchining tomog‘i taqilladimi, harchi falakat, qo‘ltug‘imdag‘i bo‘zni yoppo oldi, qo‘ydi; “otang yaxshi, onang yaxshi, kosibman, savdogar bo‘lsam uyim kuysin”… Asti qo‘ysa-chi… Bir yillik zakoting deb ko‘tardi, ketti. Qo‘lingdan nima keladi, Samad. Xafaligim oshib, uyga quruq qaytdim. Mayda-chuyda kutib o‘lturgan bola-chaqaning quti uchti. Mol ketti – jon ketti, ishka ham qo‘lim bormaydi. Endi bo‘lar ish bo‘lg‘an desang yurak achiydi, dastmoya ham g‘altakka chiqadig‘an. Arza-parza bittirsammi deyman. Ko‘chada unga-bunga kengash solsam, arzang ma’qul deyishdi. Shu yaqinda, o‘zi o‘rdada turadig‘an bir arzachi bor emish. Ketkan ustiga ketkan deb do‘kon tegi yarimta bo‘z bor ekan, qo‘ltug‘img‘a tiqib oldim. Ana shu toblarda so‘rog‘lab arzachi mirzonikiga borsam, hozir o‘rdadan kelib, endi to‘nini yeshib turg‘an ekan. Yosh, navqiron yigit, “salom, alik”, “horma”, “bor bo‘l”. “Shunday, shunday gap; bir parcha arza bittirsam, deb kelgan edim”. O‘rdaliqqa gap uqdirish qiyomatdan qiyin, taqsir. Lekin bu yigitda gavrlik[104 - Gavr, gabr – otashparast, islomni tanimaslik.] siyoqi yo‘q. Shukur so‘fi. Gapka qonib olib, quloq qoqmay “xo‘b”. Arzaning bir yeriga zakotchining oti tushar ekan, necha qayta so‘rasa ham bilmadim, undan keyin afti basharasini uqdirib edim, tusmollab bittasining otini yozdi, chog‘i. “Endi keta bering, arzani o‘zim topshiraman”, – deydi. Javobini ham ikki kundan keyin o‘zidan olar emishman…
– Manavi osonliqni qarang, taqsir. Duo qilib qalam uchisiga bo‘zni berdim, olmaydi. “Yopiray, ozsindiyov, qurg‘ur” deb qo‘rqdim. “Arza o‘runlasa, yana xizmat qilarmiz, mirzaboshi”. Yana yo‘q, “toza falakat bosti” – deb tursam, “arzaga haq olmayman; bo‘zingni olib ketavur” – degani ekan. Baraka topqurni qarang, taqsir. A, shundaqqa odam ham bo‘ladimi, Samad og‘a. “Oltin olmasang, duo ol”– deb qo‘limni ochtim. Ha, endi buni qo‘yavuring. Ertasi kechqurun gula to‘g‘rilab o‘ltursam, eshikni birav taqillatadi. “Ha, kelavuring”. Do‘konxonaga bo‘z qo‘ltuqlag‘an bir kishi kirdi.
– Safarboy sizmi?
– Ha, biz.
– Arza berganmidingiz?
– Bergan edim.
– Otangizning oti nima?
– Mamatboy.
Qo‘ltug‘idag‘i bo‘zni oldimg‘a tashladi. Xuddi kechagi bo‘zlarim: tappa-taq sakkizta.
– Bo‘zlaringizni oldingiz-a?
– Ha, oldim.
– Xayr.
– Xo‘sh.
Bu yaxshiliq arzadan ham burun mirzaboshidan bo‘ldi, deb o‘yladim. Balalarning kengashi bilan ikki bo‘zni ko‘tarib shom paytida mirzaning uyiga bordim. Chaqirdim, chiqdi. Minnatdorchilik bilan ikki bo‘zni uzatdim; asti olsa-chi. “Yaxtakka bo‘zim bor, ketavuring”, deydi. “Sotib, pulini beraymi”, desam “pulim ham ko‘b” deydi. Aqalli bittasini ham olmadi. Yana duo qilib bo‘z bilan qaytdim. Farishta ham shunchalik bo‘lar, deb o‘ylab qoldim, Shukur so‘fi! A, shunday yigit mirzaboshi bo‘lmay kim bo‘lsin, Samadboy! Ko‘bni duosi ko‘l deganlar; ishonmasanglar, ana taqsirimdan so‘ranglar!
Hikoyani eshitish asnosi imomda bir g‘ijinish vaziyati bor edi. Hikoya bitkach, zaharxanda bilan Samad bo‘qoqqa qaradi, dami kesilayozg‘an bo‘qoq bundan ruhlandi.
– Yolg‘onni ham yamlamay yutadig‘an bo‘libsanda, Safar, – dedi bo‘qoq.
Safar bo‘zchi to‘sundan o‘zgarib ketdi. Rangi o‘chinqiradi:
– Azbaroyi xudo, qasammi?
– Ikkita bo‘zni ikki qo‘llab oborsang, – dedi Samad bo‘qoq, – qaysi ahmoq olmay qaytarar ekan? Yolg‘onni sal kishi ishonadig‘an qilib gapirish kerak, Safar!
– Azbaroyi xudo, olmadi! – dedi Safar va asabiylanib o‘rnidan turib ketdi, – shu ka’batulloning ichida o‘lturib yolg‘on gapirgan odam musurmon emas, kishining qasamig‘a ishonmag‘an ham yetti mahzabda mo‘min emas!
Safar akaning aztaxidil achchig‘lang‘anini sezgan imom orag‘a tushti:
– Bunday yaxshiliqni har kim ham qila oladir, Safar aka, – dedi, – shuning uchun mirzaboshining sizga qilg‘an yaxshilig‘ig‘a men ishondim. Ammo bizning bahsimiz uning beva-bechoraga qilg‘an yaxshilig‘i to‘g‘risida bo‘l-may, bu odam o‘rdadag‘i mirzolarg‘a boshliq bo‘la oladirmi, ya’ni o‘shandog‘ katta ishning uddasidan chiqadirmi, ustidadir.
– Barakalla, taqsir, – dedi Safar bo‘zchi turg‘an yeridan,– menga qolsa, inshoollo, uddasidan chiqadi!
Imom Safar bo‘zchig‘a tushuna olmay, biroz tikilib turg‘andan keyin so‘radi:
– Uning udda qilishini siz qayoqdan bilasiz?
– Xudoy bildirsa, bilaman-da, taqsir?
– Xo‘sh?
– Axir, ko‘bchilikning duosi ko‘l-da, taqsir!
– Ko‘bchilikning duosi ko‘l bo‘lsa yaxshi, – dedi imom,– ammo bu xizmatka uning ilmi kofiymi?
– Kovfiy, taqsir, kovfiy!
– Axir, siz kofiyligini qayoqdan bilasiz?
– Axir… kovfiy emasligini siz ham qayoqdan bilasiz, taqsir?
– Kofiy emasligini men shundan bilamanki, – dedi imom achchig‘ini ichiga yutqan holda, – bunday mansabga minadirgan kishi Buxoroyi sharifda tahsil ko‘rmaganda ham, loaqal Xo‘qand madrasalarida o‘qug‘an bo‘lishi kerak, ammo sizning mirzoboshingiz savodxonliqdan boshqani bilmaydir.
– Bilmaganini siz qayoqdan bilasiz taqsir?
– Chunki men uni o‘z qo‘limda o‘qutqanman… bir yatim bola edi.
– Xudoning berishi, taqsir, – dedi Safar, o‘ylab-netib turmay, – janobingiz Buxoroyi sharifda necha yil o‘qub nihoyati mahallaga imom bo‘ldingiz… Xudoy bermasa shunday, taqsir. Ul bo‘lsa madrasa ko‘rmasdan mirzalarning mirzasi bo‘lmoqchi; xudoy bersa shunday, taqsir.
Safar bo‘zchining bu so‘zidan imomning qonsiz rangi yana qonsizlang‘an, olaminchoq ko‘zi allanuchuk holatka kirgan edi.
– Ablah odam ekansan! – dedi.
– Siz ham ahmoq mulla ekansiz! – dedi Safar bo‘zchi.
Imom g‘azabi bilan o‘rnidan turib Safar bo‘zchig‘a xezlang‘an edi, uni Samad bo‘qoq ushlab qoldi.
– Padar la’nat, adabsiz! – dedi Samad, – domlag‘a shunday so‘zni aytasanmi-ya?
Safar bo‘zchi turg‘an o‘rnidan siljimadi:
– Cho‘zma kekirtagingni, bo‘qoq, – dedi, – qani qo‘yib berchi taqsiringni, yoqalashsin-chi men minan! Andishaning otini qo‘rqoq qo‘ydingmi?!
Shukur so‘fi o‘rnida baqa bo‘lib qolg‘an, imom bo‘lsa qo‘yo hujum qilmoqchidek Samad bo‘qoqni itarar edi. Samad bo‘qoq g‘iybatdan boshqa ishka yaramag‘ani uchun, imomning yordamig‘a yetish chamasi yo‘q edi.
– Shu adabsizlig‘ing bilan, – dedi Samad nasihatomuz, – yana domlaning orqasida namoz o‘quysanmi, Safar, a!
– O‘qumasam qutilamanmi senlardan!
– O‘qumasang bor, jo‘na!!!
– Hye… – deb so‘kindi Safar bo‘zchi va jilovxonadan chiqib jo‘nadi. Uning orqasicha “padar la’nat johil” dedi imom va ilgarigi o‘rnig‘a bordi. Bir necha vaqt uchavlari ham so‘zsiz o‘lturdilar.
– Bir it-da, taqsir, xafa bo‘lmang.
Imom javob bermadi. Yana bir necha kishi kelib qo‘shilg‘ach, Shukur so‘fi mezanaga chiqib azon aytdi. Asrni o‘qush uchun masjidga kirdilar.

19. IFLOS BIR MOZIY
Imomning tab’i juda sustlandi. Shom va xuftan asnolarida ham hech kim bilan so‘zlashmadi. Safar bo‘zchining “Buxoroyi sharifda necha yil o‘qub kelib, nihoyati mahallaga imom bo‘ldingiz. Xudoy bermasa shunday bo‘ladi, taqsir” – degan so‘zi zaharli xanjar kabi uning yuragida yangidan yangi jarohat ochar edi.
Darhaqiqat, Safarning bu so‘zi imomning eski jarohatini mudhish tuzlab tashladi. Bu jarohat shu kungacha ichdangina fasodlanib yurg‘an bo‘lsa, bu kun Safar bo‘zchi kabi bir “bema’ni” bu yarani rahmsiz suratda yorib yubordi. Samad bo‘qoq va Shukur so‘fi kabi bemazalar oldida imomning obro‘sini to‘kdi. Bu bir yoqdan. Ikkinchi tarafdan, Safarning “ul bo‘lsa, madrasa ko‘rmasdan mirzolarning mirzosi bo‘lmoqchi…” jumlasi yana dard ustiga chipqon. Ya’ni imomning hasad o‘ti to‘rt tomondan puflandi, go‘yo ul ikki olov o‘rtasida qolg‘andek bo‘ldi.
Anvarning bosh munshiylikka yaramaydirg‘anlig‘ini, ilmsiz, fazlsizligini nega buncha isbot qilishg‘a tirishdi? Safar bo‘zchi kabi bir “ablah” bilan bahslashib, o‘ziga nega buncha xafalik ortdirdi? Garchi, Anvarga xolis qiymat bermakchi bo‘lg‘anida ham buni Safar kabi ilmsiz, nodon bir kishiga tushundirmoq uchun qanday hojat bor edi? Buning sababini so‘zlashdan ilgari imom afandining o‘tkan tarixig‘a biroz ko‘z tashlab olishg‘a majburmiz. Chunki busiz o‘quvchimizni ta’min qilish mumkin emasdir.
Hozirg‘i imomimiz – mulla Abdurahmon mundan yigirma yillar muqaddam, qisqag‘ina, ahamiyatsizgina “Rahmon” ismi bilan atalar edi. Abdurahmonning otasi ulamo naslidan, ammo bu sharaf nima sabab bilandir, uning otasig‘a nasib bo‘lmog‘an, biroq Abdurahmonning amaklari ota kasbini ushlab, tahsil ko‘rgan joylari Buxoroda katta mudarrislardan sanalar edilar. Abdurahmon yosh bola ekan, otasi o‘lib, onasi va ota tomonlari tarbiyasida qoldi. O‘n besh yoshlarg‘acha Solih maxdum maktabida savod o‘qug‘ach, mudarris amaklaridan Buxoroyi sharifka kelib tahsil qilishg‘a da’vat xati oldi. Xatda Abdurahmonning bobo kasblari ulamoliq ekanini, shuning uchun boshqa kasblarga urunib umr zoe’ qilish abasligi[105 - Abas – befoyda, behuda.]

Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «ЛитРес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию (https://www.litres.ru/pages/biblio_book/?art=69151072) на ЛитРес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.

notes

1
Paysa – taxminan 50 gramm.

2
Istiloh – atama.

3
Olimxon Norbo‘tabiy o‘g‘li (1775–1811) 1798–1811-yillarda Qo‘qon xoni bo‘lgan.

4
Umarxon (1785–1882) Olimxonning ukasi. 1811–1822-yillarda Qo‘qon xoni bo‘lgan.

5
Madalixon (Muhammadalixon) Umarxon o‘g‘li (1806–1842) 1822–1842-yillarda Qo‘qon xoni bo‘lgan.

6
Ba nazdi mujtahidini kirom asli e’tibor aqdi shar’iydir – hurmatga loyiq din allomalarining nazaricha asosiy e’tibor shariat qonunlariga qaratilishi kerak.

7
Xud nafsiga – o‘z nafsiga.

8
Aqdi sha’riy – shar’iy nikoh.

9
Amir Bahodir (Botur) – Nasrulloxon (1826–1860-yillarda xonlik qilgan) nazariga aytiluvchi laqab.

10
Ahkomi islom – islom hukmlari, qonunlari.

11
Kamokon – bekam-u ko‘si.

12
Arkoni islom – islom ruknlari, asoslari.

13
Sharir – yomonlik qiluvchi, zararkunanda.

14
Alhol – hozirgi, bugungi.

15
Volid – ota.

16
Mankuha – nikohli xotin.

17
Volidai ayni va rizo’i – o‘z va emizgan onasini olibdir… (mual.).

18
Va chahori mazhab – sunniylik yo‘nalishidagi shari’atning xanafiya, malikiya, shofi’iya, hanbaliya mazhablari.

19
Zul-ehtirom – ehtirom egasi.

20
Muttafaqun – kelishilgan.

21
Kazolika – shuning uchun.

22
Digar – boshqa, o‘zga.

23
Ba’d az – keyin, so‘ng.

24
Jihodi akbar – ulug‘ yurish, urush.

25
Muqovamat – qarshilik.

26
Had urmoq – huquqsizlantirmoq.

27
Fathu nusrat – g‘alaba.

28
Mardud bo‘lmoq – haydalmoq, quvilmoq.

29
Mukarrir – assistent.

30
Mutavaffo – vafot etgan.

31
Ma’almamnuniyat – mamnuniyat bilan.

32
Qabz – tutam; changal; qo‘l osti.

33
G‘usl – yuvinish.

34
Aybaki – mol terisidan ishlangan sifati past charm.

35
Sag‘ri – ot terisining dum tomon qismidin tayyorlangan charm.

36
Mablag‘ – boylik.

37
Ma’zun – ruxsat, izn olgan.

38
Qulyo, Amma, Yosin – Qur’ondagi suralar nomi.

39
Ixna – sirtqi ko‘rinishiga e’tibor bermovchi.

40
Muvaqqat – vaqtincha.

41
Husul – hosil bo‘lish.

42
Mudavvar – to‘garak.

43
Munaqqid – tanqidchi.

44
Ma’a – bilan.

45
Fohish tangligi – ortiqcha siquv.

46
Jevak – qizlarning bu kunda isti’moldan qolg‘an ko‘krak ziynati (mual.)

47
Murabba’ – to‘rtburchak, kvadrat.

48
Mezon – 22-sentabr – 21-oktabr.

49
Masmu’ – eshitilgan.

50
Qoyim – qaror.

51
Muhaqqaq – haqiqat.

52
Tavajjuh – e’tibor.

53
Musta’id – qobiliyatli, iste’dodli.

54
Holog‘i – haligi.

55
Kofiy – yetarli.

56
Imomi A’zam (taxallusi, melodiy – 699–767) – ismi Abu Hanifa Nu’mon ibni Sobit. Islomdagi hanafiya mazhabining asos-chisi.

57
Kutubi mutabarraka ta’lifotig‘a ham ibtido qilg‘an – tabarruk kitoblar yozishg‘a ham boshlag‘an ekanlar.

58
Indal’uqalo – oqillar nazdida.

59
Ilgarigi tahsilda tolibning masalan: “Ozomil”, “Kofiya”, “Sharhi mullo Jomiy”, “Muxtasar” yuqoriroq darajada “Aqoid” (Ollohning borligini tasdiqlovchi ilm), so‘nggida esa “Tafsir” ilmlarini o‘qiganligiga qarab ilm darajasi belgilangan.

60
Tahrir – yozish.

61
Taqrir – matnning mazmunini tushuntirish.

62
Faroiz – musulmonchilik qoidalarini o‘rganish ilmi.

63
Sa’i qilish – undash, da’vat etish.

64
Istifsor – so‘ramoq.

65
Xudoy orning shog‘ovulboshisi – ilmiya vaziri, “Tarixi Shahruhiy”ning muallifi, shoir (mual.).

66
Xudoyorning suyukli xotuni (mual.).

67
Mohazar – taom.

68
Sunnat – odat.

69
Yima – nima (mual.).

70
Domod – kuyov

71
Iqtido – taqlid qilish, ergashish.

72
Nasb – tayinlash.

73
Shoyi’a – yoyilgan, tarqalgan xabar.

74
Aqli solim – sog‘lom aql.

75
Inchinin (inchunin) – shuningdek.

76
Alalxusus – xususan.

77
Hamoqat – ahmoqlik.

78
Ma’raka – jang maydoni.

79
Bir vaqt Xudoyor, «odil podshoh» bo‘lmoq niyatida mazkur uch mirzoni maxfiy ravishda viloyatlarga jo‘natib, ularga: «Zolim beklarim, poraxo‘r qozi va boshqa amaldorlarim bo‘lsa, menga bilib beringiz, men ularning jazolarini beraman», deb buyuradir. Sayidxon, mulla Siddiq va Mo‘minjon – bu uchavi viloyat, tumanlarda necha vaqt maxfiy kezib, bek, qozi, umuman, mansabdorlarni tekshirib chiqadirlar.Ularning to‘g‘ri baho berishlari natijasida ma’lmurlardan qariyb to‘qson foizi zolim va poraxo‘r ko‘rsatiladirlar. Xon bu holg‘a hayron bo‘lib, o‘rdadan bir necha kishilarga sirni ochadir. Bu kishilar boyag‘i uch mirzoning raqiblaridan bo‘lib, xong‘a ig‘vo qiladilarkim: «Mirzolar o‘zlariga pora berguchilarni yaxshi ko‘rsatib, bermaguchilarni yomon ko‘rsatadirlar. Yo‘qsa sizning ovoni adolatingizda shunchalik yomonlar bo‘ladimi? Bu ko‘rnamaklar nafs so‘ziga kirib, janobingizning aksar sodiq qullaringizni sizdan yuz o‘gurishlariga va saltanatingizga raxna solishg‘a sababchi bo‘lmasinlar», deb «odil podshoh» bu ig‘vog‘a laqqa uchib, mazkur uch mirzoning quloq-burunlarini kesib, o‘zlarini o‘rdadan haydashka va ular ko‘rsatkan o‘n foiz yaxshi kishilarni ham ishdan olishg‘a buyuradir. Anvar esa yuqorida shu voqi’ag‘a ishorat qilmoqdadir.

80
Jabonat – yuraksizlik, qo‘rqoqlik.

81
Gustox – adabsiz, andishasiz; erkin, erka.

82
Azmoyish – mushohada, o‘ylash.

83
Mazmum – ayb, yomon.

84
Qone’ – rozi.

85
Milodiy hisob bilan 1850–51-yillar.

86
Baxmalbof mahalla – duxoba to‘quydurg‘anlar mahallasi (mual.).

87
Kofiya – arab tili grammatikasi.

88
Nahv – sintaksis, sarf – morfologiya.

89
Pir-u juvon – keksa-yu yosh.

90
Bog‘i zako – aql bog‘i.

91
Ehtimomi tom – butun diqqat bilan.

92
Daftar va nomalar har ikki tilda yuritilar edi (mual.).

93
Mohona – oylik.

94
Darxon – ozod etish.

95
Moloya’ni – qiymatsiz narsa.

96
Tarkib – jumla tuzish.

97
Xudoyor qipchoqlar ichida o‘skani uchun tili o‘zbekchadir. Enalaring so‘zidagi “ng” harfini “ng‘“ ravishida qalin so‘zlaydir. Bu kungi farg‘ona o‘zbeklarida ham (ayniqsa qishloqlarda) yumshoq “ng” o‘rnida qalin “ng‘“ ishlatish ko‘b eshitiladir. Hozirg‘i isloh qiling‘an harfimizda bu qalin “ng” ning maxsus shakli yo‘qdir. Yozg‘anda (n-g‘) harflaridan bir tovush yasalsa ham, biroq o‘qug‘anda har kim buni o‘z maxrajidan chiqarolmas, yanglish o‘qur. Bu qalin “ng” o‘zbekcha bir necha so‘zdagina ishlatilmay ko‘b ellilab so‘zda iste’mol qiling‘ani uchun manimcha alohida bir shakl qabul qilish ehtiyoji his etiladir. Masalan mashhurlari: zang‘, pang‘, lang‘, darang‘, qalang‘i-qasang‘i, dang‘, to‘ng‘uz, shang‘i, to‘nig‘illamoq, to‘ng‘, to‘ng‘uch va ang‘iz, ting‘ boshqalar… Eski “ning” “ng” ravishida isloh qiling‘an. Bu yo‘g‘on “ng‘“ ham “g‘“ harfining ustiga uch nuqta qo‘yulib yozilsamikin… (mual.).

98
Mazana – shirinkoma.

99
Biloqasd – qasdsiz, niyat qilmay.

100
Chirish – bitayotgan ishni buzish.

101
Hadaf – nishon.

102
Bilfe’l – amalda.

103
Hijja – soboq.

104
Gavr, gabr – otashparast, islomni tanimaslik.

105
Abas – befoyda, behuda.